Toshkent davlat Yuridik universiteti fuqarolik huquqi darslik I qism toshkent-2017 fuqarolik huquqi darslik I qism


Download 1.75 Mb.
bet90/132
Sana31.01.2024
Hajmi1.75 Mb.
#1833237
1   ...   86   87   88   89   90   91   92   93   ...   132
Bog'liq
KL фукаролик хукуки дарслик 14 02 2017

Majburiyat huquqi – mol-mulkni topshirish, ishlarni bajarish, xizmat ko’rsatish yoki pul to’lash yoki muayyan harakatdan o’zini tiyib turish bilan bog’liq bo’lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladigan fuqarolik-huquqiy normalar yig’indisidir.



Majburiyat huquqi jamiyatda mulkiy munosabatlarning eng muhim va keng sohasini, o’zining fuqarolik-huquqiy tusidagi qoidalari bilan tartibga soladi. Jamiyatdagi majburiyatga oid huquqiy munosabatlar fuqarolar va tashkilotlarning xilma-xil ehtiyojlarini qondirish, ta’minlash maqsadlarida o’rnatiladi. Majburiyatlar to’g’risidagi normalar mulkning bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o’tishini, ishlab chiqarish va maishiy xizmat ko’rsatish korxonalari orqali xilma-xil xizmatlar ko’rsatilishini tartibga soladi. Majburiyatlar vositasida mulk va mulkiy huquqlar qo’riqlanishi ta’minlanadi, fuqaroning sog’lig’iga zarar yetkazilganda ko’rilgan zararlar qoplanadi va hokazo.
Majburiyat huquqi tizimi ikki asosiy bo‘limdan, ya’ni majburiyatlar to‘g‘risidagi umumiy qoidalar va majburiyatlarning alohida turlariga oid maxsus qoidalardan iboratdir.
Shartnomali majburiyatlarga oid huquqiy institutlar asosan shartnomaviy munosabatlardan vujudga keladi va uning asosiy xususiyati majburiyat taraflarining erk-irodasini namoyon etish orqali yuzaga keladi.
Shartnomasiz majburiyatlar shaxsning erk-irodasidan tashqarida yuz beradi yoki bir tomonlama harakat natijasida kelib chiqadi.



Majburiyat mazmuni deganda, kreditorning qarzdor tomonidan muayyan harakatlar qilinishini (yoki qilinmasligini) talab etishga bo’lgan huquqi va qarzdorning shunga yarasha bo’lgan burchi tushuniladi.

Qarzdor tomonidan qilinishi lozim bo’lgan harakatlar har xil: ashyoni egasiga (kreditorga) topshirish, ashyolarni foydalanish uchun topshirish, ma’lum summa pulni to’lash, biror-bir ishni bajarish yoki xizmat ko’rsatish, qarzdor tomonidan bitimning tuzilishini ta’minlash, birovga yetkazilgan zararni to’lash, asossiz orttirilgan boylikni o’z egasiga qaytarish to’g’risida bo’lishi mumkin.


Yuqorida ko’rsatilgan majburiyat obyektlaridan ko’rinishicha, majburiyatning mazmuni asosan mulkiy xarakterdagi huquq va burchlardan iborat bo’lsa-da, huquq subyektlarini o’zaro mulkiy xarakterda bo’lmagan majburiyatlar ham belgilashlari mumkin. Masalan, asar mualliflaridan biri o’zaro kelishuv bo’yicha muayyan vaqt ichida asarning bir qismini tuzatib, qayta ishlab kelish to’g’risida o’z zimmasiga majburiyat olishi mumkin.
Majburiyat taraflarining bir-birlariga nisbatan belgilangan huquq va majburiyatlari ularning tusiga qarab farqlanadi. Ular mazmuni, obyektlari va subyektlariga qarab quyidagi turlarga bo’linadi:
1. Ijobiy va salbiy mazmunli majburiyatlar. Agar majburiyat yuzasidan qarzdor muayyan bir harakatni qilishga burchli bo’lib, kreditor aynan shunday harakatning qilinishini talab qilishga haqli bo’lsa, bunday majburiyat ijobiy mazmunli majburiyat hisoblanadi. Huquqiy munosabatning ko’pchiligida ijobiy mazmunli majburiyatlar yotadi. Masalan, oldi-sotdi, mulkni ijaraga berish, maishiy xizmat ko’rsatish sohasida olinadigan majburiyatlar – ijobiy mazmunli majburiyatlardir.
Agar majburiyat bo’yicha qarzdor muayyan harakatni qilishdan saqlanishga burchli, kreditor harakat qilishdan saqlanishini talab etish huquqiga ega bo’lsa bunday majburiyat salbiy mazmunli majburiyat hisoblanadi. Masalan, nashriyot shartnomasi bo’yicha muallif shartnoma kuchda bo’lgan davrda o’z asarini boshqa nashriyotga topshirishdan saqlanish majburiyatini olsa, nashriyot muallifning boshqa nashriyot bilan shartnoma tuzishdan saqlanishini talab etish huquqini oladi.
2. Bir tomonlama va ikki tomonlama majburiyatlar. Majburiyatda qatnashuvchilarning birida faqat talab qilish huquqi (yoki huquqlari), ikkinchi tomonda esa faqat majburiyat (majburiyatlar) bo’lsa, bunday majburiyatlar bir tomonlama majburiyatlar hisoblanadi. Masalan, qarz shartnomasi. Qarz shartnomasi bo’yicha qarz bergan shaxs qarzning qaytarilishini talab qilish huquqiga ega bo’lsa, qarzdor o’z zimmasiga olgan qarzini qaytarishga burchlidir.
Huquqiy munosabatda qatnashuvchilarning har qaysisi ham huquq, ham majburiyatga (qator huquqlar va majburiyatlarga) ega bo’lsa, bunday majburiyatlar ikki tomonlama majburiyat hisoblana­di. Ikki tomonlama majburiyatlarga oldi-sotdi, ijara, pudrat kabi shartnomalarni misol qilib ko’rsatish mumkin. Masalan, oldi-sotdi munosabatida sotuvchida sotilgan narsani topshirish majburiyati bo’lsa, oluvchida sotib olingan narsaning qiymatiga yarasha haq to’lash majburiyati bo’ladi va aksincha. Aksariyat majburiyatlar ikki tomonlama majburiyatlardir.
3. Muayyan harakatni bajarishga qaratilgan va muqobil maj­buriyatlar. Agar huquqiy munosabat bo’yicha kreditor qarzdordan muayyan bir harakat qilinishini, masalan, ma’lum ishning bajari­lishini, biror-bir ashyoning topshirilishini yoki ma’lum summa pul to’lanishini talab qilish huquqiga ega bo’lsa, bunday majburiyat muayyan harakatni bajarishga qaratilgan majburiyat hisoblanadi. Agar huquqiy munosabatda kreditorning talabi bo’yicha qarzdor bir necha harakatlardan birini bajarishga majbur bo’lsa, bunday majburiyat muqobil majburiyat sanaladi. Muqobil majburiyat bo’yicha huquqiy munosabatda bir necha harakat ko’rsatilgan bo’lsa ham, majburiyatning mazmunini qarzdorning faqat birgina majburiyati va kreditorning shu majburiyatning bajarilishini talab qilishga bo’lgan huquqi tashkil etadi. Huquqiy munosabatda nazarda tutilgan harakatlardan birining bajarilishi bilan majburiyat ijro etilgan hisoblanadi. Muqobil majburiyatning bajarilishi to’g’risidagi qoida FKning 250-moddasida berilgan. Mazkur moddada ko’rsatilishicha, agar qarzdor ikki yoki bir necha harakatlardan birini bajarishga majbur bo’lsa, qonun, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, tanlash huquqi qarzdor ixtiyorida bo’ladi. O’zbekiston Respublikasining bir qator qonun hujjatlarida qaysi majburiyatning bajarilishi lozimligini tanlash huquqi kreditorga berilganligi ko’rsatiladi. Xususan, ularda sotilgan ashyoning sifati lozim darajada bo’lmaganda, sotib oluvchi o’z xohishi bilan ana shu ashyoni boshqa sifatli ashyoga almashtirish yoki xarid bahosini tegishli darajada kamaytirishni yoxud sotuvchi­ning shu ashyodagi kamchiliklarni haq olmay tuzatib berishini yoki shu kamchilikni tuzatish uchun oluvchining qilgan xarajatlarini to’lash­ni yo bo’lmasa shartnomani bekor qilib, o’ziga yetkazilgan zararning to’lanishini talab qilishga haqli bo’ladi, deb ko’rsatiladi. Bu qoida bo’yicha qarzdor sifatidagi sotuvchi tomonidan bajarilishi lozim bo’lgan harakatlardan birini tanlash huquqi kreditorga, ya’ni sotib oluvchiga beriladi.
4. Shaxsiy tusga ega bo’lgan majburiyatlar va shaxsiy tusga ega bo’lmagan majburiyatlar. Ba’zi majburiyatlar huquqiy munosabatda qatnashuvchilarning har qaysisi yoki birining shaxsi bilan qat’iy bog’liq bo’lishi mumkin. Masalan, topshiriq shartnomasi bo’yicha vujudga keladigan majburiyat vakilning (topshiriqni bajaruvchining) ishonchli shaxs bo’lishiga qarab belgilanadi. Bunday shaxsiy xarakterga ega bo’lgan majburiyatlarning bajarilishini, agar qonun yoki shartnomada boshqacha hol belgilanmagan bo’lsa, boshqa shaxsga o’tkazilishiga yo’l qo’ymaydi, kreditor ham boshqa shaxs bilan almashinishi mumkin emas. Bunday majburiyatlar, odatda, qarzdor yoki kreditorning vafot etishi bilan bekor bo’ladi.
Aksariyat huquqiy munosabatlarda majburiyatning kim tomonidan bajarilishi ahamiyatga ega bo’lmaydi. Masalan, qarz shartnomasi bo’yicha majburiyatning fuqaro G. tomonidan ham yoki uning uchun fuqaro B. tomonidan ham bajarilishi mumkin. Bunday shaxsiy xarakterga ega bo’lmagan majburiyatlar bo’yicha kreditor ham, qarzdor ham boshqa shaxs bilan almashinishiga yo’l qo’yiladi. Bunday majburiyatlar bo’yicha kreditor yoki qarzdorning vafot etishi majburiyatning bekor qilinishi uchun asos bo’lmaydi.
Umumiy qoidaga binoan, majburiyatlar FKda nazarda tutilgan asoslarda vujudga keladi. Ammo, bunday majburiyatlarning vujudga kelishi qonunda nazarda tutilmagan bo’lsa-da, lekin fuqarolik qonun hujjatlarining umumiy mohiyati va mazmuniga zid bo’lmagan fuqarolar va yuridik shaxslarning harakatlari asosida ham vujudga kelishi mumkin (FKning 8-moddasi 1-qismi).
FKning 234-moddasida belgilanganidek, majburiyatlar shartnomadan, ziyon yetkazish natijasida hamda fuqarolik qonunlarida nazarda tutilgan boshqa asoslardan kelib chiqadi. Fuqarolik qonunlarida nazarda tutilgan boshqa asoslar tarkibiga davlat organlari va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarining hujjatlari, sud qarori, turli voqea hodisalarni kiritish mumkin.













Download 1.75 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   86   87   88   89   90   91   92   93   ...   132




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling