Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalari:
ijtimoiy sheriklikning birlamchi va hududiy darajasida yuzaga keladigan jamoaviy mehnat nizolarining hisobini yuritadi;
jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solishga ko‘maklashadi.
Jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlari o‘z vakolatlari doirasida:
zarur bo‘lgan taqdirda, jamoaviy mehnat nizosi taraflari vakillarining vakolatlarini tekshiradi;
jamoaviy mehnat nizolarining yuzaga kelish sabablarini aniqlaydi, tahlil qiladi va umumlashtiradi, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
jamoaviy mehnat nizosining taraflariga uni ko‘rib chiqish va tartibga solishning barcha bosqichlarida uslubiy yordam ko‘rsatadi.
Jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlari jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solishga doir ishlarni tashkil etish chog‘ida xodimlar va ish beruvchilarning vakillari bilan hamkorlik qiladi.
578-modda. Jamoaviy mehnat nizosini hal etishda (tartibga solishda) ishtirok etuvchi shaxslar uchun kafolatlar
Yarashtirish komissiyasining a’zolari, mehnat arbitrlari jamoaviy mehnat nizosini hal etishda (tartibga solishda) ishtirok etish vaqtida nizoni hal etish (tartibga solish) vaqti uchun o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda asosiy ishidan ozod qilinadi.
Xodimlarning, ular birlashmalarining jamoaviy mehnat nizosini hal etishda (tartibga solishda) ishtirok etayotgan vakillari jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) davrida intizomiy jazoga tortilishi, boshqa ishga o‘tkazilishi mumkin emas, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ularning vakilligiga vakolat bergan organning oldindan roziligini olmay turib, ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinishi mumkin emas.
579-modda. Yarashtiruv tartib-taomillarida ishtirok etishdan bo‘yin tovlash
Jamoaviy mehnat nizosi taraflaridan biri yarashtirish komissiyasini tuzishda yoki uning ishida ishtirok etishdan bo‘yin tovlagan taqdirda, jamoaviy mehnat nizosining boshqa tarafi keyingi ish kunidan (smenadan) kechiktirmay jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish) to‘g‘risida muzokaralar o‘tkazishni talab qilishga haqli.
Jamoaviy mehnat nizosining taraflaridan biri jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish) to‘g‘risidagi muzokaralardan bo‘yin tovlagan taqdirda, jamoaviy mehnat nizosining boshqa tarafi keyingi ish kunidan (smenadan) kechiktirmay, jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida hal etish (tartibga solish) to‘g‘risida muzokaralar o‘tkazishni talab qilishga haqli.
Ish beruvchi (ish beruvchining vakili) vaqtinchalik mehnat arbitrajini tuzishdan, jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) uchun doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi mehnat arbitrajiga o‘tkazishdan yoki jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida hal etishda (tartibga solishda) ishtirok etishdan bo‘yin tovlagan taqdirda, yarashtiruv tartib-taomillari jamoaviy mehnat nizosini hal etishga (tartibga solishga) olib kelmagan deb hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |