190-modda. Xodimning sog‘lig‘iga shikast yetganligi munosabati bilan to‘lanishi lozim bo‘lgan zarar miqdori
To‘lanishi lozim bo‘lgan zarar jabrlanuvchining mehnatda mayib bo‘lishiga qadar olgan o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan foiz hisobida, uning kasbga oid mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik darajasiga muvofiq belgilanadigan har oylik to‘lovdan, sog‘lig‘iga shikast yetishi bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarning kompensatsiyasidan, shuningdek belgilangan hollarda esa, — bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lashdan iboratdir.
Oldingi tahrirga qarang.
Kasbga oid mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik darajasi va jabrlanuvchining qo‘shimcha yordam turlariga muhtojligi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan aniqlanadi.
(190-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi O‘RQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnatda mayib bo‘lgan yoki kasb kasalligiga chalingan shaxslarning kasbiy mehnat layoqati yo‘qotilishi darajasini belgilash tartibi to‘g‘risida nizom.
Oldingi tahrirga qarang.
Zarar o‘rnini qoplash uchun to‘lovlarni tayinlashda jabrlanuvchi olayotgan ish haqi, stipendiya, pensiya va boshqa daromadlar hisobga olinmaydi. Bunda mehnatda mayib bo‘lgan jabrlanuvchilar — nogironligi bo‘lgan shaxslarga zararni qoplash uchun to‘lanadigan summa qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 17,6 foizidan oz bo‘lishi mumkin emas.
(190-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi O‘RQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1007-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-fevraldagi 60-sonli qarori bilan tasdiqlangan Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash qoidalarining II bobi (“Sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi bilan bog‘liq holda zararning jabrlanuvchiga to‘lanadigan miqdori”) va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi 18-sonli “Mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan xodimning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplashga oid nizolar bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi qarorining 10-bandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |