Vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ijtimoiy-falsafiy omillari


Yoshlarni bevatanlikka da’vat etuvchi kosmopolitizm tahdididan asrashga qaratilgan ta’lim-tarbiya mexanizmlarini takomillashtirish vazifalari


Download 0.66 Mb.
bet11/19
Sana08.05.2023
Hajmi0.66 Mb.
#1443637
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   19
Bog'liq
Saidov Monografiya

3.2. Yoshlarni bevatanlikka da’vat etuvchi kosmopolitizm tahdididan asrashga qaratilgan ta’lim-tarbiya mexanizmlarini takomillashtirish vazifalari
Bugungi globallashuv davrida yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini chuqur singdirish birmuncha qiyinchiliklar bilan amalga oshiriladi. Sababi, yoshlar ongiga har xil ta’sir etuvchi omillar ko‘p bo‘lib, fikrlar xilma-xilligi hamda kosmopolitik qarashlarning shiddatli yopirilishi o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.
Hozirgi kunda kosmopolitizm (dunyo fuqarosi) g‘oyasi kuchayib bormoqda. Bunda milliy, diniy qadriyatlar, asriy an’analar tan olinmaydi. “Vatan”, “millat”, “milliy davlatchilik” tushunchalari eskirdi. Hammamiz bitta davlat, bitta hukumat tuzamiz, Vataningni qo‘y, dunyo fuqarosi bo‘l”, degan g‘oya kosmopolitizmga tegishlidir. Bu g‘oya insonni bevatanlikka da’vat etadi. U insonni manqurtlik degan kasalga mubtalo etadi. Inson o‘z tarixini bilmasa, tili, dini, urf-odatlarini, xudoni unutsa dunyo fuqarosi bo‘lgan taqdirda nima ish qila olishi mumkin? Unga na oila, na ota-ona, na to‘y tomosha, na o‘tmish-u kelajakning qizig‘i bo‘lmasa Kosmopolitist nimani orzu qilib, unga intilib yashashi mumkin? Demak, kosmopolitizm ham insonlarning ma’naviy qashshoqlashishi, o‘zligini batamom unutishga sabab bo‘ladi.
Kosmopolitizm g‘oyasini ishlab chiqqanlar va qayta tiklayotganlar, insonning ma’naviyatiga xavf tug‘dirishi bilan birga turli davlatlar va jamiyatlarning tanazzuliga eltish yo‘llarini ham nishonga olganlar. Mafkuraviy poligonlar maydonida uning ham aql bovar qilmas katta xavf-xatarlari mavjud. Shuning uchun ham yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash barchamiz uchun o‘z dolzarbligi va ahamiyatini hech qachon yo‘qotmaydigan masala bo‘lib qolaveradi. Ushbu dolzarb masala uzluksiz jarayon bo‘lib, u bir-biriga bog‘liq siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, g‘oyaviy-mafkuraviy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar majmuasidan iborat.
Umuman olganda, kosmopolitizmga qarshi vatanparvarlik tarbiyasi yoshlarda vatanni qadrlash, uni asrab-avaylash, Vatanni fidokorona himoya qilishga tayyorlik va bunga qodirlikni shakllantirishga yo‘naltirilgan. Uning ma’naviy-ma’rifiy va nazariy asosi Vatanni himoya qilish to‘g‘risidagi zamonaviy tegishli ilm-fan sohalarining xulosalari, xalqimizning Vatan va uni himoya qilish haqidagi tarixiy va zamonaviy amaliy tajribasi, ilmiy merosi hamda mazkur masala bilan bog‘liq umuminsoniy qadriyatlar va zamonaviy talablar hisoblanadi.
Kosmopolitizm konsepsiyasiga qarshi “yoshlarda mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, ularni turli bevatanlikni targ‘ib qiluvchi yot g‘oya va tahdidlardan asrash, o‘z mustaqil fikriga ega, irodali, fidoyi va vatanparavar insonlar etib tarbiyalash eng asosiy maqsadlardan biriga aylanmog‘i lozim”100. Jamiyatda vatanparvar va fidoyi insonlar ko‘payishi natijasida ma’naviy-ma’rifiy hayotda hamda boshqa jabhalarda tub ijobiy o‘zgarishlar yuzaga keladi.
Yoshlarda kosmopolitizmga qarshi tura oluvchi milliy manfaatlarni ustun qo‘yuvchi, loqayd va befarq bo‘lmagan, daxldorlikni anglagan yoshlarimizga erkin, mustaqil fikr yuritishni o‘rgatib borish, iymon-e’tiqodli, aql-zakovatli, irodasi mustahkam, dono, turli axborotlar qarshisida o‘z fikriga ega bo‘lishiga ma’naviy – moddiy madad ko‘rsatish talab etiladi. Yana o‘tmishi buyuk yurtimiz tarixi, milliy qadriyatlarimiz hamda ulug‘ ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy va ma’naviy merosini yoshlarmiz ongiga, qalbiga singdirishimiz lozim.
Bugungi kunda kosmopolitizm g‘oyalari g‘arbparastlik, liberalizm yoki boshqa turli madaniy munosabatlar ta’sirida shakllanmoqda. Eski g‘arbparastlik va yevropa markazchilikning vorisi bo‘lgan liberallashuv hamda globallashuv to‘niga o‘ralgan qarashlar milliy tafakkurimiz, urf-odat va an’analarimizga qanchalik mos keladi? Taniqli adabiyotshunoslarimizdan biri yoshlarga qilgan ma’ruzasining birida noxolis ijodkorlar haqida gapirib, fransuz adibi Markiz de Sad o‘zining fisqu fujurga to‘la kitobining so‘z boshidan iqtibos olib misol keltiradi: “Biz olis Sharqdagi mamlakatlarni bosib olish uchun endi fransuz askarining o‘q yegan etigidagi oyog‘i chirib bitishi shart emas, shunchaki jang qilmay, uyatsiz mahsulotlarimizni reklama qilsak bo‘ldi, ertaga dunyoning o‘zi oyog‘imiz tagiga yukinib keladi”. Qanchalik achinarli bo‘lmasin, ana shunday gullab-yashnagan madaniyatlarning ko‘p hollarda “usti yaltiroq” bo‘lib chiqmoqda101.
Fikrimizcha, kosmopolitizm g‘oyasi jamiyatlarning milliy va iqtisodiy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, bevatanlikni, dunyo fuqarosi bo‘lib yashash istagini, vatan va millat oldidagi mas’uliyat va daxldorlikni tan olmasdan yashash tuyg‘usi hisoblanadi. Shu bois ham ko‘plab jamiyatlar kosmopolitizm g‘oyasiga qarshi kurashda vatanparvarlik tarbiyasini yangicha mexanizmlarini yaratishni ustuvor vazifa sifatida ko‘rmoqdalar.
Gruziya adibi Nodar Dumbadzening “Chao-Bambino” hikoyasi qahramonlariga o‘xshab yoshlar g‘arbcha turmushga rostmana taqlid qila boshladilar. Dumbadze hikoyasi xotimasida yozilganidek, ko‘r-ko‘rona taqlid bir kuni sharmandali tugaydi. Boshlanishida burama ko‘ylaklar kiyib, sochni o‘stirib, pochasi keng shimlar kiyib, ba’zilari sochini allambalo qilib olgan, angishvonadek idishda konyak ichib, “keks”ga ham burnini jiyirib, “O, London, o, Parij” deb og‘zining tanobi qochib, xorijiy kuyga raqsga tushayotgan yigit-qizlar hikoya so‘nggida qornilari ochib, hatto, sutchi xolaning sigiriga atalgan qattiq nonlargacha paqqos tushirib “g‘irt kavkazlik qishloqi”ga aylanadilar. Ko‘r-ko‘rona taqlid qiluvchilarning keksalik davri qanday kecharkin, deb o‘ylab qolasan kishi. Agar o‘zi “rep”ga raqsga tushgan bo‘lsa, o‘g‘li yoki nevarasi qaysi kuyga muqom qiladi ekan?! Yo u vaqtga borib rep, rok deganlaridan ham murakkablari chiqarmikan. Shundoq ham globallashuv, modernizasiyani niqob qilgan g‘arblashtirish (vesternizasiya) amaliyotchilari va boshqa mafkuraviy shaklda qurollangan, turli maqsadlarni ko‘zlagan transmilliy korporasiyalar (TMK), nodavlat tashkilotlar, guruhlar barcha jarayonni nazorat qilish ishlarini qiyinlashtiradi.
Kosmopolitizm yoki boshqa bevatanlikni targ‘ib qiluvchi, dunyo fuqarosini yaratishga yo‘naltiruvchi g‘oyalarga qarshi jamiyatda barqarorlikni mustahkamlash va davlatning puxta xavfsizligini ta’minlash O‘zbekiston uchun hayotiy zaruriyatdir. Shularni nazarda tutib, O‘zbekiston Respublikasi mustaqil davlat va xalqaro munosabatlarning sub’yekti sifatida o‘zining mudofaa siyosatini barcha mamlakatlarning tinch-totuv yashashi, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ularning mustaqilligini, shuningdek, davlatlararo tarkib topgan chegaralarning buzilmasligi va o‘zgarmasligini hurmat qilish prinsiplariga asoslaydi. Ushbu prinsiplardan kelib chiqib, Yangi O‘zbekiston Uchinchi Renessans davrida O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti ko‘magida yoshlarni milliy g‘oya va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda hamda ularning qalbi va ongiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqur singdirishda, turli ichki va tashqi tahdidlarga qarshi ma’rifatli dunyoqarashni shakllantirishda salmoqli ishlarni bajarishga erishadi, degan umiddamiz.
Bevatanlikni targ‘ib qiluvchi g‘oyalarga bardosh bera oladigan yoshlarni tarbiyalash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash – bu millati, tili va kasbidan qat’i nazar, yoshlarda Vatanga sadoqat tuyg‘usini shakllantirish, ularni o‘z fuqarolik burchi va konstitusion majburiyatlarini bajarishga, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishga qodir shaxslar etib tarbiyalashga yo‘naltirilgan davlat organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlarining ko‘p bosqichli, tizimli, maqsadli va muvofiqlashtirilgan faoliyatidir.
Bugungi kunda Vatanga sadoqat, Vatan ravnaqiga daxldorlik haqida o‘ylash bilan bir paytda kimdan ibrat olish kerak, kimning misolida xarakterni shakllantirish zarur, kimdan o‘rganish lozim, vatanparvarlikda ta’limi zarurmi, bir so‘z bilan aytganda, “Zamonamiz qahramoni kim?” degan savollar ham yuzaga kelmoqda. Bu savollarning tub axloqiy mohiyati avvalo, zamon qahramonini tasavvur qilish, yaratish va unga intilish bilan bog‘liq maqsad yotadi. Mazkur fikrning strategik ahamiyatidan kelib chiqsak, vatanparvarlik o‘z-o‘zidan shakllanadigan fazilat yoki biror bo‘shliqda vaziyat taqozosiga ko‘ra yuzaga keladigan ijtimoiy-axloqiy hodisa emas. Vatanparvarlikni anglash va unga intilish uchun ham muayyan bilimga ega bo‘lish, vatanparvarlik ta’limini egallash zarur. Bu jarayon quyidagi holatlarni o‘rganish va tahlil qilishni taqozo etadi:
Birinchidan, hozirgi davrda vatanparvarlik va u bilan bog‘liq ilmiy masalalar ta’lim muassasalarida umumiy yo‘nalishda tahlil etiladi. Biroq, vatanparvarlikning ijtimoiy-ma’naviy, tarbiyaviy-axloqiy hamda siyosiy-huquqiy jihatlari tegishli fanning alohida bo‘limi emas, balki uning kichik bir mavzusi sifatida talqin etiladi. Bu yoshlar ongiga vatanparvarlik tuyg‘usini singdirishning ta’limiy asoslarini yanada takomillashtirish, targ‘ibot ishlarini tizimli tashkil etish shart ekanligini belgilaydi. Mazkur murakkab masalaning yechimi eng avvalo, ijtimoiy-gumanitar fanlarning o‘zaro hamkorligi, ularda vatanparvarlik, Vatan tuyg‘usi mavzusini davomiylik, izchillik tamoyili asosida talqin qilish va ushbu fanlarning mazmuniga vatanparvarlik g‘oyasini singdirgan holda o‘qitish orqali erishiladi.
Ikkinchidan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad –bugungi avlod istiqlol bergan imkoniyatlardan aniq maqsadlarda foydalanishi, o‘z orzu-intilishlarini Vatanni ravnaq toptirish kabi olijanob tuyg‘ulari bilan hamohang tasavvur qilishi, o‘z taqdirini shu Vatan taqdiri bilan bog‘liq ko‘rishishlariga erishish shartligini nazarda tutadi. Shuning uchun ham hozirgi globallashuv davrida yoshlarda yuksak insoniylikka asoslangan chinakam vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishning ob’yektiv shart-sharoitlari to‘g‘risida yanada chuqurroq o‘ylash ma’naviy jarayonlardagi taktik va strategik maqsadlar sirasiga kiradi.
Uchinchidan, mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ygandan so‘ng davlat tizimi ham o‘zgardi, bu borada muhim dasturlar hayotga joriy etildi. Biroq, bu o‘zgarish qaysidir davlatlarning tajribasini, an’analarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlashtirish hisobiga emas, balki o‘ziga xos taraqqiyot strategiyasini yaratish asosida shakllantiriladi. Endilikda o‘zini ana shu jamiyatning a’zosiman, deb hisoblagan, xalqning taqdiriga, el-yurt taqdiriga befarq qaramaydigan har qaysi inson, tafakkur bo‘yicha albatta o‘z fuqarolik pozitsiyasini, o‘z qarashlarini aniqlab olishi kerak.
Ahamiyatli jihati shundaki, ta’lim omili vatanparvarlikni kuchaytiruvchi boshqa omillarning ta’sirchanligini ta’minlaydi. Chunonchi:

  1. Bilimning tarbiya bilan uyg‘unligi omili. Yoshlarning yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi, onglilik darajasi ko‘p jihatdan ta’lim muassasalarida olib boriladigan tarbiyaviy ishlarning samaradorligiga bevosita bog‘liq. Ayniqsa, tobora keskinlashib borayotgan hozirgi davr xalq ta’limi tizimida vatanparvarlikka oid dunyoqarashni kengaytirish, inson psixik faoliyatining o‘sishi jarayonida yuksak g‘oyaviylikni ta’minlash bilan bog‘liq ilmiy-uslubiy ishlarga zamon talablaridan kelib chiqib yondashishni taqozo etmoqda.

  2. Hamkorlik omili. Bu vazifalarni hal etishda yoshlarni vatanparvarlik, fidoyilik va milliy g‘oyamizga sadoqat ruhida tarbiyalash, ular ma’naviyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va Vatan himoyachilari etib tayyorlashda jamoat birlashmalarining o‘rni va mas’uliyati juda katta.

Darhaqiqat, vatanparvarlik har bir davlat hayotining ma’naviy asosi hisoblanadi. Bu asosning nechog‘lik mustahkamligi yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, mamlakat obodligi, el farovonligi kabi g‘oyalarning barqarorligiga bog‘liqdir. Yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan maqsadlar sub’yektini aniq belgilab olish, bu boradagi targ‘ibotning zamonaviy usullarini o‘rganish va natijalarni qiyosiy tahlil etish maqsadida olib borilgan sotsiologik tadqiqot natijalariga murojaat qilishni o‘rinli, deb hisoblaymiz. Dastlabki mulohazalarimiz xorijlik yoshlarning vatanparvarlik darajasini o‘rganishga qaratilgan.
Tadqiqot doirasida «Yangi O‘zbekistonda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ijtimoiy-falsafiy omillari» mavzusida maxsus so‘rovnoma o‘tkazildi. Mazkur so‘rovnomada ishtirok etgan respondentlarning umumiy miqdori 249 nafarni tashkil etdi.
So‘rovnoma Farg‘ona davlat universiteti va Namangan davlat universiteti, Buxoro davlat universitetining professor-o‘qituvchilari va talabalari o‘rtasida o‘tkazildi.
Tadqiqot ishi doirasida o‘tkazilgan so‘rovnomadan quyidagi savollardan foydalanildi.

  1. Vatanparvarlikni qanday tushunasiz?

  2. O‘zingizni chinakam vatanparvar deb hisoblaysizmi?

  3. Qaysi kasb egalarini chinakam vatanparvar deb bilasiz?

  4. Sizningcha kimlarda vatanparvarlik tuyg‘usi yuqori?

  5. Vatanparvarlikni ko‘proq qaysi sohada namoyon etgan bo‘lardingiz?

  6. Sizningcha vatanparvar qanday bo‘lishi kerak?

  7. Vatanparvarlikni shakllantirishda qaysi omillar yuksak ahamiyatga ega?

  8. Vatanparvarlik ko‘rsatishda qaysi jihatni muhim deb hisoblaysiz?

Respondentlarga “Vatanparvarlikni qanday tushunasiz?” – degan savol bilan murojaat qilinganida, ularning 51.7 foizi Vatanni sevish deb tushunishi, 6.7 foizi esa tug‘ilgan joyini sevishi deb biladilar. Ularning 5.7 foizi esa vatanparvarlik deganda armiyada xizmat qilishni tushunadilar. Respondentlarning 35.9 foizi esa vatanparvarlik deganda so‘rovnomadan keltirilgan javob variantlaridan boshqacha o‘zlarining shaxsiy fikrlarini bayon qilishgan.
Shuningdek, respondentlarga “O‘zingizni chinakam vatanparvar deb hisoblaysizmi?” – degan savol bilan murojaat qilganimizda, ularning 67.4 foizi o‘zlarini vatanparvar deb hisoblashadi. So‘rovlarda ishtirok etganlarning 5.7 foizi o‘zlarini hali vatanparvar emasligini tan olishgan bo‘lsa, yana 26.9 foiz talabalar bu o‘rinda javob berishga qiynalishini bildirishgan.
Respondentlarga “Qaysi kasb egalarini chinakam vatanparvar deb bilasiz?” – degan savol murojaat qilinganida, ularning aksariyati 50.7 foizi harbiy soha xizmatchilarini vatanparvarlikning timsolida ko‘radilar. Ularning 3.4 foizi vatanparvar sifatida sportchilarni, 2.2 foizi san’atkorlarni va 8.9 foizi esa ustoz-murabbiylarni vatanparvar sifatida ko‘rishadi. Ijtimoiy so‘rovlarda ishtirok etgan talabalarning 34.8 foizi turli sohadagi kasb egalarini vatanparvarlikning timsoli sifatida ko‘radilar.
Shuningdek, talabalarga qaysi kasb egalarida vatanparvarlik tuyg‘usi yuqori bo‘lishiga qaratilgan “Sizningcha kimlarda vatanparvarlik tuyg‘usi yuqori?” degan savol bilan murojaat qildik. Javoblarga nazar tashlasak, respondentlarning 34.9 foizi harbiy soha xodimlarida vatanparvarlik tuyg‘usi yuqoriroq deb bilishsa, 29.2 foizi esa Ozodlik qahramonlarida bu tuyg‘uni yuqori deb hisoblaydilar. So‘rovda qatnashganlarning 5.6 foizi boshqalarga nisbatan vatanparvarlik tuyg‘usi davlat arboblarida kuchli bo‘ladi, deb fikrlaydilar. Shuningdek, so‘rovda qatnashgan talabalarning 30.3 foizi esa boshqalarga nisbatan vatanparvarlik tuyg‘usi yuqori, deb hisoblagan turli kasb egalarini yozishgan.
Ijtimoiy so‘rovlarimizga jalb qilingan respondentlarning o‘z vatanparvarligini namoyon qilish borasidagi “Vatanparvarlikni ko‘proq qaysi sohada namoyon etgan bo‘lardingiz?” – degan savolimizga javoblar quyidagicha bo‘ldi: respondentlarning 19.1 foizi ilm sohasida xizmat qilish orqali, 32.6 foizi ta’lim sohasida, 7.9 foizi san’at sohasida va 5.6 foizi tadbirkorlik faoliyati bilan o‘z vatanparvarligini namoyon qilishi mumkinligini bildirishgan. So‘rovda qatnashganlarning aksariyati, ya’ni 34.8 foizi vatanparvarlikni namoyon qilishning eng maqbul sohasi harbiy xizmatchi bo‘lib faoliyat ko‘rsatish va shu bilan bu tuyg‘uni namoyon qilish mumkin deb hisoblaydilar.
Ma’lumki, vatanparvar insonga qo‘yilgan talabalar boshqalardan ko‘ra ko‘proq bo‘ladi. Shu sababli respondentlarga “Sizningcha vatanparvar qanday bo‘lishi kerak?” –degan savol bilan murojaat qildik. Ularning 34.6 foizi Vatani sevuvchi va asrab-avaylovchi insonlarni haqiqiy vatanparvarlar deb hisoblaydilar. Shuningdek, Vatanga sadoqat va uni himoya qilish vatanparvarlikning asosi, deb bilganlar respondentlarning 21.1 foizini, ma’naviyatlilik va halollik vatanparvarlikning muhim mezoni deb hisoblaydiganlar respondentlarning 17.2 foizini, Vatan uchun jonini fido qilishi vatanparvarlikning asosi deguvchilar respondentlarning 14.8 foizini hamda shaxs sifatida shakllangan va mas’uliyatli bo‘lgan kishi haqiqiy vatanparvarlikni ifodachisi bo‘ladi deb hisoblaydiganlar respondentlarning 12.3 foizini tashkil qildi.
Ma’lumki vatanparvarlik ko‘plab omillar va vositalar asosida shakllanadi va turli yo‘llar va usullar bilan uni mustahkamlab borish mumkin. Talaba-yoshlarning bu boradagi fikrlarini aniqlash maqsadida ularga “Vatanparvarlikni shakllantirishda qaysi omillar yuksak ahamiyatga ega?” – degan savol bilan murojaat qildik. Respondentlarning eng ko‘pi ya’ni 42.4 foizi vatanparvarlikni shakllantirishda ma’naviy omillarning rolini yuqori deb biladilar. Keyingi o‘rinda esa 32.4 foiz respondentlar haqqoniy yoritilgan tarixning o‘rnini ko‘rsatishgan bo‘lsa, ularning 8.1 foizi esa madaniy omillarga e’tibor qaratishgan. Shuningdek, so‘rovlarimizda ishtirok etgan talabalarning 17.1 foizi esa vatanparvarlikni shakllantirishda boshqa omillarning rolini aytib o‘tishgan.
Insonning o‘z vatanparvarligini namoyon qilishning imkoniyatlari, darajalarini baholash ham muhim hisoblanadi. Shu maqsadda respondentlarimizga “Vatanparvarlik ko‘rsatishda qaysi jihatni muhim deb hisoblaysiz?” – degan savol bilan murojaat qildik. Javoblar tahlili ko‘rsatishicha so‘rovda ishtirok etgan yoshlarning 58.4 foizi aqliy imkoniyatlarni birinchi o‘ringa qo‘yadilar. Respondentlarning 4.5 foizi jismoniy imkoniyatlarni, 2.2 foizi esa lavozim-mansab imkoniyatlarini va 9.0 foiz respondentlar hissiy imkoniyatlarni muhim deb hisoblaydilar. So‘rovlarda ishtirok etgan yoshlarning 25.9 foizi esa insonning vatanparvarligini ko‘rsatishda so‘rovnomada keltirilmagan turli jihatlarni yozishgan.
Savollarga berilgan javoblardan talaba-yoshlarning Vatanni sevish, asrash, himoya qilish va Vatan kelajagiga befarq emasligi kuzatiladi.
Shuni alohida ta’kidlash zarurki, bugungi kunda yoshlarda vatanparvarlikni shakllantirish ishlariga innovasiyalarni joriy qilish, ta’lim bilan tarbiyaning uzviyligi va uzluksizligini yangi yondashuvlar asosida tizimli tashkil etish masalalari ijtimoiy-axloqiy ehtiyojga aylanib bormoqda. Ushbu vazifalarni amalga oshirish yuzasidan mamlakatimiz harbiy ta’lim muassasalarida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Xulosa qilganda, yoshlarda vatanparvarlik e’tiqodini mustahkamlashning konseptual asoslari milliy tafakkur, ma’naviy jasorat, qat’iy fuqarolik pozitsiyasi, dahldorlik tuyg‘usi, aniq va ezgu maqsadlar bilan yashash kabi ijtimoiy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish bilan bog‘liq. Keng ko‘lamli, tizimli va maqsadli reja asosida muntazam amalga oshirib borish zarurligini taqozo etadigan vatanparvarlik e’tiqodi funksional va tashkiliy jihatlarni qamrab oladi. Bu jihatlarning axloqiy asosini ta’lim bilan tarbiyaning uzviyligi hamda madaniyat – ma’naviyat – falsafa o‘rtasidagi dialektik birlik tashkil etadi.

Download 0.66 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   19




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling