Turkistonda sovet hokimiyatining o`rnatilishi


O’zbekistonlik partizanlar


Download 183.62 Kb.
bet24/45
Sana30.01.2023
Hajmi183.62 Kb.
#1140629
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   45
Bog'liq
Turkiston

O’zbekistonlik partizanlar
Dushmanni tor-mor etishda partizanlar harakatining roli va o‘rni katta bo‘ldi. Urushning dushman ustunlik qilgan dastlabki davrida butun-butun harbiy qismlar dushman qurshovida qolib ketdi, ko‘plab askar va zobitlar noilojlikdan asirga tushib qoldilar. Asirlarning soni 5 mln. kishidan ortiqroq bo‘lib, ular orasida minglab o‘zbekistonliklar ham bor edi. Asirga olinganlar orasida komissarlar, kommunistlar birinchilar qatorida surushtirib o‘tirilmasdan otib tashlanar edi. Qolganlari harbiy lagerga tashlanardi, ularga qattiq azob berilar, sovuqda och-yalong‘och saqlanar edi. Dastlabki paytlarda fashistlar harbiy asirlarni ortiqcha yuk, keraksiz xo‘randa deb o‘ldirib yuborishar edi. Keyinchalik urush dushman o‘ylaganchalik bo'lib chiqmagach, harbiy asirlardan tekin ishchi kuchi sifatida foydalana boshladi.
Dushman bosib olgan shahar ya tumanlar aholisi Germaniyaga haydab ketildi. Ba'zi joylarda mehnatga layoqatli bo‘lgan fuqarolarni o‘z ixtiyori bilan Germaniyaga ishga yollab olib ketishga ham urindilar.
Dushman ishg‘ol qilgan tumanlar aholisining dushman qamalidan chiqib olgan qismi yoki harbiy asirlikdan qochgan jangchilar tog‘larga, o‘rmonlarga yashirinib, partizancha kurashga o‘tdilar. Partizanlar harakati Markaziy shtabi tayyorlab yuborgan harbiy mutaxassislar, razvedkachilar partizanlar orasiga borib, ularni yirik-yirik otryadlarga birlashtirib, uyushgan holda dushmanga qarshi kurashdilar. Dushman qurshovidan chiqib olgan O‘zbekistonlik jangchilar ham Rossiyaning g‘arbi, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya respublikalarida partizan qo‘shinlarida ishtirok etdilar.
Gomel atrofidagi «Temir yo'l urushi»da ishtirok etgan Jonibek Otaboyev, Bryansk atrofida dushmanga to‘satdan zarba bergan I. Musayev, A. Hakimov, I. Qosimov va boshqalarning nomlari urush solnomasidan o‘chmas o‘rin oldi. Ukrainada dushmanga qiron keltirgan S. A. Kovpak, A. N. Soburov, A. F. Fedorov, M. I. Naumovlarning partizan qo‘shinlari saflarida yuzlab O‘zbekistonlik qasoskorlar ham qatnashdilar. Ular dushman qismlariga to‘satdan hujum qilar, ko‘priklar va temir yo‘llarni portlatib dushmanni sarosimaga solardilar.
O‘zbekistonlik jangchilar Yevropa xalqlarini ozod etishda faol qatnashdilar. Birinchi o‘zbek generali, 57-gvardiyachi diviziyaning qo‘mondoni Sobir Rahimov Polshada shonli xotira qoldirdi. Uning diviziyasi Kavkazdan Sharqiy Prussiyagacha bo‘lgan masofani qattiq janglar bilan bosib o‘tdi. Ko‘rsatgan harbiy mahorati uchun ko‘p martalab hukumat ordenlari va medallar bilan taqdirlandi. 1943-yil martida unga general-mayor unvoni berildi.
1943-yil mayidan 1944-yil apreligacha muddatda Sobir Rahimov Moskvadagi Oliy harbiy akademiyada ta'lim oldi. U akademiyani tamomlab, avval Belorussiyani ozod etishda, so‘ngra Polshaning Grudzyandz, Gnev, Starograd, Dzyaddovo shaharlarini ozod etish uchun bo‘lgan janglarda sarkardalarga xos harbiy san'atni namoyish etdi.
1945-yil 26-martda Gdansk shahrini ozod etish uchun bo‘lgan jangda general Sobir Rahimov halok bo‘ldi. Sobir Rahimovga o‘limidan so‘ng Qahramon unvoni berildi. Polsha xalqi o‘zbek xalqi kabi general Sobir Rahimov nomini e’zozlab kelmoqda. Gdansk shahridagi ko‘chalar, maktablarga Sobir Rahimov nomi berilgan.
O‘zbekistonliklar Yevropa mamlakatlarida avj olgan qarshilik ko‘rsatish harakatida ham faol qatnashdilar. Ular dushmanning maxsus lagerlaridan qochib Chexoslovakiya, Polsha, Yugoslaviya, Gretsiya, Fransiyadagi Qarshilik harakatiga qo‘shilib jang qildilar. Samarqandlik G. G. Bulatov otryadi Polshada o‘nlab ko‘prlklarni, temir yo‘llarni portlatdi, dushmanning harbiy qismlari va jangovor texnikasi ortilgan eshelonlarni ag‘dardi. 1944-yil o'rtalarida Slovakiyada fashistlarga qarshi ko‘tarilgan milliy qo‘zg‘olonda O‘zbekistonliklardan partizan otryadi komandiri V. F. Melnikov, R. Allamov, A. Narzullayev, R. Hamroyevlar ishtirok etdi. Yugoslaviyada ko‘rsatgan jasorati uchun farg‘onalik Uksanboy Xolmatov 3 marta Yugoslaviyaning mukofotlariga sazovor bo‘ldi.
Fransiyada 37 millat va elatlarga mansub 2200 sovet harbiy asirlaridan tuzilgan partizanlar polki A. A. Kozaryan qo‘mondonligida fransuz partizanlari bilan birgalikda jang qilib, Ales, Vilfor, Sen-Sheli shaharlarini, Gar va Lozer departamentining qishloqlarini fashistlardan ozod qildilar. Bu janglarda samarqandlik Abdulla Rahmatov, Bulung‘ur tumanidan Sariboy Shomurodov, toshkentliklar Rahmon Rahimov, Nasib Amirov va boshqalar faol qatnashdilar.
Fransiyaning janubini ozod etishda ko‘rsatgan jasorati uchun qo‘qonlik Hoshim Ismoilov, toshkentlik Tojiboy Ziyayev Fransiyaning Janna d'Ark kresti ordeni bilan mukofotlandi.
Italiyaning Karraro shahri konlarida ishlatish uchun olib borilgan harbiy asirlar orasida andijonliklar Turg‘un Qo‘chqorov va Ahmad Mamajonovlar italiyalik partizanlar bilan aloqa bog‘lab toqqa qochadi. Ular Garibaldiyachi partizanlar otryadiga qo‘shilib dushman qurol-aslaha omborxonalarini portlatishda, yo‘llarda dushman kolonnalarini yo‘q qilishda, ko‘priklar va eshelonlarni portlatishda faol qatnashadilar.
O‘zbekistonliklarning Qarshilik ko‘rsatish harakatidagi ishtiroki Yevropa xalqlarini fashistlar asoratidan xalos qilish harakatiga qo‘shgan muhim hissa bo‘ldi.

Download 183.62 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   45




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling