Tur – evolyutsion jarayonning asosiy bosqichi
Tur ichidagi munosabatlar
Download 0.52 Mb. Pdf ko'rish
|
9 семинар. Турларни пайдо булиши
Tur ichidagi munosabatlar
• Tur ichidagi munosabatlar bir turga kiruvchi organizmlarning va turning tuzilish elementlari orasidagi xilma-xil munosabatlarni qamrab oladi va tur polimorfizmini ifodalaydi. Bu munosabatlar tarixiy rivojlanish jarayonida vujudga kelgan bo`lib, turning ma’lum makon va zamonda bir butunligini saqlashda o`z ta’sirini ko`rsatadi. Tur ichidagi munosabatlarni keng ma’noda tushunish lozim. Chunki u organizmlarning turli yosh bosqichlari (gametalar, zigotalar, murtaklar, lichinkalar va har xil yoshli organizmlar)ni o`zida birlashtiradi. Xarakter jihatdan u turg`un, davriy va epizodik bo`lib, individual, gruppa ichida, gruppalararo munosabatlarni o`zida mujassamlashtiradi. Tur ichidagi munosabatlar turg`un hamda o`zgaruvchan bo`ladi. Turg`un munosabatlar nasldan-naslga o`tadigan irsiy jihatdan mustahkam munosabatlardir. O`zgaruvchan munosabatlar esa qisqa vaqt ichida vujudga keladi. Tur ichidagi munosabatlar evolyutsion ahamiyatga ko`ra bir-biridan keskin farq qiladi. Ulardan ba’zilari turning bir butunligini ta’minlagani holda, boshqalari uning evolyutsiya jihatdan o`zgarishiga qaratiladi. Tur ichidagi munosabatlarni klassifikatsiyalashda olimlar har xil prinsipga asoslanadilar. Masalan, Zavadskiy tur ichidagi munosabatlarni aniqlaganda, ularning turni qayta hosil qilishdagi ahamiyatini e’tiborga olish zarur degan. Shunga ko`ra, tur ichidagi munosabatlarni asosiy va hosilali munosabatlarga bo`lgan. • Tur ichidagi asosiy munosabatlar deganda, mazkur turga mansub organizmlarning bevosita munosabatlari tushuniladi. Bularga urchish davrida ikki jinsga mansub organizmlar orasidagi munosabat, ota-ona organizmlarning yangi naslni voyaga yetkazishga doir moslanishlari kompleksi, har xil yoshdagi organizmlar o`rtasidagi populyatsiya sonini saqlashga qaratilgan xilma-xil (turg`un, faslga qarab to`planish, poda, gala, yosh organizmlarni himoya qilishni ta’minlash, oziqdan foydalanishni yaxshilash, dushmanlardan himoya qilish, migratsiya kabi) munosabatlarni misol qilib keltirish mumkin. Organizmlar o`rtasidagi bunday munosabatlar bo`g`inlarning almashinib turishini, populyatsiyalar sonini ma’lum darajada saqlash imkoniyatini vujudga keltirgani sababli, tur mavjudligining asosini tashkil etadi. Tur ichidagi asosiy munosabatlarning takomillashishi evolyutsiyaning eng muhim qonuniyatlaridan biridir. • O`simliklarda ham tur ichidagi xilma-xil munosabatlar organizmlarning yangi nasl qoldirishini bevosita belgilab beradi. Changlanish usuli, urug`lanishda tanlanish, spora va urug`lar himoyalanishning xilma-xil usullari shular jumlasidandir. Tur ichidagi munosabatlarni eng qulay va evolyutsion jihatdan samarali sistemalarga ega bo`lgan turlarda jadal adaptiv radiatsiya amalga oshiradi. • Tur ichidagi munosabatlarning takomillashishi tufayli bir turga mansub organizmlarning bir-biriga nisbatan xilma-xil moslanishlari vujudga keladi. Masalan, qushlarda qo`yilgan tuxum soni, sut emizuvchilarda yangi tug`ilgan bolalarning soni tabiiy tanlanish ta’siri bilan oziq miqdoriga qarab ma’lum darajada saqlanadi. Bu hodisa koloniya bo`lib yashaydigan hasharotlarga ham xos. Chunonchi, termitlarda ko`payishning birinchi yili, ya’ni hali ishchi organizmlar ko`paymagan faslda ona organizm atigi 20 ta tuxum qo`yadi. Koloniyadagi organizmlar soni ortgandan keyin esa ularning soni bir kunda 7000 ga yetadi. • Turning qayta ko`payishi, undagi organizmlar sonini saqlash bilan bevosita bog`liq bo`lmagan, tur ichidagi asosiy munosabatlar zaminida vujudga kelgan munosabatlar hosila tarzidagi munosabatlar deb qaraladi. Chunki ular muayyan turga mansub organizmlarning qayta ko`payishiga va soniga bilvosita ta’sir ko`rsatadi. O`z xarakteriga ko`ra, bunday munosabatlar yo davriy, yo epizodik bo`ladi. Tur ichidagi hosila tarzidagi munosabatlar, odatda, ma’lum maydonda tarqalgan populyatsiyaga mansub organizmlar sonining ortib ketishi hisobiga rivojlanadi. Populyatsiyaga mansub organizmlar sonining ortib ketishi ular o`rtasidagi o`zaro raqobatning kuchayishiga hamda ontogenezning turli bosqichlarida bir gruppa organizmlarning intensiv ravishda nobud bo`lishiga olib keladi. Bu hodisa o`simliklar urug`i zich ekilganda va daraxt ko`chatlari zich o`tkazilganda namoyon bo`ladi. Ba’zi hasharotlar sonining keskin ortib ketishi tufayli lichinkalar yoppasiga nobud bo`ladi. Tur ichidagi hosila tarzidagi munosabatlar xar xil instinktlar, reflekslar, o`zini-o`zi saqlash, oziqda ega bo`lish, uni qo`riqlash, himoyalanish asosida amalga oshadi. Ular populyatsiya to`lqiniga bevosita bog`liq emas. • Organizmlar integratsiyasi tufayli bir organizmning ikkinchi organizmga tobeligining ortishi hamma vaqt evolyutsiya jihatdan samarali bo`lmaydi. Masalan, koloniya bo`lib yashaydigan hasharotlarda (chumolilar, arilar, termitlarda) funksiya jihatdan tabaqalanish ba’zi bir organizmlar guruhini amalda koloniyaning «organ»lariga aylantirib qo`yadi.Oqibatda bu holat turlarning progressiv evolyutsiya bo`yicha rivojlanishini bartaraf etadi. Individlarning o`ta ixtisoslashishi natijasida koloniyaning birorta funksiyasini bajarish layoqati populyatsiya hosil etishda organizmlarning teng ahamiyatga ega bo`lishini saqlashga qaraganda kam samara beradi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling