Toʻrt pardali komediya Qatnashuvchilar: Ranevskaya Lyubov' Andreevna — pomeshchik ayol. Anya
Lopaxin (soatiga qarab). Xoʻp, men ketdim boʻlmasa. Yasha
Download 79.23 Kb.
|
Olchazor
Lopaxin (soatiga qarab). Xoʻp, men ketdim boʻlmasa. Yasha (Lyubov' Andreevnaga dori beradi). Mana bu dorini ichib yuborsangiz boʻlardi... Pishchik. Dori ichish yaramaydi, azizim... Doridan na naf bor, na zarar... Qani bu yoqqa bering-chi, qadrdonim. (Dorini olib, kaftiga soladi, bir puflab, kvas bilan ichib yuboradi.) Mana, vasssalom! Lyubov' Andreevna (qoʻrqib ketadi). Iye, jinni boʻldingmi? Pishchik. Hamma dorini ichib yubordim. Lopaxin. Ichingda oʻpqoning bormi deyman! Hamma kuladi. Firs. Bu kishi hayitda kelib, bir oʻzlari yarim chelak bodring yeb ketganlar... (Pichirlaydi.) Lyubov' Andreevna. U nima deyapti? Varya. Uch yildan beri shunaqa pichirlaydigan boʻlib qolgan. Biz oʻrganib ketganmiz. Yasha. Keksayib qolgan-da. Oq koʻylak kiygan, lornetini belbogʻiga bogʻlab olgan, ozgʻingina Sharlotta Ivanovna sahnadan oʻtadi. Lopaxin. Kechirasiz, Sharlotta Ivanovna, hali siz bilan koʻrishganim yoʻq. (Sharlottaning qoʻlini oʻpmoqchi boʻladi.) Sharlotta (qoʻlini tortib oladi). Qoʻlimdan oʻpishingizga ruxsat etsam, keyin bilagimdan oʻpishni xohlab qolasiz, keyin yelkamni oʻpgingiz keladi... Lopaxin. Bugun omadimiz yurishmagan kun ekan-da. Hamma kuladi. Sharlotta Ivanovna, bir fokus koʻrsatsangiz-chi! Lyubov' Andreevna. Ha, Sharlotta, bir fokus koʻrsating! Sharlotta. Keragi yoʻq, uyqum kelib turibdi. (Chiqib ketadi.) Lopaxin. Uch haftadan keyin koʻrishamiz (Lyubov' Andreevnaning qoʻlidan oʻpib, xayrlashadi.) Hozircha xayr. Men ketdim. (Gayevga qarab.) Xayr. (Pishchik bilan oʻpishib xayrlashadi.) Xayr! (Varyaga, keyin Firs bilan Yashaga qoʻl berib.) Sira ketgim kelmayapti-da. (Lyubov' Andreevnaga qarab.) Basharti chorbogʻ haqida biron qarorga kelsangiz, darhol menga daragini bering, ellik ming soʻmcha pul qarz topaman. Pishiqroq oʻylang, lekin. Varya (jaxl bilan). Xah, keta qolsangizchi endi! Lopaxin. Ketdim, ketdim... (Chiqib ketadi.) Gayev. Surbet! Iye, pardon... Aytmoqchi, Varya unga tegmoqchi-ya, Varyaning qayligʻi-ku. Varya. Yoʻq yerdagi gaplarni gapirmasangiz-chi, togʻa. Lyubov' Andreevna. Ha, nima qipti, Varya, men koʻp xursand boʻlardim. U yaxshi odam. Pishchik. Toʻgʻrisini aytish kerak, u juda... tuzuk odam... Mening qizim Dashenьka ham, deydiki, har xil gaplarni deydi-da. (Xurrak otadi va shu ondayoq uygʻonib ketadi.) Har holda, hurmatligim, menga ikki yuz qirq soʻm... pul qarz berib turmasangiz boʻlmaydi. Ertaga qarz protsentlarini toʻlashim kerak. Varya (qoʻrqib ketib). Pul yoʻq, sira yoʻq! Lyubov' Andreevna. Rostdan ham hech pulim yoʻq. Pishchik. Topilib qolar. (Kuladi.) Men sira noumid boʻlmayman. Mana endi ishimning butun pachavasi chiqdi, xonavayron boʻldim deb tursam, birdan yerimdan temir yoʻl oʻtib qoldi, menga esa... haq toʻlashdi. Bugun emas, ertaga, ajab emas yana biron narsa chiqib qolsa... Dashenьka ikki yuz ming soʻm yutishi mumkin... Uning biletya bor. Lyubov' Andreevna. Kofe ham ichildi. Endi yotsak boʻladi. Firs (Gayevning ustivoshini shchyotka bilan tozalab, koyingan ohangda gapiradi). Yana boshqa shimni kiyibsizda. Sizni endi nima qilsam boʻladi-da! Varya (sekin). Anya uxlayapti. (Sekin derazani ochadi.) Oftob ham chiqdi, havo uncha sovuq emas. Bir qarang, oyijon! Daraxtlar naqadar goʻzal! Oh tangrim, havoni aytmaysizmi! Maynalar sayraydi! Gayev (boshqa derazani ochadi). Bogʻ oppogʻ-a. Esing-da bormi, Lyuba! Huv, anavi uzun xiyobon xuddi tarang tortilgan tasmaga oʻxshaydi, oydin kechalarda yalt-yalt qiladi. Yodingdami? Unutmadingmi? Lyubov' Andreevna (derazadan boqqa qarab). Oh, yoshligim, pok bolaligim! Men xuddi shu uyda uxlardim, derazadan boqqa qarab yotar edim, har kuni tongda men bilan birga baxtim uygʻonar edi. Oʻsha vaqtlarda ham bogʻ xuddi shunaqa, hozirgidek edi, hech oʻzgarmabdi. (Suyunganidan kuladi.) Hamma yogʻi oppogʻ-a! Oh, mening bogʻim! Yomgʻirli kuz kechalaridan, qahraton qishlardan keyin sen yana yoshsan, baxtlisan, qoʻyningda farishtalar uchib yuribdi... Oh, qani endi qalbim va yelkamdagi ogʻir yukimdan xalos boʻlsam — oʻtmishimni unuta olsam!.. Gayev. Attang, qarz uchun endi bogʻni .srtyb yuboradilar, bu qanday boʻldi, asti. Lyubov' Andreevna. Qaranglar, rahmatlik oyim bogʻdan yurib kelyaptilar. Ustlarida oq koʻylak! (Suyuna-suyuna kuladi.) Oyim, xuddi oyimning oʻzlari! Gayev. Qani, qani? Varya. Voy, xudo-ey, oʻzingizni tuting, oyijon. Lyubov' Andreevna. Hech kimsa yoʻq. Koʻzimga shunday koʻrindi shekilli. Shiyponga burilaverishda oʻng tomondagi bir oppoq daraxt xuddi xotin kishiga oʻxshab bukilib turgan ekan... Ancha eskirgan studentcha mundir kiygan, koʻzoynak taqqan Trofimov kiradi. Qanday goʻzal, ajoyib bogʻ! Oppoq gullar, koʻm-koʻk musaffo osmon...
Lyubov' Andreevna unga oʻgirilib qaraydi. Men sizga ta’zim qilaman-u, chiqib ketaman. (Hayajonlanib Lyubov' Andreevnaning qoʻlidan oʻpadi.) Ertalabgacha kut deyishgan edi, chidab turolmadim... Lyubov' Andreevna uni tanimasdan, hayron boʻlib qarab qoladi. Varya (yigʻi aralash). Bu — Petya Trofimov-ku... Trofimov. Petya Trofimovman, oʻgʻlingiz Grishaning muallimi... Nahotki, men shunday oʻzgarib ketganman? Lyubov' Andreevna uni quchoqlaydi va ohista yigʻlaydi. Gayev (oʻpkasi toʻlib). Qoʻy, Lyuba, yigʻlama. Varya (yigʻlaydi). Petya, ertagacha kutib turing demabmidim? Lyubov' Andreevna. Mening Grisham... Oʻgʻilginam... Grisham... Farzandim... Varya. Nachora, oyijon, xudoning xohishi-da. Trofimov (sekingina, yigʻi aralash). Boʻldi, boʻldi... Lyubov' Andreevna (sekin-sekin yigʻlaydi). Bolam halok boʻldi, choʻkib oʻldi... Nima uchun? Nima uchun, doʻstim? (Past ovozda.) Ichkarida Anya uxlab yotibdi, men boʻlsam barala gapirib oʻtiribman. Shovqin solayapman... Xoʻsh, Petya? Nima sababdan bu qadar xunuklashib ketdingiz? Nega qarib qoldingiz? Trofimov. Vagonda kelayotganimda bir xotin meni pati toʻkilgan barin deb atadi. Lyubov' Andreevna. U vaqtlarda siz yosh bola edingiz, yoqimligina student edingiz. Endi sochlaringiz ham toʻkilibdi, koʻzoynak taqib olibsiz. Nahotki, hamon student boʻlsangiz-a? (Eshik tomonga yuradi). Trofimov. Oʻla-oʻlguncha student boʻlib qolsam kerak. Lyubov' Andreevna (akasini, keyin Varyani oʻpib). Xoʻsh, endi kirib yotinglar. Sen ham qarib qolibsan, Leonid. Pishchik (uning ketidan boradi). Demak, endi uxlash kerak deng... Oh, qoʻl-oyoqlarim biram zirqillab ogʻriydiki!.. Men siznikida yotib qolaman... Lyubov' Andreevna, azizim, ertaga ertalab boʻlsa ham mayli... Ikki yuz qirq soʻm... Gayev. Bu boʻlsa oʻzining dardida... Pishchik. Ikki yuz qirq soʻm... Qarz protsentlarini toʻlashim kerak. Lyubov' Andreevna. Pulim yoʻq dedim-ku, chirogʻim. Pishchik. Qaytib beraman, mehribonginam... Oʻzi arzimaydigan pul-ku... Lyubov' Andreevna. Xoʻp, yaxshi, Leonid beradi. Sen bera qol, Leonid. Gayev. Berib boʻpman, anoyi odam bormi... Lyubov' Andreevna. Na chora, bera qol... Zarur ekan-da. Qaytib berar... Lyubov' Andreevna, Trofimov, Pishchik va Firslar chiqib ketadilar. Uyda Gayev, Varya va Yasha qoladi. Gayev. Singlimning pul sovurish odati hali ham qolmabdi. (Yashaga qarab.) Nari tur, falokat, sendan tovuq hidi kelyapti. Yasha (tirjayib). Ilgari qanday boʻlsangiz, Leonid Andreevich, hazir ham xuddi shundaysiz-a. Gayev. Kimni? (Varyaga qarab.) Nima deydi bu? Varya (Yashaga qarab). Qishloqdan onang kepti, kechadan beri oshxonada kutib oʻtiribdi, seni koʻrmoqchi... Yasha. Mayli oʻtiraversin. Varya. Voy, behayo-ey! Yasha. Boshimga uramanmi uni! Ertaga kelsa ham boʻlardi. (Chiqib ketadi.) Varya. Oyimlar hali ham oʻshandaylar, sira oʻzgarmabdilar. U kishiga qolsa, butun mol-bisotlarini odamlarga boʻlib berar edilar. Gayev. Ha, ha... Pauza.
Biron bemorga koʻp xil dori-darmon tavsiya etilsa, demak u sira tuzalmaydigan kasal boʻladi. Men koʻp oʻylayman, bosh qotiraman, menda mablagʻ koʻp, juda koʻp; demak aslida hech nima yoʻq, degan soʻz. Qani endi biron kimsadan meros tegib qolsa, Anyani biron badavlat kishiga uzatsak, Yaroslavlga borib, Grafinya xolamizdan biron najot topsak... Axir, xolamiz juda boy odam-ku. Varya (yigʻlaydi). Koshki edi, xudo madad bersa. Gayev. Boʻkirma. Xolamiz juda badavlat boʻlgani bilan bizlarni xush koʻrmaydi. Birinchidan, gap shuki, singlim dvoryanga tegmay, sud maslahatchisiga tekkan... Eshikdan Anya koʻrinadi. Dvoryanin boʻlmagan kishiga tekkani ustiga, yana, uni oʻzini yaxshi tutabilgan deb ham boʻlmaydi. Singlim oʻzi mehribon, saxiy, oq koʻngil xotin, men uni juda sevaman, biroq mingta oqlaydigan gap topsang ham, uning nuqsonli odam ekani aniq. Bu narsa uning hatto eng mayda-chuyda harakatlaridan ham koʻrinib turadi.
Pauza.
Ajabo, oʻng koʻzimga bir narsa tushganga oʻxshaydi... Koʻzim yomon koʻradigan boʻlib qolibdi. Payshanba kuni okrug sudida boʻlganimda... Anya kiradi. Varya. Nega uxlamaysan, Anya? Anya. Uyqum kelmayapti. Sira uxlayolmadim. Gayev. Jajjiginam, oppogʻim. (Anyaning yuzidan, qoʻllaridan oʻpadi). Oʻzimning qizginam... (Yigʻi aralash.) Sen mening jiyanim emas, farishtamsan. Sen mening borligʻimsan. Inon menga, inon... Anya. Men senga ishonaman, togʻajon. Seni hamma yaxshi koʻradi, hamma hurmat qiladi... Ammo jon togʻa, sen tilingni tiyishing kerak. Hozirning oʻzida oʻz singling, mening onam toʻgʻrisida nimalar deding? Nega bunday gaplarni aytasan? Gayev. Ha, ha... (Anyaning qoʻllari bilan oʻzining yuzini berkitadi.) Haqiqatan ham chakki boʻldi! O tangrim, oʻz panohingda saqla! Boya shkaf oldida turib ham bemaza gaplar gapirib yuborgan edim. Gapirib boʻlganimdan keyingina bema’niligini bilib qoldim. Varya. Rost, togʻajon, jim yurganingiz yaxshiroq. Jim yuravering, vassalom. Anya. Jim yursang qaytangga oʻzing ham tinchib qolasan. Gayev. Ana, jim boʻldim. (Anya va Varyaning qoʻllaridan oʻpadi.) Jim boʻldim! Lekin ish toʻgʻrisida gapirishim kerak. Payshanba kuni okrug sudida boʻlgan edim, bir necha ulfatlar yigʻilishdik, u yoq-bu yoqdan gap ketdi va bildimki, vekselga qarz olish hamda protsentlarni toʻlash mumkinga oʻxshab qoldi. Varya. Koshki edi, xudo madad bersa! Gayev. Seshanba kuni borib, yana bir gaplashib kelaman. (Varyaga.) Boʻkirma! (Anyaga.) Onang ham Lopaxin bilan gaplashib koʻradi, Lopaxin, albatta, yoʻq demaydi... Sen ham bir oz damingni olib, Yaroslavldagi grafinya buvingnikiga borib kelasan. Shunday qilib, uch tomondan harakat qilsak, ishimiz oʻnglashib ketadi. Protsentni toʻlaymiz, men bunga aminman... (Ogʻziga obaki soladi.) Vijdonim bilan qasam ichamanki, yer-mulk sotilmaydi! (Hayajonlanib.) Oʻz baxtim bilan ont ichaman! Mana qoʻlimni beraman, agar ishni kimoshdi savdosigacha oborib taqasam — meni har nima de! Benomus, bema’ni odam de! Butun vujudim bilan ont ichaman. Anya (xotirjam, baxtiyor kayfiyatda.) Qanday aqlli togʻamsan! (Togʻasini quchoqlaydi.) Men endi xotirjamman! Koʻnglim toʻq! Baxtiyorman! Firs kiradi. Firs (koyinib gapiradi). Leonid Andreevich, xudodan qoʻrqsangiz-chi, axir! Qachon kirib yotasiz? Gayev. Hozir. Sen ketaver, Firs, bugun oʻzim bir amallab yechinarman. Ha, qizlar, kirib uxlanglar... Qolgan gapni ertaga eshitarsizlar, endi borib yotinglar. (Anya bilan Varyani oʻpadi.) Mening oʻzim saksoninchi yillarga mansub boʻlgan odamman... U zamonlarni koʻpam maqtamaydilar-u, lekin har holda, men oʻz e’tiqodlarim uchun hayotimda koʻp azob chekkanman. Mujiklarning meni yaxshi koʻrishi ham bejiz emas-da. Mujikni bilish kerak! Ular bilan qanday muomala qilishni bilish... Anya. Yana boshlading-a, togʻa! Varya. Togʻajon, boʻldi endi. Firs (jahl bilan). Leonid Andreich! Gayev. Ketdim, ketdim... Yotinglar endi. Ikkala chetidan oʻrtaga! Toʻppa-toʻgʻri urib tushiraman... (Chiqib ketadi, ketidan Firs chiqadi.) Anya. Endi men xotirjamman. Yaroslavlga sira borgim kelmaydi, buvimni yomon koʻraman, shunday boʻlsa ham, xotirjamman. Ish qilib, togʻam baraka topsin. (Oʻtiradi.) Varya. Yotib uxlash kerak. Men ketdim. Sen yoʻgʻingda bu yerda xunuk bir ish boʻlib oʻtdi. Eski malayxonada, oʻzing bilasan faqat qari qorollar turadi. Yefimьyushka, Polya, Yevstigney, Karp ham oʻsha yerda. Xudoning bergai kuni kechasi allaqanday oʻtkinchilarni yotgani qoʻyishadigan boʻlishibdi. Men indamadim. Bir kuni eshitsam, ular mening toʻgʻrimda gap tarqatishibdi, goʻyo men ularni faqat noʻxat bilan boqilsin deb aytganmishman. Ziqnaligimdan emish. Hamma gap Yevstigneydan chiqqan... Xoʻp mayli, agar gap shunaqa boʻlsa, shoshmay tur dedim. Yevstigneyni oldimga chaqirib oldim. (Esnaydi.) Bir vaqt u kirib keldi. Bu nima qilganing, ahmoq dedim. (Anyaga qaraydi.) Anechka! Pauza.
Uxlab qopti. (Anyaning qoʻltigʻidan koʻtarib.) Yur, joyingga kirib yot... yur!.. (Yetaklab boradi.) Jonginam uxlab qopti-ku! Yura qol... (Ketadilar.) Bogʻning narigi tomonidan, yiroqdan podachiningʻ nayi eshitiladi. Trofimov sahnadan oʻtib keta turib, Anya bilan Varyani koʻrib toʻxtaydi. Varya. Tsss. Uxladi, uxlab qoldi... Yura qol, jonim. Anya (sekin, uyqu aralash). Shu qadar charchabmanki... Qoʻngʻiroqlar jaranglaydi... Togʻajon... mehribonim... oyim ham, togʻam ham... Varya. Yur, jonginam, yura qol... (Anyaning uyiga kirib ketadilar.) Trofimov (mehri toblanib). Quyoshim mening! Bahorim mening! Parda.
Ikkinchi Parda Dala. Devorlari qiyshayib ketgan, tashlandiq kichkina koʻhna butxona, yonida — quduq; bir vaqtlar mozor toshi boʻlgan lavhali katta-katta harsang toshlar yotadi; eski skameyka. Gayevning qoʻrgʻoniga boradigan yoʻl koʻrinib turadi. Bir tomondan baland teraklar qorayib koʻrinadi. Teraklarning orqasidan olchazor boshlanadi. Inroqdan qator tizilib ketgan telegraf ustunlari koʻzga tashlanadi, uzoq ufqda katta shahar gʻira-shira koʻzga chalinadi, faqat havo ochiq va musaffo kunlarda shahar aniq koʻrinadi Quyosh botay deb turgan payt. Sharlotta, Yasha, Dunyashalar skameykada oʻtirishibdi, ulardan sal nariroqda turgan Yepixodov gitara chalmoqda; hamma xayolga choʻmgan. Sharlotta boshiga eski furajka kiyib olgan; u, yelkasidan miltiqni oladi va tasmasidagi toʻqasini tuzatib oʻtiradi. Sharlotta (xayolga choʻmib). Mening haqiqiy pasportim yoʻq, necha yoshga kirganimni oʻzim ham bilmayman, haligacha oʻzimni yoshgina qizcha deb yuraman. Yoshlik vaqtimda otam bilan onam yarmankama-yarmanka yurib, qiziq-qiziq tomoshalar koʻrsatar edilar, juda yaxshi tomoshalar boʻlar edi. Men boʻlsam umbaloq oshib sakrardim, har xil oʻyinlar koʻrsatardim. Otam bilan onam oʻlgandan keyin meni bir nemis xotin asrab oldi, oʻqitdi. Yaxshi, mana oʻsdim, ulgʻaydim, keyin murabbiyalikka kirib ketdim. Ammo, aslim qayerlik, oʻzim kimman — bilmayman... Otam kim, onam kim edi, ehtimol, ular nikohdan ham oʻtmagandirlar... bilmayman. (Choʻntagidan bodring olib yeydi.) Hech narsani bilmayman. Pauza.
Birov bilan shunday koʻngil yozib hasratlashgim keladi-yu, lekin gaplashadiganim yoʻq... Hech kimim yoʻq. Yepixodov (gitara chalib, qoʻshiq aytadi.) «Parvoyim yoʻq bu dunyo bilan, doʻst-dushmanlar menga bari-bir... Yorugʻ jahonda mandolina chalginda!» Dunyasha. Bu mandolina emas, gitara. (Oynaga qarab yuziga upa suradi.) Yepixodov. Muhabbat oʻtida oʻrtangan telba uchun gitara ham mandolina boʻlaveradi... (Qoʻshiq aytadi.) «Koshki edi, qalbimni isitsa jonona ishqi... Yasha ham ashulaga qoʻshiladi. Sharlotta. Voy boʻ-oʻ. Shu ham qoʻshiq aytish boʻldimi! Xuddi qashqirga oʻxshab uvillaysizlar-a. Dunyasha (Yashaga). Har qalay chet elga borish juda katta baxt-da. Yasha. Ha, albatta. Fikringizga qoʻshilmay ilojim yoʻq. (Xomiza tortadi, keyin sigara chekadi.) Yepixodov. Bu tushunarli, chet ellarda hamma narsa bekami-koʻst. Yasha. Oʻz-oʻzidan ma’lum. Yepixodov. Men ma’lumotli odamman, har xil ajoyib-gʻaroyib kitoblarni oʻqiyman-u, ammo yashashdan maqsadim nima ekanini, rostini aytsam, oʻzimga nima kerakligini bilmayman, yashashimni ham, oʻzimni oʻzim otib oʻldirishimni ham bilmayman, yana ustiga-ustak yonimda hamisha toʻpponcha olib yuraman. Mana... (Toʻpponchasini chiqarib koʻrsatadi.) Sharlotta. Yeb boʻldim, endi ketsam ham boʻladi. (Miltiqni yelkasiga osadi.) Yepixodov, sen juda aqlli va juda dahshatli odamsan-da. Xotinlar toza yopishsa kerak senga.. Brrr! (Ketadi.) Bu donishmandlarning hammasi shunaqa ahmoqki, birontasi bilan tuzukroq gaplashib boʻlmaydi... Hamisha yolgʻizman, hech kimim yoʻq, kimman oʻzim, nima uchun yashayman dunyoda — bilmayman... (Sekin-asta chiqib ketadi.) Yepixodov. Rostini aytsam, boshqa narsalarni yigʻishtirib qoʻyib, oʻz toʻgʻrimda aytishim kerakki, boʻron kichkina qayiqni qanday oʻyinga solsa, taqdir ham meni shunday oʻynatyapti. Agar deylik, xato gap aytgan boʻlsam nega u vaqtda bugun ertalab uygʻonib qarasam, koʻkragimda mana bunday dahshatli katta oʻrgimchak oʻrmalab yurib-di? Mana shunday-a. (Ikki qoʻli bilan koʻrsatadi). Yo boʻlmasa chanqovni bostirish uchun kvas ichmoqchi boʻlsam, ichida suvarakka oʻxshagan xunuk bir mahluq suzib yuribdi. Pauza.
Siz Boklьni oʻqiganmisiz? Pauza.
Sizga aytadigan ikki ogʻizgina soʻzim bor edi, Avdotьya Fedorovna. Dunyasha. Gapiring. Yepixodov. Xolis gapirishsak degan edim... (Xoʻrsinadi.) Dunyasha (uyalib ketadi). Mayli... ammo, oldin borib talьmamni olib kelib bering. Shkafning yonida turibdi... Bu yer ancha zax ekan... Yepixodov. Xoʻp boʻladi... Olib kelib beraman... Toʻpponchani nima qilishni endi bilaman... (Gitarani olib, chalganicha chiqib ketadi.) Yasha. Turgan-bitgani falokat! Gap oramizda qolsin-u, koʻp ahmoq odam-da. (Xomiza tortadi.) Dunyasha. Xudo urib, yana oʻzini otib qoʻymasaydi. Pauza.
Men juda choʻchiydigan boʻlib qolibman, doim xavotirdaman. Yoshligimdan beri xoʻjayinlar uyida turganim uchun oddiy turmush menga yot koʻrinadigan boʻlibdi, qoʻllarim ham oyimqizlarning qoʻllariga oʻxshagan oppoq. Judayam nozik, olijanob, tannoz boʻlib ketganmanki, sal narsadan ham choʻchiyveraman. Shunday qoʻrqaman. Yasha, agar siz meni aldab ketsangiz bormi, naq jinni boʻlib qolaman-a. Yasha (Dunyashani oʻpadi). Doʻndiqcham! Albatta, har bir qiz esli-hushli boʻlishi kerak, hammadan ahloqi buzuq qizlarni yomon koʻraman. Dunyasha. Men sizni behad sevib qoldim... Siz ma’lumotli kishisiz, har bir narsa haqida mulohaza qila olasiz. Pauza.
Yasha (esnab). Ha shunday... Menimcha, birovni yaxshi koʻradigan qiz ahloqsiz boʻladi. Pauza.
Sof havoda sigara cheqish xoʻp rohat narsa-da... (Quloq soladi.) Bu yoqqa kelishyapti... Xoʻjayinlar... Dunyasha Yashani birdan quchoqlab oladi. Endi uyga boring. Daryoga choʻmilgani borgan kishi boʻlib mana bu yoʻldan keting, koʻrib qolishsa, meni siz bilan shu yerda uchrashibdi deb oʻylashadi, bundan yomon koʻrgan narsam yoʻq.
Yasha butxona yonida yolgʻiz oʻtiradi. Lyubov' Andreevna, Gayev va Lopaxinlar keladilar. Lopaxin. Masalani uzil-kesil hal qilish kerak, vaqt oz qoldi. Juda oddiy masala-ku! Yerni barbogʻchilarga berishga rozimisiz yo yoʻqmi, shuni ayting? Birgina soʻz aytsangiz boʻladi; yo ha, yo yoʻq. Lyubov' Andreevna. Bu yerda kim yaramas sigara chekdi ekan... (Oʻtiradi.) Gayev. Mana, temir yoʻl ham oʻtib ancha qulaylik tugʻildi. (Oʻtiradi.) Birpasda shaharga borib, nonushta qilib kelindi... Sarigʻini oʻrtaga! Menga qolsa hozir uyga kirib, bir billiard oʻynab chiqish ma’qul boʻlardi. Lyubov' Andreevna. Joniqma. Lopaxin. Faqat birgina soʻz deng! (Yolvoradi.) Javobini bersangiz-chi, axir! Gayev (esnab). Kimni? Lyubov' Andreevna (hamyonini ochib qaraydi). Kecha bir talay pul bor edi, bugun juda oz qopti. Boyoqish Varya pulni tejayman deb, hammani shirxoʻrdi bilan boqsa, oshxonadagi chollarga quruq noʻxatni pishirib bersa-yu, men bu yoqda pulni sovurib yursam... (Hamyon qoʻlidan tushib, oltin pullar sochilib ketadi.) Voy, pul sochilib ketdi-ya... (Ranjiydi.) Yasha. Ruxsat eting, men terib beraman. (Tangalarni teradi.) Lyubov' Andreevna. Baraka toping, Yasha. Nimaga men shaharga nonushta qilgani bordim-a... Muzikasi boʻlgani bilan boʻlmagʻur restoran ekan, dasturxonlaridan sovun hidi keladi... Buncha koʻp ichishning nima keragi bor, Lyonya? Muncha koʻp ovqat yeyishning nima hojati bor? Nimaga sen tinmay gapiraverasan? Boya restoranda oʻtirib toza jovrading, ammo hamma gaplaring nojoʻya... Yetmishinchi yillarmi-ey, dekadentlarmi-ey... Tagʻin, kimga gapirganingni oʻzing bilasanmi? Dekadentlar haqida malaylarga gapirib oʻtiribsan-a! Lopaxin. Rost. Gayev (qoʻlini siltab). Men hamisha shunday qolaman shekilli, tuzalishimga koʻzim yetmaydi... (Yashaga qarab, zarda bilan.) Nega sen koʻz oldimdan nari ketmaysan? Yasha (kulib). Tovushingizni eshitsam kulgim qistaydi. Gayev (singlisiga qarab). Yo bu qolsin, yo men... Lyubov' Andreevna. Boring, Yasha, siz ketavering. Yasha (Lyubov' Andreevnaga hamyonni berib). Hozir ketaman. (Oʻzini kulgidan zoʻrgʻa tiyib). Hozirning oʻzida... (Ketadi.) Lopaxin. Sizning mulkingizni Deriganov degan bir boy olmoqchi. Savdoga ham uning oʻzi shaxsan ishtirok etadi degan gaplar bor. Lyubov' Andreevna. Siz qayerdan bildingiz? Lopaxin. Shaharda shunaqa ovoza tarqalgan. Gayev. Yaroslavldagi xolamiz pul yuboraman depti-yu, ammo qachon va qancha yuborishi noma’lum... Lopaxin. Yuborganda ham qancha yuborar edi! Yuz ming yuboradimi? Yo ikki yuz mingmi? Lyubov' Andreevna. Eh-ha, goʻrdami... Oʻn-oʻn besh ming yuborsa ham shukur qilardik. Lopaxin. Meni kechiring, ammo janoblar, sizlarga oʻxshagan yengiltak, hech narsadan xabari yoʻq, noshud, ish yoqmas odamlarni sira-sira koʻrmagan edim. Sizga yer-mulkingiz sotiladi deb loʻnda qilib aytib turilgan boʻlsa ham tushunay demaysizlar-a. Lyubov' Andreevna. Nima qilgin deysiz, axir? Oʻrgating. Lopaxin. Men sizga har kuni gapiraman. Har kuni shu toʻgʻrida jovrayman. Olchazorni ham, yerni ham barbogʻchilarga ijaraga berish kerak, berganda ham tezroq, hozirning oʻzidayoq berish kerak, savdo kuni yaqinlashib qoldi! Tushunsangiz-chi, axir! Agar siz mayli, barbogʻ boʻ-la qolsin desangiz, istaganingizcha pul ham tushadi, ana shunda qutulasiz qoʻyasiz. Download 79.23 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling