535-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining davlat mehnat inspeksiyasi
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi (bundan buyon matnda Davlat mehnat inspeksiyasi deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tarkibiy bo‘linmasi bo‘lib, u ish beruvchilar tomonidan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik, aholining bandligi, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilik, mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlar, mehnatni muhofaza qilish qoidalari hamda mehnat standartlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini va tekshiruvini amalga oshiradi.
536-modda. Davlat mehnat inspektorlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar
Davlat mehnat inspektorlari mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga hamda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini va tekshiruvini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining hududida ish beruvchilarni qonunchilikda belgilangan tartibda rejali hamda rejadan tashqari tekshiruvlardan o‘tkazadi.
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar va mehnatni muhofaza qilish qoidalari talablariga rioya etilishi, davlat mehnat inspektorlarining tekshiruvlar davomida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarining ish beruvchilar tomonidan bajarilishi tekshirish predmetidir.
Davlat mehnat inspektorlari tomonidan tekshiruvlar o‘tkazish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
537-modda. Davlat mehnat inspektorlarining g‘ayriqonuniy qarorlari, g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish
Davlat mehnat inspektorlarining g‘ayriqonuniy qarorlari, g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi mehnat inspeksiyasiga va (yoki) sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |