Bachadondan tashqari xomiladorlik-urug‘langan tuxum hujayraning bachadon bo‘shlig‘ida emas, balki bachadon naylarida rivojlanishidir. Bola kattalashgan sari bachadon nayi taranglashib boradi va yorilishga olib keladi. Bachadon nayining yorilishiga ko‘pincha qorin ichki bosimining ortishi, jismoniy zo‘riqish, og‘ir ko‘tarish sabab bo‘ladi. Bemorda qorin pastki qismida to‘satdan kuchli og‘riq turib, oraliq va to‘g‘ri ichak tomon tarqaladi. Og‘riqlar bosh aylanishi, es-xushni yo‘qotish bilan kechadi, bemorning rangi oqargan, sovuq ter bosgan, ko‘z qorachiqlari kengaygan bo‘ladi. Puls tezlashgan, yuzaki, arterial bosim pasaygan, tana harorati biroz ko‘tarilgan. Bemorning ahvoli og‘irlashib, jinsiy a’zolardan qonli ajratmalar keladi. Qorin shishgan, yumshoq, nafas olishda ishtirok etadi, qorin pardani ta’sirlanish belgilari paydo bo‘ladi. Qonda gemoglobin va eritrostitlar miqdori kamayadi. Qon qorin parda ostiga yig‘ilgani sababli «o‘tkir qorin» belgisi va ichki qon yo‘qotish alomatlari kuzatiladi.
Bemor tezda shifoxonaga jo‘natiladi va jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. Birinchi yordam 10 ml 10 % kalsiy xlorid venaga yoki kalsiy glyuqonatni mushak orasiga, teri ostiga 30-50 ml 10 % jelatina eritmasi yuborishdan iborat. SHuningdek, 1-2 ml 1 % vikasolni mushak orasiga yuborish mumkin. Bemor nosilkaga boshi pastroq yotqizilgan holda kasalxonaga yuboriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |