Toshkent davlat yuridik universiteti sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura kafedrasi
Sudyalik lavozimiga nomzodlarning sudyalik lavozimiga saylanishi, tayinlanishi mumkin bo‘lmagan asoslar tahlili
Download 116.44 Kb.
|
19.05.2023 Nabiyev Bobur bitiruv malakaviy ishi
2.3. Sudyalik lavozimiga nomzodlarning sudyalik lavozimiga saylanishi, tayinlanishi mumkin bo‘lmagan asoslar tahlili
Sudyalik lavozimiga nomzodlarning sudyalik lavozimiga saylanishi, tayinlanishi mumkin bo‘lmagan asoslarning har biriga to‘xtaladigan bo‘lsak, birinchidan, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning nomzod bo‘la olmasligi masalasi. Bu asosdan faqatgina ayblanuvchi tariqasida jalb qilinish tushunilib, shaxsning gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinishi uning sudyalik lavozimiga nomzod bo‘lishiga to‘sqinlik qilmaydi. Lekin shunda quyidagi savol yuzaga keladi: shaxs nega gumonlanuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilinishi uni sudyalik lavozimiga nomzod bo‘lishiga to‘sqinlik qilmaydi? Bu savolga javob berishga harakat qilar ekanmiz, quyidagi fikr paydo bo‘ladi: chunki shaxsning aybdor yoki aybdor emasligi hali aniq emas. Ushbu qisqa javob orqali, tabiiyki, yana bir savol tug‘iladi: gumon qilinuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilingan shaxsning aybdor yoki aybdor emasligi hali aniq emas ekan, ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilingan shaxsning aybdor yoki aybdor emasligi aniqmi? Albatta, bu ham aniq emas va buni quyidagilar orqali asoslaymiz: a) 2023-yil 1-mayda kuchga kirgan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 28-moddasi 1-qismiga asosan ayblanayotgan shaxsning aybi sudda isbotlanib, sud hukmi bilan aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi; b) JPK 23-moddasiga asosan ayblanuvchining aybdorligi isbotlangunga, sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi; c) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2014-yil 23-maydagi “Sud hukmi to‘g‘risida”gi 07-son qarori1-bandining 2-xatboshisiga asosan Inson huquqlari bo‘yicha Umumjahon deklaratsiyasining 11-moddasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar bo‘yicha xalqaro paktning 14-moddasiga muvofiq, ayblanayotgan har bir shaxsning aybi sudda aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi; d) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi “Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan ta’minlashga oid qonunlarni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 17-son qarori 5-bandining 1-xatboshisiga asosan himoya huquqi bilan ta’minlashning muhim kafolati — ayb isbotlanmaguncha va sud hukmi bilan aniqlanmaguncha aybdor hisoblanmaslik haqidagi aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga qat’iy amal etilishidadir va hokazo. Demak, ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilingan shaxsning aybi qonunda belgilangan tartibda isbotlanmaguncha va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlanmaguncha aybdor hisoblanmaydi. M.H.Rustamboyev, Y.N.Nikiforovalar ham bu fikrni to‘ldirib, shunday deganlar: “Aynan odil sudlov jinoyatni sodir qilishda ayblanayotgan ma’lum bir shaxsni aybdor deb topish kabi masalada hal qiluvchi rol o‘ynaydi”97. Shunday ekan, “jinoyat ishida gumonlanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan shaxs nega sudyalikka nomzod bo‘la oladi?” degan savolga qanday javob topgan bo‘lsak, bu javobni “nega jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan shaxs sudyalikka nomzod bo‘la olishi kerak?” degan savolga nisbatan ham ishlatsak bo‘ladi, deb hisoblaymiz. Milliy sud qonunchiligimizda ilgari sudlangan yoki o‘ziga nisbatan jinoyat ishi reabilitatsiya qilmaydigan asoslar bo‘yicha tugatilgan shaxsning sudyalikka nomzod bo‘lolmasligi ham belgilangan. Sudlanganlik holati jinoyat qonunchiligi bo‘yicha vaqtinchalik bo‘lib, u tugatilishi yoki olib tashlanishi mumkin. Shu bilan birga, sudlanganlik holati tugallanishi shaxsning sudlanganligi fakti bilan bog‘liq oqibatlarning barham topishini anglatadi va bunday holatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi 2015-yil 18-sentabrdagi “Sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishiga oid qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 13-son qarori 4-bandi 2-xatboshisiga asosan tegishli ma’lumotnoma beriladi. Lekin sudlanganlik holati mavjud emasligi faktini tasdiqlovchi ma’lumotnoma bo‘lgani bilan shaxs “ilgari sudlangan” hisoblanadi, chunki unga nisbatan jazo tayinlangan ayblov hukmi chiqqan va shaxs sudyalikka nomzod bo‘la olmaydi. Shu o‘rinda, o‘ziga nisbatan jinoyat ishi reabilitatsiya qilmaydigan asoslar bo‘yicha tugatilgan shaxs ham sudyalik lavozimiga nomzod bo‘la olmaydi. Bunda JPK 84-moddasiga asosan jinoyat ishi tugatilgan shaxs tushuniladi. Reabilitatsiyaga to‘xtalsak, shaxs reabilitatsiya qilinganda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishiga oid qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 5-bandi 2-xatboshisiga ko‘ra, davlat uni jinoyat sodir etganlikda xato aybdor deb topilganligini tan oladi. Reabilitatsiya qilmaydigan asoslarda esa shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligi fakti inkor etilmaydi, balki u jabrlanuvchi bilan yarashgani, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan paytda jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan yoshga to‘lmagani va hokazolar tufayli jinoyat ishi tugatiladi. A.N.Bushkarev bu masalaga alohida to‘xtalib, “jinoyat ishi reabilitatsiya qilinmagan asoslarga ko‘ra tugatilgan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi sudya bo‘la olmasligini” 98 tahlil qilgan. Reabilitatsiya qilmaydigan asoslar qonunchilik bo‘yicha jamiyatda shaxsning jinoyat sodir etganligini aniq ko‘rsatsa va bu asoslar orqali shaxs sudyalikka nomzod bo‘la olmasa, bu asos, albatta, o‘rinlidir. Chet davlat fuqaroligiga ega bo‘lgan yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi yashash guvohnomasiga yoxud boshqa hujjatga ega bo‘lgan shaxs ham sudyalik lavozimiga saylanish yoki tayinlanish huquqidan mahrum bo‘ladi. Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasida yagona fuqarolik o‘rnatilganligidan kelib chiqsak, sudyalikka nomzod uchun bunday talab qo‘yilishi tabiiy. O‘zbekiston Respublikasining “Fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonuni 9-moddasida fuqaroning xorijda yashashi O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligining tugatilishiga sabab bo‘lmasligi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, ushbu Qonunda “O‘zbekiston Respublikasining xorijda doimiy yashovchi fuqarosi” tushunchasi mavjud bo‘lib, bunda O‘zbekiston Respublikasining fuqarosini tushunamiz. Faqat u xorijda yashash uchun rasmiy hujjatga ega va O‘zbekistondagi doimiy ro‘yxatda turmaydi. Demak, shaxs xorijda doimiy yashashi va ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini saqlab qolishi mumkin, lekin aynan ushbu shaxs sudyalikka nomzod bo‘la olmaydi. Nega bu talab kerak? Chunki shaxs boshqa davlatda doimiy yashasa o‘z davlatidagi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va hokazo o‘zgarishlarni o‘z vaqtida bilolmaydi, qonunchilikdagi yangiliklarni amaliy jihatdan o‘rganib, tahlil qilib, bevosita amaliyotda qo‘llash imkoniga ega bo‘lmaydi, xalqning orasida yurib, xalqning ichidagi muammolarni bilmaydi va hokazo. Bular, tabiiyki, unga sudyalik lavozimida adolatli, qonuniy, asoslangan hukm chiqarishida to‘sqinlik qiladi. Sudyalik lavozimini bajarishga to‘sqinlik qiluvchi yana muhim holatlar mavjud bo‘lib, ular: muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklanganlik, psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turganlik, sudya amalga oshirishi kerak bo‘lgan vazifalarni bajarishiga imkon bermaydigan kasallikka chalinganlik holatlaridir. Bunday hollarda shaxs, masalan, o‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmas ekan yoki o‘z oilasini og‘ir moddiy ahvolga solib qo‘yadigan holatda bo‘lar ekan, qanday qilib qonunchilikni chuqur tahlil qilgan holda, amaliyotda qo‘llay oladi?! Yoki qonunchiligimizga asosan tibbiyot mutaxassislari shaxsni sudyalik lavomini bajara olmaydi, deb xulosa qilar ekan, bu masalaga ortiqcha to‘xtalish o‘rinsiz. Shu nuqtai nazardan, biz yuqorida tahlil qilgan barcha xorijiy davlatlar qonunchiligida bunday shaxslarning sudyalik lavozimiga nomzod bo‘lolmasligi aniq belgilangan va hech qanday istisnolar yo‘q. Sudyalik lavozimiga saylanishi, tayinlanishi mumkin bo‘lmagan asoslar bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganadigan bo‘lsak, masalan, Rossiya Federatsiyasi “Rossiya Federatsiyasida sudyalarning maqomi to‘g‘risida”gi Qonunda mavjud ko‘pchilik asoslar bizning milliy qonunchiligimizdagi asoslar bilan bir xil bo‘lib, quyidagi o‘ziga xoslik mavjud: jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxs sudyalik lavozimiga nomzod bo‘la olmasligi mustahkamlangan. Bu masalani milliy qonunchilik bo‘yicha yuqorida tahlil qilganimizda quyidagi fikrga kelgandik: “Jinoyat ishida gumonlanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan shaxs nega sudyalikka nomzod bo‘la oladi?” degan savolga qanday javob topgan bo‘lsak, bu javobni “nega jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan shaxs sudyalikka nomzod bo‘la olishi kerak?” degan savolga nisbatan ham ishlatsak bo‘ladi. Bu fikrdan, agar shaxs gumonlanuvchi bo‘lganda sudyalikka nomzod bo‘la olsa, u ayblanuvchi bo‘lganda ham sudyalikka nomzod bo‘lishi kerak, degan mazmun anglashiladi. Rossiya Federatsiyasi sud qonunchiligida esa belgilangan asosdan agar shaxs ayblanuvchi bo‘lganda sudyalikka nomzod bo‘la olmasa, gumonlanuvchi bo‘lganda ham sudyalikka nomzod bo‘lmasligi kerak, degan ma’noni tushunib olishimiz mumkin. Qozog‘iston Respublikasi “Qozog‘iston Respublikasi sudyalarining maqomi va sud tizimi haqida”gi Konstitutsiyaviy Qonunida esa qanday shaxslar sudya bo‘la olmasligi belgilangan bo‘lib, ulardagi o‘ziga xos jihatlarga to‘xtalamiz: a) sudyalik lavozimiga tanlovda ishtirok etishdan oldin 3 yil mobaynida davlat xizmatini obro‘sizlantiradigan intizomiy huquqbuzarlik uchun intizomiy javobgarlikka tortilgan shaxs, shu bilan birga, davlat xizmatini obro‘sizlantiradigan intizomiy huquqbuzarlik uchun ishdan bo‘shatilgan shaxs sudya etib tayinlanishi mumkin emas. Demak, sudyalik lavozimiga tanlovda ishtirok etishdan oldingi 3 yilgi davr Qozog‘iston Respublikasida nomzodning axloqini o‘rganish uchun yetarli, deb hisoblanadi. Masalan, nomzod A.B. 2019-yilda davlat xizmatini obro‘sizlantiradigan intizomiy huquqbuzarlik uchun intizomiy javobgarlikka tortilgan deylik. Bunday holatda nomzod A.B. 2023-yilda bemalol sudyalik lavozimini egallash uchun tanlovda ishtirok etishi mumkin. Lekin ushbu huquqbuzarlik 2021-yilda sodir qilingan bo‘lsa, A.B. 2023-yilda sudyalikka nomzod bo‘lolmaydi. Demak, 3 yil ichida shaxsning huquqbuzarlik sodir etmasligi, uning undan oldingi huquqbuzarliklarining ahamiyatini yo‘qotadi va shaxs o‘zi uchun tegishli xulosa chiqargan, deb hisoblanadi; b) korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etganligi uchun sud tartibida ma’muriy jazoga tortilgan bo‘lsa, shaxs sudyalikka nomzod bo‘lolmaydi. Bu korrupsiyaga davlat tomonidan qanchalik e’tibor berilishi, u jinoyat tarkibini bermaganda ham, bu qilmish uchun shaxs sudyalikka nomzod bo‘lolmasligini ko‘rsatib turibdi. Korrupsiyaga bunday yondashuv, albatta, har qanday davlat tomonidan bo‘lishi kerak, deb o‘ylaymiz; c) zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqilib jinoyat sodir etilsa O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi bo‘yicha shaxs Qozog‘iston Respublikasida bo‘lgani kabi javobgarlikdan ozod qilinmaydi, balki uning qilmishi jazoni yengillashtiruvchi holat sanaladi; d) Qozog‘iston Respublikasida kelishuv bitimi tuzilganda shaxs javobgarlikdan ozod qilinsa, O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida shaxsga tayinlanadigan jazo miqdorida yengillik bo‘ladi; e) salbiy sabablarga ko‘ra sudyalik lavozimidan va boshqa lavozimlardan bo‘shatilgan shaxs sudyalikka nomzod bo‘lolmaydi. O‘z xohishiga ko‘ra, boshqa lavozimni egallagani uchun va boshqa shu kabi asoslar bilan sudyani lavozimidan ozod qilish mumkinligi belgilangan bo‘lib, bular, albatta, salbiy sabablar bo‘lolmaydi. Ayblov hukmi chiqqanligi, sudyalarga qo‘yilgan talablarni bajarmaganligi, intizomiy javobgarlikka tortilganligi kabilar salbiy sabablar bo‘lishi mumkin. Deylik, sudya 2015-yilda A. shaxs jalb etilgan jinoyat ishini ko‘rdi va bunda o‘z vakolatlarini suiiste’mol qildi va buning natijasida o‘z lavozimidan ozod etildi. Keyin biroz vaqt o‘tib xuddi shu sudya sudyalikka nomzod bo‘lsa, nafaqat A. shaxs, balki A. shaxs jalb etilgan jinoyat ishi haqida ma’lumotga ega bo‘lgan barchaning sudyaga nisbatan mustahkam ishonchi bo‘lmaydi, bu esa davlatdagi sud hokimiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Litva Respublikasining qonunchiligiga qaraydigan bo‘lsak, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunda o‘ziga xos jihatlar mavjud bo‘lib, ularning birinchisi – sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan jinoyat sodir etgan deb e’tirof etilgan bo‘lishligi, ya’ni bunda ayblanuvchi, gumonlanuvchi sifatida jalb etilish emas, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi ustun qo‘yilgan. Ikkinchi o‘ziga xoslik – shaxs, masalan, sudyalik lavozimidan kasbiy faoliyatini buzganlik uchun ozod qilingach, u 5 yil o‘tgandan so‘ng yana sudyalikka nomzod bo‘la oladi. Demak, Litva Respublikasida 5 yillik muddat nomzodning oldingi huquqbuzarliklarining ahamiyatini yo‘qotadi va shaxs o‘zi uchun tegishli xulosa chiqargan, deb hisoblanadi. Shu o‘rinda bir normaga alohida e’tibor qaratish o‘rinliki, O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 76-moddasida sudyaning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish intizomiy jazo choralaridan biri hisoblanishi belgilangan. Ushbu Qonunning 74-79-moddalari tahlili shuni ko‘rsatadiki, sudya, masalan, sudning qadr-qimmatiga salbiy ta’sir qiladigan xatti-harakat sodir etsa, qonuniylikni buzgan holda odil sudlovga ta’sir qilsa, sud ishi tashkiliy masalalarida intizomsizlik qilsa va hokazo salbiy sabablar bilan uning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. Lekin milliy sud qonunchiligida ushbu intizomiy jazo chorasi natijasida sudya yana sudyalik lavozimini egallashi mumkin yoki mumkin emasligi haqidagi masala ochiq qolgan. Bizning fikrimizcha, sudyalik lavozimiga nomzodlarning lavozimga saylanishi, tayinlanishi mumkin bo‘lmagan holatlardan biri sifatida, “sudya vakolatlarini muddatidan ilgari tugatilishiga olib kelgan intizomiy jazo chorasi qo‘llanganidan 1 yil o‘tmagan bo‘lsa” asosini ham “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunda belgilab qo‘yish lozim. Nega 1 yil? Chunki sudya jazo chorasini olganidan 1 yil davomida intizomiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladigan harakatlarni sodir qilmasa, u intizomiy javobgarlikka tortilmagan deb sanalishi kerakligi milliy sud qonunchiligimizda qat’iy belgilangan. Gruziya Respublikasining “Umumiy sudlar to‘g‘risida”gi organ Qonuni 34-moddasida kimlar sudya bo‘lolmasligi aniq belgilangan bo‘lib, bu davlat huquqiy normalaridagi o‘ziga xoslik shundaki, “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Gruziya Qonunining99 20-moddasi 6-bandida nazarda tutilgan tartibda korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etgani uchun sudyalik lavozimidan ozod etilgan shaxs sudyalik lavozimiga nomzod bo‘la olmaydi. “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Gruziya Qonunining 20-moddasi 6-bandida esa quyidagi tartib mavjud: “Agar ushbu qonun talabini buzgan va qilmishi uchun intizomiy javobgarlik chorasi qo‘llanilgan davlat xizmatchisi 3 yil mobaynida ushbu Qonunda nazarda tutilgan yangi huquqbuzarlik sodir etgan bo‘lsa, unga nisbatan xizmatdan majburiy ozod qilish chorasi qo‘llaniladi”. Bizning fikrimizcha, ushbu xizmatdan majburiy ozod qilish chorasi har qanday korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarda va har qanday davlatda qo‘llanilishi o‘rinli. Nima sababdan? Chunki korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar faqat qaysidir bir davlat uchun emas, balki istalgan jamiyat uchun katta xavfdir. J.Begatov, J.Choriyevlar bu borada o‘z fikrlarini bildirib, alohida ta’kidlaganlaridek: “Korrupsiya har qanday jamiyatning siyosiy va iqtisodiy rivojlanishiga zarar yetkazadi, davlatning konstitutsiyaviy asoslari va jamiyatning ma’naviy-axloqiy asoslariga, qonun ustuvorligiga, fuqarolarning huquq va erkinliklariga jiddiy putur yetkazadi100. Shunday ekan, korrupsiya bilan bog‘liq qonunga zid harakat sodir qilgan shaxslar ular oz miqdorda yoki katta miqdorda manfaatdor bo‘lganligidan yoki davlat, xalq manfaatlariga qanchalik zarar yetkazganligidan qat’i nazar, sudyalik lavozimiga nomunosib, deb hisoblaymiz. Shuning uchun ham pora bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs 1 yil muddat davomida sudyalik lavozimiga nomzod bo‘lmasligi kerak, degan taklifni ilgari suramiz. Muddatning 1 yil bo‘lishi esa intizomiy jazo chorasi uchun yuqorida belgilagan muddatimiz mazmuni bilan bir xil, ya’ni jazoni o‘tash muddati tugagach, shaxs 1 yil davomida yana ma’muriy huquqbuzarlik sodir etmasa, uni ma’muriy jazoga tortilmagan deb hisoblaymiz. Demak, ham intizomiy jazo chorasi, ham ma’muriy jazo qo‘llanganda shaxs o‘zi uchun 1 yil davomida tegishli xulosa chiqarib olishi kerak. Bu insonparvarlik prinsipidan kelib chiqib, shaxsning axloqan tuzalishiga, yangi huquqbuzarlik sodir etmasligiga xizmat qiluvchi zarur va yetarli chora deb hisoblaymiz. Yuqoridagi davlatlarning qonunchiligini chuqur o‘rganish va tahlil qilish orqali quyidagi xulosalarga kelish mumkin: Birinchidan, ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilingan shaxsning aybi qonunda belgilangan tartibda isbotlanmaguncha va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlanmaguncha uni sudyalik lavozimiga nomzod bo‘lish huquqidan mahrum qilish noo‘rin. Ikkinchidan, Litva, Gruziya, Qozog‘iston kabi davlatlar tajribasida intizomiy javobgarlik chorasi qo‘llanilgan sudyaning yana sudyalikka nomzod bo‘lishiga oid qat‘iy cheklovlar talab sifatida belgilanganidan kelib chiqib, milliy “Sudlar to‘g‘risida”gi normativ-huquqiy hujjatimizda sudyaning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatilishiga olib kelgan intizomiy jazo chorasining qo‘llanganligi asosini ham sudyalik lavozimiga nomzod bo‘lish mumkin bo‘lmagan asoslardan biri sifatida kiritish lozim. Uchinchidan, korrupsion holat bilan bog‘liq har qanday holat, u jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik bo‘lishidan qat’i nazar, uni sodir qilgan shaxsni sudyalik lavozimiga nomzod bo‘lish huquqidan mahrum qilishi kerak. Download 116.44 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling