Toshkent va farg‘ona kostyumining o‘ziga xos хususiyatlari, hamda kiyimlardagi mintaqaviy belgilari


Download 19.16 Kb.
Sana18.06.2023
Hajmi19.16 Kb.
#1596600
TuriСтатья
Bog'liq
Fuzailova K.R maqola


TOSHKENT VA FARG‘ONA KOSTYUMINING O‘ZIGA XOS ХUSUSIYATLARI, HAMDA KIYIMLARDAGI MINTAQAVIY BELGILARI
Asisstent Fuzailova K.R., Magistr M25-22 Inomova D.
Toshkent to’qimachilik va engil sanoat instituti
Ushbu maqola Toshkent va Farg‘ona mintaqasidagi liboslarning o‘ziga xos хususiyatlari va bu kiyimlardagi belgilarini o’rganish
Данная статья представляет собой исследование специфических особенностей одежды Ташкента и Ферганской области и признаков этой одежды.
This article is a study of the specific features of the clothes of Tashkent and the Ferghana region and the signs of this clothes.


Farg‘ona vodiysi o’zining betakror iqlimi, toza havosi madaniyatini shakllanishiga, shaharlar, hunarmandchilik va ipakchilikning rivojlanishiga zamin yaratgan.
Atalishi turlicha bo’lsada, ammo bichimi bir-biriga o’shash bo’lgan koynak (ko‘ylak), yaxtak (yaktak), shim (lozim), turli choponlar, bosh ki­yimlari, zargarlik bezaklari va po­y­abzal kabi liboslar to’plamiga kiruvchi buyumlar Toshkent va Farg‘ona vodiysi aholisining an’anaviy liboslari turiga kiradi.
Ammo Farg‘ona vodiysi liboslari ranglari o’zining oddiy­ligi bilan boshqa hudud liboslaridan tubdan farq qilgan. Asosan, Farg’ona vodiysi liboslari ko‘k-yashil ranglarda bo‘lgan. Toshkent liboslari ham Farg‘ona vodiysi kiyimlari kabi oddiy ranglarda bo’lib, o’xshash jihatlari ko’p edi.
Quroqchilik Farg’ona viloyatining So’x tumanida xalq turmush tarzining ajralmas qismi hisoblanadi. Chunki quroqdan tikilgan buyumlar inson tug’ilganidan to hayotining so’nggi manziligacha bo’lgan davrda barcha an’anaviy milliy marosimlarda ishlatiladi. [1].
Jizzaxda “Turna”, “Ko’z”, “Ulama”, “Qatlama”, “Tirna”, “Quduq”, “Shaxmat” kabi quroq texnikasida beshik uchun asboblar, poyandoz, quroq chimildiq, quroq yostiqlar kabilar tikiladi. Beshik uchun tikilayotgan quroq buyumlarining asl ma’nosi farzandlar sog’- salomat bo’lib, yani har bir oilaga qiz yoki o’g’il farzandlar nasib etsin va ularga ko’z tegmasin, deya niyat qilinadi. Nikoh to’ylarida, kelinga bir dona poyandoz, quroq chimildiq, bir dona quroq ko’rpa, 10 dona quroq yostiq, quroq bolish beriladi. Yana bir an’anaviy udumga ko’ra, kuyovning onasi niyat qilib 100 dan ortiq mato qiyqimlaridan to’shak tikadi. To’shakning bir chekkasiga tumorcha va to’shakning boshqa burchagiga “qo’yning oshig’i” maxfiy ravishda tikiladi. Maqsad, ikki yoshning baxti mangu bo’lib, ular butun umr “oshiq-moshiq” bo’lishlari baxtlari bir umrlik butun bo’lishi nazarda tutiladi. Sunnat to’ylarida esa, to’y bolalarga quroqdan bir juft yostiq, to’shak hamda yasatilayotgan toy uchun xurjun, bo’yintumorlar tikiladi [2].
Demak, ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot jarayonida milliy kiyimlarimiz ham davr talablariga mos ravishda transformatsiyalashib, mukammal shakl kasb etib boravergan. Milliy kiyimlarimizning bugungi ko’rinishga ega bo’lishida arxaik ko’rinishga ega bo’lgan ajdodlarimizning kiyimlari moddiy asos sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Insoniyat taraqqiyotida ijtimoiy-tabiiy zaruriyat sifatida kiyimlar ajdodlarimiz tomonidan ixtiro etilgan bo’lsa, har bir ijtimoiy-tarixiy bosqichda ular sayqallanib, mukammal shaklga ega bo’lib borgan.
Toshkent va Farg’ona vodiysi ayollar liboslarida ko‘zga tashlanadigan, o’ziga jalb qiluvchi ortiqcha narsa bo‘lmasligi talab etilgan. Shunday bo’lsada, ushbu hudud ayollarining abrband naqshli matolardan, zargarlik buyumlaridan foydalanishlari, bejirim paranjilari barchada katta taassurot qoldirgani sir emas. Odatda, yosh qiz va juvonlarning bir xil tusli, qizil yoki pushti rang, gulli naqsh so­lingan ko‘ylaklarni kiyishi urf bo’lgan.
Kiyinish madaniyati funktsiyalaridan biri ayollar kiyimining transformatsiyasiga oiddir. Tadqiqotimiz ko’rsatishicha, hamda keksa onaxonlarimiz bilan o’zaro muloqotlardan shu narsa ma'lumki, ilgari yosh ayollarimiz birinchi farzandini tuqqunga qadar ko’ylagining yoqa qismi ko’tarilgan holda, uch qismi uchburchak shaklidagi tishchalar bilan parpara qilib tikilgan.
Ayollar liboslari tarkibiga huddi boshqa hudud liboslari singari, ko‘ylak, lozim, ustki kiyim sifatida – mursak, ton, ko‘chaga kiyiladigan ki­yim sirasiga – paranji, bosh kiyimlari turiga – turli ro‘mollar, poyabzal xillariga - mahsi va kavush, ularga qo’shimcha sifatida esa zargarlik bezaklari kirgan.
Kundalik hayotda ayollar asosan, yoshiga qarab to‘n yoki mursak kiyib, bitta ko‘ylak, lozim hamda boshiga ro‘mol o‘ragan. Bayram va marosimlarda esa odatda, qimmatbaho matolardan tikilgan liboslar kiyilgan. Uydan tashqariga chiqqach, ayol unga begona erkak ko’zlari tushmasligi maqsadida paranji yopingan.
Ayollar ko‘ylagining bel qismidagi popukka qubbacha shaklidagi kumush bezak – peshauz osib yurilgan. Peshauz ichiga mo‘ychinak, tishkovlagich, atir shishachasi, kalit kabi buyumlar joylashtirilgan. Ko’ylak vertikal yoqalarining yuqori qismi bog‘ichlar bilan bog’langan [3]. Qadimiy bichimlar asosida tikilgan ko‘ylaklarga boshqa rangdagi xishtak qo’llanilgan. Odatda, xishtak rangi ko‘ylak matosi rangidan farq qilgan. Xishtakning ham ramziy ma’nosi mavjud bo’lib, u yovuz kuchlardan saqlaydi, deb yuritilgan. Ammo Farg‘onada ushbu marosimning bajarilishi bir mucha uzoqqa chozilgan. Bu hududda yosh kelin mazkur ko‘ylakni birinchi farzandi tug‘ilishiga qadar kiygan.
Har bir madaniyat o’zga madaniyatlar ta'sirida sayqallanib, rivojlanib, yangi ijtimoiy-tarixiy sharoitlarga moslashib borishi tabiiydir. Lekin, barcha holatda ham milliylik etakchi o’rinda turishi lozim. Bunday kamzullarni milliy matolarimiz bo’lgan – baxmal, beqasamlardan tikila boshlashi – unda milliylikning ustun darajada namoyon bo’lishini ta'minlab boraverdi. [4].
XIX asr so’nggi davrida yosh ayollar ro‘moli oq dokadan tayyorlanib, burchaklariga hoshiya bilan bezak berilgan. Bunday ro’mollar tikilish usuliga ko’ra boshqa ro’mollardan farq qilgan. Jumladan, iroqi duroya, yurma zanjir kashtasi va sanama iroqi usullari ro’mollarni tikishda qo’llanilgan usullardan hisoblanadi. Ushbu ro‘mollar turidan ayollar 2–3 farzandli bo’lgunga qadar foydalanishgan, keyin esa kashtasiz oq ro‘mol o’ralgan.
Shuningdek, XIX asrda 2–3 farzandli ayollar sochpopukli kulyuta bosh kiyimidan foydalanishgan. Kulyutalar asosan, yorqin gulli kichik aylana shaklida bo‘lib, soch uchun boshning orqa tomondan biriktiri­ladigan maxsus xaltachasi ham bo‘lgan. Yosh ayollar bir vaqt­ning o‘zida ikkita ro‘mol o‘rashi mumkin bo’lgan. Katta ro‘mollar burchakma-burchak taxlanib, o’ralmasdan boshga tashlangan, ro’mol ikki burchagi esa ko‘krak qismida osilib turgan. Uning ustidan esa kichik rangli ro‘mol – durra bog‘langan. Ayollar peshonasida durradan foydalanish go‘yo dabdaba va bashanglikni bergan. Toshkent­lik keksa ayollarning sallasi erkaklar sallasidan farq qilgan. Ro’molning oxirgi qismi – pech belgacha osilib turgan yoki salla o‘ramiga qistirib qo‘yilgan.
Kishilik jamiyatining har bir ijtimoiy-tarixiy bosqichida kiyinish ham o’ziga xos mazmun va mohiyatga ega bo’lib, davrning o’ziga mos xususiyatlarini aks ettirgan. Xulosa o’rnida shuni aytishimiz mumkinki milliy tarixiy liboslarimizni o’rganib bugungi kundagi zamonaviy liboslarimizni rivojlanishida milliy liboslarimizni gozal elementlarni qo’shib, zamonga mos ravishda o’zgartirib, yanada ko’rkam bo’lishiga erishish yo’llarini, ishlashimiz , ayniqsa, xar qanday “ yangilikni” tez qabul qilishga moyil bo’ladigan yoshlarimizning kiyinish madaniyatini rivojlantirishimiz lozim bo’ladi.

Adabiyotlar:


1.Kamilova X.X., Rahimova Z.I. O’zbek an’anaviy kiyimalari. II tomli kitob-al’bom. Toshkent, 2016.
2.Nishonova O. O’zbеk ayollarining etnik madaniyati va odatlari. – Toshkеnt, 2005. – 44 b.
3.Raxmatullayeva U.S. O’zbek xalqining kiyinish madaniyati: an’anaviylik va Zamonaviylik (falsafiy-madaniy yondashuv).nom.dis.Тoshkent, 2010 y.
4.Sodiqova N. O’zbеk milliy kiyimlari: XIX-XX asrlar. – Toshkеnt: Sharq, 2003. – 160. b.
Download 19.16 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling