Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyalar ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan har bir tarafdan vakillar soni teng bo‘lgan holda, teng huquqlilik asosida tuziladi.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida yozma shaklda taklif olgan ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘n kunlik muddatda o‘z vakillarini komissiyaga yuborishi shart.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning kasaba uyushmasi qo‘mitasidan bo‘lgan a’zolari tegishli kasaba uyushmasi qo‘mitasining qarori bilan, ish beruvchining vakillari bo‘lgan komissiya a’zolari esa ish beruvchining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning son jihatidan tarkibi va vakolatlari muddati jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasida kelishilgan holda tasdiqlanadigan boshqa ichki hujjatda belgilanadi.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning ish yuritish tartibi ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasida kelishilgan holda tasdiqlanadigan tegishli nizomda yoki boshqa ichki hujjatda belgilanadi.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi. Ish beruvchi xodimning roziligi bilan uning zimmasiga komissiya faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash uchun mas’ul shaxs vazifalarini yuklatishi mumkin.
548-modda. Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning vakolatlari
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni, mehnat shartnomasini qo‘llash masalalariga doir yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib chiquvchi organ bo‘lib, bundan bevosita sud tomonidan ko‘riladigan nizolar mustasno.
Tashkilotlarning tarkibiy bo‘linmalarida tuzilgan mehnat nizolari bo‘yicha komissiyalarning vakolatlari ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra tasdiqlanadigan tegishli nizomda yoki boshqa ichki hujjatda belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |