Geomorfologiya (geo..., yun.morphe — shakl va ...logiya) — yer yuzasining relyefi haqidagi fan. Geomorfologiya quruqlik hamda okean va dengizlar tubining tashqi qiyofasini, kelib chiqishi, yoshi tarixiy taraqqiyoti, hozirgi dinamikasi va tarqalishi qonuniyatlarini o’rganadi. Hozirgi geologik davrdagi relyefni geomorfologiya yer yuzasining o’tmishdagi taraqqiyotining yakuni sifatida o’rganadi.
Yer yuzasi bir tomondan Yer po’stini va ikkinchi tomondan gidrosfera hamda atmosferani bir-biridan ajratib turadigan chegaradir. Yer yuzasiga bir vaqtning o’zida relyefni paydo qiluvchi endogen jarayonlar va ekzogen jarayonlar ta’sir etadi. Og`irlik kuchining bevosita ta’siri ostida sodir bo’ladigan gravitatsiya jarayonlari ham relyef hosil qilish ahamiyatiga egadir. Yer—Quyosh—Oy sistemasining o’zaro tortishish kuchi ham yer relyefi ga katta ta’sir ko’rsatadi (dengiz va okean suvlarining, Yer po’stining ko’tarilib-pasayib turishi). Kishilik jamiyatining faoliyati yer relyefining o’zgarishida katta omil hisoblanadi. Geomorfologiyaning asosiy prinsiplaridan biri shuki, relyef geografik komponentlardan biri sifatida boshqa komponentlar va geografik sharoit bilan bevosita bog`liq holda o’rganiladi. Relyefga boshqa omil lar ta’sir etibgina qolmay, relyefning o’zi ham ularga ta’sir ko’rsatadi va ular orkali o’ziga ham ta’sir etadi. Litosfera, atmosfera, gidrosfera va biosferalar o’rtasidagi o’zaro murakkab aloqa geomorfologiyaning Yer haqida fanlar sistemasida tutgan o’rnini belgilab beradi. Geologiyadan olingan ma’lumotlar va metodlardan relyefning o’rganilayotgan joydagi geologik tuzilishi va taraqqiyotiga bog`liq ekanligini aniqdashda foydalaniladi. Tabiiy geografiya, iqlimshunoslik, gidrologiya, okeanologiya, tuproqshunoslik, geobotanika bergan ma’lumotlar relyefning tabiiy-geografik sharoit va ayrim tabiiy komponentlarga bog`liq ekanligini aniqlash uchun zarur; geofizika bergan ma’lumotlar esa relyef taraqqiyoti jarayonining tabiiy mohiyati va Yerning qattiq, suyuq, gaz holatidagi qobiqlari bilan o’zaro munosabatini o’rganish uchun kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |