Toshkent davlat yuridik universiteti iqtisodiy protsessual huquq


Download 464.55 Kb.
bet80/306
Sana05.02.2023
Hajmi464.55 Kb.
#1166720
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   306
Bog'liq
ИПҲ-дарслик-2018

Izoh: Hakamlik bitimini qonunda nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra haqiqiy emas deb hisoblash uchun uning bunday bitimlarga qo‘yilgan talablarga muvofiqligini tekshirishlari lozim. Xususan, uning yozma shaklda tuzilganligiga, shartnomaning tarkibiy qismi bo‘lgan shartnoma sharti yoki alohida bitim tarzida rasmiylashtirilganligiga, hakamlik bitimi, agar u hakamlik bitimi taraflari tomonidan imzolangan hujjatda ifodalangan bo‘lsa yoki bunday bitimni qayd etishni ta’minlovchi elektron yoxud boshqa aloqa vositalaridan foydalanilgan holda xatlar yoki xabarlar almashish yo‘li bilan tuzilgan bo‘lsa, yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi.
Hakamlik bitimida bitim taraflari o‘rtasida kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin bo‘lgan barcha yoxud ma’lum bir nizolar hakamlik sudida ko‘rib chiqilishi kerakligi haqidagi qoida, shuningdek agar nizo doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi hal qiluviga topshiriladigan bo‘lsa, mazkur hakamlik sudining nomi ko‘rsatilishi lozim. Ushbu talablarga rioya qilinmagan taqdirda, bitim Qonunning 12 va 13-moddalariga muvofiq haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Shuningdek, hakamlik bitimida hakamlik sudyalarining soni, hakamlik muhokamasi o‘tkaziladigan joy va til, hakamlik muhokamasining qo‘llaniladigan qoidalari, nizoni ko‘rib chiqish muddati haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi mumkin.
“Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 9-moddasining birinchi qismiga muvofiq hakamlik sudlari fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida vujudga keluvchi xo‘jalik nizolarini hal etadi. Shu bois nizosiz huquqiy munosabat yuzasidan tuzilgan hakamlik bitimi o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitim hisoblanadi va hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilishga asos bo‘ladi.
IPK 226-moddasi birinchi qismining 2-bandida ko‘rsatilgan asos bo‘yicha hal qiluv qarori bekor qilinganda iqtisodiy sud o‘zining ajrimida manfaatdor shaxs hakamlik bitimi bilan qamrab olinmagan masala bo‘yicha vakolatli sudga murojaat qilishga haqli.
IPK 226-moddasi birinchi qismining 3-bandida ko‘rsatilgan asos bo‘yicha hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilishda hakamlik sudyasiga qo‘yiladigan talablarga rioya etilganligi; hakamlik sudining tarkibi Qonunda ko‘rsatilgan tartibda shakllantirilganligi; hakamlik sudyasi rad etilgan bo‘lsa, rad etilgan ariza Qonunda ko‘rsatilgan tartibda hal etilganligi; hakamlik muhokamasi qoidalari qonun hujjatlari asosida belgilanganligi tekshirilishi zarur.
IPK 226-moddasi birinchi qismining 4-bandida ko‘rsatilgan asos bo‘yicha hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi talab bildirilganda, sudlar hakamlik sudi nizoni O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, ya’ni O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda O‘zbekiston Respublikasining hududida, amalda bo‘lgan boshqa qonun hujjatlari asosida hal qilganligini tekshirishlari lozim. Agar nizo hakamlik sudi tomonidan chet davlat qonun hujjatlariga muvofiq hal qilingan bo‘lsa, hakamlik sudining hal qiluv qarori IPK 226-moddasi birinchi qismining 4-bandiga asosan bekor qilinadi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarori IPK 226-moddasi birinchi qismining 5-bandida ko‘rsatilgan asos bo‘yicha faqat hakamlik sudning hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi biriga qarshi qabul qilingan bo‘lsa, o‘sha tarafning arizasi bo‘yicha bekor qilinishi mumkin. Ya’ni hakamlik sudining hal qiluv qarori foydasiga hal qilingan taraf hakamlik sudyalarini saylash (tayinlash) to‘g‘risida yoki hakamlik sudi majlisining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilinmaganligini hamda shu sababli u hakamlik sudiga o‘z tushuntirishlarini taqdim eta olmaganligini isbotlovchi dalillar berilgan taqdirda ham hal qiluv qarori ushbu asos bo‘yicha iqtisodiy sud tomonidan bekor qilinishi mumkin emas.
Hakamlik sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan nizo Qonunga muvofiq hakamlik sudi muhokamasi predmeti bo‘la olmasligi iqtisodiy sud tomonidan aniqlangan taqdirda, ushbu holat hakamlik sudning hal qiluv qarorini bekor qilish haqidagi arizada bayon etilgan yoki etilmaganligidan, shuningdek mazkur holatni isbotlovchi dalil taraflar tomonidan taqdim etilgan yoki etilmaganligidan qat’iy nazar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
IPK 227-moddasining uchinchi qismiga muvofiq hakamlik sudi hal qiluv qarorining bekor qilinganligi hakamlik muhokamasi taraflarning, agar hakamlik sudiga murojaat etish imkoniyati yo‘qolmagan bo‘lsa, hakamlik yangidan murojaat etishiga yoki IPKda nazarda tutilgan umumiy qoidalarga binoan iqtisodiy sudga murojaat etishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarori IPK 226-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan bekor qilingan bo‘lsa, hakamlik sudiga murojaat qilish uchun asos bo‘lgan hujjat haqiqiy emas deb topilganligi sababli, hakamlik muhokamasi taraflari IPKda nazarda tutilgan umumiy qoidalarga binoan iqtisodiy sudga murojaat etishga haqli. Agar hakamlik sudining hal qiluv qarori IPK 226-moddasi birinchi qismining 2-bandiga (Qonun 47-moddasi ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi) asosan hamda ushbu qarorning 3 va 15.6- bandlarida ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra bekor qilingan bo‘lsa, ushbu holatlarda ham hakamlik muhokamasi taraflari IPKda nazarda tutilgan umumiy qoidalarga binoan iqtisodiy sudga murojaat etishga haqli.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarori IPK 226-moddasi birinchi qismining 3, 4, 5-bandlariga asosan bekor qilingan va hakamlik sudiga murojaat etish imkoniyati yo‘qotilmagan bo‘lsa, hakamlik muhokamasi taraflari hakamlik sudiga yangidan murojaat etishga haqli.
Shu munosabat bilan hakamlik sudining hal qiluv qarori IPK 226-moddasi birinchi qismining 3, 4, 5-bandlariga asosan bekor qilinganidan keyin hakamlik muhokamasi taraflari mazkur nizo bo‘yicha iqtisodiy sudga murojaat qilganda, da’vo arizasini qabul qilish IPK 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan rad etiladi. Agar da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, ish yuritish IPK 110-moddasining 1-bandiga asosan tugatiladi.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarori u bekor qilingan paytda ijro etilgan bo‘lsa, iqtisodiy sudning hakamlik sudi hal qiluv qarorini to‘liq yoki qisman bekor qilish to‘g‘risidagi ajrimida IPK 227-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan ma’lumotlar va ko‘rsatmalardan tashqari, Qonunning 54- moddasiga asosan hakamlik sudining to‘liq yoki qisman bekor qilingan hal qiluv qaroriga muvofiq javobgardan da’vogarning foydasiga undirilgan narsalarning hammasi javobgarga qaytarib berilishi haqidagi masala hal qilinishi va ijro varaqasi berilishi lozim. Agar bu masala sud ajrimida hal etilmagan bo‘lsa, hakamlik sudi hal qiluv qarorining qaytarma ijrosi to‘g‘risidagi masala IPKning 344-moddasiga mos holda hal etiladi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarori mazkur qarorda belgilangan tartibda va muddatlarda ixtiyoriy ijro etiladi. Agar qarorda ijro etish muddati belgilanmagan bo‘lsa, u darhol ijro etilishi kerak.
“Hakamlik sudi hal qiluv qarorini darhol ijro etish” deganda tegishli taraf tomonidan hal qiluv qarorining to‘liq matni olinganidan so‘ng unda nazarda tutilgan harakatlarning oqilona muddatda, ya’ni hal qiluv qarori zarariga qabul qilingan taraf tomonidan normal sharoitlarda qarorda ko‘rsatilgan harakatlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan muddatda bajarilishi tushuniladi.
Hakamlik sudning hal qiluv qarorini ixtiyoriy ijro etish muddati tugamasdan sudga murojaat etilganligi yoki hakamlik sudning hal qiluv qarori bekor qilinganligi yoxud uning ijrosi iqtisodiy sud yoki fuqarolik ishlari bo‘yicha sud tomonidan to‘xtatib turilganligi IPK 231-moddasi birinchi qismining 6- bandiga asosan ijro varaqasini berishni rad etish uchun asos bo‘ladi.
IPKning 229-moddasi oltinchi qismi hamda Qonun 49-moddasi va 51- moddasi uchinchi qismining mazmunida ko‘rinishicha, hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish to‘g‘risidagi ariza hakamlik sudini hal qiluv qarorini ixtiyoriy ijro etish muddati tugagan kundan e’tiboran olti oydan kechiktirmay berilishi mumkin. Mazkur muddatni o‘tkazib yuborish sabablari vakolatli sud tomonidan uzrli deb topilgan taqdirda o‘tkazib yuborilgan muddat tiklanishi mumkin.
Agar ariza belgilangan muddat o‘tganidan keyin taqdim etilgan muddatni tiklash to‘g‘risidagi iltimosnoma berilmagan yoki sud tomonidan belgilangan muddatning o‘tkazilishi sabablari uzrli deb topilmagan bo‘lsa, u IPK 229- moddasining yettinchi qismiga muvofiq ushbu kodeksning 155-
moddasi qoidalariga binoan qaytariladi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish to‘g‘risidagi ariza sudlovga tegishlilik qoidalari buzilgan holda berilganda, uning shakli va mazmuniga qo‘yilgan talablarga rioya etilmaganda yoki unga qonunda nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilinmaganda, u iqtisodiy sud tomonidan IPKning 155-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga binoan qaytariladi. Arizaning sudlovga tegishlilik qoidalari buzilgan holda ish yuritishga qabul qilinganligi ishni ko‘rish vaqtida aniqlansa, ish IPKning 39-moddasiga asosan tegishli bo‘lgan iqtisodiy sudga o‘tkaziladi.
Agar hakamlik sudida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan vakolatxona yoki filialga nisbatan yoxud jismoniy shaxslarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risida nizo ko‘rib chiqilgan bo‘lib, iqtisodiy sudga bunday hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish to‘g‘risidagi ariza berilganda, IPKning 25-moddasidan kelib chiqib, bunday arizani qabul qilish IPK 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda rad etiladi. Agar ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, ish yuritish IPK 110-moddasining 1-bandiga muvofiq tugatiladi.


  1. Download 464.55 Kb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   306




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling