Toshkent davlat yuridik universiteti sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura kafedrasi


 Sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan shaxslarga qo‘yiladigan talablarning qiyosiy-huquqiy tahlili


Download 116.44 Kb.
bet6/18
Sana18.06.2023
Hajmi116.44 Kb.
#1564508
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18
Bog'liq
19.05.2023 Nabiyev Bobur bitiruv malakaviy ishi

1.2. Sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan shaxslarga qo‘yiladigan talablarning qiyosiy-huquqiy tahlili

Sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan shaxslarga qo‘yiladigan talablar milliy sud qonunchiligimizda belgilangan bo‘lib, ulardan 3 tasi barcha bo‘g‘in sudlaridagi sudyalikka nomzodlar uchun umumiy hisoblanadi.


Ular: 35 yoshga to‘lganlik, oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lish, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lish kabilardir. Ma’lum bir yoshga yetgan bo‘lish talabi barcha bo‘g‘in sudlari uchun umumiy qilib belgilangan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi uchun ham, Toshkent shahar sudi sudyasi uchun ham, Yashnobod tumani sudi sudyasi uchun ham qonunchiligimizda bir xil talab, ya’ni 35 yoshga to‘lgan bo‘lish talabi mavjud. Xorijiy davlatlar tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, masalan, Rossiya Federatsiyasida “Rossiya Federatsiyasida sudyalarning maqomi to‘g‘risida”gi Qonun24ning 4-moddasiga asosan har bir bo‘gin sudlari uchun har xil yosh chegarasi belgilangan. Masalan, Konstitutsiyaviy sud sudyasi uchun 40 yosh, Oliy sud sudyasi uchun 35 yosh, viloyat sudlari, federal miqyosdagi shahar sudlari kabi o‘rta bo‘g‘in sudlari sudyalari uchun 30 yosh, tuman sudi kabi quyi bo‘g‘in sudlari sudyalari uchun esa 25 yosh talabi qo‘yilganligini bilishimiz mumkin. Litva Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni25da esa sudyalik lavozimini egallamoqchi bo‘lgan nomzodlarga bir nechta talablar mavjud bo‘lib, ular orasida yosh chegarasi belgilanmagan. Nomzodda sudyalik lavozimini egallash uchun belgilangan fuqarolik, ta’lim darajasi, ish staji va boshqa shu kabi barcha talablarning mavjud bo‘lishining o‘zi, uning yoshidan qat’i nazar, unga sudyalik lavozimini egallashi uchun imkon beradi. Shu bilan birga Litva Respublikasida yosh bilan bog‘liq o‘ziga xos jihat shundaki, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 105-moddasi 7-bandiga asosan agar sudyaning tegishli sudda eng uzoq ish stajini hisoblashda o‘sha vaqtda sudda yoki sudning bo‘linmasida ishlagan bir nechta sudyalar ish stajiga ega ekanligi aniqlansa va ularning ish staji bir xil bo‘lsa, tegishli lavozimni eng yoshi katta sudya egallaydi. Demak, bunday tanlov vaqtida ma’lum bir yoshga to‘lganlik o‘z ahamiyatini ko‘rsatadi.
Sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan nomzodlarga qo‘yilgan umumiy talablardan ikkinchisi oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lish sanaladi. “Oliy yuridik ma’lumot” tushunchasi orqali nima nazarda tutilishini O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 23-sentabrdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘RQ-637-son Qonuni26dan bilib olishga harakat qilsak. Ushbu Qonunning 11-moddasi 3-qismida oliy ta’lim 2 bosqichga, ya’ni bakalavriat va magistratura bosqichlariga bo‘linishi belgilangan. Shuningdek, ta’lim tizimidagi ushbu milliy qonunchiligimizda bakalavriat – tayanch oliy ta’lim bo‘lib, kamida 3 yil ta’lim oladigan o‘quv dasturidan iborat ekanligini, magistratura esa oliy ta’lim hisoblanib, unda o‘qish kamida 1 yilni tashkil etishi belgilangan. Ushbu normalarga asoslanadigan bo‘lsak, masalan, A. ismli shaxs Toshkent davlat yuridik universitetining magistraturasida ta’lim olayotganida, bu ta’lim jarayoni oliy ta’lim hisoblanadi. Shunda agar A. ismli shaxs Toshkent davlat yuridik universitetining magistratura bosqichini bitirsa, u oliy yuridik ma’lumotga ega hisoblanib, sudyalik lavozimiga nomzod bo‘la oladimi? Ya’ni bunda e’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan jihat – A. ismli shaxsning bakalavriat bosqichini qaysi mutaxassislikda o‘qiganligi bo‘lib, bu mutaxassislik aynan “yurisprudensiya” bilan bog‘liq bo‘lmasligi, ya’ni tayanch oliy yuridik ma’lumot bo‘lmasligi mumkin. Demak, milliy sud qonunchiligimizda faqat oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lish talabi qo‘yilishining o‘zi yetarli bo‘lmay, sudyalikka nomzod tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lishi kerakmi yoki yo‘qligini aniq belgilab berish kerak. Bu borada, masalan, Gruziya Respublikasining “Umumiy sudlar to‘g‘risida”gi organ Qonuni27 34-moddasi 1-bandiga e’tibor beradigan bo‘lsak, quyidagi 3 ta variantdan biri bo‘lishi nomzod uchun muhim ekanligini bilib olamiz:
1) “Yurisprudensiya” bakalavr diplomi va magistraturadan past bo‘lmagan ilmiy daraja;
2) “Yurisprudensiya” bakalavr diplomi va magistraturadan past bo‘lmagan ilmiy darajaga tenglashtirilgan ilmiy daraja;
3) “Yurisprudensiya” bakalavr diplomi va magistratura bo‘yicha oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom. Demak, oliy ta’limga oid talablar Gruziya Respublikasi qonunchiligida aniq belgilab ketilgan.
Sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan nomzodlarga qo‘yilgan umumiy talablardan yana biri O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lish hisoblanadi. “Fuqaro” atamasining ma’nosi yuridik lug‘atda “huquqiy asosda muayyan davlatga mansub bo‘lgan shaxs” deb izohlangan28. Demak, muayyan davlat, ya’ni O‘zbekiston Respublikasiga huquqiy asosdan mansub bo‘lgan shaxsni fuqaro deyishimiz mumkin. O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 13-martdagi “Fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-610-son Qonuni29 4-moddasi 2-qismiga asosan mamlakatimizning butun hududida yagona fuqarolik o‘rnatilgan. Demak, sudyalikka nomzod faqat O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lishi mumkin. 2 va undan ortiq fuqarolikka ruxsat xorijiy davlatlar tajribasida mavjud. Masalan, bunga “Italiyada 1992-yildan, Germaniyada 1998-yildan ruxsat berilgan”30 va ularda sudyalikka nomzod uchun alohida talablar qo‘yilgan. Bizning milliy qonunchiligimizda esa 2 yoki undan ortiq fuqarolikni o‘zi mavjud emas, shuning uchun nafaqat sudyalikka nomzod uchun, balki boshqa lavozimlarda ham O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deyilganda yakka fuqarolikni, ya’ni faqat O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tushunish kerak.
Yuqoridagi 3 ta umumiy talablar bilan birgalikda yuridik ixtisoslik bo‘yicha ish stajiga ega bo‘lish talabi ham mavjud bo‘lib, turli bo‘g‘indagi sudlarda sudyalik lavozimini egallamoqchi bo‘lgan nomzodlar uchun yuridik ixtisoslik bo‘yicha talab qilinadigan ish staji muddatlari turlicha ko‘rinish oladi. Masalan, tuman sudi kabi quyi bo‘g‘in sudlari sudyasi bo‘lish uchun yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida 7 yillik ish stajiga ega bo‘lish talabi qo‘yilgan. Demak, sudya sifatida ishlaganlik bo‘yicha ish stajiga ega bo‘lmagan, lekin yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida 7 yillik ish stajiga ega bo‘lgan shaxs, masalan, Qarshi tumanlararo sudining sudyasi bo‘lishi mumkin. Lekin yuridik ixtisoslik bo‘yicha ish stajida, jumladan, sudya sifatida ishlaganlik talabi ham mavjud. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi bo‘lish uchun yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida 15 yillik ish staji, shu jumladan, sudya sifatida kamida 7 yillik ish staji talab qilinsa, Toshkent shahar sudi kabi umumiy yurisdiksiya sudlari sudyasi bo‘lish uchun yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida 10 yillik ish staji, shu jumladan, sudya sifatida kamida 2 yillik ish staji talab qilinadi. Demak, ilk bor sudyalik lavozimini egallaydigan shaxslarda sudya sifatida ishlaganlik bo‘yicha ish staji bo‘lmaganligi uchun ular faqat quyi bo‘g‘in sudlarida sudyalik lavozimini egallashlari mumkin. Shuningdek, ular uchun o‘ziga xos bir talab, ya’ni Sudyalar oliy maktabida majburiy tartibda o‘qish belgilangan. Shu o‘rinda bir jihatga e’tibor qaratish lozim: ilk bor sudyalik lavozimini egallagan shaxs o‘z vakolatlarini bajarishga qasamyod qilgandan so‘nggina kirishadi. Biz bu normani ham bir talab sifatida baholashimiz mumkin, lekin bu talab sudyaga tegishli hisoblanadi, sudyalik lavozimiga saylanadigan yoki tayinlanadigan nomzodga emas. Sudyalik lavozimini egallaydigan nomzodlarga qo‘yiladigan talablar borasida xorijiy davlatlar tajribasidan misol keltiradigan bo‘lsak, Moldova Respublikasining “Sudyalarning maqomi haqida”gi Qonuni31 6-moddasi 2-bandida sudyalikka nomzod malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirishi kerakligi belgilab qo‘yilgan. Xorijiy davlatlar sud tizimi, xususan Yaponiya tajribasiga to‘xtalib, V.N.Bibilo shunday deydi: “Nomzodlarga talablar o‘ta yuqori, imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlar Oliy sud maktabining 2 yillik kurslariga yoziladi. Kurs dasturi nafaqat sudda, balki prokuratura va advokaturada amaliyotni o‘z ichiga oladi. Kurslarni tugatib, yangi imtihonlarni topshirgandan keyingina talabgorlar tanlagan kasbini boshlashlari mumkin”32.
Milliy sud qonunchiligimizda Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimiga nomzodga qo‘yiladigan talablarda esa yuqoridagi talablardan farq qiladigan asoslarni ko‘rish mumkin:
1) siyosat va huquq sohasi mutaxassisi bo‘lish;
2) yuksak ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lish;
3) zarur malakaga ega bo‘lish. Ushbu 3 ta talab o‘ziga xos bo‘lib, boshqa sudlarning sudyasi lavozimi uchun bunday asoslar qonunchilikda uchramaydi. T.V.Cheremisinaning fikriga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, u Konstitutsiyaviy sud sudyalariga qo‘yilgan talablar borasida alohida fikr bildiradi: “Faqatgina “Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Federal Konstitutsiyaviy Qonunda sudyalikka nomzodga qo‘yiladigan shaxsiy talablar va ularni buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi ba’zi belgilar mavjud. Afsuski, Rossiya Federatsiyasining “Rossiya Federatsiyasida sudyalarning maqomi to‘g‘risida”gi Qonunida bunday qoidalar mavjud emas”33. Ya’ni bunda bir normativ-huquqiy hujjatda mavjud talablar boshqa normativ-huquqiy hujjatda yo‘qligi aytilmoqda va bu mulohaza juda o‘rinli. Chunki sud tizimi bo‘yicha alohida qonun qabul qilingach, ushbu qonun orqali barcha normalar bilib olinishi afzal, bu normalarning boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda ham bo‘lishi esa ortiqcha qiyinchilikni, tushunmovchilikni keltirib chiqaradi. Masalan, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Sudi to‘g‘risi”dagi Konstitutsiyaviy Qonunda xuddi Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga o‘xshash kamchilikni uchratish mumkin. Xususan, ushbu Qonunning 10-moddasida yuksak ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lgan shaxs Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkinligi belgilangan. Shu o‘rinda, “yuksak ma’naviy fazilatlar degan talab nega aynan Konstitutsiyaviy sudning sudyasiga tegishli?” degan savol tug‘ilishi mumkin. Nazarimizda, bunday normani faqat “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunda mustahkamlab qo‘yilishi, u barcha sudyalarga birdek tegishli bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, zarur malakaga ega bo‘lish talabi ham aslida barcha sudyalarga tegishli. Agar biz bu talabni faqat Konstitutsiyaviy sud sudyalari uchun qo‘llasak, boshqa sudlar sudyalari zarur malakaga ega bo‘lmasa ham bo‘ladi, degan xato tushuncha kelib chiqadi. Fikrimizcha, Konstitutsiyaviy sud sudyalariga qo‘yiladigan ish staji, yoshga oid va boshqa talablar quyi va umumyurisdiksiya sudlari sudyalariga qo‘yiladigan talablarga nisbatan yuqori darajada bo‘lishi kerak va shuning uchun ham ularni Oliy sud sudyalariga qo‘yiladigan talablar bilan bir xil qilish maqsadga muvofiq. “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning o‘zida normalarni jamlash fikrini A.A.Opaleva, A.A.Metsgerlar ham tasdiqlaydi. Ularning fikricha, huquqiy ta’lim va sudlarni kadrlar bilan ta’minlash sohasida, birinchidan, sudyalik lavozimiga nomzodlarga qo‘yiladigan asosiy malaka talablarini birlashtirish zaruriyati mavjud. Shu bilan birga, sudyalik lavozimini egallash uchun zarur bo‘lgan oliy kasbiy ta’lim darajasiga qo‘yiladigan talablarni belgilash afzal34. Birinchi taklif orqali barcha talablarni bitta normativ-huquqiy hujjatda belgilashni tushunishimiz mumkin. 2-taklif – oliy kasbiy ta’lim darajasi xususida I.G.Dudko, Y.A.Sidorovalar alohida to‘xtaladilar va ularning ta’kidlashlaricha, “Rossiya Federatsiyasining ta’sis subyektlarida Konstitutsiyaviy Sud sudyalari lavozimlariga nomzodlarni tanlashda ularning malaka darajasiga yuqori talablar qo‘yilishi kerak. Masalan, Tatariston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining barcha sudyalari fan nomzodlari hisoblanadi”35. Albatta, yuqori instansiya sudlariga quyi turuvchi bo‘g‘inlarga qaraganda ko‘proq talab belgilanishi yoki yuqori ilmiy daraja, kasbiy tajriba va hokazolar so‘ralishi o‘rinli. Lekin bir asosiy jihat shundaki, “yuksak ma’naviy fazilatlar”ga o‘xshash talablarni faqat qaysidir bir bo‘g‘in sudlari sudyalariga qo‘yib bo‘lmaydi, chunki axloq-odobga oid jihatlar barcha sudyalar uchun bir xil bo‘lishi kerak, bu ba’zilardan talab qilib, qolganlardan talab qilmasa ham bo‘ladigan talab emas. Ma’naviy fazilatlarning ijobiy sifatlariga “insonparvarlik, mehr-muruvvat, halollik, vatanparvarlik, haqiqatgo‘ylik, qonunlarga bo‘ysunish, kamtarlik, sahiylik36” va boshqa ko‘plab ezgu xislatlar kirishi mumkin. Bu kabi fazilatlarning sudyalikka nomzodlardan talab qilinishi xorijiy davlatlar tajribasida ham mavjud. Xususan, Gruziya Respublikasi qonunchiligini o‘rganish shuni ko‘rsatmoqdaki, “Umumiy sudlar to‘g‘risida”gi Gruziya Respublikasining organ qonuni 351-moddasi 1-bandiga asosan sudya lavozimiga nomzodlar ikkita asosiy mezon – halollik va kompetentlik asosida tanlanadi. Bunda 1-mezon: vijdonan bo‘lish, mustaqillik, xolislik va adolat, kasbiy xulq-atvor, shaxsiy va kasbiy obro‘-e’tibor kabi xususiyatlardan, 2-mezon esa: huquqiy me’yorlarni bilish, huquqiy asoslash qobiliyati, yozish va og‘zaki muloqot qobiliyati, akademik yutuqlar kabilardan iboratligi belgilangan. Ushbu ko‘nikmalar barcha sud bo‘g‘inlaridagi sudyalardan bir xilda talab qilinadi.
Sudyalik lavozimiga nomzod uchun fuqarolik, oliy yuridik ma’lumot, ma’lum bir yoshga to‘lganlik talablari bilan birgalikda, qanday shaxs sudyalik lavozimiga nomzod bo‘lishi mumkin emasligi ham amaldagi milliy qonunchiligimizda qat’iy belgilangan. Bu masalani muhokama qilish orqali biz “qanday shaxsga fuqarolik, oliy yuridik ma’lumot, ma’lum bir yoshga to‘lganlik kabi talablarni qo‘ya olamiz?” degan savolga javob topishimiz mumkin. Qanday shaxs sudyalik lavozimiga nomzod bo‘lishi mumkin emasligiga oid asoslar quyidagilardan iborat:
a) jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning sudyalik lavozimiga nomzod bo‘la olmasligi. Bunda O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil
22-sentabridagi Jinoyat protsessual kodeksi (keying o‘rinlarda JPK) 47- va
45-moddalaridan ma’lumki, shaxsning jinoyat sodir etganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lsada, uni ayblash uchun yetarli bo‘lmasa, u shaxs gumonlanuvchi hisoblanadi37. JPKning 45-moddasida ayblanuvchi – ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinishi haqida qaror chiqarilgan shaxs, deb asoslangan. Muhim jihati shundaki, shaxsni ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilish uchun dalillar qancha bo‘lishi yoki aynan nimalarni asoslantiruvchi dalillar bo‘lishi aniq belgilanmagan. Faqat JPKning 47-moddasi mazmunidan shaxsning jinoyat sodir etganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lib, uni ayblash uchun yetarli bo‘lsa, u ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinadi, degan ma’no anglashiladi. Demak, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs deganda biz jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi haqida qaror chiqarilgan shaxsni tushunishimiz kerak. Bunday asos ko‘pchilik rivojlangan xorijiy davlatlar qonunchiligida, jumladan, Gruziya “Umumiy sudlar to‘g‘risida”gi organ Qonunida ham mavjud emas, unda faqat sodir etib bo‘lingan huquqbuzarlik, jinoyat inobatga olinadi;
b) ilgari sudlangan shaxs. Sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganligidan kelib chiqadigan huquqiy holat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabridagi Jinoyat kodeksi77-moddasiga asosan jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi38, jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi. Demak, sudlangan deganda shaxsga nisbatan jazo tayinlangan ayblov hukmi chiqqan bo‘lishi kerakligini tushunamiz. Ilgari sudlangan deganda esa ilgari shaxsga nisbatan jazo tayinlangan ayblov hukmi chiqqan bo‘lishi kerakligini tushunishimiz kerak. Har ikkala jumla, ya’ni “sudlangan” va “ilgari sudlangan” jumlalari bevosita “Rossiya Federatsiyasida sudyalarning maqomi to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasida sudyalik lavozimini egallashga imkon bermaydigan asoslar sifatida belgilab qo‘yilgan. Bu borada advokat V.I Sarkisovning fikricha, “sudlanganlik ma’lum lavozimlarni egallashni imkonsiz qiladi. Masalan, sudlangan yoki ilgari sudlangan shaxs sudya bo‘la olmaydi. Bu yerda gap har qanday jinoyatni sodir etganlik uchun sudlanganlik haqida bormoqda” 39. Demak, qanday jinoyat sodir etilganidan qat’i nazar shaxs o‘sha jinoyati uchun sudlangan bo‘lsa, u sudyalikka nomzod bo‘lish imkoniga ega bo‘lolmaydi;
c) o‘ziga nisbatan jinoyat ishi reabilitatsiya qilmaydigan asoslar bo‘yicha tugatilgan shaxs. Yuridik lug‘atda “reabilitatsiya” jumlasiga “huquqlarni tiklash” deb, izoh berilgan40. Bunda shaxs huquqlarining tiklanishi sababi shundaki, shaxs mutlaqo aybdor hisoblanmaydi. Reabilitatsiya qilmaydigan asoslarda esa shaxsning jinoyat sodir etganligi inkor qilinmaydi. Bunda JPKning 84-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi tugatilgan barcha asoslar nazarda tutilgan va bular javobgarlikka tortish muddatining o‘tgan bo‘lishi, amnistiya aktining bo‘lishi, bir ayblov bo‘yicha sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi yoki ishni tugatish haqida qonuniy kuchga kirgan ajrim (qaror) bo‘lishi, subyekt yoshiga to‘lmagan bo‘lishi, ish faqat jabrlanuvchining shikoyati bilan qo‘zg‘atiladigan hollarda uning shikoyati bo‘lmasligi, zararning o‘rni qoplanganligi, 84-modda 3-qismga asosan ruhiy holatning buzilishi bilan bog‘liq holatning bo‘lishi, 84-modda 4-qismga asosan yarashuv institutining amalga oshirilishi, 84-modda 5-qismga asosan qilmish yoki shaxs ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotgan bo‘lishi, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan bo‘lishi kabilardan iborat. Masalan, Jinoyat kodeksi 184-moddasi dispozitsiyasida mustahkamlangan jinoyat, ya’ni soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxs sodir etilgan jinoyat haqidagi xabarni olganidan 30 kun ichida davlatga yetkazilgan zararni qoplasa, javobgarlikdan ozod qilinadi va JPK 84-moddasiga asosan jinoyat ishi tugatiladi;
d) chet davlat fuqaroligi yoki xorijda doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lgan shaxs. O‘zbekiston Respublikasining “Fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonuni 25-moddasi 1-qism “d” bandiga asosan shaxs o‘z ixtiyori bilan xorijiy davlatning fuqaroligini olgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini yo‘qotish uchun asos bo‘ladi va buning natijasi ushbu Qonun 23-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tugatish asosi bo‘ladi va bu normalar sudyalikka nomzodning chet davlat fuqaroligi yoki xorijda doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishiga imkon bermaydi. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Moldova Respublikasida “Sudyalarning maqomi haqida”gi Qonunning 6-moddasi 1-qismiga asosan nomzoddan Moldova Respublikasida yashash joyi bo‘lishi talab qilinadi;
e) muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan, psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan, sudya amalga oshirishi kerak bo‘lgan vazifalarni bajarishiga imkon bermaydigan boshqa kasallikka chalingan shaxs. O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabridagi Fuqarolik kodeksi41 30-31-moddalaridan muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan shaxs kim ekanligini bilishimiz mumkin. Unga ko‘ra, o‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaslik fuqaroni qonunchilikda belgilab qo‘yilgan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topishga asos bo‘lsa, spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalarni qabul qilib, o‘z oilasini og‘ir moddiy ahvolga solib qo‘yayotgan shaxsning esa muomala layoqati cheklab qo‘yilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-maydagi “Psixiatriya yordami to‘g‘risi”dagi O‘RQ-690-son Qonuni42 29-moddasida ruhiy holati buzilgan shaxslarning yagona elektron reyestri O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yuritilishi mustahkamlangan. O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 27-oktabridagi “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi O‘RQ-644-son Qonuni43 orqali narkologik
kasallik – surunkali kasallik ekanligi, narkologiya muassasalari esa narkologiya markazlari, shifoxonalari, bo‘linmalar kabilar ekanligini bilib olish mumkin. Aynan qanday kasalliklar sudyalik lavozimini bajarishga imkon bermasligini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017-yil 9-noyabrda “Odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklarning va jismoniy nuqsonlarning ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi SOKQ-374, 123-son qarori44 qabul qilindi. Unda sudyalik lavozimiga nomzod bo‘lishga to‘sqinlik qiluvchi 24 turdagi kasalliklar va nuqsonlar belgilab qo‘yildi. Bu borada xorijiy davlatlarning qonunchiligi tahlili shuni ko‘rsatadiki, Litva Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni 531-moddasiga asosan sudyalar lavozimiga da’vogarlarning sog‘lig‘ini tekshirish masalasiga alohida to‘xtalinib, unda sudyalikka nomzodlarning sog‘lig‘i holatini imtihon o‘tkazilgunga qadar tekshirilishi, nomzodlarning sog‘lig‘i holatiga qo‘yiladigan talablar, bu tekshiruv psixologik baholashni ham o‘z ichiga olishi belgilangan.
Yana bir muhim masalalardan biri bu nomzodlar uchun davlat tilini bilishning zarurligi hisoblanadi. Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrdagi “Davlat tili haqida”gi 167-I-son Qonuni45 1-moddasiga asosan o‘zbek tili davlat tili sanaladi. Agar shu normadan kelib chiqqan holda, “sudyalikka nomzod o‘zbek tilini bilmasa, u nomzod bo‘la oladimi?” degan savolni o‘rtaga qo‘ysak va O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi bo‘yicha javob topishga urinsak, bu savolga javob sifatida “ha, o‘zbek tilini bilmagan shaxs ham sudyalikka nomzod bo‘la oladi”, degan xulosaga kelamiz. Chunki normativ-huquqiy hujjatlarda sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan shaxslarga qo‘yiladigan talablar sifatida “davlat tilini bilish” talabi mavjud emas. Amaldagi sud qonunchiligiga ko‘ra, davlat tilida Konstitutsiyaviy sud ishlari yuritilishi, o‘zbek, qoraqalpoq yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda sud ishlari yuritilishi belgilangan bo‘lsada, bu 2 norma sudyalik lavozimiga nomzoddan sud ishlari yuritiladigan tilni talab qiladigan norma hisoblanmaydi. Bu normalar shunchaki qaysi tilda sud ishlari yuritilishi haqida ma’lumot bergan. Qolaversa, tarjimon xizmatidan ham foydalanish mumkinligi belgilangan bo‘lib, hech kimning, jumladan, sudyaning ham tarjimon xizmatidan foydalanishiga cheklov milliy qonunchiligimizda mavjud emas. Xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish shuni ko‘rsatadaki, Moldova, Tojikiston, Gruziya, Belarus Respublikalarining sud qonunchiligida davlat tilini yaxshi bilish sudyalikka nomzod uchun asosiy talablardan yana biri sifatida belgilab berilgan. Shunday ekan, nazarimizda, davlat tili bo‘lgan – o‘zbek tilining qonunchilikda sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan shaxslarga qo‘yiladigan talab sifatida belgilab qo‘yilishi shart.

1.3. Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash mexanizmini takomillashtirish imkoniyatlari


Ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlanadigan nomzodlarga oid muhim talablardan biri Sudyalar oliy maktabida o‘qish hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-yanvardagi PQ-4096-son qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining ustavi” tasdiqlandi. Ushbu ustavning ahamiyati shundaki, 2019-yil


10-yanvardan sudyalikka nomzodlar magistratura ta’limini oladigan, bu ta’lim esa bir yil davom etadigan bo‘ldi. Bu tayyorlov bosqichi nafaqat nazariy bilimlar, balki sudyalar uchun muhim bo‘lgan muloqot qilish va boshqa barcha zarur ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan edi. Bundan tashqari, tayyorlash kurslarida o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslargina sudya bo‘lishi mumkinligi, o‘qishga qabul qilish tinglovchi tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng buyruq bilan rasmiylashtirilishi milliy qonunchilikda mustahkamlab qo‘yildi. Demak, sudyalikka nomzod avval tanlovdan o‘tadi va Sudyalar oliy maktabining tinglovchisiga aylanadi. So‘ng ushbu maktabni muvaffaqiyatli bitirgach, sudyalik lavozimini egallash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Amaldagi sud qonunchiligiga binoan quyidagilar, istisno tariqasida, Sudyalar oliy maktabida majburiy tartibda o‘qitilmagan holda ilk bor sudyalik lavozimlariga tayinlanishi mumkin:
1) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan shaxs;
2) kelishib olinadigan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan va benuqson obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan shaxs. Bunda, masalan, sud organlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda kelishib olinadigan lavozimlar belgilab qo‘yilgan bo‘ladi. Kelishib olinadigan lavozimlarda shaxs O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanishi prezident farmonlarida ham bo‘lishi mumkin. Yoki Prezident administratsiyasida tegishli hujjatlarda kelishib olinadigan lavozimlarda shaxs qanday tartibda lavozimga tayinlanishi belgilab qo‘yilgan bo‘ladi. Albatta, davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini, hamkorligini prezident ta’minlar ekan va u davlat boshlig‘i hisoblanar ekan, unga tegishli lavozimga tayinlash huquqining berilishi o‘rinlidir. Bu borada yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori J.Abdurahmonxo‘yevning fikriga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, u shunday deydi: “Sudyalar korpusini shakllantirish davlat hokimiyatining kelishilgan holda faoliyat yuritishi nuqtai nazaridan mamlakat Prezidentiga ham bevosita aloqador bo‘ladi”46. Bu masalaga xorijiy davlatlar olimlaridan, xususan Y.V.Burdina, D.A.Burdinlar ham alohida to‘xtalganlar va ularning fikricha, “sudyalarning mamlakat Prezidenti tomonidan tayinlanishi sudyalar mustaqilligining eng izchil kafolati hisoblanadi”47. Keyingi e’tibor berishimiz kerak bo‘lgan jihat “benuqson obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan shaxs” tushunchasi hisoblanadi. Bunda shuni qayd etish joizki, qonunchiligimizda benuqson obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan deganda, qanday shaxs tushunilishi, ya’ni u qanday jihatlarga ega bo‘lishi aniq belgilanmagan. Jamiyatda insonlarning fikrlash doirasi har xil bo‘lib, bu tushuncha haqida hamma har xil fikr bildirishi, tabiiy. Aynan ushbu tushuncha sudyalik lavozimi uchun nomzodda bo‘lishi kerak bo‘lgan talablardan biri ekan, uning mazmunini ham qonun bilan belgilab berishni o‘rinli, deb bilamiz. Xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, Belarus Respublikasi Sud tuzilmasi va sudyalarning maqomi to‘g‘risidagi kodeksi48 73-moddasida sudyalik lavozimini egallash uchun nomzodga o‘zini obro‘sizlantiradigan xatti-harakatlar sodir qilmagan bo‘lish talabi bor, lekin bu talab orqali aynan nimalar nazarda tutilgani ochib berilmagan. Bundan tashqari, Moldova Respublikasi “Sudyalarning maqomi haqida”gi Qonuni 6-moddasida ham “yaxshi obro‘ga ega bo‘lish” talabi mavjud va Moldova sud qonunchiligida ham bu savolga aniq javob mavjud emas. Lekin bu borada Litva Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunida bevosita e’tibor qaratish kerak bo‘lgan norma mavjud bo‘lib, Qonunning 52-moddasi alohida “benuqson obro‘-e’tibor” deb nomlangan. Unda shaxs qanday hollarda benuqson obro‘-e’tiborga ega bo‘lmasligi va sudyalik lavozimini egallay olmasligi ochib berilgan va ular quyidagilardan iborat:
1) sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan jinoyat sodir etgan deb e’tirof etilgan bo‘lsa;
2) sudya, prokuror, advokat, notarius, sud ijrochisi, ichki ishlar organi yoki ichki ishlar tizimi xodimi lavozimidan yoxud davlat xizmatidan kasbiy yoki xizmat faoliyatini buzganlik uchun o‘z ishidan bo‘shatilgan bo‘lsa va agar shu kundan boshlab 5 yil o‘tmagan bo‘lsa;
3) psixotrop, giyohvandlik, zaharli moddalar yoki spirtli ichimliklarga qaramlik bo‘lsa;
4) Sudyalik odob-axloq qoidalarining talablariga mos kelmasa. Demak, Litva sud qonunchiligi bo‘yicha yuqoridagi 4 ta asosdan birortasi nomzodda bo‘lmasa, u benuqson obro‘-e’tiborga ega hisoblanadi. Shu o‘rinda, ta’kidlash lozimki, ushbu davlat tajribasidan foydalangan holda milliy sud qonunchiligimizda, qanday holatlar nomzodda bo‘lmasa, u benuqson obro‘-e’tiborga ega bo‘lishini belgilab qo‘yishimiz mumkin. Bunday holatlar esa sudlanganlik, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklanganlik, psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turganlik kabilar bo‘lishi mumkin.
Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash mexanizmi xorijiy davlatlar tajribasida turli xil ko‘rinishlarga ega bo‘lib, masalan, Rossiya Federatsiyasi qonunchiligida sudyalik lavozimiga nomzodlarni tanlash tanlov asosida amalga oshiriladi. Bu tanlov asoslari “Rossiya Federatsiyasida sud hamjamiyatining organlari to‘g‘risida”gi Federal Qonun49 orqali tartibga solinib, quyidagi o‘ziga xos asoslarga ega:
a) sudyalik lavozimiga malaka imtihonini sudya bo‘lmagan fuqarolar va ketma-ket 3 yildan ortiq muddat iste’foda bo‘lgan sudyalar topshiradilar;
b) sudyalik lavozimi uchun nomzodga qo‘yiladigan talablarga javob beradigan fuqaro malaka imtihonini topshirgandan so‘ng uni bo‘sh lavozimga tavsiya etish to‘g‘risida ariza bilan sudyalarning tegishli malaka hay’atiga murojaat qilishga haqli bo‘ladi. Demak, Rossiya Federatsiyasida malaka imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tish orqali sudyalik lavozimini egallash imkoniyati paydo bo‘ladi.
“Qozog‘iston Respublikasi sudyalarining maqomi va sud tizimi haqida”gi Konstitutsiyaviy Qonun50ga asosan Qozog‘iston Respublikasida dastlab, malaka imtihonini topshirish, sudda haq toʻlanadigan amaliyotni muvaffaqiyatli tamomlash va yakunda amaliyot natijalari boʻyicha ijobiy xulosa olish kabilar sudyalik lavozimi uchun nomzodga qo‘yilgan asosiy talablardan hisoblanadi. Qozog‘iston Respublikasida “Sudyalikka nomzodning amaliyot o‘tashi to‘g‘risida”gi nizom51 amaliyot masalasini tartibga soluvchi hujjatdir. Ushbu nizomda amaliyot sudyalikka nomzodning ishchanlik, kasbiy va ma’naviy fazilatlarini o‘rganish va uning sudyalik vakolatlarini amalga oshirish istiqbollarini aniqlash maqsadida o‘tkazilishi belgilangan.
Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash mexanizmi “Umumiy sudlar to‘g‘risida”gi Gruziya Respublikasining organ Qonuni 34-moddasi 1-qismida quyidagi 3 ta muhim talab bilan tartibga solingan:
1) sudyalarning malaka imtihonini topshirish;
2) Oliy sudyalik maktabining o‘qish kursini to‘liq tamomlash;
3) sud tizimi tinglovchilarining malaka ro‘yxatiga kirish.
Belarus Respublikasining Sud tuzilmasi va sudyalarning maqomi to‘g‘risidagi kodeksi 73-, 76-moddalarida yuksak axloqiy xarakterga egalik va boshqa talablar bilan birgalikda sudyalik lavozimi uchun malaka imtihonini topshirish ham nomzodlarga talab sifatida qo‘yilgan. Sudyalik lavozimiga malaka imtihoni sudyalik lavozimiga da’vogarlik qilayotgan shaxslarning kasbiy bilimi, ko‘nikma va malakalari darajasini, ularning ishchanlik va ma’naviy-ruhiy fazilatlarini baholash maqsadida o‘tkaziladi. Shuningdek, sudyalik lavozimi uchun maxsus tayyorgarlik ham mavjud bo‘lib, uning o‘ziga xos jihatlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, shunday normalar mavjud:
a) sudyalarning malaka hay’ati o‘zi tomonidan ro‘yxatga olingan sudyalikka nomzodni sudyalik lavozimi uchun sudyaning stajori lavozimiga tayinlash uchun tavsiya qiladi va zarur hollarda maxsus tayyorgarlikdan ham o‘tiladi;
b) Belarus Respublikasi Oliy Sudi Prezidiumining Qarori bilan umumiy yurisdiksiya sudlarida, advokatlik, notariuslar, prokuratura organlari, ichki ishlar organlarida yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida 3 yillik ish stajiga ega bo‘lgan shaxslar umumiy yurisdiksiya sudining sudyasi lavozimiga maxsus tayyorgarlikdan o‘tishdan ozod qilinib, sudyalikka nomzod bo‘lish huquqiga ega bo‘ladi;
c) sudya lavozimiga maxsus tayyorgarlik sudyalik lavozimini egallash uchun zarur bo‘lgan ta’lim dasturini amalga oshirishdan iborat bo‘lib, 1 yilgacha bo‘lgan ta’lim muassasasida qo‘shma amaliyot o‘tashni o‘z ichiga oladi. Amaliyot sudya lavozimi uchun bo‘sh o‘rin yoki stajorning bo‘sh lavozimi mavjud bo‘lgan umumiy yurisdiksiya sudlarida o‘taladi. Demak, Belarus Respublikasi sudyalik lavozimiga nomzod nafaqat malaka imtihonini topshiradi, balki sudyalik lavozimi uchun maxsus tayyorgarlikdan ham o‘tadi va bu tayyorgarlik ham nazariy, ham amaliy bilimlar o‘zlashtiriladigan qo‘shma dastur hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasida Sudyalar oliy maktabiga o‘qishga qabul qilinish uchun imtihon mavjud bo‘lib, xorijiy davlatlarlarning amaldagi qonunchiligi tahlili asosida qayd etish lozimki, bu imtihon xorijiy davlatlardagi malaka imtihonlariga o‘xshashdir. Bu imtihonlarni o‘tkazish tartibi “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursiga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom52 bilan belgilangan, bo‘lib ushbu nizom tahlili orqali quyidagi muhim ma’lumotlarni keltirish o‘rinli:
a) imtihon 3 boshqich: psixologik test, ixtisoslik sinovi, og‘zaki suhbatdan iborat;
b) psixologik testni o‘tkazish tartibi Sudyalar oliy kengashining 2021-yil 6-maydagi SOKQ-1543-III-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Sudyalik lavozimlariga nomzodlar va sudyalarning kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi psixologik test tizimi to‘g‘risida”gi nizom bilan belgilab qo‘yilgan;
c) fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha, iqtisodiy va ma’muriy ixtisosliklar mavjud bo‘lib, bu ixtisoslik sinovlari alohida-alohida o‘tkaziladi. Bu sinovlar orqali mutaxassislik, chet tili bilimini, tahliliy fikrlash, huquq manbalar bilan ishlay olish, xulosalar bera olish kabi qobiliyatlarni aniqlash maqsad qilingan;
d) og‘zaki suhbat sud-huquq tizimidagi islohotlar mazmunini, qonunchilikdan qanchalik xabardorlikni, dunyoqarashni aniqlashga qaratilgan bo‘ladi. Ta’kidlash lozimki, Sudyalar oliy maktabiga kirish uchun nomzod imtihon topshirar ekan va bu imtihonda nomzodning eng muhim – sudyalik lavozimini egallashi uchun kerakli ko‘nikmalar tekshirilar ekan, unga yana malaka imtihonidan o‘tish talabini qo‘yishga ehtiyoj qolmaydi. Shu o‘rinda, sudyalik lavozimiga nomzod Sudyalar oliy maktabida o‘qimagan bo‘lsachi, degan mulohaza ham mavjud. Ma’lumki, Sudyalar oliy maktabi 2019-yil 6-yanvardagi PQ-4096-son qaror bilan tashkil etilgan. Masalan, A ismli shaxs yuridik ixtisoslik bo‘yicha 7 yillik ish stajiga egaligi va boshqa talablarga javob berganligi uchun 2018-yilda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining sudyasi lavozimiga tayinlandi. 2020-yilda esa A ismli shaxs, masalan, Andijon viloyati sudining sudyasi lavozimiga Sudyalar oliy maktabida o‘qimagan bo‘lsa ham nomzod bo‘la oladi. Shunda, bizning nazarimizda, A ismli shaxsga “Sudyalar oliy maktabining malaka oshirish kursida o‘qiganlik va kurs yakuni bo‘yicha sertifikat olganlik” talabini ham qo‘yish o‘rinli bo‘lar edi.
PQ-4096-son qaror bilan “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining ustavi” tasdiqlangan bo‘lib, uning 18-bandida sudyalar malakasini oshirish qonunchilikdagi eng oxirgi o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini yetkazishga, kasbiy ko‘nikma, qobiliyatlarni takomillashtirishga qaratilganligi, kurs tinglovchilariga yakunda belgilangan namunadagi sertifikat berilishi belgilab berilgan. Demak, Sudyalar oliy maktabining malaka oshirish kursi nomzodning mavjud ko‘nikmalarini yanada oshirishga xizmat qiladi va bu yo‘l qisman bo‘lsada, Sudyalar oliy maktabining magistraturasida o‘qimaganlik o‘rnini qoplaydi. Sudyalikka nomzodlarning malaka imtihonini topshirishini, maxsus o‘qitilishini ko‘pchilik olimlar ma’qullaydi. Masalan, N.K.Jukokovaning fikriga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, u shunday deydi: “Sud tizimida sudyalarning malakaviy tanlovini kuchaytirish zarurati shubhasizdir”53. Y.V.Burdina, D.A.Burdinlar esa o‘quv kurslari, stajirovka masalalariga alohida to‘xtalganlar. Ularning fikricha, “sudyalikka nomzodlarni tayyorlash, shu jumladan, o‘quv kurslarini o‘tkazish, tegishli sudlarda, masalan, 1 oygacha stajirovka o‘tash imkoniyatlarini muhokama qilish zarur. Bu esa bunday yurist bilan yaqinroq tanishish imkonini berar edi”54. Albatta, stajirovka o‘tash orqali nomzodni yanada yaqindan bilish, uning nafaqat sudya sifatida ishlash uchun qanday bilimga egaligini, balki muomala madaniyati va boshqa axloqiy ko‘nikmalarini ham o‘rganish mumkin. Mamlakatimizda olimlardan, xususan A.A.Xamrayev sudyalar kasbiy huquqiy ongining qay darajada muhimligi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazib, ilmiy o‘rganishlari natijasida nomzodlarning professional sudya bo‘lib shakllanishi uchun quyidagi bosqichlarni muhim, deb hisoblaydi:
1-bosqichda shaxs oliy o‘quv yurtida o‘qish jarayonida kasbiy mahoratini yuzaga kelishiga urinishi kerak;
2-bosqichda shaxsni magistratura mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitish kerak. Bunda shaxs o‘ziga va boshqa shaxslarga bo‘lgan talabni kuchaytirib, kasbiy yo‘nalish olish, kasbiga bo‘lgan qiziqishning paydo bo‘lishi imkoniga ega bo‘ladi;
3-bosqichda shaxs o‘z kasbini puxta egallab, mustaqil faoliyat olib borish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi kerak;
4-bosqichda esa shaxs o‘z bilimlarini amaliy faoliyatda dadil qo‘llashi, o‘zining xatti-harakatini ongli ravishda nazorat qila olishi kerak55. Ushbu bosqichlarni amaliyotda qo‘llash uchun quyidagilarni joriy qilish o‘rinli, deb hisoblaymiz:
Birinchi bosqichda shaxs oliy o‘quv yurtida o‘qish jarayonida uni tegishli mutaxassislik bo‘yicha amaliyotga jalb qilish. Bu orqali shaxs olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llay oladi va o‘zi uchun muhim amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladi;
Ikkinchi bosqichda sudyalikka nomzodning Sudyalar oliy maktabida ta’lim olib, o‘z bilimini yanada mustahkamlashi, aynan bir ixtisoslik bo‘yicha aniq yo‘nalishga, maqsadga ega bo‘lishi o‘rinli;
Uchinchi bosqichda sudyalikka nomzodga birinchi marta mustaqil qarorlar qabul qilish huquqini berib, uning sudyalik lavozimini qay darajada davom ettira olishini bilish kerak. Shunda nomzod agar o‘z ishini puxta amalga oshira boshlasa, uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortib, o‘z kasbiga munosib ekanligini yanada chuqurroq anglay boshlaydi. Aksincha bo‘lsa, o‘z kamchiliklarini tahlil qilib, tegishli xulosa chiqarishi va o‘z ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish ustida ishlab o‘quv kurslarda tayyorgarlikdan o‘tishi yoki tajribali sudyalardan tegishli tavsiyalarni olishi mumkin. Buning uchun esa shaxsni ilk bor sudyalik lavozimiga 5 yil muddatga tayinlashdan avval uni lavozimga 3 oylik muddatga tayinlab, buni “sinov muddati” deb belgilash va bu muddat davomida, birinchidan, bo‘lajak sudyaning qanday huquqiy bilimga egaligini bilish mumkin. Ikkinchidan, V.G. Belinskiy ta’kidlaganidek, “haqiqiy axloqning o‘lchovi so‘z emas, balki amaliy faoliyat”56 bo‘lgani uchun ham uning axloqiy jihatlarini o‘rganish mumkin;
To‘rtinchi bosqichda nomzod ma’lum muddat mustaqil faoliyat olib borgach, bu faoliyat yuzasidan uning natijalarini qayd etish va agar bu natijalar ijobiy bo‘lsa, unga sudya sifatida o‘z vakolatlarini boshlashga ruxsat berilishi kerak. Agar bu natijalar ijobiy bo‘lmasa, sudyalikka nomzodni maxsus o‘quv kurslarda o‘qitish, tegishli tavsiyalar berib “sinov muddati”ni uzaytirish mumkin.
Yuqorida biz tahlil qilgan ko‘pchilik xorijiy davlatlar tajribasida – sudyalarning jamiyatdagi o‘rni, shaxsiy fazilatlari va boshqa ma’naviy jihatlariga ham alohida e’tibor qaratilgan va bu juda to‘g‘ri yondashuv. Bu fikrni ko‘plab olimlar ham tasdiqlaganlar. Masalan, professor S.A.Akimbekova bu borada shunday fikr bildiradi: “Sudyaning kasbiy mahorati nafaqat bilimlar majmuasi, balki insonning axloqiy fazilatlari hamdir. Agar sudyada halollik, xolislik, adolatparvarlik kabi sifatlar bo‘lmasa, uni professional deb gapirishning hojati yo‘q”57. Bu fikrni sud kotibi T.V.Cheremisina ham qo‘llab-quvvatlab, sudyalikka nomzod qonunni qanchalik yaxshi bilmasin, agar hayotda asossiz tajovuzkorlik ko‘rsatsa, oiladagi zo‘ravonlikni qabul qilsa, jamiyatda o‘zini noloyiq tutsa sud tizimiga putur yetkazishini alohida ta’kidlagan58. Shu bilan birga, “sud hokimiyatining obro‘si ham sudyaning obro‘siga bog‘liq ekan, o‘z obro‘siga jiddiy putur yetkazadigan xatti-harakatlarni sodir etgan, jahldor, yovuzlikka moyil odamlar sudyalik lavozimlarini egallay olmaydi”59 degan qarash ham sudyalik lavozimiga nomzod uchun axloqiy jihatlarning naqadar muhim ekanligini ko‘rsatmay qolmaydi. Shunday ekan, bizning fikrimizcha, nomzodning axloqiy fazilatlarini bilish uchun uning ish joyi, o‘qishni tamomlagan muassasadan, yashash manzilidagi mahalladan va boshqa uning faoliyati bilan bog‘liq markazlardan uning axloqiy fazilatlari va sudyalik lavozimi uchun muhim bo‘lgan boshqa jihatlar haqida tavsifnomalar ham olish mumkin. Milliy qonunchiligimizda Sudyalar oliy maktabi magistraturasiga kirish uchun talabgorlar ish joyidan ma’lumot-tavsifnoma, tavsiyanoma kabi hujjatlarni topshirishlari kerakligi belgilangan. Lekin, birinchidan, bu kabi hujjatlar nomzodning o‘zi tomonidan ish joyidan olinishi kerak va bu holat, nazarimizda, ushbu hujjatlarning xolis yozilishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ikkinchidan, faqat ish joyidan bunday hujjatlarning olinishi yetarli emas. Jamiyatda sudyalik lavozimiga nomzodlar uchun talablarning aniq va qat’iy bo‘lishi, har jihatdan o‘ylangan bo‘lishi nomzodlarning o‘z ustida ishlashlariga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Bu borada, masalan, D.J.Suyunova “sudyaga nisbatan qonunda belgilangan norma sudyaning umume’tirof etilgan axloq normalariga rioya qilishga, sudning adolatliligiga xalqning ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishga majbur qilib qo‘yadi”60, – deya fikr bildirgan. Xuddi shunday, sudyalikka nomzodlar uchun ham qonunda ularning nafaqat huquqiy bilimlarini, balki shaxsning ma’naviy fazilatlarini ham o‘rganishni talab qiladigan normalarning belgilab qo‘yilishi muhim bo‘lib, buni yuqoridagi olimlarning fikrlari va xorijiy davlatlar qonunchiligi tahlillari ko‘rsatib turibdi.

Download 116.44 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling