549-modda. Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaga ariza berish tartibi
Xodimning mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaga kelib tushgan arizasi ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart.
Xodimning mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaga berilgan arizasida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
sana (xodim o‘z huquqi buzilganligi to‘g‘risida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan va u komissiyaga murojaat qilish uchun muddatning o‘tishi boshlanishini qaysi sana bilan bog‘lasa, o‘sha sana);
xodimning vajlarini tasdiqlovchi o‘zida mavjud bo‘lgan vajlar;
xodimning talablari;
arizaga ilova qilinayotgan hujjatlar ro‘yxati.
550-modda. Yakka tartibdagi mehnat nizosini mehnat nizolari bo‘yicha komissiyada ko‘rib chiqish uchun tayyorlash
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya majlis o‘tkazilguniga qadar:
yakka tartibdagi mehnat nizosini to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga molik bo‘lgan holatlarni aniqlaydi (isbotlash predmetini aniqlaydi);
nizoni hal qilishda tayanish kerak bo‘lgan qonunlar va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar doirasini aniqlaydi;
nizoni ko‘rib chiqishda ishtirok etuvchi shaxslarning tarkibini aniqlashtiradi;
har bir taraf o‘z talablarini asoslash uchun taqdim etishi kerak bo‘lgan dalillar ro‘yxatini belgilaydi.
551-modda. Yakka tartibdagi mehnat nizosini mehnat nizolari bo‘yicha komissiyada ko‘rib chiqish tartibi
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya yakka tartibdagi mehnat nizosini xodim ariza bergan kundan e’tiboran o‘n kalendar kun ichida ko‘rib chiqishi shart.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyalarda ko‘riladigan yakka tartibdagi mehnat nizolari, zarur hollarda, xodimning ishdan tashqari vaqtida ko‘rib chiqilishi mumkin.
Mehnat nizosi ariza bergan xodim yoki uning vakili ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Xodim yoki uning vakili yo‘qligida mehnat nizosini ko‘rib chiqishga faqat xodimning yozma arizasi asosida yo‘l qo‘yiladi. Xodim yoxud uning vakili mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning majlisida hozir bo‘lmagan taqdirda, mehnat nizosini ko‘rib chiqish keyinga qoldiriladi. Xodim yoki uning vakili uzrli sabablarsiz ikkinchi marta majlisda hozir bo‘lmagan taqdirda, komissiya masalani ko‘rib chiqishdan olib tashlash to‘g‘risida qaror chiqarishi mumkin, bu esa xodimni ushbu Kodeksda belgilangan muddat doirasida mehnat nizosini ko‘rib chiqish haqida takroran ariza berish huquqidan mahrum etmaydi. Komissiyaning arizani ko‘rib chiqishdan olib tashlash to‘g‘risidagi qarori arizani ko‘rib chiqishdan olib tashlash sababi albatta ko‘rsatilgan holda xodimga yozma shaklda yetkaziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |