194-modda. Xodimning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi yoki uning vafoti munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori
Xodimning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi yoki uning vafoti munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori jamoa shartnomasida, agar bunday shartnoma tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi bilan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi.
Bunda xodimning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori jabrlanuvchining yillik ish haqidan, xodimning vafoti munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori esa, marhumning olti yillik o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-fevraldagi 60-sonli qarori bilan tasdiqlangan Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash qoidalarining 29 va 30-bandlari va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi 18-sonli “Mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan xodimning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplashga oid nizolar bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi qarorining 12-bandi.
195-modda. Xodimning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi yoki uning vafoti munosabati bilan ish beruvchi tomonidan zararni to‘lash tartibi va muddatlari
Mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda xodimning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi yoki uning vafoti munosabati bilan ish beruvchi tomonidan zararni to‘lash tartibi va muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-fevraldagi 60-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash qoidalari”ning VII bobi (“Zararni qoplash summasini to‘lash tartibi va muddatlari”).
Do'stlaringiz bilan baham: |