Yalla o’zbek musiqa janrida aloxida o’rin egallaydi. Odatda, yalla qo’shiq va raqs jo’rligida ijro etilib, u ikki xil bo’ladi.
Birinchisining kuyi nisbatan tor diapazonli bo’lib, she’rdagi har bir band va uning o’yinlari yakkaxon yallachi, naqarot esa har bir guruh sozanda yoki ashulachilar jo’rligida aytiladi.
Ikkinchisining kuyi keng diapazonli bo’lib, band naqarot bilan boshlanib, naqarot bilan tugallanadi. Ashula o’z ko’yining cho’ziqligi hamda rivojlanishda diapazonning kengligi, ritmining sezilarli darajada sinkopaligi bilan ajralib turadi. Odatda, ashula kuyi she’riy matnning sog’inch, alam va hasratni ifodalovchi ishqiy-lirik mazmuniga qarab yaratiladi. Ashulaning rivojlangan namunalari esa og’zaki an’anadagi professional musiqaga mansub. Bunga ashula janrining yana bir boshqa turi-katta ashula yoki patnis – patnusaki ashula ham mansub. Katta ashula o’z ko’yining deklamatsion xarakteri, diapazonining kengligi – uch oktavaga yaqinligiga ko’ra farqlanadigan asosiy melodik tuzilmalardir.
Mehnat qo’shiqlari
Mehnat qo’shiqlari xalq ijodiyotining eng qadimiy shakllaridan xisoblanadi. Bu qo’shiqlar ibtidoiy insonning mehnat faoliyati bilan bevosita aloqadorlikda vujudga kelib, ana shu jarayonda taraqqiy etgan. Eng qadimiy mehnat qo’shiqlari vazn, qofiya va boshqa poetik shakllar e’tibori jixatidan mukammal uyushmagan, so’zlar ham ongli tarzda bo’lib, ular ko’proq mehnat jarayonida muayyan harakat ritmiga mos keluvchi undov, xitob va nidolar xarakteridagi poetik parchalardan iborat tuzilishga ega bo’lgan.
Mehnat turlari ko’p va xilma-xil bo’lganidek, uning qo’shiqlari ham turli-tumandir. Mehnat qo’shiqlarining g’oyaviy-mavzu va janr xususiyatlariga qarab uch guruhga bo’lib o’rganish mumkin.
Dehqonchilik bilan bog’liq qo’shiqlar.
Chorvachilik bilan bog’liq qo’shiqlar.
Hunarmandchilik bilan bog’liq qo’shiqlar.
Dehqonchilik bilan bog’liq mehnat qo’shiqlari.
Mehnatning bu turi bilan bog’liq, qo’shiqlar rang- barang bo’lib, ulardan bizga qadar «Qo’sh qo’shiqlari», «O’rim va o’rimchilar qo’shig’i», «Xirmon qo’shiqlari» yoki «Xo’p mayda» kabi janrlar yetib kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |