Toshkent davlat yuridik universiteti
§. Firma nomiga bo’lgan huquqning amal qilishi va uni boshqa
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
2 §. Firma nomiga bo’lgan huquqning amal qilishi va uni boshqa
shaxsga berish tartibi Yuridik shaxsning firma nomiga bo’lgan mutlaq huquqi O’zbekiston Respublikasi hududida amal qilishi, e’tirof etilishi, muhofaza qilinishining zarur sharti – bu nomning O’zbekiston Respublikasining vakolatli davlat idoralarida ro’yxatdan o’tkazdirilganligi va bu haqda dalolatnoma belgilanganligidir. Ushbu talabga rioya qilmaslik firma nomiga bo’lgan mutlaq huquq tan olinmasligiga sabab bo’ladi. Chet davlatda ro’yxatga olingan yoki umume’tirof etgan nomga (masalan, Samsung, Boing, Sony, Coca-Cola va hokazo) nisbatan mutlaq huquq O’zbekiston Respublikasi hududida quyidagi hollarda amal qilishi mumkin: a) agar bu O’zbekiston Respublikasi qo’shilgan xalqaro Konvensiyalar, bitimlar va boshqa hujjatlarda nazarda tutilgan bo’lsa; b) agar bu O’zbekiston Respublikasi bilan xorijiy davlatlar o’rtasidagi ikki tomonlama, ko’p tomonlama shartnomalar, bitimlarda nazarda tutilgan bo’lsa. Sanoat mulkini muhofaza qilish bo’yicha Parij Konvensiyasining 8- moddasida ko’rsatiladiki, Konvensiyaning ishtirokchisi bo’lish har bir davlat boshqa ishtirokchi xorijiy davlatda joylagan firma nomini uning o’zida qayd etilgan-etilmaganidan qat’i nazar (qayd etish haqidagi talab majburiyligidan qat’i nazar), huquqiy muhofaza qilish, mutlaq huquqini ta’minlashi lozim. O’zbekiston Respublikasi Parij Konvensiyasi ishtirokchisi hisoblanadi. Firma nomiga bo’lgan mutlaq huquq u qayd etilganidan boshlab bemuddat amal qiladi. Nom egasi bo’lgan shaxs tugatilganidan boshlab yoki uning firma nomini belgilangan tartibda o’zgartirish orqali firma nomiga bo’lgan mutlaq huquq bekor bo’ladi. Firma nomi o’zgartirilganda bu haqda oshkora-ommaviy e’lon qilinishi shart. Qonunning 8-moddasiga muvofiq, yuridik shaxs (litsenziar) o’z firma nomidan foydalanish uchun boshqa yuridik shaxsga (litsenziatga) qonun hujjatlariga muvofiq ular o’rtasida tuzilgan litsenziya shartnomasi yoki kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi asosida ruxsat berishi mumkin (masalan, FKning 862-moddasida belgilangan franshizing shartnomasini tuzish orqali), litsenziya firma nomidan foydalanish hollari, doirasi, buning uchun olinadigan haq miqdori, to’lash tartibi va shu kabi shartlarni o’z ichiga olishi lozim. Ayni vaqtda shartnomada litsenziar litsenziatga uning zimmasiga firma nomidan foydalanishda iste’molchini chalg’itib qo’yish, aldashiga olib kelishni istisno etuvchi choralar ko’rish majburiyatini yuklashi va uning bajarilishi ustidan nazorat qilishi lozim. 582 Bunday choralar ko’rilmagan taqdirda iste’molchining e’tirozlari litsenziat (boshqaning firma nomidan foydalanuvchi)ga emas, balki litsenziarga (firma nomining egasiga) qaratilishi mumkin. Litsenziya shartnomasida iste’molchini chalg’itishni istisno etadigan chora-tadbirlar nazarda tutilishi kerak. Firma nomiga bo’lgan huquqning boshqa shaxsga o’tishiga faqat yuridik shaxs qo’shib yuborish, qo’shib olish, bo’lish va ajratib chiqarish yo’li bilan qayta tashkil etilgan yoki butun korxona mulkiy majmua sifatida sotilgan hollardagina yo’l qo’yiladi. Yuridik shaxslar qo’shib yuborilganda va yuridik shaxs boshqa yuridik shaxsga qo’shib olinganda firma nomiga bo’lgan huquqning boshqa shaxsga o’tishi topshirish hujjatiga muvofiq amalga oshiriladi. Yuridik shaxs bo’linganda yoki u yuridik shaxs tarkibidan ajralib chiqqanida firma nomiga bo’lgan huquqning boshqa shaxsga o’tishi taqsimlash balansiga muvofiq amalga oshiriladi. Yuridik shaxsning firma nomiga bo’lgan huquqini begonalashtirish vakolatli davlat organida qayd etish va tegishli dalolatnoma berish orqali rasmiylashtiriladi. Firma nomini huquqiy jihatdan muhofaza qilish yuridik shaxs tugatilgan yoki uning firma nomi o’zgartirilgan taqdirda, tugatiladi. Firma nomidan noqonuniy foydalanish firma nomiga bo’lgan mutlaq huquqning buzilishi deb e’tirof etiladi. Agar tovar belgisiga (xizmat ko’rsatish belgisiga), domen nomiga bo’lgan huquq firma nomiga bo’lgan huquqdan ilgari olingan bo’lsa, tovar belgisida (xizmat ko’rsatish belgisida), domen nomida ushbu firmaning nomidan foydalanish firma nomiga bo’lgan mutlaq huquqning buzilishi deb e’tirof etilmaydi. Firma nomiga bo’lgan mutlaq huquqni undan noqonuniy foydalanishdan himoya qilish: yuridik shaxsning ishchanlik obro’sini himoya qilish maqsadida sud qarori to’g’risida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish; noqonuniy foydalanilgan firma nomini kontrafakt tovarlar, yorliqlar, idishlar va o’rovlardan huquqbuzar hisobidan olib tashlash; noqonuniy foydalanilgan firma nomini kontrafakt tovarlar, yorliqlar, idishlar va o’rovlardan olib tashlash mumkin bo’lmagan taqdirda, ularni huquqbuzar hisobidan yo’q qilib tashlash; kontrafakt tovarlar, yorliqlar, idishlar va o’rovlarni firma nomiga bo’lgan huquqqa egalik qiluvchi yuridik shaxsga berish orqali amalga oshiriladi. Firma nomiga bo’lgan mutlaq huquqni undan noqonuniy foydalanishdan himoya qilish qonun hujjatlariga muvofiq boshqacha usullar bilan ham amalga oshirilishi mumkin. Chet el yuridik shaxslari ushbu qonunda nazarda tutilgan firma nomlariga bo’lgan huquqlardan O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga binoan yoki o’zaro kelishuv prinsipi asosida O’zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari bilan teng ravishda foydalanadilar. Download 5.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling