Toshkent moliya instituti jo„rayev a. S., Safarov g„. A., Meyliyev o. R. Soliqlar va soliqqa tortish
Download 0.51 Mb.
|
Soliqlar va soliqqa tortish
- Bu sahifa navigatsiya:
- Mavzuni takrorlash uchun savollar
To’rtinchi bosqich 2008 yildan hozirgi vaqtgacha davom etib kelmoqda. Mazkur davrda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi tasdiqlanib, 2008 yil 1 yanvardan kuchga kiritildi.
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining avvalgisidan asosiy farqi soliq Kodeksi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasir kuchiga ega bo‘lgani, yani har bir soliqni hisoblash va to‘lash tartiblari turli huquqiy-me‘yoriy hujjatlar, yo‘riqnomalar asosida amalga oshirilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Soliq kodeksida aks ettirilganidir. Shu bilan birga, Kodeksda soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida soliq to‘lovchilar, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish va to‘lash uchun zarur elementlar belgilab qo‘yilgan taqdirdagina soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar belgilangan, deb hisoblanishi, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar qonunchilik hujjatlari va Prezident Qarorlari bilan o‘rnatilishi belgilandi. Iqtisodiyotni modernizatsiyalash jarayonida soliq tizimini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan Farmon va Qarorlar soliq siyosatini erkinlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy sohani rag‘batlantirish, soliq yukini kamaytirish hamda soliq ma‘murchiligini takomillashtirishga qaratilmoqda. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 16 iyuldagi "Statistik, soliq, moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib- taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni bilan respublikada qulay ishbilarmonlik muhitini vujudga keltirish maqsadida moliyaviy va soliq hisobotlari shakllarini qisqartirish, ularni taqdim etish mexanizmini takomillashtirish tadbirlari belgilanib, unga ko’ra soliq organlariga taqdim etiladigan 2 ta moliyaviy hisobot shakllari bekor qilindi, 11 turdagi soliq hisobotlari va boshqa ma’lumotlarni birlashtirib 5 taga tushirildi, 12 turdagi soliq hisobotlarini taqdim etish davriyligi qisqartirildi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 15 maydagi "Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo’lidagi to’siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-4725-sonli Farmoniga binoan, xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotdagi roli va o’rnini tubdan oshirish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish yo’lidagi mavjud to’siq va cheklovlarni tugatish, xususiy mulkning yalpi ichki mahsulotda, jumladan, xorij sarmoyasi ishtirokidagi ulushini izchil oshirish uchun yanada qulay iqtisodiy, huquqiy sharoit va rag’batlar yaratishga qaratildi. Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona soliq siyosati natijasida ilgari faqat fiskal vazifalarni bajargan davlat soliq xizmati organlari bugungi kunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan ko‘p funktsiyali davlat boshqaruvi organiga aylantirildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yaratilgan "Elektron hukumat" tizimi tarkibiga kiruvchi Davlat soliq qo‘mitasining "my.soliq.uz" rasmiy sayti soliq ma‘murchiligini takomillashtirishda aholining yanada faol qatnashishini va davlat soliq xizmati organlari faoliyatining shaffofligini ta‘minlashda qulay sharoitlar yaratishga xizmat qilmoqda. Soliq va moliyaviy hisobotlarning to‘liq elektron shaklda taqdim etilishiga o‘tilganligi tadbirkorlarni 2-3 soat vaqt sarflab navbatda turishlarining oldini olish bilan bir qatorda ularning o‘rtacha 9 mlrd.so‘mdan ortiq mablag‘lari iqtisod qilinmoqda va bu usul davlat byudjetiga to‘lanadigan mablag‘lar bo‘yicha ma‘lumotlarni tezkor tahlil qilish imkonini berdi. Shuningdek, soliq to‘lovchi yuridik shaxslar internetdagi "Shaxsiy kabinet"lari orqali soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni onlayn shaklda to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. 2019 yilda O’zbekiston soliq siyosatida tarixiy o’zgarishlar davri bo’ldi. Gap shundaki, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi “O’zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu kontseptsiya doirasida 2019 yil 1 yanvardan boshlab soliq siyosatida mutlaqo yangi tizim joriy etildi. Soliq solishning soddalashtirilgan tartiblari davlat byudjeti va mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirishga, soliq qonunchiligini soddalashtirish, insofli soliq to’lovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Soliq islohotlari kontseptsiyasiga muvofiq jismoniy shaxslar daromadini soliqqa tortishni takomillashtirish maqsadida barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ining yagona stavkasi 12 foiz miqdorida joriy etildi. Mehnatga haq to’lash jamg’armasiga soliq yukini kamaytirishning yana bir tadbirlaridan biri, bu - yagona ijtimoiy to’lov stavkalarining 25 foizdan 12 foizgacha kamaytirilishi bo’ldi, bunda byudjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar uchun tatbiq qilinmaydi. Natijada soliq to’lovchilar ixtiyorida qoladigan mablag’lar 2,9 trillion so’mni tashkil qiladi. Fuqarolarning mehnatga haq to’lash turidagi daromadlaridan fuqarolarning byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga sug’urta badallarini (stavkasi 8 foiz) bekor qilindi. Foyda solig’i to’lovchilarga soliq yukini kamaytirish, investitsiyalar miqdorini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida: tijorat banklari uchun foyda solig’i stavkasi 22 foizdan 20 foizgacha; korxona va tashkilotlar uchun 14 foizdan 12 foizgacha; dividend va foiz ko’rinishidagi daromadlar uchun 10 foizdan 5 foizgacha kamaytirildi. Bu esa soliq to’lovchilar ixtiyorida 582 milliard so‘m mablag’ qoldirish imkonini beradi. Yuridik shaxslarning aylanmasidan (tushumi) undiriladigan davlat maqsadli jamg’armalariga majburiy ajratmalar bekor qilinmoqda. Bu ajratma 15 foiz rentabellik bilan ishlaydigan korxona uchun 21,3 foizlik foyda solig’i bilan tengdir. Demak, foyda solig’i stavkasi bilan birga umumiy soliq yukining kamayishi qariyb 23,5 foizni tashkil qiladi. Buning hisobiga respublika bo’yicha soliq to’lovchilaming ko’radigan foydasi 5 trillion so’mdan ortiqni tashkil qiladi. Soliq solishning soddalashtirilgan rejimidagi soliq to’lovchilarga soliq siyosatini takomillashtirishning salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 5 foizdan 2 foizgacha pasaytirildi. Yillik aylanmasi 1 milliard so’mgacha bo’lgan mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to’lovi stavkasi 5 foizdan 4 foizgacha kamaytirildi. Ya’ni haqiqatan ham kichik korxona bo’lgan to’lovchilar uchun bir yillik soliq to’lovi summasi 10 million so’mgacha kamayishi mumkin. Yillik aylanmasi 100 million so’mgacha bo’lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalari 13-40 foizga kamaytirildi. Yillik aylanmasi 100 million so’mdan yuqori va 1 milliard so’mgacha bo’lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga aylanmadan 4 foizlik stavkada soliq to’lashga o’tkazish yo’li bilan qat’iy belgilangan soliq bekor qilindi. 2019 yil 1 yanvardan boshlab, o’tgan yil yakunlari bo’yicha yillik aylanmasi (tushumi) 1 milliard so’mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga etgan korxonalar umumbelgilangan soliqlarni to’lashga o’tkazildi. Endilikda har bir tuman (shahar)dagi korxonalar vakillari Davlat soliq inspektsiyasiga taklif etilib, malakali mutaxassislar tomonidan maxsus o’quv mashg’ulotlari o’tkazildi. Shuningdek, “Soliq-servis” davlat unitar korxonasi mas’ul xodimlari buxgalterlari mavjud bo’lmagan xo’jalik sub’ektlariga elektron hisobvaraq- fakturalarini yuritish qoidalarini o’rgatadi. Umumbelgilangan rejimda soliq to’lashga o’tayotgan har bir korxonaga hududiy davlat soliq xizmati organlaridan xodimlar biriktirilib, birinchi marotaba topshiriladigan hisobotlar yoki to’ldiriladigan elektron hisobvaraq-fakturalari birgalikda amalga oshirildi hamda 2019 yil davomida bevosita amaliy yordam ko’rsatib borildi. Sirasini aytganda, soliq tizimidagi bu kabi o’zgarishlar aholi daromadlarini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Mavzuni takrorlash uchun savollar Soliq tizimiga ta‘rif bering? Soliq tizimini guruhlash mezoni bo‘lib nima hisoblanadi? O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimini guruhlab bering? Ob’ektiga qarab soliqlar necha guruhga bo‘linadi? To‘g‘ri(bevosita) va egri(bilvosita) soliqlarni farqlarini tushuntirib bering. To‘g‘ri(bevosita) va egri (bilvosita) soliqlarga davrlar nuqtai-nazaridan baho bering? To‘g‘ri(bevosita) va egri (bilvosita) soliqlarga qaysi soliqlar kiradi va ularni u yoki bu guruhga kiritish mezoni bo‘lib qanday omillar hisoblanadi? Yuridik shaxslardan olinadigan soliqlar qanday xususiyatlarga ega? O‘zbekiston Respublikasida yuridik shaxslardan olinadigan soliqlarning xususiyatlarini tushuntirib bering? O‘zbekiston Respublikasida jismoniy shaxslardan olinadigan soliqlarning xususiyatlarini tushuntirib bering. Umumdavlat soliqlarining mohiyatini tushuntirib bering. Mahalliy soliqlar va yig‘imlarning mohiyatini tushuntirib bering. Umumdavlat soliqlari hamda mahalliy soliqlar va yig‘imlarning xususiyatlari nimalardan iborat? Respublikamizda mahalliy byudjetlar daromadlarini shakllantirish bilan bog‘liq qanday muammolar mavjud? Mahalliy byudjetlar daromadlarini shakllantirish tartibini tushuntirib bering. O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimini isloh qilish zarurligi nimadan iborat? O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimining shakllanish bosqichlarini tushuntirib bering. So‘nggi yillarda respublika soliq tizimini isloh qilishda qanday yo‘nalishlarga ko‘proq e‘tibor qaratilmoqda? Download 0.51 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling