172-modda. Boshqa joydagi ishga ko‘chib borganda xarajatlarni to‘lash
Boshqa joydagi ishga ko‘chib borganda quyidagilar to‘lanishi lozim:
ko‘chish va mol-mulkni ko‘chirib borish bilan bog‘liq xarajatlar;
yangi joyda o‘rnashib olish bilan bog‘liq xarajatlar;
xodim tomonidan ish beruvchi bilan kelishib qilingan boshqa xarajatlar.
173-modda. Xodimga tegishli mol-mulkdan foydalanganlik uchun xarajatlarni to‘lash
Ish beruvchining roziligi bilan va uning manfaatlari yo‘lida xodim o‘ziga tegishli mol-mulkdan foydalanganda transport vositalarining amortizatsiyasi va ulardan foydalanganlik uchun qilingan xarajatlar, shuningdek asboblarning, texnik vositalarning yoki o‘zga mol-mulkning amortizatsiyasi ish beruvchi hisobidan to‘lanishi lozim. Ana shu xarajatlarni to‘lashning miqdori va tartibi jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilab qo‘yiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi 258-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalarini biriktirish me’yorlari.
XI BOB. MEHNAT INTIZOMI
174-modda. Korxonada mehnat tartibi
Korxonada mehnat tartibi ish beruvchi kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib tasdiqlaydigan ichki mehnat tartibi qoidalari bilan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibining namunaviy qoidalari (ro‘yxat № 746, 14.06.1999-y.), O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17-apreldagi 12-sonli “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida”gi qarori 34-bandi.
175-modda. Intizom to‘g‘risidagi ustav va nizomlar
Xalq xo‘jaligining ba’zi tarmoqlarida xodimlarning ayrim toifalari uchun intizom to‘g‘risidagi ustav va nizomlar amal qiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi Qonunining 18-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudning xususiy ajrimi to‘g‘risida”gi qarori 6-bandi
Do'stlaringiz bilan baham: |