Tushunchani bo’lishning qo’yidagi qoidalari mavjud: a) bo’lish teng hajmli bo’lishi, ya'ni bo’lish a'zolari hajmlarining yig’indisi bo’linuvchi tushuncha hajmiga teng bo’lishi kerak. Masalan, “Tafakkur shakllari tushuncha, hukm va xulosa chiqarishga bo’linadi” - bo’lish teng hajmli, “Tafakkur shakllari tushuncha va hukmga bo’linadi” - bo’lish teng hajmli emas, chunki bo’lish a'zosi bo’lgan xulosa chiqarish tushirib qoldirilgan; b) bo’lish bir asos bo’yicha amalga oshirilishi lozim, ya'ni asos qilib olingan belgi bo’lish davomida boshqa belgi bilan almashtirilmasligi lozim. Masalan, “Dinlar xudolariga qarab ko’pxudolik (politeistik) va yakkaxudolik (monoteistik) dinlarga bo’linadi”. Agar shu holatda dinlarni ko’pxudolik (politeistik), yakkaxudolik (monoteistik) va jaxon dinlariga bo’lsak yuqoridagi qoida buziladi; c) bo’lish a'zolari hajmi bo’yicha bir-birini istisno qilishi, ya'ni ular birga bo’ysunish munosabatidagi tushunchalar bo’lishi kerak. Bu holatda bir asos bo’yicha bo’linayotgan tushunchaning bo’lish a'zolari hajmiga ko’ra bir-birini istisno qilishi lozim. Masalan, “Kishilarni ma'lumotiga ko’ra o’rta ma'lumotli, o’rta-maxsus ma'lumotli va oliy ma'lumotlilarga bo’lishda uning a'zolari bir-birini istisno qilib kelmoqda. Agar biz talabalarni birinchi kursda o’qiydiganlar, tarix fakulteti talabalari va sirtqi bo’lim talabalariga bo’lsak yuqoridagi qoida buzilgan bo’ladi; d) bo’lish uzluksiz holda amalga oshirilishi, ya'ni jins tushunchaga eng yaqin bo’lgan bir tartibdagi tur tushunchalar olinmog’i lozim. Masalan, “Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari shaxsiy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy huquqlarga bo’linadi”. “Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari ijtimoiy-iqtisodiy, saylash va saylanish huquqlariga bo’linadi” desak bo’lish uzluksiz bo’lmaydi. Sababi fuqarolarning saylash va saylanish huquqi siyosiy huquqlarga kiradi. Klassifikatsiya tushunchalarni bo’lishning alohida turi bo’lib, predmetlarni ma'lum bir sinflarga ajratishdan iborat, unda har bir sinf boshqalariga nisbatan o’zining aniq va qat'iy o’rniga ega. Klassifikatsiyadan maqsad bilimlarni sistemalashtirishdir. Klassifikatsiyalashda bo’lish turlaridan farqli ravishda tushunchaning bo’lish a'zolari ham o’z navbatida bo’linadi. Biologiyada hayvonlarning tiplarini bo’lish klassifikatsiyaga misol bo’la oladi. Mantiqda tabiiy va sun'iy klassifikatsiyalari farqlanadi. Tabiiy klassifikatsiyada bo’lish asosi qilib - predmetlarning birorta muhim belgisi olinadi. Sun'iy klassifikatsiyada esa predmetlarning biron-bir umumiy belgisi asos qilib olinadi Masalan, “Davlatlarni boshqarish shakli”ga qarab bo’lish -tabiiy klassifikatsiya, alfavit bo’yicha bo’lish sun'iy klassifikatsiya hisoblanadi.
- Klassifikatsiyada ham tushunchaning bo’lish qoidalariga rioya qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |