Toshkent davlat yuridik universiteti sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura kafedrasi
Yuridik ixtisoslik bo‘yicha ish stajiga ega bo‘lish va yosh senzi
Download 116.44 Kb.
|
19.05.2023 Nabiyev Bobur bitiruv malakaviy ishi
2.2. Yuridik ixtisoslik bo‘yicha ish stajiga ega bo‘lish va yosh senzi
sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan shaxslarga qo‘yiladigan zaruriy talablar sifatida Sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan nomzodlar uchun yuridik ixtisoslik bo‘yicha ish stajiga ega bo‘lish talabi ham mavjud bo‘lib, turli bo‘g‘indagi sudlarda yuridik ixtisoslik bo‘yicha talab qilinadigan ish satji muddatlari ham turlicha ko‘rinish oladi. E’tiborli jihati shundaki, yuridik ixtisoslik bo‘yicha ish stajiga ega bo‘lmagan shaxs sudyalik lavozimiga nomzod bo‘la olmaydi. Ushbu norma orqali yuridik ixtisoslik bo‘yicha ish stajining ahamiyatini bilib olsakda, aynan qaysi lavozimlarda mehnat faoliyatini olib borganlik uchun yuridik ixtisoslik bo‘yicha ish stajiga ega bo‘lish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida aniq belgilab berilmagan. Xorijiy davlatlar, xususan Rossiya Federatsiyasi tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, “Rossiya Federatsiyasida sudyalarning maqomi to‘g‘risida”gi Qonun 4-moddasida yuridik ixtisoslik bo‘yicha ish stajining 4 xil ko‘rinishi mavjud bo‘lib, ular quyidagilar: a) Konstitutsiyaviy sud sudyasi uchun 15 yildan kam bo‘lmagan; b) Oliy sud sudyasi uchun 10 yildan kam bo‘lmagan; c) viloyat sudlari, federal miqyosdagi shahar sudlari kabi o‘rta bo‘g‘in sudlari sudyalari uchun 7 yildan kam bo‘lmagan; d) tuman sudi kabi quyi bo‘g‘in sudlari sudyalari uchun esa 5 yildan kam bo‘lmagan yurisprudensiya sohasidagi ish staji talabi qo‘yilgan. Shu bilan birga, yurisprudensiya sohasidagi ish stajiga quyidagilarning ish vaqti kirishi aniq belgilanganligi ham e’tiborni tortadi: 1) Rossiya Federatsiyasining oliy yuridik ma’lumotni talab qiladigan davlat lavozimlari, Rossiya Federatsiyasining ta’sis subyektlarining davlat lavozimlari, davlat xizmati lavozimlari, munitsipal lavozimlar, SSSR, SSSR ittifoq respublikalari, RSFSR va Rossiya Federatsiyasi davlat organlaridagi lavozimlar. Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasi qabul qilinishidan oldin mavjud bo‘lgan tashkilotlarning yuridik xizmatlaridagi lavozimlar, ilmiy tashkilotlardagi lavozimlar; 2) advokat yoki notarius sifatidagi kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha yuridik fanlar o‘qituvchisi. Demak, advokat kabi lavozimlarda ishlaganlik yurisprudensiya sohasidagi ish stajiga kirishi aniq sanab o‘tilgan. Qozog‘iston Respublikasi “Qozog‘iston Respublikasi sudyalarining maqomi va sud tizimi haqida”gi Konstitutsiyaviy Qonuni 29-moddasidan esa yuridik mutaxassislik bo‘yicha 3 xil davrni o‘z ichiga olgan talablar mavjudligini bilish mumkin bo‘lib, ularga to‘xtalamiz: 1) kamida 5 yillik ish stajiga ega shaxs tuman sudining sudyasi bo‘lishi; 2) kamida 15 yillik, shundan kamida 5 yilida sudya sifatida ish stajiga ega bo‘lgan shaxs viloyat sudi sudyasi bo‘lishi; 3) 20 yillik, jumladan, 10 yilida sudya sifatida ish stajiga ega va kamida 5 yilida tuman sudida sudya sifatida ish stajiga ega shaxs Oliy sudning sudyasi bo‘lishi mumkin. Shuningdek, qayd etish joizki, bo‘sh sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlashda nomzodning nafaqat sudda, balki prokuratura organlarida va advokat sifatida ishlaganligi ham hisobga olinishi davlatning sud huquq qonunchiligida belgilangan. Moldova Respublikasi “Sudyalarning maqomi haqida”gi Qonuni 6-moddasida yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida 5 yillik ish stajiga ega nomzod sudya bo‘lishi mumkinligi umumiy talab hisoblanib, apellatsiya palatasi sudyalari uchun kamida 6 yillik va Oliy sud palatasining sudyasi etib tayinlanish uchun kamida 10 yillik sudya sifatida ish stajiga ega bo‘lish talab qilingan. Shu o‘rinda, sudyalik lavozimiga nomzod uchun kerak bo‘lgan yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish staji haqida alohida to‘xtalingan va unda yuridik ixtisosligi bo‘yicha ish stajiga litsentsiat huquq diplomiga ega bo‘lgan shaxs prokuror, tergovchi, advokat bo‘lib ishlagan, Hisob palatasi a’zosi bo‘lib ishlagan davrlari va boshqa barcha yuridik staj sifatida hisoblanishi mumkin bo‘lgan davrlar davlatning sud qonuni doirasida tartibga solingan. Yuqoridagi Rossiya, Qozog‘iston, Moldova davlatlari qonunchiligini tahlil qilish shuni ko‘rsatmoqdaki, ularning barchasida quyi sudlardan yuqori sudlarga qarab sudyalik lavozimi uchun yuridik ish staji muddatiga qo‘yilgan talablar ortib bormoqda. Bundan tashqari, ularning barchasida yuridik ish stajiga aynan qaysi lavozimlarda ishlagan davr kirishi aniq belgilangan. Bunday qonunchilikdagi aniqlikni Litva Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunida ham uchratish mumkin. Ta’kidlash lozimki, uning 53-moddasida nomzoddan yuridik mutaxassislik bo‘yicha 5 yildan kam bo‘lmagan ish staji talab qilinishi belgilanib, yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga alohida normalar orqali to‘xtalingan va ular quyidagilardan iborat: a) yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish staji shaxs yuridik ta’lim olgan va yuridik lavozimlar ro‘yxatida nazarda tutilgan ishlarni boshlagandan hisoblanadi; b) yuridik lavozimlar ro‘yxati hukumat yoki u vakolat bergan organ tomonidan tasdiqlanadi; c) shaxsning yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga shubha tug‘ilgan taqdirda uni Adliya vaziri tomonidan tuzilgan komissiya tan olishi mumkin. Demak, Litva Respublikasida aynan yuridik lavozimlar masalasida vakolatli organ ro‘yxati mavjud ekan va bu ro‘yxat bizga blanket dispozitsiya orqali bildirilyapti. Gruziya Respublikasining “Umumiy sudlar to‘g‘risida”gi organ Qonuni 34-moddasi 1-qismiga asosan mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yillik ish stajiga ega shaxs sudya etib tayinlanishi yoki saylanishi mumkinligi belgilangan. “Mutaxassislik bo‘yicha ish staji deganda nimani tushunishimiz kerak?” degan muammoli vaziyatga K.G.Paltseva alohida to‘xtalgan va uning fikricha, “mutaxassislik bo‘yicha ish staji ma’lum bir lavozimda yoki lavozimlar guruhida o‘tkazilgan vaqtni o‘z ichiga oladi. Masalan, sudyalik stajiga sudya sifatida ishlagan vaqt va boshqa ayrim lavozimlarda, masalan, sudya yordamchisi lavozimida ishlagan vaqt kiradi82”. Ushbu tarif orqali qanday kasblarda ishlab, sudya bo‘lish mumkinligi anglashilmaydi, chunki buni qonunchilikda tartibga solish lozim. K.G.Paltseva o‘z xulosasida aytganidek, mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga aniq nima kiritilganligi to‘g‘risida aniq qonuniy norma yo‘q. Bu shuni anglatadiki, muassasalar (korxonalar, davlat idoralari va boshqalar) o‘zlarining ichki qoidalarida ishlangan davr bunday maxsus ish stajiga kiritilganmi yoki kiritilmaganligini belgilashi mumkin. Demak, Gruziya Respublikasining sud qonunchiligida mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga nimalar kirishi aniq belgilanmagan bo‘lib, xuddi shunday noaniqlikni Tojikiston Respublikasining “Tojikiston Respublikasi sudlari to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunida ham uchratish mumkin. Yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish staji talabi borasida xorijdagi olimlar, xususan yuridik fanlar doktori V.A.Efanovaning fikricha, “sud hokimiyati jamiyat manfaatlarini munosib darajada ifodalashi va himoya qilishi, qonunga doir nizolarni hal etishi uchun uni faqat sud tizimidagilardan emas, balki shu jamiyat vakillaridan shakllantirish zarur83”. Bu orqali V.A.Efanova sudyalarni faqat sud tizimida ishlaganlardan saralab olinishiga qarshi chiqadi. Boshqa sohada ishlaganlarga ham sudyalikka nomzodlik vakolatini berishni yoqlaydi. Bu fikr o‘rinli, chunki, masalan, prokuratura, adliya organlarida yoki advokat lavozimida faoliyat yuritganlar ham sudyalikka nomzod bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Chunki ular ham yurisprudensiya sohasida tajribaga ega hisoblanishadi va ularni ham birdan sudyalik lavozimiga tayinlamasdan, avval bu lavozimga maxsus o‘quv kurslar orqali tayyorlash mumkin. R.Y.Petrova, D.G.Piksinlar ham bu masalada o‘z fikrlarini bildirib, quyidagilarni alohida ta’kidlaydilar: “1997-yilda tayinlangan Konstitutsiyaviy sudning sudyasi L.M.Jarkova ilmiy darajaga ega emas, lekin u huquqiy sohada, xususan, notariat, adliya sohasida boy amaliy tajribaga ega, Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasi loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etgan84”. Bu fikr orqali ular sudya bo‘lish uchun faqat ilmiy darajaga qaramaslikni, balki nomzodning amaliyotdagi tajribasiga e’tibor qaratishni lozim, deb bilishadi. R.Y.Petrova, D.G.Piksinlar nomzodning notariat, adliya sohasida ishlagan bo‘lishini, qonunchilik loyihalarini ishlab chiqishda qatnashganligini nomzod uchun ijobiy jihat deb bilishadi. A.A.Karavanov esa o‘ziga xos yondashuvga ega bo‘lib, sudyalikka nomzodlarning ko‘pchiligi prokuraturada va boshqa ayblov pozitsiyasidagi organlarda ishlagan bo‘lishiga qarshi chiqadi, uning aytishicha, “yuridik fakultetni tamomlagandan so‘ng, faqat tegishli kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan sudya vazifasini bajarishga e’tibor qaratish sudning mustaqilligi, xolisligi va sudning ixtiyoriga ko‘ra qaror qabul qilishning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishini ta’minlaydi85”. Bu fikr orqali A.A.Karavanov sudyalikka nomzod uchun eng yaxshi ish staji – sudya sifatidagi ish staji, demoqchi. Xorijiy davlatlar amaliyotini tahlil qilish asosida N.K.Jukokova ham A.A.Karavanov fikrini inkor qilmagan holda, unga o‘xshash xulosalarga keladi. Uning fikriga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, u shunday deydi; “Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida sudyalik lavozimiga kirishishdan oldin nomzodlar advokaturada (Buyuk Britaniya va AQShda – har biri 15-20 yil) yoki stajorlar va sudya yordamchilari (Fransiya) lavozimlarida puxta tayyorgarlikdan o‘tadilar. So‘zsiz amaliyot mavjud bo‘lib, sudyalik faoliyatida ma’lum tajribaga ega bo‘lgan sudya yuqori sudning sudyasi bo‘lishi mumkin. Shu munosabat bilan, sudyalik ish tajribasining majburiy bo‘lishi to‘g‘risidagi talabni belgilash zarur86”. Bu qarash orqali N.K.Jukokova sudyalik ish tajribasi –yuqori bo‘g‘in sudlari uchun nomzodda bo‘lishi kerak bo‘lgan asosiy jihatlardan biri ekanligini eslatadi. Shuningdek, u Buyuk Britaniya, AQSHda sudyalikka nomzodlar advokaturada ham bir necha yil ishlashi misolini keltiradi. Shu o‘rinda, qayd etish joizki, 2020-yil 10-aprelda loyihalar portaliga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura institutini yanada takomillashtirish va advokatlar maqomini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi87. Uning 4-bandida “advokatlik kasbining obro‘sini oshirish hamda har tomonlama tajribaga ega bo‘lgan sudyalik korpusini shakllantirish maqsadida, 2025-yil 1-yanvardan sudyalikka nomzodlarga qo‘yiladigan majburiy talablardan biri bo‘lib advokat sifatida 2 yildan kam bo‘lmagan ish stajining mavjud bo‘lishi” fikri ham bor edi. Xorijiy davlatlar olimlari fikrlarini tahlil qilganimizda, ba’zilar notariat, advokaturada va suddan boshqa davlat organlarda ham ishlagan bo‘lish sudyalikka nomzod uchun ijobiy jihat deb bilishsa, ba’zilar bunday fikrda emas. Aynan mana shu masalada, bizning nazarimizda, sudyaning vazifasi shaxsni ayblash yoki oqlash emas. Agar sudyalikka nomzod faqat advokat sifatidagi ish stajiga ega bo‘lsa jazoni yengillashtiruvchi yoki oqlov hukmi chiqarishga ko‘proq moyil bo‘ladi. Aksincha, agar sudyalikka nomzod faqat davlat ayblovini qo‘llab-quvvatlovchi shaxs lavozimida faoliyat yuritgan bo‘lsa, u sudlanuvchi qilgan qilmishning jinoyat obyektiga qanchalik ta’sir ko‘rsatganiga e’tibor qaratib, o‘zi bilmagan holda ayblov pozitsiyasida bo‘lib qolishi mumkin. Agar biz bo‘lajak sudyaga qanchadir muddat, masalan, 1 yil advokat bo‘lish talabini qo‘yadigan bo‘lsak, unda unga prokuratura organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri – sudlarda jinoyat ishlari ko‘rib chiqilayotganda davlat ayblovini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida ham shuncha muddat ishlaganlik talabini qo‘yishimiz kerak. Shunda sudyalikka nomzod har ikkala pozitsiyani yaxshiroq tushunadi, uning vazifasi esa har ikkala pozitsiyaga o‘xshamasligini anglaydi. Sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan nomzodlar uchun milliy sud qonunchiligimizda 35 yoshga to‘lganlik talabi ham mavjud bo‘lib, bu yosh amaliyotda faqat quyi bo‘g‘in sudlarida sudya lavozimini egallash imkonini bersada, qonunchilikda barcha bo‘g‘in sudlari uchun umumiy talab sifatida belgilangan. Yoshga oid talab fuqarolarning manfaatlariga bevosita ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan boshqa subyektlarda qanday? Masalan, O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonuni 43-moddasi 3-qismiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroridan tortib, tumanlar, shaharlar prokurorlarigacha lavozimga 25 yoshdan kichik bo‘lmagan shaxslar tayinlanadi. Yoki saylov kuni 25 yoshga to‘lgan shaxs Senat a’zosi bo‘lishi mumkinligi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 6-moddasi 1-qismida belgilangan. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 6-moddasi 1-qismida ham Qonunchilik palatasining deputati bo‘lish uchun saylov kuni 25 yoshga to‘lganlik talabi mavjud. O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 25-iyundagi Saylov kodeksi88 90-moddasi 1-qismida esa Saylov kuni 21 yoshga to‘lgan shaxs mahalliy Kengashlar deputatligiga saylanish huquqiga egaligi belgilangan. Yuqoridagi subyektlar ham o‘z vakolatlari bilan O‘zbekiston xalqining manfaatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadilar. Ularga ham butun bir mamlakat manfaati o‘ylangan holda talablar qo‘yilgan va bu talablarning birinchisi bo‘lgan yosh chegarasida farqlar mavjudligi ko‘rinib turibdi. Bunday farqlanish sud tizimining o‘zida ham bo‘lishi mumkin. Masalan, Rossiya Federatsiyasi qonunchiligida 4 xil yosh chegarasi belgilangani va quyi bo‘g‘in sudlaridan yuqori bo‘g‘in sudlariga qarab yosh chegarasining ham oshib borishini tahlil qilgan edik. Yana boshqa xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganadigan bo‘lsak, masalan, Qozog‘iston Respublikasida “Qozog‘iston Respublikasi sudyalarining maqomi va sud tizimi haqida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 29-moddasi 1-bandida fuqaro tuman sudining sudyasi etib tayinlanishi uchun 30 yoshga to‘lgan bo‘lish talabi qo‘yilgan. Ushbu davlatda tuman sudlari quyi bo‘g‘in bo‘lib, yuqori bo‘g‘in sudlari uchun alohida talablar bor. Masalan, ish staji qancha bo‘lishi kerakligi. Shundan kelib chiqsa, yuqori bo‘g‘in sudyalari yoshi 30 yoshdan katta bo‘ladi, lekin eng quyi ko‘rsatkichi – 30 yoshligini bilishimiz mumkin. Xuddi shunday talab Moldova, Gruziya Respublikasi sud qonunchiligida ham belgilangan. Belarus Respublikasining Sud tuzilmasi va sudyalarning maqomi to‘g‘risidagi kodeksi 76-moddasida umumiy yurisdiksiya sudining sudyasi lavozimiga nomzodga qo‘yiladigan talablardan biri nomzodning 25 yoshga to‘lganligi hisoblanadi. Tojikiston Respublikasi “Tojikiston Respublikasi sudlari to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunining 12-moddasida esa sudyalik lavozimini egallash uchun nomzodlarga Oliy sud, Oliy xo‘jalik sudi, Tog‘li-Badaxshon avtonom viloyati sudlari, viloyatlar va Dushanbe shahri sudlari sudyasi uchun 30 yoshdan kichik bo‘lmaslik, quyi bo‘g‘in sudlari sudyasi uchun 25 yoshdan kichik bo‘lmaslik talabi qo‘yilgan. Yosh senzi masalasida mamlakatimizda olimlardan, xususan D.Bozorova “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan sudyalik lavozimiga nomzodlarning yosh chegarasini qayta ko‘rib chiqish, bunda fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudining, tuman (shahar) iqtisodiy sudining, tuman (shahar) maʼmuriy sudining sudyasi lavozimiga nomzodlarning yoshini 30 yosh etib belgilanishini maqsadga muvofiq”, – deb hisoblaydi89. Nega faqat shu sudlar uchun 30 yosh taklif qilinyapti? Chunki D.Bozorovaning fikricha, “inson taqdiri bilan bog‘liq ravishda unga nisbatan sud hukmlarini eʼlon qilish, jazo tayinlash masʼuliyatini hisobga olgan holda faqatgina jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining sudyasi lavozimiga nomzodlarning yoshini 35 yosh etib belgilanishi o‘rinli. Shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyalik lavozimiga nomzodlikka asosiy talablardan biri sifatida “oilalik bo‘lish” talabining ham kiritilishi, bugungi kunda oshib borayotgan oilaviy ajrashish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishda va sudyalarga alohida masʼuliyatni yuklashida muhim ahamiyat kasb etadi”90. Fikrimizcha, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ham, iqtisodiy sudlarda ham “inson taqdiri” bilan bog‘liq qonuniy yechimga kelinishi mumkin. Masalan, oilaviy ajrashish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishda agar ularning bolasi bo‘lsa, u kimga qoladi, degan masalani hal qilish nafaqat bolaning, balki uning ota-onasining ham “taqdiri bilan bog‘liq”. Yoki iqtisodiy ishlarda qaysidir bir yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatining tugatilishi, ushbu faoliyat orqali daromad topadigan shaxsning manfaatlariga jiddiy ta’sir qilishi, uning “taqdiri bilan bog‘liq” qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bilan birga, oilalik bo‘lish talabi esa oilaviy ajrashish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishda sudyalarga alohida masʼuliyatni yuklashi mumkin, lekin boshqa fuqarolik yoki iqtisodiy ishlarda muhim ahamiyat kasb etadi, deb hisoblamaymiz. Masalan, oldi-sotdi bilan bog‘liq ishlarda muhimi qonunchilikni amaliyotda to‘g‘ri qo‘llay olish, adolat bilan xulosa qilishdir. D.Bozorova 30 yosh taklifini ilgari sursa, ko‘pgina olimlar va amaliyotchilar yosh masalasini tahlil qilib, “sudyalar lavozimiga nomzodlar uchun yosh talablari konstitutsiyaviy tartib bilan kamida 28 yoshga oshirilishi kerakligini va bu yangilik barcha sudlar sudyalari uchun yosh talablarini o‘zgartirishni” V.A.Efanova o‘z ilmiy o‘rganishlarida qayd etib o‘tgan91. Albatta, V.A.Efanova aytganidek, kamida 28 yosh talabi qo‘yilsa, quyi bo‘g‘indan yuqori bo‘g‘in sudlariga qarab bu yosh, tabiiyki, oshib boradi. D.Bozorova 35 yosh “inson taqdiri” bilan bog‘liq hukm chiqarish uchun o‘rinli deb hisoblasa, shunga o‘xshash fikrni, ya’ni yosh chegarasini oshirish fikrini qo‘llab-quvvatlovchi qarashlar mavjud. Jumladan, Y.V.Shedrina “25 yoshga kelib “taqdirlarni belgilash” uchun hayotiy tajribaning yetishmasligi sudyalik lavozimiga nomzodlar uchun belgilanadigan yosh talabini oshirish bo‘yicha beriladigan takliflar sababidir”92deydi. Ya’ni bunda “inson taqdiri”ni belgilash uchun, hayotiy tajriba kerakligiga asosiy urg‘u beriladi. S.V.Kornakova, I.A.Sherbakovalarning fikricha, “25 yoshda sudyalik lavozimini egallash uchun zarur bo‘lgan kamida 5 yillik yuridik tajribaga ega bo‘lish deyarli mumkin emas, sudyalik lavozimiga nomzodning optimal yoshi 30 yosh”93. Shuningdek, 25 yoshdagi nomzodning hayot tajribasi kam, sudyalik lavozimiga munosib emasligini V.Blajeyev ham quyidagi fikrlari bilan tushuntirishga urinadi: “Mamlakatimizda ba’zan sudyalik lavozimini haqiqatdan ham hayotni, qonunlarni bilmaydigan kechagi talaba egallab turadi. Odil sudlovni faqat 30 yoshdan oshgan yetuk yuristgina amalga oshirishga qodir, deb hisoblayman”94. V.Blajeyevning “hayotiy tajribasi kam bo‘lgan sudya” degan qarashlarini o‘rinli deb hisoblasakda, “qonunlarni bilmaydigan talaba” degan fikriga qo‘shila olmaymiz. Chunki, birinchidan, qonunlarni oliy o‘quv yurtida egallash har qanday yuridik mutaxassislik bo‘yicha ta’lim beradigan universitet maqsadidir. Ikkinchidan, sudyalikka har qanday nomzod ham tanlanavermaydi: bunda har bir davlatda o‘ziga xos nomzodning qonunchilik sohasida olgan bilimini imtihon qilish bosqichi mavjud. D.S.Chakar ham yosh masalasiga o‘ziga xos uslubda yondashib, nega 30 yoshdan yuqori bo‘lgan nomzodlar eng ma’qul ekanligini tushuntirishga harakat qiladi: “Hozirgi vaqtda oliy ta’lim muassasasining mutaxassislik yo‘nalishi bo‘yicha ham, bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha ham uni tamomlagan bitiruvchining o‘rtacha yoshi 23-24 yoshni tashkil etadi. Yana yuridik kasb bo‘yicha kamida 5 yil ish tajribasi kerak. Shunday qilib, 31-45 yosh – sudyalik lavozimiga imtihon topshirish va keyinchalik ushbu lavozimga tayinlanish uchun eng maqbul yosh”95. A.A.Xamrayev esa “Konstitutsiyaviy sud sudyaligiga nozmodning yoshi 25 yoshdan kam bo‘lmasligi kerak”96 ligini alohida ta’kidlaydi. Shu o‘rinda, bir jihatni e’tiborga olish kerakki, umumiy talab sifatida nomzodga, masalan, 35 yosh belgilangani bilan u bu yoshda barcha bo‘g‘in sudlarida ham sudyalik lavozimini egallay olmaydi. Chunki biz yuqoridagi xorijiy davlatlar qonunchiligi tahlilida ba’zi sudlarda sudya bo‘lish uchun sudya sifatida ishlaganlik bo‘yicha ish staji kerakligini bildik. Demak, biz sudya bo‘lish uchun eng quyi yosh chegarasini belgilasak, ish staji hisobiga yuqori bo‘g‘in sudyalari yoshi ushbu yoshdan oshgan bo‘ladi. Bizning nazarimizda, milliy sud qonunchiligida ham shuni to‘g‘ridan to‘g‘ri belgilab ketish o‘rinli. Chunki qonunning bir normasidan 35 yoshga kirgan shaxs sudya bo‘la olarkan deb tushunsak, boshqa bir normasidan 35 yoshga kirgan shaxs, masalan, Oliy sud sudyasi, Toshkent shahar sudi sudyasi bo‘la olmaskan, degan mazmun kelib chiqyapti. Yuqoridagi davlatlarning qonunchiligini, olimlarning fikrlarini chuqur o‘rganish va tahlil qilish natijasida quyidagi xulosalarga kelish mumkin: birinchidan, Rossiya, Qozog‘iston, Moldova kabi davlatlar tajribasini milliy qonunchilik amaliyotida qo‘llagan holda, yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga aynan qaysi lavozimlarda ishlanganlik davri kirishi aniq belgilanishi shart. ikkinchidan, bo‘lajak sudyaga qanchadir muddat advokat bo‘lish talabi qo‘yiladigan bo‘lsa, unda unga sudda davlat ayblovini quvvatlovchi davlat organida ham qanchadir muddat ishlash talabini ham qo‘yish maqsadga muvofiq. uchinchidan, Rossiya Federatsiyasida bo‘lgani kabi talab sifatida sudlarda har bir bo‘g‘in uchun alohida yosh chegaralarini belgilash kerak. to‘rtinchidan, shaxs oliy o‘quv yurtini bitirib, taxminan 5-7 yillik ish tajribasiga ega bo‘lguncha 30 yoshga kirib qoladi. Demak, 30 yosh – sudya bo‘lish uchun eng quyi chegara bo‘lishi o‘rinli. Download 116.44 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling