Toshkent davlat yuridik universiteti iqtisodiy protsessual huquq


Download 464.55 Kb.
bet295/306
Sana05.02.2023
Hajmi464.55 Kb.
#1166720
1   ...   291   292   293   294   295   296   297   298   ...   306
Bog'liq
ИПҲ-дарслик-2018

Sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni bo‘lib-bo‘lib ijro
etish, ijro etish usulini va tartibini o‘zgartirish, sud hujjatining
qaytarma ijrosi


Ijro harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan obyektiv holatlar (tabiiy ofatlar, undiriladigan mol-mulkning mavjud emasligi, qarzdorning bemorligi va hokazo) mavjud bo‘lganda iqtisodiy sud: a) davlat ijrochisining; b) undiruvchining; d) qarzdorning arizasiga ko‘ra sud hujjatining ijrosini kechiktirishga yoki uni bo‘lib-bo‘lib ijro etishga, ijro etish usulini va tartibini o‘zgartirishga haqli.
Iqtisodiy sud o‘z tashabbusi bilan sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni bo‘lib-bo‘lib ijro etish, ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish masalasini hal etishi mumkin emas.
Davlat ijrochisining o‘zi ham mustaqil tarzda sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni bo‘lib-bo‘lib ijro etish, ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish huquqiga ega emas.
Sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni bo‘lib-bo‘lib ijro etish, agar vakolatli davlat organining qarori yoki taraflarning kelishuvi bilan boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, bir yildan oshmagan muddatga berilishi mumkin. Sud qarzdorga hujjatni kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib ijro etish imkonini berganda sud hujjatining ijro etilishini ta’minlash choralarini ko‘rishi mumkin.
Sud hujjati ijrosini kechiktirish haqidagi yoki uni bo‘lib-bo‘lib ijro etish to‘g‘risidagi, ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish haqidagi ariza sudga kelib tushgan kundan e’tiboran yigirma kunlik muddatda iqtisodiy sud tomonidan sud majlisida ko‘rib chiqiladi.
Agar sud hujjatining ijrosi davlat ijrochisining ish yurituvida bo‘lsa, undiruvchi, qarzdor va davlat ijrochisi sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida ariza kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay chiqarilgan sud ajrimi orqali xabardor qilinadi. Sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan mazkur shaxslarning kelmaganligi arizani ko‘rib chiqish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
Sanab o‘tilgan masalalarni ijro etilishi kerak bo‘lgan hal qiluv qarorini qabul qilgan iqtisodiy sudgina hal etishi mumkin. Bu birinchi instansiya sudi yoki, agar hal qiluv qarorini o‘zgartirgan yoki yangi qaror qabul qilgan bo‘lsa, apellatsiya instansiyasi sud bo‘lishi mumkin. Agar kassatsiya yoki nazorat tartibida hal qiluv qarori o‘zgartirilgan yoki yangi qaror qabul qilingan bo‘lsa, ushbu qarorning ijro etilishi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha masalalar nizoni birinchi instansiyada ko‘rgan sud tomonidan hal etiladi.
Sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni bo‘lib-bo‘lib ijro etish, ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish haqidagi ariza sud majlisida ko‘rib chiqiladi. Uning o‘tkazilish joyi va vaqti haqida undiruvchi va qarzdor xabardor qilinadi, ammo ularning kelmaganligi masalani ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi. Sud ijrochisi ariza u tomonidan berilganda yoki iqtisodiy sud uning ishtirokini zarur deb topganda xabardor qilinadi.
Sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni bo‘lib-bo‘lib ijro etish deganda gap ijro etish muddatini o‘zgartirish haqida boradi. Shu bilan birga bu tushunchalarni farqlay olish kerak. Sud hujjati ijrosini kechiktirish ijro etishni qonun yoki iqtisodiy sud belgilagan bir muddatdan boshqasiga ko‘chirishni nazarda tutadi. Bo‘lib-bo‘lib ijro etish esa qarzdorga o‘ziga yuklatilgan majburiyatni to‘laligicha qonun yoki iqtisodiy sud belgilagan muayyan muddatda emas, qismlarga bo‘lib ijro etish huquqini beradi, ayni paytda har bir qismni ijro etish uchun aniq sana yoki vaqt oralig‘i belgilangan alohida muddat o‘rnatiladi.
Ijro varaqasini ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish deganda ijroning bir turini boshqasi bilan almashtirish nazarda tutiladi. Masalan, mol-mulkni berish majburiyati qarzdordan pul mablag‘i undirish bilan almashtirilishi mumkin.
IPKda qaysi shart-sharoitlar sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni bo‘lib-bo‘lib ijro etish, ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirishga sabab bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilmagan. Iqtisodiy sud har bir aniq holatda ularning zarurligi haqidagi masalani hal etishi mumkin. Ayni paytda undiruvchining ham, qarzdorning ham manfaatlari hisobga olinishi lozim. Ijro muddatini kechiktirish ko‘pincha binolarni bo‘shatish, binodan chiqarish bilan bog‘liq ishlarda qo‘llaniladi.
Ammo ijro etishni kechiktirish bevosita qonunda nazarda tutilgan hollar ham mavjud: agar undirish qarzdorning mol-mulkiga qaratilgan bo‘lsa-yu, unga nisbatan bankrotlik ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, ijro etish bankrotlik masalasi ko‘rilguncha, so‘ng esa bankrotlik haqidagi qonunchilik nazarda tutgan tartibda tugatilguncha kechiktiriladi.
Ijro etish tartibini va usulini o‘zgartirish zaruriyati ko‘pincha mol- mulkni naturada berish ishlari munosabati bilan yuzaga keladi. Bunday qarorlarini bajarish paytida ma’lum bo‘lishi mumkinki, olib berilishi kerak bo‘lgan mol-mulk amalda bo‘lmaydi, shunda uning qiymatini undirish masalasi paydo bo‘ladi.
IPK 139-moddasi talabiga ko‘ra iqtisodiy sud mol-mulk topshirilishi kerak bo‘lganda nafaqat topshiriladigan mol-mulkning nomini ko‘rsatadi, balki uning qiymatini ham belgilashi kerak. Agar ijro etish jarayonida mol- mulkning yo‘qligi aniqlansa, davlat ijrochisi (bunday qarorlar davlat ijrochisi tomonidan ijro etiladi) bu haqida dalolatnoma tuzadi va shundan so‘ng IPKning 342-moddasida ko‘zda tutilgan tartibda mulkning o‘rniga uning qiymatini undirish haqida ariza berilishi mumkin. Shunday ariza asosida chiqarilgan ajrimga asoslanib yangi ijro varaqasi beriladi, u bankka yoki boshqa kredit muassasasiga taqdim etilishi mumkin.
Mol-mulkning qiymati IPKning 342-moddasi talablariga ko‘ra ajrim chiqariladigan paytdagi narxlarda baholanishi kerak.
Xuddi shu qoidalar undiruvchi topshirilgan mol-mulkni uning qadrsizlangani, buzilganligi yoki almashtirilganligi tufayli olishdan bosh tortgan hollarda ham qo‘llaniladi.
Qarzdordan pul mablag‘lari yoki mol-mulk undirish emas, ma’lum harakatlarni sodir qilish talab etilgan qarorlar ijrosida, agar qarzdor bu harakatlarni bajarmasa, shunday paytlarda ham ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirishga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Qonunga muvofiq undiruvchiga bunday harakatlarni, agar harkatlar xarakteri imkon bersa, qarzdor hisobidan o‘zi amalga oshirishi huquqi berilishi mumkin. Iqtisodiy sud o‘zining hal qiluv qaroridayoq agar javobgar hal qiluv qarorini bajarmasa, da’vogar tegishli harkatlarni javobgar hisobidan undan zarur xarajatlarni undirib olgan holda amalga oshirishga haqli ekanligi ko‘rsatilishi mumkin.
Agar hal qiluv qarorida bunday ko‘rsatma bo‘lmasa, tegishli harakatlarni sodir qilish huquqi undiruvchiga IPK 342-moddasida ko‘zda tutilgan tartibda berilishi mumkin.
Qarzdorga ma’lum harakatlarni sodir qilish majburiyatini yuklovchi pul mablag‘larini undirish yoki mol-mulkni topshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan qarorlar davlat ijrochisi tomonidan ijro ettiriladi. Ularga ko‘ra qarzdorga ijro etish muddati belgilanadi. Muddat iqtisodiy sud yoki davlat ijrochisi tomonidan tayinlanishi mumkin. Agar qaror bu muddatda ijro etilmasa, sud ijrochisi bu haqida dalolatnoma tuzadi, shundan so‘ng undiruvchi IPKning 342-moddasida ko‘zda tutilgan tartibda sudga ijroni qarzdor hisobidan amalga oshirishga ruxsat beruvchi ajrim chiqarishni so‘rab ariza bilan murojaat etishi mumkin.
Sud hujjatlarini ijro etishni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib ijro etishda uning ijro muddati o‘zgaradi. Bu holda iqtisodiy sudning sud hujjatlari asosida beriladigan ijro varaqalari uchun ijroga topshirish muddati ijro etishni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib ijro etish uchun belgilangan muddat tugagan kundan boshlab hisoblanadi.
Sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni bo‘lib-bo‘lib ijro etish, ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ariza u berilgan kundan e’tiboran yigirma kunlik muddat ichida ko‘rib chiqiladi.
Arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ajrim chiqarilib, u undiruvchi hamda qarzdorga, shuningdek sud hujjatini ijro etish sud ijrochisining ish yurituvida bo‘lsa, sud ijrochisiga yuboriladi. Ajrim ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) mumkin.

Download 464.55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   291   292   293   294   295   296   297   298   ...   306




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling