Korxonalardagi ichki audit xizmati to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qimmatli qog‘ozlar bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2006-yil 27-sentabrdagi PQ-475-son qaroriga muvofiq aktivlarining balans qiymati 1 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan korxonalarda, shuningdek aktivlarning balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravaridan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarida ichki auditni tashkil etishga qo‘yiladigan yagona talablarni hamda uning ishini tashkil etishning metodologik asoslarini belgilaydi.
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Mazkur Nizom talablari tijorat banklariga va budjet tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.
2. Mazkur Nizom maqsadlari uchun quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
ichki audit — korxona boshqaruvining ijro etuvchi organi va tarkibiy bo‘linmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga, ta’sis hujjatlariga va ichki hujjatlarga rioya qilinishini tekshirish va monitoring olib borish yo‘li bilan ular ishini nazorat qilish va baholash, ma’lumotlarning buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotda aks ettirilishining to‘liqliligi va ishonchliligini ta’minlash, xo‘jalik operatsiyalarini amalga oshirishning belgilangan qoidalari va taomillari, aktivlarning saqlanishi hamda korporativ boshqarish prinsiplari joriy etilishi bo‘yicha korxona tarkibiy bo‘linmasining (ichki audit xizmati) faoliyati;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
ichki audit xizmati — mazkur Nizom talablari hisobga olingan holda korxona Kuzatuvchi kengashining qarori bilan tashkil etiladigan korxonaning ichki auditni amalga oshiradigan tarkibiy bo‘linmasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |