Toshkent davlat Yuridik universiteti fuqarolik huquqi darslik I qism toshkent-2017 fuqarolik huquqi darslik I qism


Download 1.75 Mb.
bet99/132
Sana31.01.2024
Hajmi1.75 Mb.
#1833237
1   ...   95   96   97   98   99   100   101   102   ...   132
Bog'liq
KL фукаролик хукуки дарслик 14 02 2017

Neustoyka

Neustoyka majburiyat huquqiy munosabatlar tizimida ta’minlovchi va qoplash funksiyasini bajaradi.


Neustoyka majburiyat bajarilishini ta’minlash usuli sifatida toki uni ijrosi buzilgunga qadar amalda bo’ladi. Bunday hollarda qonun yoki shartnoma neustoykani undirish huquqining vujudga kelish vaqtini nazarda tutadi. Asosiy majburiyat buzilgandan so’ng neustoyka mulkiy javobgarlik shakli sifatida namoyon bo’ladi. Neustoykani ta’minlovchi va javobgarlik chorasi o’rtasidagi nisbat shu bilan izohlanadiki, birinchidan, ta’minlovchi funksiya qarzdorni majburiyatni bajarishga undaydi, ikkinchidan, agar tegishli majburiyat bajarilmasa yoki lozim darajada bajarilmasa unga nisbatan javobgarlik chorasini majburiy qo’llash taqozo etadi. Boshqacha aytganda, qarzdorni o’z majburiyatini bajarish uchun oqilona harakatlanishini rag’batlantiradi va agar u o’z zimmasiga olgan majburiyatni bajarmasa javobgarlik xavfi mavjud ekanligi haqida ogohlantiradi. Neustoyka bir holatda majburiyatni qarzdor tomonidan buzilmasligini kafolatlasa, ikkinchi holatda esa u javobgarlik chorasi sifatida namoyon bo’ladi. Neustoykaning majburiyat munosabatlarda bunday ikki xilda namoyon bo’lishi uning real va oqilona asosda majburiyatlar bajarilishini ta’minlash vositasi sifatida xizmat qilishidan dalolat beradi. Bunday o’ziga xos xususiyat majburiyatlar bajarilishining boshqa usullarida mavjud emas desak, mubolag’a bo’lmaydi. Neustoykaga bo’lgan huquq to asosiy majburiyat bajarilishi bilan bog’liq bo’lib to’lovdan boshqa shaxs foydasiga voz kechishga yo’l qo’yilmaydi. Neustoyka majburiyatni ta’minlash usuli sifatida (to huquqiy buzilishi sodir etilgunga qadar) shartnomaviy majburiyat bajarilmagan taqdirda pul kompensatsiyasining to’lash hollarini belgilaydigan va unga bo’lgan huquqni vujudga keltiruvchi shartni o’zida ifoda etadi. Bunday pul kompensatsiyasiga bo’lgan huquq tegishli huquqiy buzilish sodir etilganidan so’ng vujudga keladi.
Qonun hujjatlari yoki shartnoma bilan belgilangan qarzdor majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, kreditorga to’lashi shart bo’lgan pul summasi neustoyka hisoblanadi (FKning 260-moddasi).
Neustoyka majburiyatning bajarilishini ta’minlashning usuli sifatida zarar yetkazilmagan taqdirda ham, tadbirkorlik sohasida esa, umumiy qoidaga binoan majburiyatni buzgan shaxsning aybi bo’lmasa-da, qo’llaniladi. Neustoyka majburiyatning lozim darajada bajarilishini ta’minlash jarayonida operativ vosita hisoblanadi, undan huquqbuzarlikka yo’l qo’yilgan bo’lishi zahotiyoq va buning natijasida yuz berishi mumkin bo’lgan salbiy oqibatlarni kutmasdan turib foydalanish mumkin.
Neustoykani qo’llash uchun asos bo’lib majburiyatning buzilishi yoki huquqiy hujjatlar talablari yoinki ish muomalasi odatlari hisoblanadi. Neustoykani qo’llash asosi sifatida, tadbirkorlik faoliyati bundan mustasno, qarzdorning aybi bo’lishi ham hisobga olinadi. Demak, neustoykani undirish uchun, umumiy qoidaga binoan, majburiyatning buzilishi (huquqning buzilishi) va qarzdorning aybi asos bo’lib hisoblanadi, biroq bunda huquqbuzarlik tarkibining to’liq bo’lishi (huquqqa xilof qilmish, zarar, sababiy bog’lanish, ayb to’liq holda mavjud bo’lishi) shart emas.
Shubhasiz, neustoykaning qonun va shartnoma talablari asosida to’g’ri qo’llanilishi majburiyatlarning bajarilishini ta’minlashning muhim yuridik vositasi bo’lib hisoblanadi.






Garov

Garov - majburiyat bajarilishini ta’minlashning eng samarali va ishonchli usullaridan biridir.


O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 264-moddasida ko’rsatilganidek, bir shaxsning boshqa shaxsga mol-mulkni yoki unga bo’lgan huquqni majburiyatlarni ta’minlash uchun berishi garov hisoblanadi.
Majburiyat qarzdor tomonidan ijro etilmaganida, kreditor o’zining talabini garovga qo’yilgan mulk hisobidan birinchi navbatda qondirish imkoniyatiga ega bo’ladi. Qolaversa, majburiyat vujudga kelish bosqichida kreditorga to’liq miqdorda talabni qanoatlantirishga baho berish imkoniyati vujudga keladi; kreditorda garovga qo’yilgan mol-mulk hisobidan talabni tezda qanoatlantirish mumkin bo’ladi; kreditor garov predmetini to majburiyat lozim darajada bajarilgunga qadar ushlab turishga haqli bo’ladi.
Kreditorning talablari qondirilgandan so’nggina garovga qo’yilgan mulkni sotishdan hosil qilingan summadan qolganini boshqa kreditorlarning talablarini qondirish uchun sarflanishi mumkin. Garov tufayli garov bilan ta’minlangan majburiyat bo’yicha kreditor (garovga oluvchi) qarzdor tomonidan bu majburiyat bajarilmagan taqdirda, garovga qo’yilgan mol-mulkning qiymatidan ushbu mol-mulk egasi bo’lgan shaxs (garovga qo’yuvchi) ning boshqa kreditorlariga nisbatan o’z talabini imtiyozli qanoatlantirilishiga haqli bo’ladi. FKning 264-moddasida ko’rsatilgan subyektiv huquq garov huquqi bo’lib, mulkni garovga bergan shaxs – garovga qo’yuvchi va mulkni olgan shaxs esa – garovga oluvchi deb ataladi. Mulkni garovga qo’yuvchi shaxs qarzdorning o’zi ham, shuningdek uchinchi bir shaxs ham bo’lishi mumkin. Shuningdek, FKning 266-moddasida ko’rsatilganidek, garovga qo’yuvchi garov­ga qo’yilayotgan mulkning egasi bo’lishi lozim. Basharti, qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo’lmasa, mulkdorning roziligisiz ashyoviy huquqni garovga qo’yishga yo’l qo’yilmaydi.
Garovning majburiyatning bajarilishini ta’minlovchi kuchi shundan iboratki, agar qarzdor tomonidan majburiyat bajarilmasa, kreditor o’z talabini garovga qo’yilgan mol-mulk hisobidan qarzdorning boshqa kreditorlariga qaraganda imtiyozli suratda birinchi galda qanoatlantirilishiga haqli bo’ladi. Asosiy majburiyat (bank krediti, qarz, oldi-sotdi va h.k.) qanday bo’lishidan qat’i nazar garov barcha hollarda kreditorga qarzdordan o’z talabiga monand keladigan ma’lum miqdorda pul summasini undirish uchun huquq beradi. Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo’lmasa, garov talabning uni qondirish paytidagi hajmini ta’minlaydi, xususan foizlar, neustoyka, ijroni kechiktirib yuborish natijasida yetkazilgan zarar to’lanishini, shuningdek garovga oluvchining garovga qo’yilgan ashyoni saqlashga qilgan zarur xarajatlari va undiruv xarajatlari to’lanishini ta’minlaydi (FKning 268-moddasi).
O’zbekiston Respublikasining 2013 yil 23 oktyabrdagi “Garov riyestri to’g’risida” gi qonuniga ko’ra garov riyestri deganda, qarzdorlarning majburiyatlari bajarilishini ta’minlash vositasi sifatida berib qo’ygan mol-mulkiga nisbatan kreditorlarning huquqlari to’g’risidagi shuningdek, qarzdorning mol-mulkni tasarruf etish va undan foydalanishga doir huquqlariga qonunga muvofiq qo’yilgan cheklov hamda qarzdor o’z majburiyatlari lozim darajada bajarilishini ta’minlashi bilan bog’liq boshqa talablar haqidagi yozuvlarni o’z ichiga olgan ma’lumotlarning yagona axborot bazasi tushuniladi.
Garovning mohiyati shundan iboratki, qarzdor kreditorga o’z majburiyatlarining bajarilishini ta’minlashga mo’ljallangan mol-mulkini beradi. Garovga beriladigan mol-mulk, ham qarzdorga, ham boshqa shaxsga tegishli bo’lishi mumkin. O’z mulkini garovga qo’yuvchi shaxs garovga qo’yuvchi deb nomlanadi. Talablari garov bilan ta’minlanadigan kreditor - garovga oluvchidir. Garov mol-mulkka bo’lgan mulk huquqining kreditorga o’tishini nazarda tutmaydi. Garov kreditorga faqat, qarzdorning boshqa kreditorlariga nisbatan, o’z talablarini garovga qo’yilgan mol-mulk qiymatidan qanoatlantirish imkoniyatini beradi. Qarzdorning o’z majburiyatlarini bajarmasligi holatida garovga qo’yilgan mulk sotiladi va tushgan pul summasidan asosan kreditorning garov bilan ta’minlangan talablari imtiyozli ravishda qanoatlantiriladi.
Garov vujudga kelishining eng oddiy va keng tarqalgan usuli – shartnoma tuzilishidir. Mol-mulkning garovi to’g’risidagi kelishuv, u bilan ta’minlanadigan asosiy majburiyatlar vujudga keladigan asosiy shartnomada belgilangan bo’lishi ham, shuningdek, tegishli majburiyat bajarilishini ta’minlash bo’yicha garov to’g’risidagi alohida shartnoma tuzilishi orqali rasmiylashtirilishi ham mumkin.
Garov qonunda belgilangan holatlarda, garov to’g’risidagi shartnomani tuzmasdan ham vujudga keladi. Masalan, nasiyaga sotilgan tovar uning haqi to’lab bo’lingunga qadar, sotib oluvchi tomonidan tovar haqini to’lash majburiyati bajarilishini ta’minlash uchun sotuvchida garovda turgan deb hisoblanadi (FK 421-moddasining yettinchi qismi).
Garov quyidagi turlarga bo’linadi: zakalat, ipoteka, huquqlar garovi. Bunday bo’linish garov narsasining xususiyatlariga hamda garov narsasi kimning egaligida qolishiga qarab farqlanadi. Garovga qo’yiladigan mol-mulk garovga qo’yuvchi tomonidan garovga oluvchiga o’tkazilganda, topshirilganda garov zakalat deb hisoblanadi. Odatda, ko’char mol-mulk zakalat narsasi bo’lishi mumkin.
Ko’chmas mulkni garovga qo’yish ipoteka hisoblanadi. Binolar, inshootlar, ko’p xonadonli uylardagi xonadonlar, korxonalar, boshqa mulkiy majmualar, savdo va xizmat ko’rsatish sohasi obyektlari, shuningdek turar joylar ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga, qonunda ko’chmas mulk jumlasiga kiritilgan boshqa mol-mulk ipoteka narsasi bo’lishi mumkin. Ipoteka to’g’risidagi qoidalar “Ipoteka to’g’risida”1gi Qonunda ham o’zining ifodasini topgan.
Garovning keyingi turi - huquqlar garovidir. Mulkiy huquq, shu jumladan, egalik va foydalanish huquqi, ijara huquqi va majburiyatlardan kelib chiqadigan boshqa huquqlar ham garov narsasi bo’lishi mumkin. Amalda ko’pincha yer uchastkasidan doimiy foydalanishga bo’lgan huquq, fermer xo’jaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasining ijarasi huquqi, xo’jalik jamiyatlarining ustav kapitalida ishtirok etishidan kelib chiqadigan huquqlar, qimmatli qog’ozlarga bo’lgan huquqlar garovi uchraydi.
Xulosa qilib aytganda, majburiyatlarni bajarilishini taminlashning muhim omili bo’lib hisoblanadi.
Garov narsasini almashtirishga, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo’lsa, garovga oluvchining roziligi bilan yo’l qo’yiladi. Birinchi holda, garovga qo’yuvchi garovga oluvchining roziligi bilan garov narsasini boshqa ashyoga almashtirishi mumkin. Garov narsasining almashtirilishi garov to’g’risida"gi shartnomaga tegishli o’zgartirishlarni kiritish bilan rasmiylashtiriladi. Masalan, garov narsasi - “Lasetti” avtomashinasi, u majburiyatlari garov bilan ta’minlangan qarzdor do’stining mulkidir. Bu orada qarzdor “Kaptiva” avtomashinasini merosga oladi. Garovga oluvchining roziligi bilan, garov narsasini qarzdorning mulki “Kaptiva” bilan almashtirish mumkin, bunda “Lasetti”ga bo’lgan garov huquqi yo’qoladi.




Download 1.75 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   95   96   97   98   99   100   101   102   ...   132




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling