Toshkent davlat Yuridik universiteti fuqarolik huquqi darslik I qism toshkent-2017 fuqarolik huquqi darslik I qism


Majburiyatni bajarish muddati, joyi va usuli


Download 1.75 Mb.
bet97/132
Sana31.01.2024
Hajmi1.75 Mb.
#1833237
1   ...   93   94   95   96   97   98   99   100   ...   132
Bog'liq
KL фукаролик хукуки дарслик 14 02 2017

Majburiyatni bajarish muddati, joyi va usuli

Majburiyatni bajarish muddati qonun bilan yoki taraflarning o’zaro kelishuvi bilan yoxud sud qarori bilan belgilanishi mumkin.


Majburiyatni bajarish muddati kalendar sana bilan yoki muayyan vaqtda, masalan, uch oy ichida bajarilishini ko’rsatish bilan yoxud biror hodisaning vujudga kelishi, chunonchi, paxta hosilning yig’ishtirib olinishi vaqt bilan ko’rsatilishi mumkin.
Muddatlar umumiy va juz’iy, asosiy va maxsus, boshlang’ich va oxirgi muddatlarga bo’linishi mumkin.
Umumiy muddat – barcha majburiyatning butunlay bajarilishi muddati bo’lsa, juz’iy muddat – majburiyatning qonun yoki shartnomada nazarda tutilgan qismlarga bo’linib, qisman bajarilishidir. Bunday muddatlar asosiy muddatlar hisoblanadi, chunki bu muddatlar taraflarning asosiy majburiyatlarini bajarishlari uchun belgilanadi.
Maxsus muddatlar biror-bir qo’shimcha, maxsus harakatlarni bajarish, chunonchi, qonun yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda zarur hujjatlarni topshirish, mahsulotda bo’lgan kamchiliklar to’g’risida dalolatnomalar tuzish uchun belgilangan muddatlardir.
Ba’zi majburiyatlarda, masalan, pudrat shartnomasida ishni boshlash muddati–boshlang’ich muddat va ishni tamomlash muddati – oxirgi muddat qilib ko’rsatilishi mumkin. Muddatlarni hisoblashga oid qoidalar FKning 145-148-moddalarida normalangan.
Bajarish muddati belgilanmagan majburiyatlar ham uchraydi. Ba’zi hollarda o’zaro shartnoma tuzishda majburiyatni bajarish muddatini belgilamasliklari yoki majburiyatning kreditor yoki qarzdor talab qilgan zahoti bajarilishi kerakligini belgilashlari mumkin.
Agar majburiyatni bajarish muddati ko’rsatilmagan yoki talab qilib olish payti bilan belgilanib qo’yilmagan bo’lsa, kreditor majburiyatda ijroni talab qilishga, qarzdor esa ijroni har qachon amalga oshirishga haqli bo’ladi. Majburiyatni darhol bajarish vazifasi qonun, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, qarzdor bunday majburiyatni kreditor talab qilgan kundan boshlab, yetti kunlik muddat ichida bajarishi shart (FK 242-modda). Muddat ko’rsatilmay belgilangan majburiyatlarga omonat saqlash majburiyatini ko’rsatish mumkin. Taraflardan birining talabi bo’yicha omonat shartnomasi har qachon bekor qilinishi va ashyoni omo­natga qo’ygan shaxs har qachon uning qaytarilishini talab qilishga, omonat saqlovchi esa darhol qaytarishga majbur bo’ladi. Agar ashyolar talab qilib olinguncha yoki muddat ko’rsatilmay saqlash uchun topshi­rilgan bo’lsa, omonat saqlovchi har qachon shartnomadan bosh torta oladi, ammo bu holda u omonat topshirgan shaxsga mulkni qayta qabul qilish uchun mazkur sharoitlarda yetarli muddat berishga majbur. Qonun ba’zi hollarda kreditorga ham ijroni qabul qilishga tayyorgarlik ko’rish uchun muhlat olish mumkinligini belgilaydi. Chunonchi, agar mulk ijarasi shartnomasi muddati ko’rsatilmay tuzilgan bo’lsa, bu holda u noma’lum muddatga tuzilgan sanaladi va har ikki taraf xohlagan vaqtda shartnomani bekor qila oladilar. Bu holda shartnomani bekor qilmoqchi bo’lgan taraf ikkinchi tarafni bir oy oldin ko’chmas mulk ijarasida esa uch oy ilgari yozma ogohlantirilishi lozim, deb ko’rsatiladi.
Majburiyatlar muddatidan ilgari ham bajarilishi mumkin. Majburiyatning bajarilishi vaqti kreditor uchun har xil ahamiyatga ega bo’ladi. Chunonchi, kreditor omonatga qo’yilgan narsani muddatidan ilgari o’ziga qaytarilishini istamasligi qarz shartnomasi bo’yicha esa berilgan qarzning muddatidan avval qaytarilishiga qarshi bo’lmasligi mumkin. Agar qonun hujjatlari yoki shartnomada nazarda tutilgan bo’lsa yoxud majburiyatlarning mohiyatidan yoinki ish muomalasi odatlaridan yoki odatda qo’yiladigan boshqa talablardan anglashilsa, qarzdor majburiyatni muddatidan ilgari bajarishga haqli, kreditor esa ijroni muddatidan ilgari qabul qilishi shart (FK 243-modda).
Fuqarolik huquqida majburiyatni ijro etish joyi ham muhim ahamiyatga ega. FKning 246-moddasiga asosan, agar majburiyatni bajarish joyi qonun hujjatlari yoki shartnoma bilan belgilab qo’yilgan bo’lmasa va majburiyatning mohiyatidan yoxud ish muomalasi odatlaridan yoinki odatda qo’yiladigan talablardan anglashilmasa, ijro quyidagi joylarda amalga oshirilishi kerak:
1) ko’chmas mol-mulkni topshirish majburiyatlari bo’yicha mol-mulk turgan joyda;
2) tashishni nazarda tutadigan tovar yoki boshqa mol-mulkni topshirish majburiyatlar bo’yicha – tovarni kreditorga yetkazib berish uchun uni birinchi tashuvchiga topshirish joyida;
3) qarzdorning tovarni yoki boshqa mol-mulkni topshirish yuzasidan o’zga majburiyatlari bo’yicha – mol-mulkni tayyorlash va saqlash joyida, basharti majburiyatning kelib chiqish paytida bu joy kreditorga ma’lum bo’lgan bo’lsa;
4) pul majburiyati bo’yicha – majburiyat vujudga kelgan paytda kreditor yashagan joyda, agar kreditor yuridik shaxs bo’lsa, uning majburiyat vujudga kelgan paytda joylashgan yerida, agar kreditor majburiyatni bajarish vaqtigacha o’z yashash joyini yoki joylashgan yerini o’zgartirgan bo’lsa va bu haqda qarzdorni xabardor qilgan bo’lsa – ijro bilan bog’liq hamma xarajatlarni kreditor hisobidan qilgan holda, uning yangi yashash joyida yoki joylashgan yerida;
5) boshqa barcha majburiyatlar bo’yicha – qarzdorning yashash joyida, agar qarzdor yuridik shaxs bo’lsa, uning joylashgan yerida.
Majburiyatni ijro etish usuli - bu majburiyat tuzilgan shartnomaning shartlari yoki huquq normalari bilan belgilangan tartibda ijro etilishidir. Ba’zi majburiyatlar o’zining mazmuniga ko’ra birdaniga va batamom ijro etiladi. Chunonchi, xususiy alomatlari bilan belgilanadigan ashyoni masalan, sotilgan televizorni topshirish majburiyati bir vaqtda va batamom ijro etiladi. Boshqa bir xil majburiyatlar, aksincha, qismlarga bo’linib, bir qancha vaqt davomida ijro etilishi mumkin. Umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berishda moddiy ta’minot unga bir necha yillar davomida beriladi, ya’ni majburiyat qismlariga bo’linib, bir qancha vaqt davomida bajariladi. Aksariyat majburiyat masalan, tashkilotlarga sotilgan mahsulot (tovar)larni yetkazib berish va buning uchun haq to’lash majburiyatlari birdaniga, qismlarga bo’lib-bo’lib ham bajarilishi mumkin.
Ba’zi hollarda majburiyatning qismlarga bo’linib ijro etilishi kreditor uchun noqulay bo’lishi mumkin. Masalan, qish faslida sotiladigan kiyimlarni bir necha chorakka bo’lib, bahor va yoz fasllarida yetkazib berilishi xo’jalik hisobida ish ko’ruvchi savdo tashkilotini qanoatlantirmasligi mumkin. Bunday hollarda boshqacha tartib qonun hujjatlarida, shartnomada nazarda tutilgan bo’lmasa yoki ish muomalasi odatlaridan yoxud majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, kreditor majburiyatning qismlarga bo’lib bajarilishini qabul qilmaslikka haqli (FK 239-modda). Bunday ijroni kreditor qabul qilmasa, qarzdor majburiyatni lozim darajada bajar­magan yoki butunlay bajarmagan hisoblanadi.
Ba’zi hollarda ikki tomonlama majburiyatlarda kimning eng avval o’z majburiyatini ijro etishi lozimligi ma’lum bo’ladi. Masalan, vositachilik shartnomasi bo’yicha vositachi avval o’z majburiyatini bajaradi, narsani sotadi, keyin xizmat haqini oladi; chakana savdo magazinida oluvchi tovarning qiymatini avval to’laydi, keyin molni oladi va h.k. Agar taraflardan biri o’z majburiyatini avval bajarishi noma’lum bo’lganda, agar qonun, shartnoma yoki majburiyat mohiyatidan boshqacha hol anglashilmasa, shartnoma yuzasidan olingan o’zaro majburiyatlar bir vaqtda bajarilishi lozim bo’ladi.
Yuqorida keltirilgan qoida dispozitiv xarakterda bo’lganligi tufayli majburiyatning avvalo kim tomonidan bajarilishi, masalan, sotilgan narsaning topshirilishi yoki pulning to’lanishi o’zaro kelishuv bo’yicha ham belgilanishi mumkin.



Download 1.75 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   93   94   95   96   97   98   99   100   ...   132




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling