Toshkent davlat yuridik universiteti sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura kafedrasi
Bitiruv malakaviy ishining tuzilishi
Download 116.44 Kb.
|
19.05.2023 Nabiyev Bobur bitiruv malakaviy ishi
- Bu sahifa navigatsiya:
- 1.1. O‘zbekiston Respublikasida sud-huquq islohotlari davrida sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan shaxslarga qo‘yiladigan talablarning umumiy tavsifi
Bitiruv malakaviy ishining tuzilishi. Bitiruv malakaviy ishi kirish, oltita paragrafni mazmunan birlashtirgan ikkita bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlardan tashkil topgan.
I BOB. SUDYALIK LAVOZIMIGA SAYLANADIGAN, TAYINLANADIGAN SHAXSLARGA QO‘YILADIGAN TALABLARNING UMUMNAZARIY TAVSIFI 1.1. O‘zbekiston Respublikasida sud-huquq islohotlari davrida sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan shaxslarga qo‘yiladigan talablarning umumiy tavsifi Avvalo, saylanadigan va tayinlanadigan shaxslarni ajratib olsak. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 27-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘RQ-687-son Konstitutsiyaviy Qonun3 va 2021-yil 28-iyuldagi “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘RQ–703-son Qonun (keyingi o‘rinlarda – “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni)4ga asosan quyidagi subyektlar saylanadi: 1) Oliy sud sudyasi; 2) Konstitutsiyaviy sud sudyalari; 3) Konstitutsiyaviy sud raisi va uning o‘rinbosari; 4) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, uning 1-o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hay’atining raisi; 5) Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi raisi, uning o‘rinbosari. Quyidagi subyektlar esa tayinlanadi: 1) Toshkent shahar sudi, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi, shahar sudi, tumanlararo, tuman, hududiy harbiy sudi sudyalari; 2) Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlararo, tuman, shahar sudi sudyalari; 3) Toshkent shahar sudi, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi raisi, rais o‘rinbosari; 4) Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlararo, tuman, shahar sudi raisi, rais o‘rinbosari; 5) Tumanlararo, tuman, shahar sudi, hududiy harbiy sud raisi, rais o‘rinbosari. Endi yuqoridagi saylanadigan va tayinlanadigan nomzodlarga talablar qo‘yilmoqda. Bunda talab nima ekanligiga to‘xtalish o‘rinli bo‘ladi. O‘zbek tilining izohli lug‘atida ushbu atamaning 6 xil ma’nolari tushuntirilgan5: “qat’iyat bilan qilingan so‘rov, iltimos”, “bajarilishi, bo‘lishi shart va taqozo etiladigan narsa(narsalar)”, “ehtiyoj, istak”, “talabgor, xohlovchi” va hokazo. Shulardan kelib chiqib, sudyalarga qo‘yiladigan talablar deganda “qat’iyat bilan qilingan so‘rov”ni, “bajarilishi, bo‘lishi shart va taqozo etiladigan narsalar”ni tushunish mumkin. Sudyalarga qo‘yiladigan talablar orqali nafaqat ularni tayinlaydigan yoki saylaydigan subyektlarning, balki butun O‘zbekiston xalqining manfaati hisobga olinadi. Shunday talablar jamiyat va davlat manfaati, xorijiy davlatlar tajribasi, davlatdagi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy o‘zgarishlar hisobiga o‘zgarib bordi. O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so‘ng sudlarni tashkil etish va ular faoliyatining alohida normativ-huquqiy hujjat bilan belgilanishiga ehtiyoj bor edi. Shu maqsadda 1993-yil 6-maydagi “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi 820-XII-son Qonuni6 qabul qilindi va bu O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini tashkil qilish masalalari, uning tizimi haqidagi dastlabki hujjat bo‘ldi. Uning 9-moddasida Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimiga nomzodga qo‘yiladigan talablar belgilangan bo‘lib, ular quyidagilardan tashkil topgan edi: 1) O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lish; 2) siyosat va huquq sohasi mutaxassisi bo‘lish; 3) kamida 35 yoshga to‘lgan bo‘lish; 4) 10 yildan kam bo‘lmagan yuridik ixtisos bo‘yicha ish stajiga ega bo‘lish; 5) Konstitutsiyaviy sudning sudyasi vazifasini bajarish uchun talab qilinadigan yuksak malakaga ega bo‘lish. Ushbu talablarni hozirda amalda bo‘lgan 2021-yil 27-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, unda quyidagi o‘ziga xos jihatlarni aniqlashimiz mumkin: birinchidan, yuksak ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lish talabi mavjud; ikkinchidan, “yuksak malakaga ega bo‘lish” talabi “zarur malakaga ega bo‘lish” talabi bilan o‘zgargan; uchinchidan, “10 yildan kam bo‘lmagan yuridik ixtisos bo‘yicha ish stajiga ega bo‘lish” talabi esa chiqarilgan. 1993-yil 6-maydagi Qonundan so‘ng yana bir muhim o‘zgarish – shu yilning 2-sentabrida “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi bo‘ldi. Ushbu ikki normativ-huquqiy hujjatning qabul qilinishi davlatimizda sud islohotlari dastlabki bosqichining asosiy mazmunini tashkil etdi. “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 62-moddasida sudyalikka nomzodlarga qo‘yiladigan ilk talablar quyidagilardan iborat edi: a) 25 yoshga to‘lganlik, oliy yuridik ma’lumot, malaka imtihonini topshirish, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lish barcha nomzodlar uchun umumiy talab hisoblangan; b) yuqoridagi talablar bilan birgalikda, huquq ixtisosi bo‘yicha kamida 2 yillik mehnat stajiga ega bo‘lish – o‘sha davrdagi quyi bo‘g‘in sudlarida; c) umumiy talablar bilan birgalikda, huquq ixtisosi bo‘yicha kamida 5 yillik, jumladan, sudyalik lavozimida kamida 2 yillik mehnat stajiga ega bo‘lish – o‘sha davrdagi o‘rta bo‘g‘in sudlarida; d) umumiy talablar bilan birgalikda, huquq ixtisosi bo‘yicha kamida 7 yillik, jumladan, sudyalik lavozimida kamida 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lish – o‘sha davrdagi yuqori bo‘g‘in sudlarida sudya bo‘lish uchun talab qilingan. Keyingi yillarda huquq sohasida tub o‘zgarishlar amalga oshirilib, bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, demokratik huquqiy davlat qurish sari davom etildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks kabi shaxsning huquq va manfaatlarini himoya qiladigan, fuqarolarning sudlarga murojaat qilib, sudyalardan adolatli qaror qabul qilinishini kutadigan bir nechta hujjatlar qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 30-iyuldagi “Sudyalarni tayinlash va lavozimidan ozod qilish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyani tuzish to‘g‘risida”gi F-1038-son Farmoyishi7 qabul qilindi. Ushbu Farmoyishga binoan komissiya tashkil etildi. Bu komissiya sudyalarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish kabi masalalarni hal qilishi maqsad qilingan edi. Bunday komissiyaning tashkil etilishi sudyalar korpusini malakali sudyalar bilan to‘ldirish muammosining yechimi borasida muhim qadam bo‘ldi. So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 4-maydagi “Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha Oliy malaka Komissiyasini tuzish to‘g‘risida”gi PF-2599-son Farmoni8 qabul qilindi. Bu Farmonning ahamiyati shundaki, sudyalarni tanlash masalalarini yanada takomillashtirish, sudyalik lavozimlariga bu lavozimga munosib nomzodlarni tavsiya etishda qonunchilikka rioya etish maqsadida Oliy malaka Komissiyasi tuzildi. U sudyalarni tanlash, lavozga tavsiya etish kabilar bilan shug‘ullanishi maqsad qilingan. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 24-sentabrdagi PF-2943-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha Oliy malaka Komissiyasi to‘g‘risida”gi nizom9 qabul qilindi. Ushbu nizom orqali sudyalik lavozimini egallaydigan kadrlarni shakllantirish masalalarini takomillashtirish, buning uchun eng maqbul chora-tadbirlarni ishlab chiqish kabilar Komissiyaning asosiy vazifalari ekanligi belgilandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 14-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining sud tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni10ning qabul qilinishi esa, sudlarning ixtisoslashuvini amalga oshirish uchun bir qancha chora-tadbirlar belgilanishiga, lavozimni eng munosib bo‘lgan malakali nomzodlar bilan to‘ldirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishiga turtki bo‘ldi. Ushbu o‘zgarishlar 2001-yilni ham sud-huquq tizimi islohotlari davridagi muhim davrga aylantirdi. Bundan tashaqari, ushbu o‘zgarishlar “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahrirda qabul qilinishini muhim ahamiyatga ega qilib qo‘ydi va natijada, 2001-yil 24-fevralda yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Ushbu Qonunga asosan sudyalikka nomzodlarga qo‘yiladigan talablar quyidagilardan iborat edi: 1) 25 yoshdan kichik bo‘lmaslik, oliy yuridik ma’lumot, malaka imtihonini topshirish, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lish barcha nomzodlar uchun umumiy talab hisoblangan; 2) yuqoridagi talablar bilan birgalikda, yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida 3 yillik mehnat stajiga ega bo‘lish – o‘sha davrdagi quyi bo‘g‘in sudlarida; 3) umumiy talablar bilan birgalikda, yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida 5 yillik mehnat stajiga, jumladan, sudya bo‘lib kamida 2 yillik mehnat stajiga ega bo‘lish – o‘sha davrdagi o‘rta bo‘g‘in sudlarida; 4) umumiy talablar bilan birgalikda, yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida 7 yillik mehnat staji, jumladan, sudya bo‘lib kamida 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lish – o‘sha davrdagi yuqori bo‘g‘in sudlarida sudya bo‘lish uchun talab qilingan. 2014-yilgacha, ya’ni 14 yil davomida bu talablar o‘zgarishsiz qolgan holda o‘z ahamiyatini yo‘qotmadi. Milliy sud qonunchiligidagi navbatdagi o‘zgarish 2014-yil 21-yanvarda yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun11ning qabul qilinishi edi. Ushbu Qonunda quyidagi normalarga e’tibor qaratish o‘rinli: 1) 30 yoshdan kichik bo‘lmaslik, oliy yuridik ma’lumot, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lish barcha nomzodlar uchun umumiy talabga aylandi; 2) yuqoridagi talablar bilan birgalikda, yuridik ixtisoslik bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarda kamida 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lish – o‘sha davrdagi quyi bo‘g‘in sudlarida; 3) umumiy talablar bilan birgalikda, yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida 7 yillik mehnat stajiga, jumladan, sudya bo‘lib kamida 2 yillik mehnat stajiga ega bo‘lish – o‘sha davrdagi o‘rta bo‘g‘in sudlarida; 4) umumiy talablar bilan birgalikda, yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida 10 yillik mehnat stajiga, jumladan, sudya bo‘lib kamida 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lish – o‘sha davrdagi yuqori bo‘g‘in sudlarida sudya bo‘lish uchun talab qilinadigan bo‘ldi. Bundan tashqari, o‘ziga xos jihat shundaki, sudyalik lavozimiga 1-marta tayinlanadigan nomzodlar zaxirasida turgan shaxslar o‘qishi kerakligi va stajirovkani o‘tashi kerakligi haqidagi yangi norma kiritildi. Bir necha yillar davomida asosiy talablardan biri bo‘lgan – malaka imtihonini topshirish talabi bekor qilindi. Navbatdagi o‘zgartirish 2019-yil 11-sentabrda kuchga kirgan “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun bilan belgilab qo‘yildi. Unga asosan faqat yosh senziga doir talab o‘zgardi va endilikda faqat 35 yoshdan kichik bo‘lmagan shaxslargina sudyalik lavozimini egallash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Hozirda milliy qonunchiligimizda amalda bo‘lgan, sud-huquq sohasidagi qonunchilikning yanada takomillashishiga xizmat qilgan normativ-huquqiy hujjat – 2021-yil 28-iyulda qabul qilingan “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun bo‘ldi. Ushbu Qonunning sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan shaxslarga qo‘yiladigan talablar borasidagi jihatlariga to‘xtalar ekanmiz, quyidagilarni ta’kidlash o‘rinli: Birinchidan, yangi tahrirdagi Qonunda Sudyalar oliy kengashining nomzodlar zaxirasini shakllantirish tartibi bekor bo‘lib, sudyalik lavozimlariga nomzodlar tanlov asosida tanlanishi tashkil etiladigan, rahbar esa nomzodlar zaxirasini shakllantiradigan bo‘ldi. Oldingi tahrirdagi Qonundan esa “nomzodlar zaxirasida turgan shaxslar” jumlasi chiqarildi; ikkinchidan, “huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ishlaganlik” talabi umumiy qilinib, “yuridik ixtisoslik bo‘yicha ish staji” deb o‘zgartirildi; uchinchidan, yuridik ixtisoslik bo‘yicha ish staji, shu jumladan, sudya sifatidagi ish staji muddatiga bo‘lgan talablar oshdi; to‘rtinchidan, qanday shaxslar sudyalik lavozimiga nomzod bo‘la olmasligi bevosita Qonunning 67-moddasi 2-qismida belgilab qo‘yildi. So‘nggi 6-7 yilda sud-huquq tizimida mislsiz o‘zgarishlar bo‘ldi va sud tizimi har jihatdan yildan yilga takomillashib bormoqda. Statistik ma’lumotlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, “2016-yildan buyon sud mustaqilligini mustahkamlash, jinoiy ishlarni ko‘rishda xolislik, adolat va qonuniylikni ta’minlash maqsadida so‘nggi yillarda tizimga oid 50 dan ortiq qonun, farmon va qaror qabul qilindi. Shu davrda nohaq ayblangan 4 ming kishiga oqlov hukmi chiqarildi, 26 mingdan ziyod shaxs sud zalidan ozod qilindi, 47 ming fuqaroga nisbatan tergovda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarildi”12. Ushbu statistik ma’lumotlar fikrimizni bevosita tasdiqlaydi va 2016-yildan boshlab sud-huquq tizimidagi islohotlarni tahlil qilishga undaydi. Shu yildan boshlab bu tizimdagi bir qancha islohotlar sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan shaxslarga qo‘yiladigan talablarga ham bevosita aloqador bo‘lib, ularga to‘xtalish o‘rinli: – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4850-son Farmoni13 qabul qilindi. Bu Farmon orqali aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, qonuniylikni mustahkamlash, sud organlari faoliyati samaradorligini oshirish kabilar maqsad qilinib, bir qator chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, ushbu Farmon bilan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi va unda xalqaro tajribadan kelib chiqib, sudyalikka nomzodlarni tayyorlashda o‘qish va amaliyot o‘tash davrini uzaytirish aniq belgilab qo‘yildi; – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4966-son Farmoni14 qabul qilindi. Uning ahamiyati shundaki, Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini tashkil etish maqsadi qo‘yilib, uning asosiy vazifalaridan biri etib – sudyalar korpusini shakllantirish belgilandi. Milliy sud qonunchiligimizda aynan sudyalar korpusini nomzodlar orasidan sudyalik lavozimini egallash uchun eng munosib bo‘lgan mutaxassislar bilan to‘ldirish Sudyalar oliy kengashining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi; – 2018-yil 29-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining qarori bilan Sudyalarning odob-axloq kodeksi15 tasdiqlandi. Mazkur kodeksda odil sudlovni amalga oshirish uchun sudyalarga majburiy bo‘lgan xalqaro standartlarga asoslangan xulq-atvor qoidalari belgilab berildi; – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-iyundagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5482-son Farmoni16 qabul qilindi. Ushbu Farmon orqali sudyalarni lavozimga tayinlash, ularni tanlashning xolisligini mustahkamlash uchun har bir hududda komissiyalar tuzilishi va ular sudyalar korpusini shakllantirishga ko‘maklashuvchi bo‘lishi haqidagi taklif qabul qilindi; – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-yanvardagi “Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4096-son qarori17 qabul qilindi. Ushbu qaror orqali sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlashning yagona tizimini tashkil etish belgilanib, sudyalik lavozimlariga nomzodlar tayyorlaydigan kurslarni bitirganlargina tayinlanishi maqsadi qo‘yildi; – 2020-yil 30-iyunda “Odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi18 va unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev sud-huquq tizimida o‘z fikrini bildirib, “sudyalik lavozimini egallash uchun muayyan ish stajiga ega bo‘lish, Sudyalar oliy maktabini o‘qib tugatish kabi talablar qo‘yish orqali tanlov kuchaytirilishini” muhim ekanligini ta’kidladi; – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6127-son Farmoni19 qabul qilindi. Bu Farmonning muhim jihati shundaki, unda 2021-yil 1-fevraldan boshlab sud tizimida sudyalik lavozimiga nomzodlarning psixologik holati bo‘yicha sudyalik lavozimiga munosibligini baholashga yordamlashuvchi elektron dasturni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish belgilandi. Buning natijasi o‘laroq, “sudyalikka nomzodlar va sudyalarning kasbga munosibligini baholashga koʻmaklashuvchi elektron psixologik test dasturi ishga tushirilib, 901 nafar sudyalar psixologik testdan oʻtdi. Psixologik test natijalaridan kelib chiqib, joylarda sudyalar uchun psixologik treninglar ham oʻtkazib kelinmoqda”20; – 2021-yil 20-sentabrda “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun21 qabul qilindi. Bu Qonunning ahamiyati shundaki, uning 3-bandiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi o‘z vazifalarini amalga oshirish uchun nomzod tanlov bo‘yicha tanlanadigan bo‘ldi; – 2022-yil 14-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan yig‘ilish o‘tkazildi22. Bu yig‘ilishda odil sudlovni amalga oshirishga e’tibor qaratildi va Prezident Sh.Mirziyoyev “Sudyalar oliy maktabini tubdan isloh qilish, tuman, viloyat sudlari uchun mol-mulk, oila, soliq, mehnat munosabatlariga ixtisoslashgan sudyalar tayyorlashning muhimligi” fikrini bildirdi; – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-11-son Farmoni qabul qilindi. Ushbu Farmon sudyalikka nomzodlar uchun ularning axloqiy jihatlariga yanada chuqur e’tibor berishni ta’minlashi mumkin, negaki Farmonda sudyalarda muomala madaniyatini shakllantirish yo‘li bilan sudlarga murojaat qilgan har bir shaxsda davlatning sud tizimidan rozilik hissini uyg‘otishdek muhim vazifa belgilandi. Yuqoridagilardan sud-huquq tizimida tinimsiz islohotlar bo‘layotganini, sudyalik lavozimini egallash uchun nomzodlarga qo‘yiladigan talablarning o‘zgarib borayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Lekin bu islohotlarning davom etishi to‘xtovsizdir. Nega? Chunki “ijtimoiy taraqqiyot odimlari, jamiyatimizda ro‘y berayotgan, uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan demokratik jarayonlar sud-huquq tizimiga joriy qilinayotgan islohotlarni tanqidiy baholab, ularni yanada chuqurlashtirishni va qatʼiylik bilan olib borishni talab etmoqda”23. Qonunchilikka kiritiladigan o‘zgartirishlar, sud-huquq tizimidagi islohotlar Oʻzbekiston Respublikasida sud tizimining yanada takomillashtirilishiga, sud korpusini har jihatdan muhim ko‘nikmalarga ega sudyalar bilan to‘ldirilishiga, jamiyatning barqaror rivojlanishiga xizmat qilar ekan, ularning davomiy bo‘lishi, fikrimizcha, muhim ahamiyatga ega. Download 116.44 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling