Toʻrt pardali komediya Qatnashuvchilar: Ranevskaya Lyubov' Andreevna — pomeshchik ayol. Anya


Lopaxin. Bir stakan ichsang-chi. Trofimov


Download 79.23 Kb.
bet5/5
Sana04.11.2020
Hajmi79.23 Kb.
#140420
1   2   3   4   5
Bog'liq
Olchazor


Lopaxin. Bir stakan ichsang-chi.

Trofimov. Ichmayman.

Lopaxin. Demak, shu ketishingda toʻgʻri Moskvagami?

Trofimov. Ha, ularni shahargacha kuzatib qoʻyaman-da, ertaga Moskvaga joʻnayman.

Lopaxin. Ha, ha... Professorlar ham leksiya oʻqimay, hammasi sening yetib borishingni kutib oʻtirgan boʻlsa kerak!

Trofimov. Sening ishing emas.

Lopaxin. Universitetga kirganingga necha yil boʻldi?

Trofimov. Yangiroq gap topib gapirsang-chi! Bu gaplarning siyqasi chiqib ketdi-ku. (Kaloshini qidiradi.) Bilasanmi, balki biz sen bilan endi koʻrishmasmiz, shuning uchun senga bir maslahat berib ketmoqchiman: har narsaga qoʻl yugurtiraverma! Shu odatingni tashla. Dacha qurish, barbogʻchilardan kelgusida ayrim yer egalari yetishib chiqadi deyishingning oʻzi ham har baloga qoʻl choʻzish... Har qalay men seni yaxshi koʻraman-da. Barmoqlaring xuddi artistlarning barmogʻiday nozik va ingichka, ruhing ham nozik...

Lopaxin (uni quchoqlab). Xayr, ogʻayni. Barcha qilgan yaxshiliging uchun rahmat. Agar yoʻlga kerak boʻlsa, pul beray.

Trofimov. Pulni nima qilaman? Keragi yoʻq.

Lopaxin. Pulingiz yoʻqdir axir!

Trofimov. Pulim bor. Tashakkur. Qilgan tarjimam uchun olgandim. Mana, choʻntagimda. (Tashvishlanib.) Kaloshim qayoqda qoldiykin-a?

Varya (narigi uydan turib). Mana, oling matoingizni. (Sahnaga bir juft kalosh irgʻitadi.)

Trofimov. Nimaga jahlingiz chiqyapti, Varya? .. Hm... Bu mening kaloshim emas-ku!

Lopaxin. Koʻklamda ming desyatina yerga koʻknori ekdirgan edim, roppa-raso qirq ming soʻm foyda qilibman. Koʻknorimning gullagan paytini bir koʻrsang edi! Ha, men aytmoqchimanki, qirq ming soʻm ishlabman, demak senga qarz bermoqchiman, negaki, qarz berish qoʻlimdan keladi. Dimogʻ koʻtarishning nima keragi bor? Men mujik odamman... dangal aytaveraman.

Trofimov. Sening otang mujik, mening otam tabib edi, lekin buning hech bir ahamiyati yoʻq. (Lopaxin hamyonini chiqaradi.) Qoʻy, qoʻy... Ikki yuz ming bersang ham olmayman. Men erkin odamman. Siz boy va qashshoq odamlar sajda qilgan narsalarning bari mening ustimdan qilcha ham hukmronlik qilolmaydi. Osmonda uchib yurgan nozik par qanday boʻlsa, menga ular xuddi shunday. Men sizsiz ham yashay olaman, sizlarni nazar-pisand qilmay, yoningizdan oʻtib ketaveraman, men magʻrurman. Insoniyat yer yuzida boʻla oladigan eng yuksak haqiqat sari, eng katta baxt sari intilib bormoqda, men esa uning birinchi safidaman!

Lopaxin. Yeta olarmikansan?

Trofimov. Yetaman.

Pauza.


Yetaman, yetolmaganimda qanday yetish yoʻlini boshqalarga koʻrsataman.

Uzoqdan daraxtlarga urilgan bolta ovozi eshitiladi.



Lopaxin. Xoʻp, doʻstim, yaxshi bor. Endi joʻnash kerak. Sen bilan biz bir-birimizga dimogʻ qilib oʻtyribmiz, turmush esa oʻz yoʻlidan ketyapti. Agar men koʻp va tinmay ishlasam, fikrlarim ham ancha oydinlashadi, nima uchun yashayotganimni ham oʻzim bilganday boʻlaman. Nima uchun yashayotganini bilgan odamlar Rossiyada oz deysanmi, oʻh-oʻ! Ha mayli, gap bunda emas-ku. Leonid Andreich ham bankka ishga kiribdi, yiliga olti ming olarmish... Shunisi borki ishlay olmaydi, oʻta ketgan dangasa...

Anya (eshik oldiga kelib). Oyim biz ketguncha bogʻni kesishmay tursin deb soʻrayaptilar.

Trofimov. Rost, nahotki shunga ham aqling yetma-sa... (Dahliz orqali chiqib ketadi.)

Lopaxin. Hozir, hozir... Eh ahmoqlar-ey! (Uning ketidan chiqib ketadi).

Anya. Firs kasalxonaga joʻnatildimi?

Yasha. Men ertalab aytgan edim. Joʻnatishgandir.

Anya (zaldan oʻtib borayotgan Yepixodovga). Semyon Panteleich, bilingchi, Firsni kasalxonaga joʻnatishdimikin?

Yasha (xafa boʻlib). Men Yegorga ertalab aytgan edim. Hadeb soʻrayverishning nima keragi bor!

Yepixodov. Mening uzil-kesil fikrimcha, shalvirab qolgan Firsni endi tuzatib, odam qilib boʻlmaydi, u ota-bobolari yoniga safar qilishi kerak. Men boʻlsam faqat unga havas qilishim mumkin. (Shlyapa solib qoʻyilgan karton quti ustiga chamadon qoʻyib, uni ezib yuboradi.) Ana aytmadimmi! Oʻzim ham shunday boʻlishini bilgan edim-a. (Chiqib ketadi.)

Yasha (mazah qilib). Voy falokat bosgan-ey...

Varya (eshik orqasida turib). Firsni kasalxonaga olib ketishdimi?

Anya. Olib ketishdi.

Varya. Boʻlmasa nega doktorga yozilgan xat qolibdi.

Anya. Orqasidan yubora qolish kerak... (Chiqib ketadi.)

Varya (qoʻshni xonada turib). Yasha qani? Aytinglar, onasi xayrlashgani kelibdi.

Yasha (qoʻlini siltab). Juda bezor boʻldim-da.

Dunyasha boyadan beri buyumlar oldida ivirsib turgan edi; Yashaning bir oʻzi qolishi bilan, darrov uning oldiga keladi.



Dunyasha. Loaqal bir marta qarasangiz-chi, Yasha. Siz meni tashlab ketyapsiz... (Yigʻlab Yashaning boʻyniga osiladi.)

Yasha. Yigʻlashning nima keragi bor? (Shampanskoye ichadi.) Olti kundan keyin yana Parijdamiz-da! Ertaga kurьer poyezdiga minamiz-u, joʻnayveramiz! Oʻzim ham ishongim kelmaydi. Viva la-Frans! Bu yer menga yoqmadi, sira turgim kelmaydi... Nima ham qilib boʻladi. Nodonlikdan toza toʻydim, yetadi. (Shampanskoye ichadi.) Yigʻlab nima qilasiz? Odobli qiz boʻlsangiz yigʻlamaysiz.

Dunyasha (oynaga qarab, yuziga upa suradi.) Parijdan xat yozib turing. Axir men sizni qanday sevardim, Yasha, yaxshi koʻrardim! Men nozik qizman, Yasha!

Yasha. Bu yoqqa odamlar kelyapti. (Chamadonlar oldida ivirsiydi, ohista ashula aytadi.)

Lyubov' Andreevna, Anya, Gayev, Sharlotta Ivanovnalar kiradilar.



Gayev. Yoʻlga tushsak ham boʻlardi. Vaqt oz qoldi. (Yashaga qarab). Kimdan baliq hidi kelyapti-a?

Lyubov' Andreevna. Oʻn minutlardan keyin ekipajga tushsak ham boʻladi... (Uy ichiga nazar tashlaydi.) Alvido, qadrdon uyim, keksa bobo! Qish ham oʻtar, bahor ham kelar, ammo sen boʻlmaysan. Seni buzib tashlaydilar. Nimalarni koʻrmadi bu devorlar! (Chuqur hayajon ichida qizini oʻpadi.) Baxtim, saodatimsan, chehrang porlaydi, koʻzlaring xuddi ikki olmosday chaqnaydi. Xursandmisan? Juda ham xursandman degin?

Anya. Juda, juda! Yangi hayot boshlanadi, oyi!

Gayev (suyunib). Darhaqiqat endi ishimiz chakki emas. Olchazor sotilguncha hammamiz tashvish tortdik, mashaqqat chekdik, endi masala uzil-kesil hal boʻlishi bilan hammamiz tinchidik, hatto vaqtimiz ham chogʻ boʻlib qoldi... Men endi bank xizmatchisiman, moliya xodimiman... Sarigʻini oʻrtaga, sening ham, Lyuba, yuzlaring ancha oʻzgarib, tuzuk boʻlib qolding, rost aytaman.

Lyubov' Andreevna. Rost. Asablarim bosildi.

Qoʻliga shlyapa bilan palьtosini beradilar.

Kechalari ancha tinch uxlaydigan boʻlib qoldim. Mening buyumlarimni olib chiqing, Yasha. Vaqt boʻldi. (Anyaga qarab.) Qizim, sen bilan tezda koʻrishamiz... Men Parijga ketaman, Yaroslavldagi buving yuborgan pulni xarjlab turaman, yashasin buvimiz! Bu pul boʻlsa koʻpga yetmaydi.

Anya. Oyi, sen tez orada qaytib kelasan-a? Shundaymi? Men tayyorlanib gimnaziya hajmida imtihoch topshi-raman, keyin ishga kiraman, seni boqaman. Ikkimiz, oyijon, birga har xil kitoblar oʻqiymiz... Toʻgʻrimi? (Oyisining qoʻllarini oʻpadi.) Kuz kechalarida oʻtirib kitoblar, juda koʻp kitoblar oʻqiymiz, ana shunda yangi, ajoyib dunyo koʻz oldimizda namoyon boʻladi... (Xayolga choʻmib.) Oyijon, qaytib kel...

Lyubov' Andreevna. Kelaman, oltinim, qaytib kelaman. (Qizini bagʻriga bosadi.)

Lopaxin kiradi. Sharlotta ohista ashula aytib oʻtiradi.



Gayev. Sharlottaning sira gʻami yoʻq, ashula aytgani aytgan.

Sharlotta (xuddi yoʻrgaklangan bolaga oʻxshash bir tugunchani bagʻriga olib). Chaqalogʻim, alla-ey...

Chaqaloqning «inga-inga» degan yigʻisi eshitiladi.

Yigʻlama qoʻzim, yigʻlama.

«Ingga, ingga! ..»

Juda rahmim keladi senga! (Tugunni joyiga irgʻitadi.) Menga biron joy topib beringlar, men bunday yuraver-may.

Lopaxin. Topamiz, Sharlotta Ivanovna, xavotirlanmang.

Gayev. Bizni hamma tashlab ketmoqda. Varya ham ketaman deydi... Bir-birimizga kerak boʻlmay qoldik...

Sharlotta. Shaharda turadigan joyim yoʻq. Ketish kerak endi... (Qoʻshiq aytib.) Baribir...

Pishchik kiradi.



Lopaxin. Tabiat mu’jizasi! ..

Pishchik (harsillab). Uf, nafasimni rostlab olay... Oʻlib boʻldim... Qimmatli doʻstlarim... Suv bering...

Gayev. Yana pul deb kelgandirsan-da? Yoʻgʻ-e, gunohdan chetroqda turay... (Ketadi.)

Pishchik. Kelmaganimga ham ancha boʻldi... goʻzalim... (Lopaxinga qarab.) Sen ham shu yerdamisan? Koʻp xursandman... Miyang butun odamsan... Mana buni ol-chi! (Lopaxinga pul uzatadi.) Toʻrt yuz soʻm... Menda endi sakkiz yuz qirq soʻmi qoldi...

Lopaxin (hayron boʻlib, yelkasini qisadi). Xuddi tushimda koʻrayotganga oʻxshayman... Qayerdan olding?

Pishchik. Shoshmay tur... Juda isib ketdim... Ajoyib-gʻaroyib hodisa yuz berdi. Menikiga inglizlar kelgan edi, yerimdan allaqanday oq tuproq topishibdi... (Lyubov' Andreevnaga.) Mana sizga ham toʻrt yuz soʻm, goʻzalim... (Pulni uzatib.) Qolganini keyin olasiz. (Suv ichadi.) Hozir vagonda kelayotganimizda bir yosh yigit allaqanday ulugʻ filosof tomdan sakrashga maslahat berganini aytdi... «Sakra!» — butun masala mana shunda, debdi. (Hayratlanib.) Tavba! Suv!..

Lopaxin. Qanaqa inglizlar ekan ular?

Pishchik. Oq tuproqli yerimni oʻshalarga yigirma toʻrt yilga baholab berdim... Endi, afv etasizlar, shoshib turibman... Yana yugurishim kerak... Znoykovnikiga bormoqchiman... Kardamonovnikiga... Hammadan qarzman. (Suv ichadi.) Yaxshi qolinglar... Seshanba kuni yana kelarman...

Lyubov' Andreevna. Biz hozir shaharga joʻnamoqchimiz, ertaga men chet elga ketaman.

Pishchik. Nima? (Xavotirlanib.) Shaharga koʻchib nima qilasiz? Men ham aytdim-a, bu mebelь, bu chamadonlar nega bunda yotibdi deb... Ha, mayli endi... (Yigʻi aralash.) Ha, mayli endi... Bu inglizlar... juda dono odamlar ekan... Ha, mayli endi... Baxtli boʻlinglar... xudo madad bersin... mayli. Bu dunyoda hamma narsaning ham oxiri boʻladi... (Lyubov' Andreevnaning qoʻlini oʻpib.) Agar meni oʻlibdi deb eshitib qolgunday boʻlsangiz, oʻshanda: «Otga oʻxshagan bir odam bor edi, Simeonov-Pishchik degan banda edi... Xudo rahmat qilsin...» deb qoʻysangiz boʻlgani... Ajoyib havo... Ha... (Qattiq xijolat ichida chiqib ketadi, biroq shu zahoti qaytib kiradi, eshik yonida turib.) Dashenьkam sizga salom aytib edi! (Ketadi.)

Lyubov' Andreevna. Endi joʻnasak ham boʻladi. Ammo yuragimda ikkita gʻamim bor. Biri betob yotgan Firs. (Soatiga qarab.) Yana besh minut oʻtirsak boʻladi...

Anya. Oyijon, Firsni kasalxonaga joʻnatishdi... Yasha erta bilan joʻnatgan ekan.

Lyubov' Andreevna. Yana bir gʻamim — Varya. U boyoqish erta tongda turib ishlashga oʻrgangan, endi ishsiz qolib, suvsiz yashagan baliqqa oʻxshab qoldi. Yuzlari soʻlib, oriqlab ketibdi. Tinmay yigʻlaydi, bechora...

Pauza.


Oʻzingizdan oʻtar gap yoʻq, Yermolay Alekseich, men uni sizga uzatarman deb orzu qilib yurardim... Sizning koʻnglingizda ham unga uylanish fikri bordek edi. (Anyaga bir nima deb shivirlaydi, Anya Sharlottaga imlaydi, ikkovlari chiqib ketadilar.) U sizni yaxshi koʻradi, sizga ham oʻzi yoqsa kerak. Bir-biringizdan nimaga qochasizlar — sira bilolmadim. Tushunolmayman!

Lopaxin. Toʻgʻrisini aytsam, oʻzim ham tushunmayman. Juda gʻalati ish boʻldi-da. Agar kechikmagan boʻlsam, hozir ham tayyorman... Ishni bira toʻlasi bitirib qoʻya qolaylik, ammo sizsiz mening oʻzim aytolmayman, rost...

Lyubov' Andreevna. Juda yaxshi. Bunga nihoyati bir minut kifoya. Men hozir chaqirtiraman...

Lopaxin. Aytmoqchi, mana shampanskoye ham tayyor. (Stakanlarga qaraydi.) Iyya, boʻshab qolibdi-ku! Birov ichib qoʻyibdi.

Yasha yoʻtaladi.

Buying otini tuya qilib berish deydilar.

Lyubov' Andreevna (taraddudlanib). Juda ssz Biz chiqib turamiz... Men hozir uni chaqirib beraman... (Eshikka qarab.) Varya, qoʻy hamma ishingni, bu yoqqa kel, kela qol! (Yaish bilan birga chiqib ketadi.)

Lopaxin (soatiga qarab). Him...

Pauza.


Eshik orqasidan ohista kulgi va pichirlash eshitiladi. Varya kiradi.

Varya (buyumlarni titkilab). Ajab, qayoqqa yoʻqolibdi?..

Lopaxin. Nima qidiryapsiz?

Varya. Oʻzim solib qoʻygan edim, endi oʻzim qidirib topa olmayman.

Pauza.


Lopaxin. Endi qayerga borasiz, Varvara Mixaylovna?

Varya. Menmi? Ragulinlarnikiga... Uy-roʻzgʻorlariga qaraydigan boʻldim... ish qilib, ekonomkalikka oʻxshagan bir ish-da.

Lopaxin. Yashnevo qishlogʻidagimi? U yer yetmish chaqirimcha keladi.

Pauza.


Bu uyda endi hayot bitdi...

Varya (buyumlarni titkilab). Qayerda qolibdi-ya... Yoki sandiqqa solib qoʻydimmikan... Ha, bu uyda endi hayot bitdi... endi sira qaytib kelmaydi.

Lopaxin. Men hozir Xar'kovga joʻnab ketmoqchiman... Shu poyezd bilan. Juda ishim koʻp. Bu yerga Yepixodovni qoʻyib ketaman... Uni ishga oldim.

Varya. Ajab boʻpti!

Lopaxin. Bultur shu mahalda, esingizda boʻlsa, qor yoqqan edi, hozir boʻlsa sokin, oftob. Faqat sal sovuqroq... Sovuq uch darajaga borgandir?

Varya. Qaraganim yoʻq.

Pauza.


Gradusnigimiz ham sinib qolgan...

Pauza.


Hovlidan tovush: «Yermolay Alekseich.. »

Lopaxin (xuddi shu tovushni boyatdan beri kutib turganday). Hozir chiqaman! (Tez chiqib ketadi.)

Varya yerga oʻtirib, boshini tugunga qoʻyib, sekin-sekin piqillab yigʻlaydi. Eshik ochilib, sekin-asta yurib Lyubov' Andreevna kiradi.



Lyubov' Andreevna. Xoʻsh?

Pauza.


Endi joʻnash kerak.

Varya (yigʻidan toʻxtab, koʻzlarini artadi) Ha, vaqt boʻldi, oyijon. Men bugun Ragulinlarnikiga yetib boraman, faqat poyezdga kechikmasam boʻlgani...

Lyubov' Andreevna (eshikdan qarab). Anya, kiyina qol!

Anya, keyin Gayev va Sharlotta Ivanovnalar kiradilar.

Gayevning ustida boshlikli pal'to. Xizmatkorlar, izvoshchilar toʻplanadi. Yepixodov buyumlar oldida ivirsib yuradi.

Lyubov' Andreevna. Endi yoʻlga tushsak ham boʻladi.

Anya (sevinib). Yoʻlga, yoʻlga!

Gayev. Doʻstlarim, qimmatli, aziz doʻstlarim! Shu uyni umrbod tashlab keta turib, vidolashuv oldidan butun vujudimni toʻldirgan qaynoq hislarimni aytmasdan turolmayman...

Anya (yolvorib). Togʻa!

Varya. Togʻajon, qoʻying!

Gayev (ruhi tushib). Sarigʻini oʻrtaga duplet... Mana jim boʻldim...

Trofimov, keyin Lopaxin kiradilar.



Trofimov. Xoʻp, janoblar, vaqt boʻldi, ketdik!

Lopaxin. Yepixodov, pal'tomni keltir!

Lyubov' Andreevna. Men yana bir lahza oʻtiray. Bu uyning devorlari, shiftlari qandayligini ilgari sira koʻrmaganga oʻxshayman, endi shuncha suqlanib qarasam ham toʻymayman...

Gayev. Esimda bor, olti yashar bola edim, Troitsa hayiti kuni xuddi shu derazadan otamning cherkovga ketayotganini koʻrib oʻtirgan edim...

Lyubov' Andreevna. Hech narsa esdan chiqib qolmadimi?

Lopaxin. Menimcha, hamma narsa olindi. (Pal'to kiya turib, Yepixodovga.) Yepixodov, menga qara, hamma narsaga koʻz-quloq boʻlib turgin.

Yepixodov (ovozi xirillab). Xotirjam boʻling, Yermolay Alekseich!

Lopaxin. Nega ovozing bunaqa!

Yepixodov. Boya suv ichuvdim, bir narsa yutib yuboribman.

Yasha (nafratlanib). Bu nodonlik...

Lyubov' Andreevna. Biz ketgandan keyin uy juda huvillab qoladi.

Lopaxin. Koʻklamga qadar.

Varya (tugun ichidan zontikni sugʻurib olib, xuddi birovga oʻqtalganday boʻladi, Lopaxin choʻchib ketganday oʻzini chetga oladi.) E, sizni qarang... Qoʻrqmang.

Trofimov. Janoblar, yuringlar ekipajlarga oʻtiraylik... Vaqt boʻldi! Hademay poyezd kelib qoladi!

Varya. Petya, mana kaloshingiz, chamadon yonida yotgan ekan. (Yigʻlab.) Biram kir, biram ifloski...

Trofimov (kaloshini kiyib). Qani, ketdik janoblar!..

Gayev (qattiq xayajonda, yigʻidan oʻzini arang toʻxtatib). Poyezd... stansiya... Kruaze oʻrtaga, oqini burchakka duplet...

Lyubov' Andreevna. Ketdik!

Lopaxin. Hamma shu yerdami? Ichkarida hech kim qolgani yoʻqmi? (Chap tomondagi eshikni qulflaydi.) Bu uyga narsalar qoʻyilgan, qulflab qoʻyish kerak. Yuringlar endi!..

Anya. Xayr, uyimiz! Alvido, ey eski hayot!

Trofimov. Yashasin yangi hayot! (Anya ikkovlari chiqib ketadilar.)

Varya uyga bir koʻz tashlab, shoshilmay chiqib ketadi. Yasha bilan itni yetaklagan Sharlotta ham chiqib ketishadi.



Lopaxin. Demak, koʻklamgacha xayr. Chiqinglar, janoblar... Xayr endi!.. (Ketadi.)

Lyubov' Andreevna bilan Gayev yolgʻiz qoladilar. Ikkovlari xuddi shu fursatni kutganday, bir-birlarining quchoqlariga tashlanib, birov eshitib qolishidan qoʻrqib ohista yigʻlaydilar.



Gayev (umidsizlanib). Singlim, singliginam...

Lyubov' Andreevna. Oh, mening goʻzal bogʻim, muhtasham, shinam bogʻim!.. Hayotim, yoshligim, baxtim... Alvido!

Anyaning tovushi. (xursandlik bilan chaqiradi): «Oyi-yu-u»

Trofimovning tovushi. (sevinch, xayajon ichida): «Au-u».

Lyubov' Andreevna. Deraza va devorlarga yana bir marta qarab olay... Radmatlik oyim shu uydan oʻtishni yaxshi koʻrar edilar...

Gayev. Singlim, singliginam!..

Anyaning tovushi. «Oyi-yu-u! ..»

Trofimovning tovushi: «Au-u!..»

Lyubov' Andreevna. Borayotibmiz!.. (Chiqib ketadilar.)

Sahna boʻsh qoladi. Eshiklarning qulflanishi, keyin ekipajlarning joʻnab ketishi eshitiladi. Jimlik choʻkadi. Jimlik ichida daraxtlarga bolta urilayotgani eshitiladi, bu tavho tovush gʻoyat koʻngilsiz eshitiladi. Oyoq tovushi keladi. Oʻng tomondagi eshikdan Firs kiradi. Hamma vaqtdagidek ustiga pidjak va oq jilet kiygan, oyogʻida tufli. Betob.



Firs (eshik oldiga kelib, tutqichini tortib koʻradi). Berk-ku. Ketishibdi. (Divanga oʻtiradi.) Meni unutib, tashlab ketishibdi!.. Ha, mayli... Men shu yerda oʻtira turaman... Leonid Andreich yana poʻstin kiymay yolgʻiz pal'toda ketgandir... (Tashvishlanadi, uf tortadi.) Men ham koʻrmabman... Yosh-da, bolasi tushkur! (Bir nimalar deb mingʻirlaydi, hech narsa tushunib boʻlmaydi.) Umr ham oʻtdi-ketdi, hech dunyoga kelmagandayman... (Yotadi.) Birpas yotay... Madoring ham qolmabdi, hech narsang qolmabdi, hech narsa... Voy seni qara-yu, lapashang!.. (Qimirlamay yotadi.)

Uzoqdan xuddi koʻkda uzilgan torning tovushidek ovoz eshitiladi. Ovoz gʻamgin, soʻnib boradi. Jimlik choʻkadi. Faqat bogʻning uzoq bir burchagidan daraxtlarga bolta urilayotgani eshitilib turadi.



Parda
Download 79.23 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling