Maqsadiga ko`ra nazorat quyidagi shakllarga bo`linadi:
1. Shaxsiy- Agar nazorat obyekti bir pedagog bo`lsa;
2. Predmetli-umumlashtiruvchi. Agar bir fan o`qituvchilari bo`lsa;
3. Guruhli umumlashtiruvchi. Agar nazorat obyekti bir guruh ishlovchi o`qituvchi bo`lsa;
4. Kompleks. Agar nazorat obyekti o`quv muassasadagi barcha xodimlar bo`lsa.
Mashg`ulot tekshirishni rejalashtirish. O`quv muassasasi rahbarlarining darslarga kirishlari puxta o`ylangan reja bo`yicha olib boriladi. Rejalashtirilgan nazorat o`z vaqtida xatolarning oldini olish va o`qitishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish imkonini beradi.
Ta`lim-tarbiyaviy jarayonning holat va mazmunini nazorat qilish rejasini o`quv muassasasining direktori (ma`naviy va ma`rifiy ishlar bo`yicha direkor o`rinbosari, o`quv ishlari bo`yicha direktor o`rinbosari, kasb-hunar ta`limi bo`yicha direktor o`rinbosari, bosh o`quv amaliyot o`qituvchisi bilan birgalikda) har bir o`quv yarim yilligiga o`quv muassasasi xususiyatlari, pedagogik jamoasining salohiyati, o`quv yili yoki yarim yilligining natijalarini nazarda tutgan holda tuzadi. Pedagogik nazorat o`quv muassasasidagi metodik ish kompleksi bilan har tomonlama bog`langan bo`lishi lozim.
O`quv muassasasining rahbarlari o`qituvchi va ishlab chiqarish ta`limi amaliyot o`qituvchisining o`quv mashg`ulotlarini baholashda bir xil yondoshishlarini ishlab chiqish muhim ahamiyatga egadir. Mashg`ulotlarga kirish mashg`ulot jadvallari, o`qituvchi va ishlab chiqarish ta`limi amaliyot o`qituvchilarining ish rejalari va boshqa shartlarga ko`ra rejalashtiriladi. Endigina o`qituvchilik qilayotgan yoshlarning mashg`ulotlariga zaruriyat tug`ilganda kirish, ularning ishlari bilan tanishish hamda ular qanday yordamga muhtojligini aniqlash, tajribali o`qituvchilar mashg`ulotlariga esa ularni o`rganish va tajribalarini o`quv muassasasiining yetarlicha tajribaga ega bo`lmagan yosh xodimlari o`rtasida tarqatish maqsadida kiriladi.
O`quv muassasasi muhandis-pedagog xodimlarning darslariga kirishni yarim yillikka mo`ljallab rejalashtirish maqsadga muvofiq. Mana shunday rejalar asosida mashg`ulotlarga kirishning oylik, haftalik rejalari ham ishlab chiqiladi. Ularda mazkur davrda darslarda o`rganilayotgan dasturning bo`limlari yoki mavzulari aniqlanadi, darslarga kiriladigan sanalar, tekshirishning shakli va metodlari ko`rsatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |