Toshkent davlat yuridik universiteti
Tashish shartnomalari bo`yicha taraflarning
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
4. Tashish shartnomalari bo`yicha taraflarning javobgarligi 233 FKning 718-moddasiga ko`ra, tashishdan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmagan yoki tegishli suratda bajarmagan taqdirda, taraflar FKda, transport ustavlari va kodekslarida, shuningdek, taraflarning kelishuvida belgilangan tarzda javobgar bo`ladilar. Bunda fuqarolik-huquqiy javobgarlikning asosan mulkiy xarakterda bo`lishini nazarda tutish kerak. Transport tashkilotlarining yo`lovchilar va yuk egalari bilan tashuvchining qonunda belgilangan javobgarligini cheklash yoki bartaraf etish haqidagi kelishuvi haqiqiy emas. Binobarin, ularga nisbatan FKning haqiqiy sanalmaydigan bitimlar haqidagi qoidalari qo`llaniladi. Tashish shartnomalari bo`yicha mulkiy javobgarlik shartnoma yuzasidan olingan majburiyatlarni bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslikdan kelib chiqib, FKning 333-moddasiga ko`ra javobgarlikka tortishning asosiy sharti aybdir. Unga binoan qarzdor aybli bo`lgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo`lsa, javob beradi. Ayni paytda majburiyatni lozim darajada bajarish uchun o`ziga bog’liq bo`lgan hamma choralarni ko`rganligini isbotlasa, u aybsiz deb topiladi. Mamlakatimizda shartnomaviy-huquqiy munosabatlarni tartibga solishning yana bir huquqiy asosi – “Xo`jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to`g’risida”gi qonuni bo`lib, uning 24, 34-moddalari- ga ko`ra, taraflardan biri shartnoma majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda bir taraf boshqa tarafga neustoykadan tashqari, etkazilgan zararni ham to`laydi. Bunda ko`rilgan zararga shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi munosabati bilan taraf qilgan xarajatlar, mol-mulkning yo`qolishi yoki shikastlanishi, shuningdek, agar ikkinchi taraf shartnoma majburiyatlarini bajarganida boshqa taraf olishi muqarrar bo`lgan, ammo ololmay qolgan daromadlari ham kiradi. Jumladan, FKning 719-moddasida tashuvchining transport vositalarini bermaganlik, jo`natuvchining esa berilgan transport vositalaridan foydalanmaganlik uchun javobgarligi belgilangan. Unga ko`ra, tashuvchi tashkilot yuk tashish uchun transport vositalarini qabul qilingan talabnoma (buyurtma)ga yoki boshqa tashish shartnomasiga muvofiq bermaganligi uchun, jo`natuvchi esa yukni taqdim etmaganligi yoki berilgan transport vositalaridan boshqa sabablarga ko`ra foydalanmaganligi uchun transport ustavlari va kodekslari, shuningdek, taraflarning kelishuvlari bilan belgilangan tarzda javobgar bo`ladilar. Ayni paytda transport vositalarini bermaslik yoki o`z vaqtida bermaslik yoxud transport vositalaridan foydalanmaslik biron-bir engib bo`lmas kuch yoki boshqa favqulodda hodisalar, harbiy harakatlar tufayli yoxud muayyan yo`nalishlarda yuk tashish tegishli transport ustavlari, kodekslarida belgilangan tartibda to`xtatib yoki cheklab qo`yilganligi tufayli yuz bergan bo`lsa, bunday hollarda yuk tashuvchi va yuk jo`natuvchi javobgarlikdan ozod bo`ladilar. Bunday hollarda tashuvchilar va mijozlar o`rtasidagi shartnoma munosabatlari O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki davlat hokimiyati mahalliy organlarining qaroriga binoan to`xtatib turilishi mumkin (O`zbekiston Respublikasining 234 “Avtomobil transporti to`g’risida”gi qonuni). Ayni paytda bunday hollardan kelib chiqadigan da’vo muddatlarining o`tishi ham to`xtatiladi (FK, 156-modda). Yo`lovchi tashish uchun transport vositasini kechiktirib jo`natganlik yoki bunday transport vositasi manzilga kechikib kelganligi uchun tashuvchi, agar kechikish engib bo`lmas kuch yoxud unga bog’liq bo`lmagan boshqa holatlar tufayli yuz berganini isbot qilib bera olmasa, yo`lovchiga jarima tariqasida neustoyka to`laydi. Shahar va shahar atrofi yo`nalishlaridagi tashish bunga kirmaydi. Shuni aytish kerakki, tashuvchi yo`lovchiga jarima to`lashdan tashqari, yo`lovchining shu tufayli ko`rgan haqiqiy zararini ham to`laydi. Havo kodeksining 118-moddasiga ko`ra, pochtani yo`qotganlik, unga ziyon etkazganlik yoki kechiktirganlik uchun – agar bu tashuvchi aybi bilan yuz bergan bo`lsa – tashuvchi Jahon Pochta Ittifoqining (ma’lumot uchun: O`zbekiston Respublikasi – 1992 yil aprelidan JPI (UPU) a’zosi) pochta qoidalari va hujjatlariga muvofiq, pochta jo`natuvchilar yoki pochtani oluvchilar oldida aloqa organlari belgilaydigan miqdorda javobgar bo`ladi. “Avtomobil transporti to`g’risida”gi, “Temir yo`l transporti to`g’risida”gi qonunlarga asosan tashuvchi tashish paytida yo`lovchining hayoti yoki sog’lig’iga shikast etkazganligi uchun, agar u shikast jabrlanuvchining qasd yoki engib bo`lmas kuch tufayli yuz berganligini isbotlay olmasa, javobgar bo`ladi. Shuning uchun qonunchilik mijoz (iste’molchi)larning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatlab, jumladan, avtomobil transporti sohasida – xalqaro va shaharlararo yo`nalishlarda, havo, temir yo`l transportining barcha yo`nalishlarida ularning majburiy shaxsiy sug’urta qilinishlarini shart qilib qo`yadi. Sug’urta munosabatlari FKning sug’urtaga oid, yuqorida qayd etilgan qonunlar, shuningdek, O`zbekiston Respublikasining 2002 yil 5 apreldagi “Sug’urta faoliyati to`g’risida”gi qonuniga hamda boshqa qonun hujjatlariga asosan amalga oshiriladi. Taraflarning javobgarligi “Xo`jalik yurituvchk subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to`g’risida”gi qonunda yanada keskinroq qo`yildi. Ushbu qonunning 25-moddasi mazmuniga ko`ra, tovarlarni yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborganlik, to`liq yetkazib bermaganlik, ishlarni bajarmaganlik yoki xizmat ko`rsatmaganlik hollarida tovar yetkazib beruvchidan, ishlarni bajaruvchidan, xizmatlar ko`rsatuvchidan kechiktirilgan har bir kun uchun majburiyat bajarilmagan qismining 0,5 foizi miqdorida penya undiriladi, biroq bunda miqdori yetkazib berilmagan tovarlar, bajarilmagan ishlar ko`rsatilmagan xizmatlar bahosining 50 foizidan oshib ketmasligi kerak. Shunisi e’tiborliki, penyani to`lash shartnoma majburiyatlarini buzgan tarafni asosiy majburiyatdan, ya’ni etkazilgan zararni to`lashdan ozod qilmaydi. Shuni aytish kerakki, shartnoma majburiyatlarining bajarilishi neustoyka, garov, qarzdorning mol-mulkini ushlab qolish, kafillik, kafolat, zakalat kabi usullar bilan ta’minlanadi. Yuqorida aytganimizdek, tashish shartnomalarida mijozlar (yuk jo`natuvchi va yuk oluvchilar) ham fuqarolik-huquqiy javobgar bo`ladilar. Eng avvalo, ular shartnoma majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda tashuvchiga etkazgan zarar (haqiqiy zarar, boy berilgan foyda)ni to`laydilar. Chunonchi, “Xo`jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy 235 bazasi to`g’risida”gi qonunga asosan ko`rsatilgan ishlar va xizmatlar haqini to`lashdan bosh tortganlik uchun mijozlar tashuvchiga to`lashni rad etgan yoki undan bosh tortgan summaning 15 foizi miqdorida jarima to`laydilar. Havo kodeksida shunday normalar belgilanganki, agar yuk qabul qiluvchi etib kelgan yukni yuk tashish qoidalarida belgilangan muddatlarda qabul qilib olmasa yoki qabul qilishdan voz kechsa, tashuvchi yuk jo`natuvchini xabardor qilib, uning hisobidan yukni o`zida saqlab turishga haqlidir. Yuk jo`natuvchi xabardor qilinganidan keyingi 30 kun ichida olib ketilmagan yuk egasiz deb hisoblanadi va u O`zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda sotuvga qo`yiladi. “Avtomobil transporti to`g’risida”gi, “Temir yo`l transporti to`g’risida”gi qonunlarga ko`ra, mijoz o`zining aybi bilan boshqa shaxslarga, tashuvchining va boshqa shaxslarning tashuvchi javobgar bo`lgan mol-mulkiga etkazilgan zarar uchun javobgar bo`ladi. Shuningdek, yuk jo`natuvchi transport hujjatlarida ko`rsatilgan ma’lumotlar noto`g’riligi, noaniqligi yoki to`liq emasligi tufayli yuzaga kelishi mumkin bo`lgan barcha zararlar uchun tashuvchi va uchinchi shaxs oldida javobgar bo`ladi. Download 5.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling