Mehnat arbitraji:
jamoaviy mehnat nizosi taraflarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi;
jamoaviy mehnat nizosiga taalluqli bo‘lgan zarur hujjatlar va ma’lumotlarni oladi;
zarur bo‘lgan hollarda, davlat boshqaruvi organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini jamoaviy mehnat nizosining ehtimol tutilgan ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa oqibatlari to‘g‘risida xabardor qiladi;
jamoaviy mehnat nizosining mohiyatiga ko‘ra qaror qabul qiladi.
Mehnat arbitraji qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Mehnat arbitrajining jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) to‘g‘risidagi qarori ushbu nizo taraflariga qaror qabul qilingan kunning keyingi ish kunidan kechiktirmay yozma shaklda topshiriladi.
577-modda. Jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlari
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalari jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlaridir.
Ish beruvchi jamoaviy mehnat nizosi boshlangan paytdan e’tiboran keyingi ish kunidan kechiktirmay jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organini tashkilotda nizo yuzaga kelganligi haqida yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
ijtimoiy sheriklikning tarmoq va respublika darajasida yuzaga keladigan jamoaviy mehnat nizolarining hisobini yuritadi;
jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solishga ko‘maklashadi;
mehnat arbitrlarini hisobga olish bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yuritadi;
mehnat arbitrlarini tayyorlashni tashkil etadi;
jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida ko‘rib chiqishga doir ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi tavsiyalarni tasdiqlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |