Toshkent davlat yuridik universiteti konstitutsiyaviy huquq kafedrasi abdulloyeva firuza maxmudovna


Tadqiqot mavzusining nazariy va amaliy ahamiyati


Download 437.34 Kb.
bet4/13
Sana16.06.2023
Hajmi437.34 Kb.
#1501942
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
Bog'liq
Abdulloyeva Feruza BMI

Tadqiqot mavzusining nazariy va amaliy ahamiyati. Tadqiqot natijasida erishilgan ilmiy-nazariy xulosalar, berilgan taklif va mulohazalar kelgusida huquq ijodkorligida, huquqni qo‘llash amaliyotida, milliy qonunchilikni takomillashtirishda, mehnat huquqi fanlari nazariyasini boyitishda samarali qo‘llanilishi mumkin.
Bitiruv malakaviy ishining qisqacha (tuzilishi) tavsifi. Bitiruv malakaviy ishi to‘rtta paragrafni o‘z ichiga olgan ikkita bobdan, xulosa va takliflar, shuningdek foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.


I BOB. INSONLARNING MALAKALI TIBBIY XIZMATDAN FOYDALANISH HUQUQLARINI AMALGA OSHIRISHNING NAZARIY METODOLOGIK VA HUQUQIY ASOSLARI
1.1. Insonlarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi bo‘yicha nazariy-huquqiy qarashlar va ularning takomil bosqichlari
Insonlarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi yoki insonlarning sog‘ligini saqlashga nisbatan bo‘lgan huquqi bugungi kunda butunjahon miqyosida eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Zero, COVID-19 pandemiyasining sodir bo‘lishi va uning oqibatlari insonlarning sog‘liqlarini hamma narsadan ustun ekanligini yana bir bor isbotlab berdi.
Insonlarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi turli mutaxasislar tomonidan eng muhim ijtimoiy huquq sifatida baholanib, uni mazmuni turli yo‘nalishlarda baholangan. Jumladan, fuqaroning sog‘lig‘i bugungi kunda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashning asosiy vositasi, davlatning fuqarolar oldidagi majburiyati, insonlar xavfsizligini taʼminlashning asosiy vositalaridan biri, davlat xavfsizligining asosi hamda ijtimoiy qadriyat va baxt sifatida baholangan.
Bu borada mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida ham to‘xtalib o‘tib, quyidagi fikrlarni bildirgan edi: “Xalqimiz salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, biz uchun hayotiy muhim masaladir. Takror aytaman, tinchlik va sog‘likni ta’minlasak, qolgan hamma narsaga erishamiz”5.
Insonlarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish va uni rivojlanish tarixi bo‘yicha milliy ilmiy adabiyotlarda fundamental ishlar kam bo‘lib, ushbu huquqni shakllanishi va rivojlanishi asosan xorijiy mamlakatlar huquqiy tizimlari va xalqaro inson huquqlari doirasida o‘rganilgan.
Insonning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi, uning manbalari umumiy inson huquqlarini vujudga kelishi va rivojlanishi doirasida shakllangan jarayondir. Bu borada olimlarning fikrlarini farqlanishini ham qayd etish zarur. Misol ushun, L.Xart inson huquqlarining dastlabki shakllanishini 1776-yilgi AQSH Mustaqillik deklaratsiyasi bilan bog‘laydi6. Ushbu deklaratsiyada qayd etilganidek: “Biz barcha insonlar teng yaratilganligi va Yaratgan tomonidan yashash huquqi, erkinlik va baxtli bo‘lishga intilish kabi ajralmas huquqlar taqdim etilgan degan ochiq haqiqatdan kelib chiqamiz”.7
Boshqa mutaxassislar (M.Duranti, G.Jellinek) inson huquqlarining bugungi rivojlanishining dastlabki davri 1789-yilgi fransuz Inson va fuqarolar huquqlari Deklaratsiyasi bilan boshlanganligini qayd etishadi. Unda “Insonlar teng huquqli va erkin holda tug‘iladilar va shunday yashaydilar” degan qoidani inson huquqlarini rivojlanishining tamal toshi sifatida ko‘rish mumkin8.
Lekin, shuni qayd etish zarurki har ikki qayd etilgan hujjatlarda insonlarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqlari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri norma yoki prinsiplar nazarda tutilmagan. Malakali tibbiy xizmatdan foydalanishga bo‘lgan huquq haqida AQShning 1791-yilda qabul qilingan “Huquqlar to‘g‘risida”gi Billda, 1215-yilgi Buyuk Britaniyada qabul qilingan Erkinliklarning Buyuk xartiyasida (Magna Sharta), 1689-yilgi Britaniya “Huquqlar to‘g‘risida”gi Billda ham heсh qanday normalar ko‘zga tashlanmasligini qayd etish zarur.
Insonlarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish, sog‘liqni saqlashga bo‘lgan huquqini xalqaro huquqiy darajada mustahkamlanishi BMT tomonidan 1946-yilda Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Ustavining qabul qilinishi bilan bog‘liq.
Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining Ustaviga binoan: “Sog‘liqni saqlash – bu nafaqat kasalliklar va jismoniy nuqsonlarning yo‘qligi, balki jismoniy, aqliy va ijtimoiy farovonlikning holati. Sog‘liqni saqlashning eng yuqori darajasidan foydalanish har bir insonning irqi, dini, siyosiy qarashlari, iqtisodiy yoki ijtimoiy mavqeidan qatʼiy nazar, asosiy huquqlaridan biridir. Barcha xalqlarning salomatligi tinchlik va xavfsizlikka erishishning asosiy omili bo‘lib, alohida shaxslar va davlatlarning to‘liq hamkorligiga bog‘liqdir”9.
Malakali tibbiy xizmatdan foydalanish Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining Ustavida berilgan sog‘liqqa bo‘lgan huquqning taʼrifi sog‘liqni saqlash huquqining xalqaro maydonga chiqishiga xizmat qildi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu jarayon inson huquqlariga oid turli xil hujjatlardagi ushbu huquqni yanada rivojlantirish va takomillashtirish uchun boshlang‘ich nuqta bo‘ldi.
Mazkur jarayonni uzviy davomi sifatida 1946-yilda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi tuzildi. Uning asosiy maqsadi “Xalqaro huquqlar to‘g‘risida”gi Billni yaratishdan iborat edi.
“Sog‘liqning eng yuqori darajasiga erishish” iborasi ilk bor ushbu hujjatda qo‘llanildi va davlatning o‘z fuqarolarining sog‘lig‘i uchun javobgarligi yana bir bor eslatib o‘tildi.
Ushbu universal xalqaro hujjatlar kelgusida boshqa hujjatlarda shaxsni sog‘liqqa bo‘lgan huquqini mustahkamlanishiga turtki bo‘lgan. Xususan, 1948-yilda qabul qilingan XI Amerika Inson huquqlari va majburiyatlari deklaratsiyasida qayd etilganidek: “Har bir inson jamoat va davlat resurslari imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy va sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq zarur sanitariya va ijtimoiy choralarni ko‘rish orqali o‘z sog‘ligini saqlash huquqiga ega”10.
Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni amalga oshirishga doir davlatlar majburiyatlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy hujjatlarida belgilab berilgan. Inson huquq va erkinliklari sohasidagi fundamental hujjat sanalgan 1948-yilda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi buning yaqqol misolidir.
Ushbu hujjat bugungi kungacha inson huquqlarini ta’minlashda asosiy rolni o‘ynab kelmoqda. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida “Insonning shaxs sifatida qadr-qimmati” (preambula) va har bir insonning yashashga bo‘lgan huquqi (3-modda) e’lon qilingan. Deklaratsiyaning 25-moddasida “Har bir inson o‘zining hamda oilasining salomatligi va farovonligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan turmush darajasiga ega bo‘lish, jumladan kiyim-kechak, oziq-ovqat, tibbiy xizmat va zarur ijtimoiy xizmatga ega bo‘lishga hamda ishsizlik, kasallik, nogironlik, bevalik, qarilik yoki unga bog‘liq bo‘lmagan sharoitlarga ko‘ra tirikchilik uchun mablag‘ bo‘lmay qolgan boshqa hollarda ta’minlanish huquqiga ega”11, ekanligi belgilangan.
1966-yilda BMT tomonidan ikkita pakt: Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt va Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt qabul qilindi va 1976-yilda kuchga kirdi.
Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktda insonning sog‘liqqa bo‘lgan huquqi alohida maqomdagi ajralmas huquq sifatida tan olingan bo‘lib, kelgusi mintaqaviy va xalqaro hujjatlar uchun asos vazifasini bajardi.
O‘zbekiston Respublikasi mazkur Konvensiyaga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 31-avgustdagi 126-I-sonli “1966-yil 16-dekabrdagi Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktga qo‘shilish haqida”gi qaroriga asosan qo‘shilgan.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida belgilangan “Inson o‘zining hamda oilasining salomatligi va farovonligini taʼminlash” huquqi “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida”gi Xalqaro paktning 12-moddasida mustahkamlangan bo‘lib, unga ko‘ra:
“1. Mazkur Paktda ishtirok etuvchi davlatlar har bir kishining jismoniy va ruhiy salomatlik jihatdan oliy darajaga etishi huquqini eʼtirof etadi.
2. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlar ko‘rishi kerak bo‘lgan choralar quyidagi ishlar uchun zarur tadbirlarni o‘z ichiga oladi:
a) o‘lik go‘daklar tug‘ilishini va bolalar o‘limini qisqartirish hamda bolalarning sog‘lom rivojlanishini taʼminlash;
b) tashqi muhitning hamma jihatlarini va sanoatda mehnat gigiyenasini yaxshilash;
d) yuqumli, endemik, kasbiy va boshqa kasalliklarni oldin olish, davolash hamda ularga qarshi kurashish;
e) kasal bo‘lgan hollarda hammaga tibbiy yordam ko‘rsatish va tibbiy rarvarishni taʼminlaydigan sharoit yaratish”12.
Shunday qilib, shaxsni sog‘liqqa bo‘lgan huquqi ilk bora alohida inson huquqi sifatida xalqaro huquqiy hujjat bilan rasmiylashtirilgan.
Tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi va sog‘liqqa bo‘lgan huquq tushunchalari bo‘yicha doktrinal qarashlar tahlilini amalga oshirishda 1978-yilda Gaaga shahrida xalqaro huquq akademiyasi tomonidan “Sog‘liqqa bo‘lgan huquq inson huquqlaridan biri” mavzusida seminar alohida muhim ahamiyatga ega. Mazkur xalqaro seminarda asosiy maʼruzachilar M.Bothe (sog‘liqqa bo‘lgan huquq haqida umumiy taassurot)13, J.Tinbergen va S.Radwan (sog‘liqqa bo‘lgan huquqni taʼminlash maqsadida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish istiqbollari), R.M.Duruy (sog‘liqqa bo‘lgan huquq va atrof muhitni muhofaza qilish)14 mavzularida maʼruzalar taqdim etganlar.
Zamonaviy davrda tibbiy xizmatdan foydalanish va shaxsni sog‘liqqa bo‘lgan huquqlarining rivojlanish tendensiyalari bo‘yicha bir qator yirik ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilganligini qayd etish zarur.
Jumladan, B.Rumbold tomonidan 2017-yilda eʼlon qilingan tadqiqot ishida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Jahon banki va BMT tomonidan tasdiqlangan Barqaror rivojlanish maqsadlari dasturi bo‘yicha dunyoda sog‘liqni saqlashni qamrab olish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar hozirgi kundagi sog‘liqni saqlash sohasidagi eng muhim siyosat ekanligi qayd etilgan. Shuningdek, bugungi kunda mamlakatlar oldida tibbiy xizmat ko‘rsatish va sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni ijtimoiy rivojlanish sohasida birinchi galdagi vazifaga aylantirishdek qiyin tanlov mavjudligi ko‘rsatib o‘tilgan15.
R.Magnusson tomonidan o‘tkazilgan yirik tadqiqot ishida insonni sog‘ligini saqlash va tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini davlatlar tomonidan taʼminlashning zarurati va bu davlatning o‘zini rivojlanishi uchun naqadar muhim ekanligi ekologik, ijtimoiy, sotsiologik va huquqiy jihatdan tahlil qilingan.
Muallifning qayd etishisha, davlatlar insonning sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini taʼminlash uchun eng avvalo, quyidagilar fundamental vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishi zarur:
zamonaviy boshqaruv va liderlik (bu element o‘z ichiga to‘g‘ri strategik rivojlantirish, sohadagi qonunchilik, boshqaruv tuzilmalarini qamrab oladi);
tibbiy xizmat ko‘rsatish va sog‘liqni saqlash sohasidagi axborot va uni shaffofligi (jamiyatda sog‘liqni saqlash sohasidagi axborotlarning ochiqligi, ularning tahlili, ularni to‘plash va xalqqa eʼlon qilib borish tizimi);
tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini moliyalashtirish (samarali moliyaviy taʼminot tizimi, aholining barcha qatlamlariga mos keluvchi tibbiy xizmatlar uchun narx siyosati, moliyaviy to‘siqlarni mavjud emasligi);
sog‘liqni saqlash sohasida kadrlar siyosati (amaliy va nazariy tajribaga ega kadrlar, ularni tanlash va o‘qitish, qayta malakasini oshirish, rag‘batlantirish tizimi);
tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishning hammabopligi (tibbiy xizmat sifati, uning ixtisoslashuvi, kasalliklarni oldini olish va jamoat sog‘ligini saqlash tizimini boshqarish);
dori va texnologik vositalar bilan taʼminlanganlik (dori vositalarini yaratish texnologiyasi, zamonaviy tibbiy uskunalarni ishlab shiqarish yoki taʼminoti, vaksina va nanotexnologiyalarning mavjudligi)16.
Adabiyotlarda jamiyatda sog‘liqni saqlash tizimini to‘g‘ri tashkil qilish va kasalliklarni profilaktikasi bo‘yicha bir qator nazariy asoslar keltirib o‘tilgan. Ular orasida ko‘p taʼkidlab o‘tilgani bu sog‘liqni saqlash tizimiga taʼsir qiluvchi tashqi taʼsirlar, bular tamaki chekish natijasida yuzaga keladigan zararli tutundan ikkinchi va uchinchi shaxslarni saqlash, jamiyat aʼzolarini o‘z sog‘liqlarini jismoniy tarbiya orqali taʼminlashga erishish, mavsumiy kasalliklar uchun aholini emlash tizimini ochiq va hamma uchun imkoniyatli qilish, atrof muhitni asrash va ekologik davlat nazoratini kuchaytirish17.
Tibbiy xizmatdan foydalanish va sog‘liqni saqlash huquqlarining huquqiy mexanizmlari o‘z ichiga qonun darajasida isteʼmolchilarning huquqlarini taʼminlashga qaratilgan mexanizmlarni joriy qilishni ham qamrab oladi18. Bizningcha, ushbu mexanizmlarni samarali joriy qilishga isteʼmolchilarga sog‘liq uchun zararli tovarlar haqida xabar berish (tamaki va alkogol mahsulotlarining ustki markirovkalariga sog‘liq uchun zararli degan so‘zlarni yozish) yoki tovarni markirovkasiga uning tabiiy tarkibi yoki sog‘liq uchun taʼsiri haqida maʼlumotlar yozish orqali ham erishish mumkin. Zero, bunday ishlar hozirda amalga oshirib kelinmoqda.
O.A.Siganova ushbu sohadagi huquqiy hujjatlarga baho berar ekan, “Insonlarning sog‘liqqa bo‘lgan huquqini taʼminlash dunyo amaliyotida sog‘liqni saqlash tizimida olib borilgan, eng uzoq tarixga ega bo‘lgan, millat salomatligini yaxshilashga qaratilgan butun hamjamiyat amaliyotidir19, degan fikriga mazkur soha tarixini o‘rganish orqali to‘liq qo‘shilish mumkin.
Bugungi kunda tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini taʼminlashning konstitutsiyaviy, maʼmuriy-huquqiy va fuqarolik huquqiy, jinoyat-huquqiy vositalari bilan bir qatorda, huquq sohasida tibbiyot huquqi kabi mustaqil huquq sohalari shakllanish jarayonini boshidan kechirmoqda.
Mazkur mavzu alohida tadqiqot obyekti bo‘lganligi bois, chuqur to‘xtalib o‘tmagan holda shuni qayd etish zarurki, tibbiyot huquqini alohida mustaqil huquq sohasi sifatida shakllanishiga nafaqat sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq huquqiy mexanizmlarni rivojlantirish zarurati, balki yangi vujudga kelayotgan fenomenlar jumladan, surrogat onalik, evtanaziya, vaksina yaratish, sunʼiy intellektning sog‘liqni saqlash tizimiga taʼsiri, AKTning sog‘liq saqlash tizimiga keng joriy qilinishi, shifokorlarning kasb etikasi va ularni huquqiy himoya qilish masalalarini tartibga solish ehtiyoji ham ko‘p jihatdan taʼsir ko‘rsatmoqda.
O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimining u yoki bu masalalarini tahlil qilish va mavjud muammolarni hal qilishga qaratilgan bir qator tadqiqotlar o‘tkazilganligini ham eʼtirof etish zarur. Jumladan, jamoat salomatligi va sog‘liqni saqlashni boshqarish masalalari (B.Mamatqulov20, T.G.Tulshinskiy, E.A.Varavikova21), sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirish modellarining jahon amaliyotida qo‘llanishining o‘ziga xosligi masalalari (N.X.Burieva22, M.N.Umurzakova23), sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishning demografik omillari (D.Turg‘unov24), sog‘liqni saqlash tizimida mehnatga haq to‘lash masalalari (M.Xaydarov25), tez tibbiy yordam ko‘rsatish xizmatini muvofiqlashtirish masalalari (R.Muminov26), tibbiyot axborot tizimlarining yaratish zarurati masalalari (X.J.Raximboev27) va boshqalarni ko‘rsatib o‘tish mumkin.
Ushbu sohadagi milliy mutaxassislardan biri N.E.Gafurovaning qayd etishicha: “Tibbiyot huquqi – nisbatan huquqning yangi tarmog‘i bo‘lib, ilmning muayyan bir yo‘nalishi, ilmiy tartib-qoidalardan iborat. Xalqaro huquqdagi tibbiyot huquqi bu xalqaro sog‘liqni saqlash sohasidagi barcha xalqaro munosabatlarni tartibga soluvchi, xalqaro tashkilotlar tomonidan o‘rnatilgan xalqaro normalar va tamoyillar to‘plamidir. Milliy qonunchilikda esa tibbiyot huquqi sog‘liqni saqlash va tibbiyot fanlari sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normalar to‘plamini o‘z ichiga olgan murakkab huquq sohasidir”28.
Malakali tibbiy yordamning sifati masalasida milliy qonunchilikda aniq qoidalarni uchratish qiyin. Yuqoridagi qonunga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining vakolatlaridan biri sifatida tibbiy yordam sifati va hajmi davlat standartlarini ishlab chiqishda ishtirok etish belgilangan bo‘lib, lekin fuqarolarning sog‘ligini huquqiy jihatdan muhofaza qilishga bag‘ishlangan 2-bobida barcha toifadagi shaxslarning tibbiy huquqlari orasida “Sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish” prinsipi yoki huquqlari belgilab berilmagan.
Ushbu holat milliy qonunchilikka xalqaro hujjatlar asosida uzoq yillar davomida shakllanib ulgurgan “Sifatli tibbiy xizmat”larning aniq standartlarini mustahkamlash zaruratini qo‘yadi.
Sifatli tibbiy yordam tushunchasi o‘z ichiga tibbiy yordamning o‘z vaqtida ko‘rsatilishini, tibbiy yordam ko‘rsatishda profilaktika, diagnostika, davolash va reabilitatsiya usullarini to‘g‘ri tanlash, davolash jarayonida rejalashtirilgan natijaga erishish darajasiga qanchalik erishilganlikni aks ettiruvchi xususiyalar majmuini anglatadi.
Aholining barcha qatlamlari tibbiy yordamdan bahramand bo‘la olishi prinsipini amalga oshirish bo‘yicha Evropa vazirlar kengashining “Tibbiy yordam ko‘rsatishdan umumiy foydalanish to‘g‘risida”gi R(86) 5-son tavsiyalariga ko‘ra, davlatlar tomonidan nafaqat barcha shaxslarga tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini yaratish, balki tibbiy yordam olishning moliyaviy jihatdan barcha uchun maqbul shaklda tashkil qilish zarur29.
Yana bir boshqa masalaga to‘xtalib o‘tish zarur. Bugungi kunda ilmiy adabiyotlarda uchrayotgan tibbiy yordam va tibbiy xizmat tushunchalarini bir-biridan farqlash zarur.
Bizningcha, tibbiy yordam bu birinchi tez tibbiy yordam shaklida amalga oshirilganda davlatning shaxs oldidagi ijtimoiy majburiyati shaklida yuzaga keladi, bu xizmat bepul amalga oshiriladi. Birinchi tibbiy yordamdan keyin statsionar shaklida davolanish uchun amalga oshiriladigan tibbiy xizmat davlatning ajratgan bepul asosdagi yo‘llanmalari asosida amalga oshirilgan yoki xususiy tibbiy muassasalarda ko‘rsatilganidan qatʼi nazar tibbiy xizmat sifatida baholanishi zarur.
Mazkur masala yuzasidan o‘z nuqtai nazarini ilgari surar ekan, Y.A.Svirin tez tibbiy yordamning bepul amalga oshirilishi, uning natijasida bemorga yetkaziladigan zararni fuqarolik-huquqiy normalar bilan emas, balki maʼmuriy-huquqiy normalar asosida qoplanishini, bu esa isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sifatida qaralmasligini ko‘rsatib o‘tadi30.
Shuni alohida qayd etish zarurki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-yanvardagi PQ-3494-son qaroriga muvofiq shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam mulkiy shakli va boshqaruvidan qatʼi nazar barcha tibbiyot muassasalarida aholiga bepul ko‘rsatiladi; hayot uchun xavf tug‘diruvchi holatlarda tibbiyot muassasalariga shoshilinch tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan shaxslarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishni rad etish taqiqlanadi.
Bu o‘rinda aniq bo‘lgan qoida shundan iboratki, shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam xususiy bo‘ladimi yoki davlatga qarashli bo‘lishidan qatʼiy nazar aholiga bepul ko‘rsatilishi31 belgilandi.
Shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam tushunchalari Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 832-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilab qo‘yilgan.
Ushbu hujjatga ko‘ra, kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam – bemor hayotiga xavf soladigan aniq belgilari bo‘lmagan to‘satdan kuchli kasalliklarda, holatlarda va surunkali kasalliklar kushayganda ko‘rsatiladigan tibbiy yordam turi;
shoshilinch tibbiy yordam – kasalliklarga shalinganda, baxtsiz hodisalar yuz berganda, jarohat olganda, zaharlanganda va tez tibbiy aralashuv har qanday sharoitda ko‘rsatilishini talab qiladigan boshqa holatlarda ko‘rsatiladigan tibbiy yordam turi32.
Shoshilinch tibbiy yordam kechiktirib bo‘lmaydigan va tez tibbiy yordamni o‘z ichiga oladi.
Ushbu qoidaga ko‘ra bepul tibbiy yordam tarkibiga nafaqat shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam, balki tez tibbiy yordam ham kiradi. Yuqoridagi nizomga muvofiq, tez tibbiy yordam – bemor hayotiga xavf soladigan to‘satdan kuchli kasalliklarda, holatlarda va surunkali kasalliklar kushayganda shoshilinch ko‘rsatiladigan tibbiy yordam turi sanaladi33.
Yuqoridagi Prezident qarorini ijrosini taʼminlash maqsadida 2019-yil 4-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga Hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli holatda bo‘lgan shaxsga shoshilinch va (yoki) kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishni asossiz ravishda rad etganlik uchun javobgarlik o‘rnatuvchi 591-modda kiritilgan34.
Yana bir muhim masalani qayd etish zarurki, tibbiy yordam ko‘rsatish qamrovi qanchalik muhim bo‘lsa, uning ko‘rsatish sifatidi juda muhim sanaladi. Ushbu ikki element O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab berilgan malakali tibbiy olish huquqini taʼminlashga, oxir oqibat sog‘lom millatni shakllantirishning bosh omili sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro universal hujjatlarga asoslangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyada shaxs manfaatlarining davlat manfaatlaridan ustunligi, inson, uning huquqlari va erkinliklari, manfaatlari eng yuqori qadriyat ekanligi va 40-modda “Malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi”35 mustahkamlangan. Ushbu moddada mustahkamlangan “malaka, malakali” so‘zlarini tahlil qilar ekanmiz, o‘zbek tilining izohli lug‘atida “malaka-qobiliyat, isteʼdod, xususiyat, odat” maʼnosini bildirib, “malakali-malaka tajribaga ega bo‘lgan, katta malaka orttirgan”36 degan, maʼnolarni bildiradi. Demak, malakali tibbiy xizmat aynan soha bo‘yicha yuqori ko‘nikma va tajribaga ega bo‘lgan tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy xizmat ko‘rsatish degan, maʼnoni beradi.
Hozirgi bosqich ijtimoiy munosabatlar rivojida inson huquqlarini himoya qilish sohasida xalqaro tashkilotlar tomonidan davlatlar zimmasiga yuklatilayotgan asosiy vazifalardan biri sifatida “Eng yuqori darajadagi sog‘liq darajasi” degan huquqiy kafolat asosida sog‘liqni saqlash tizimining takomillashtirilish majburiyati yuklatilayotganligini qayd etish zarur37.
Umuman olganda insonlarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanishini ta’minlash huquqi qarashlar yuqorida tahlil qilingan insonlarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini tushunish yuzasidan nazariy-huquqiy qarashlar va zamonaviy tendensiyalar bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar quyidagi nazariy xulosalarni ishlab chiqish zaruratini ko‘rsatadi:
Birinchidan, sog‘liqqa bo‘lgan huquq insonning iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlarining ajralmas qismi sifatida namoyon bo‘lib, ushbu huquqlar qatoriga oziq-ovqat, toza atrof-muhit, taʼlim, munosib uy-joy va kasbiy sharoitlarga ega bo‘lish kabi huquqlar ham kiradi. Sog‘liqqa bo‘lgan huquqning ijtimoiy-iqtisodiy mazmunini har doim ham aniq belgilash va tasniflashga imkon mavjud emas. Ushbu tushuncha inson uchun eng oliy neʼmat sanalgan sog‘liq bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun ham u komrleks ahamiyat kasb etadi.
Ikkinchidan, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini insonning iqtisodiy-ijtimoiy huquqlari doirasida alohida eʼtirof etilishi inson sog‘ligini davlat tomonidan milliy xavfsizlikni taʼminlashning asosiy yo‘nalishi sifatida eʼtirof etilishi va tibbiyot sohasidagi texnologiyalarni rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Uchinchidan, insonni sog‘liqqa bo‘lgan huquqi uni toza atrof muhitga, tinchlikka, qiynoqlar va kamsitishlarga uchramaslik huquqlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ushbu huquqlar bir-birini to‘ldirib umumiy maqsad insonni baxtli yashashiga olib keladi.
To‘rtinchidan, xalqaro darajada malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini taʼminlash bo‘yicha aniq vazifalarni davlatlar zimmasiga yuklanishi davlatlar tomonidan o‘z ichki sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishga ham turtki bo‘lib xizmat qildi.



Download 437.34 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling