Vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ijtimoiy-falsafiy omillari
Yoshlarda pragmatistik dunyoqarash asosida vatanparvarlikni tarbiyalashning falsafiy asoslari
Download 0.66 Mb.
|
Saidov Monografiya
2.2.Yoshlarda pragmatistik dunyoqarash asosida vatanparvarlikni tarbiyalashning falsafiy asoslari
Bugungi kunda yoshlarda pragmatik dunyoqarash va umuminsoniy, ma’naviy qadriyatlar hamda shaxsiy mas’uliyat hissini shakllantirish vazifasi birinchi darajali ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimizda yoshlarning puxta bilim olishi, kasb-hunar egallashi, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida kamol topishi yo‘lida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Yangicha dunyoqarashning shakllanishi ijtimoiy-madaniy faoliyatni oqilona tashkil etish yo‘llarini izlab topishga da’vat etdi. Bunday yangicha tafakkurning mahsuli o‘laroq inson huquq va erkinliklarini to‘laqonli amalga oshirish, uning manfaatlarini himoya qilish ustuvor darajada baholandi. Buni izchil amalga oshirish uchun birinchi navbatda ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlash, zamon ruhiga monand boshqarish masalasini belgilab olish zaruriyati tug‘ildi. “Jamiyat va inson falsafasini yangicha dunyoqarash nuqtai nazaridan talqin etishga bo‘lgan intilish ijtimoiy-madaniy taraqqiyotning o‘ziga xos metodologik tamoyillarini talab qildi”63. Ijtimoiy taraqqiyotning tadrijiy kechishi haqidagi g‘oya shunday dunyoqarash negizini tashkil etadi. Binobarin, bu jamiyat hayotining doiraviy aylanma harakati qonuniyatlarini talqin qilishga yordam beradi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadri va kapitalini rivojlantirish, shaxsdagi faollik va ijodiy kuchlarni jamiyatni modernizasiyalash, innovatsion taraqqiyotni ta’minlashga qaratilmoqda. “Vaqt o‘tgani sayin dunyo ham o‘zgarmoqda, odamlarimizning yaxshi yashashga bo‘lgan talablari ham ortib bormoqda. Endi kechagi natija bilan xalqimizni rozi qila olmaymiz. Bugungi kun har kuni izlanish, yangilik yaratishni talab etmoqda. Faqat ana shunday talablar asosida ish olib borib, xalqimizning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin”64. Shu bois mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaratish borasidagi chora-tadbirlar yuzasidan ilmiy tadqiqotlarni yanada chuqurlashtirish zarurati mavjud. Mazkur paragrafda yoshlarda pragmatistik dunyoqarashni shakllantirish orqali ularni pragmatist sifatida yashashga o‘rgatish, ularni vatandan imkoniyat va imtiyozlar kutishdan shaxsiy rivojlanish asosida faoliyatni yo‘lga qo‘yishga o‘rgatish va shu asosida ularda vatanparvarlikni shakllantirish masalalarini tahlil qilish maqsad qilingan. Bu vazifani amalga oshirish uchun pragmatistik dunyoqarashning nima ekanligini va uni yoshlarda vatanparvarlikni shakllantirishdagi o‘rni nimalardan iborat ekanligini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi. “Pragmatizm” so‘zi yunoncha “pragma” – ish, harakat, amal ma’nolarini anglatadi. U “amerika ilmiy falsafasining otasi” hisoblanadi. Pragmatizm g‘oyasiga ko‘ra, inson xatti-harakatlarida to‘rt shakldagi ishonchga amal qiladi: 1) ko‘r-ko‘rona ergashish; 2) avtoritetga ergashish; 3) apriori (tajribadan tashqari olingan bilim)ga ergashish; 4) ilmga ergashish. Ular ichida faqat oxirgisi chin ishonchli, foydali, illyuralistik va hayotiy tajribalarga, sinovlarga muvofiqdir. Pragmatistik dunyoqarash shaxsning fikrlashi, hayot tarzi o‘z kuchi va topqirligini amalda isbotlashi, ya’ni topgan daromadi, mulkka ega bo‘lishi orqali isbotlashi kerak edi. Bu ideal shunchaki xayoliy, Sharqqa xos bo‘lgan transsendental ko‘rinishdagi, hech qachon yetolmaydigan “komil inson” emas, balki real hayotda maqsadiga erishadigan, o‘z imkoniyatlarini namoyon etadigan shaxs edi. Bu madaniy ideal barchaga, ayniqsa hayotda nimanidir qilmoqchi va qandaydir ko‘rsatkichlarga erishmoqchi bo‘lgan oddiy kishi uchun juda yaqin, aniq va real ediki, buning uchun undan faqat harakat, o‘z manfaatini unutmaslik, topqirlik talab etilardi. Amerika jamiyatidagi etnik madaniy muhit ana shu idealni ulug‘lagan, kishilarni unga intilib yashashga da’vat etgan. Ishchan, harakatchan, manfaatlariga ega shaxs pragmatizm dunyoqarashining bosh ob’yekti va ideali edi65. Aynan pragmatistlar ishchan, faol shaxsni, mavjud to‘siqlardan qo‘rqmay, o‘zining hayotiy maqsadiga intiluvchi, dadil kishini Amerika etnik madaniy muhitining idealiga aylantirdilar. An’anaviy tarzdagi empiriklar yoki empirizm tarafdorlari emas, balki o‘z kuchi va quvvatini, bilimi va tafakkurini, vaqti va imkoniyatlarini ishga bag‘ishlovchi, amaliyotni o‘zining hayotiy maqsadiga aylantirgan shaxslarni madaniy qadriyat, ideal sifatida ulug‘ladilar. Zamonaviy pragmatistlar maqsadni ba’zan “strategiya” deb ham atashadi. Ayniqsa amerikalik zamonaviy pragmatistlar, ishbilarmonlar inson erishadigan yutuqlar “to‘g‘ri odamlar bilan ham, to‘g‘ri ustanovkalar bilan ham, to‘g‘ri metodlar bilan ham, to‘g‘ri rollarni bajaruvchi modellar bilan ham, hatto to‘g‘ri tashkil etish bilan ham bog‘liq emas, balki to‘g‘ri, ishonchli strategiyaning borligi bilan bog‘liq”, deb hisoblashadi66. Aynan “strategiya”– deb yozadi taniqli pragmatist, ishbilarmon Dj.Traut, kishini betakror bo‘lishga majbur etadi, u sizni bugungi va kelgusi iste’molchilaringiz fikrida betakror qiladi”67. Strategiya maqsad – belgilab va rejalashtirilgan maqsad. Bunday maqsadga ega kishi bugungi global muammolar va global raqobat bozorida o‘z imijini, pragmatik maqsadlarni saqlab qolishi mumkin. Pragmatizmda sub’yekt faol yaratuvchi, izlanuvchi, serharakat kuch sifatida qaraladi. Pragmatizmdan pozitiv asos izlovchilar asosan ushbu yondashuvni dalil qilib keltiradilar. Insonga faol sub’yekt sifatida qarash aslida falsafa uchun yangilik emas. Pragmatistlar mazkur izlanishlardan, ulardagi ilmiy natijalar va tavsiyalardan bexabar bo‘lishi mumkin emas edi. Biroq ular sub’yekt va uning olam, ob’yekt bilan munosabatlariga, o‘z konsepsiyalariga muvofiq, boshqacha yondashuvni olib kirishdi. Pragmatistlar sub’yektga “freedom of will” (iroda erkinligi) xosligini e’tirof etishadi. Tajriba va amaliy natija bunday irodasiz bo‘lishi, o‘z maqsadiga yetishi mumkin emas. Tajriba va amaliyotning pragmatistik xususiyati inson xatti-harakatlarini kerakli, foydali va maqsadli qiladi68. Faoliyat va faollik ham ana shu tajribaning, amaliyotning “ob’yektiv determinantligi” ifodasi sifatida sub’yekt tabiatini, uning qanday tasavvurlar, bilimlar va ijtimoiy tajribalarga ega ekanini ko‘rsatadi. Erkin iroda (“iroda erkinligi”) optimistik xususiyatga ega, sub’yektning kimligi ushbu irodani namoyon etganida ko‘rinadi. F.Nisshe bu irodani “hokimiyatga iroda” deb atadi, pragmatistlar esa uni psixologik voqelik sifatida talqin etadilar. Inson ongiga xos kreativlikning bevosita tabiatnikidan farqi shundaki, har qanday yangilik dastavval inson ichki olamida yangi g‘oya tug‘ilishidan boshlanadi. Shuning uchun kreasion jarayon inson botinida murakkab individual ruhiy holatni tashkil qiladi. Ammo ijodkor tomonidan ijtimoiy-madaniy tizimlardan o‘zlashtirilgan qadriyat va bilimlarning yangilik yaratishda qo‘llanilishi uning individual faoliyatining yangi g‘oyani tatbiq etish asnosida boshqa kishilar bilan hamkorlik qilishi oqibatida ijtimoiy ma’no-mazmun kasb etishida ko‘zga tashlanadi. Bundan tashqari, yaratilayotgan innovasiya tegishli faoliyatni ta’minlaydigan ijtimoiy-madaniy qadriyatlar tizimi bilan uyg‘unlashishi uchun uning an’analari, tartiblariga mos bo‘lishi lozim. Shu bilan bir qatorda, u yangi innovatsion ijtimoiy-madaniy tizimda o‘ziga xos ruhiy muhitni ham yuzaga keltirishi mumkin. Progmatistik dunyoqarashning mavjud ijtimoiy-madaniy tizim bilan yaratilgan uyg‘unlashib borishi, ayniqsa yangilikning o‘z asosini topishi, sinovdan o‘tishi zaminida ommaviy reproduktiv faoliyatga tatbiq etilishi orqali yana izchillashib boradi. Zero, ommaviy tarzda yangilikka yo‘l ochib, ma’naviy va moddiy boyliklarni yaratadigan kishilar uning g‘oyaviy konseptual asosi va texnologik jihatlarini o‘zlashtirishi zarur. Shuni e’tiborga olgan holda, innovasiyalarni yaratishda uni ommaviy faoliyatga tatbiq etishga qaratiladigan chora-tadbirlar ishlab chiqish ham talab etiladi. Buni esa jamiyat miqyosida amalga oshiriladigan yaratuvchanlik faoliyati zarur bo‘lgan yaxlit innovatsion makon shakllanishiga qulay zamin hozirlaydi. Yoshlar ma’naviyatini shakllantirish, axloqiy taqdirni belgilash va umumbashariy insoniy qadriyatlarni dunyoga joriy etish muammosi ko‘plab avlod tadqiqotchilari tomonidan ishlab chiqilgan abadiy masalalardan biridir. Ma’naviyat mavzusini qamrab olgan ilmiy adabiyotlar juda ko‘p, turli xil ta’riflar, talqinlar va tadqiqot yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati xalqning ma’naviy yetuklik darajasi va milliy ruhi bilan belgilanadi. Shu nuqtai nazardan, XXI asrda davlatimizning rivojlanishi, “uning kuch-qudrati va salohiyati ko‘p jihatdan xalqning yuksak va sof ma’naviyatiga, ziyolilarimiz va yoshlarimizning aqliy savodxonligi, bilimi, ijodkorligi, tashabbuskorligi va vatanparvarligiga bog‘liq”69. Mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlar bilan chambarchas bog‘liq holda mamlakatni barqaror rivojlantirish g‘oyasi bilimli va zukko avlodni tarbiyalashga asoslanadi70. Zero, bilimli, bilimdon, zukko, ma’nan kuchli va jismoniy jihatdan kuchli yoshlargina istiqlol va taraqqiyot yo‘lidan yurishi, mamlakatning barqaror rivojlanishiga erishishi mumkin. Qadimdan ota-bobolarimiz bebaho manbalar bo‘lgan ilm-fan, ma’rifat, ta’lim va tarbiyani inson kamoloti va millat taraqqiyotining asosiy sharti va kafolati deb hisoblaganlar. Bilimli va zukko yetuk avlod tushunchasi demokratik tamoyillarni qadirlaydigan, yuksak salohiyat, zamonaviy ilmiy-texnika yutuqlari bilan qurollangan yangi qatlam bo‘lib, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga amaliy hissa qo‘shish mas’uliyatini chuqur anglaydi71. Ular jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga, demokratik jamiyat qurishning murakkab vazifalarini hal etishga qodir barkamol avloddir. Bilimli va zukko avlodni tarbiyalash davlat siyosatining demokratik tabiatida yaqqol aks etadi va ikki tushuncha ta’lim va tarbiya tushunchasi bo‘lgan yetuk avlodni tarbiyalashda doimo uyg‘unlikda qo‘llaniladi. Hozirgi vaqtda mamlakatimizni o‘zgartirish bir qator mavjud yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishni va yangi murakkab ijtimoiy-falsafiy izlanishlarni talab qiladi. Zamonaviy amaliyot jadal o‘zgarib borayotgan jamiyatning haqiqatlarini hisobga olgan holda yoshlar ma’naviyati va uni shakllantirish hamda rivojlantirish muammolarini nazariy tahlil qilishni talab qiladi. Chunki uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida ma’naviyatning asosiy elementlari o‘zgarishlarga uchraydi. Umuman falsafa, xususan axloq falsafasiga doir manbalar tahlili shundan dalolat beradiki, vatanparvarlik nafaqat nazariy, balki pragmatik xususiyatga ega. Chunki vatanparvarlik so‘zda emas, balki amaliy ishlarda namoyon bo‘lganidagina taraqqiyotning hal qiluvchi omiliga aylanishi mumkin. O‘zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasi fuqarolarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishni ijtimoiy-axloqiy ehtiyojga aylantirdi. Bu ehtiyojning ijtimoiy zaruriyatini quyidagicha izohlash mumkin: birinchidan, o‘zbek xalqining o‘zligini anglashi va har qanday xavf-xatarlardan asrashga, yangi davlat va yangi jamiyat asoslarini barpo etishga va yurtimizning taraqqiyotini ta’minlashga ko‘p jihatdan bog‘liq edi. Bu yo‘ldagi to‘siqlar, qiyinchilik va muammolarni yechishda, xalqning tinchligi va osoyishtaligini asrash uchun odamlarda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash zarur edi. Bu tuyg‘uga o‘zini loyiq deb hisoblaydigan shaxs o‘z xalqi va davlatining milliy manfaatlarini nafaqat to‘la ifoda etishi va sobitlik bilan himoya qilishi, har qanday g‘oya va qarshilikka qaramasdan, ularni ro‘yobga chiqarish yo‘lida butun borlig‘ini bag‘ishlashi axloqiy ehtiyojga aylandi. Ikkinchidan, O‘zbekiston tarixining eng fojiali, eng og‘ir davrlarida ham, o‘zbek xalqini o‘z e’tiqodidan ayirishga va xiyonat qilishga majbur etilgan paytlar bo‘ldi. Bu sharoitda “Vatan menga nima berdi, deb emas, men o‘zim xalqim, Vatanim uchun, el-yurt taraqqiyoti va istiqboli uchun nima qilmoqdaman, mustaqilligimizni mustahkamlashga qanday hissa qo‘shmoqdaman!” degan vatanparvarlik g‘oyasi ilgari surildi. Bu axloqiy g‘oya asosida hech kimdan kam bo‘lmagan mustaqil davlatni barpo etishdek maqsadni amalga oshirish uchun to‘siq va g‘ovlar yengib o‘tildi. Buning asosiy sababi – O‘zbekistonda tug‘ilgan, uning zaminida yashayotgan va mehnat qilayotgan har bir kishi, milliy mansubligidan va e’tiqodidan qat’i nazar, respublikamizning teng huquqli fuqarosi bo‘lishga munosibdir, degan vatanparvarlik qoidasining amal qilganidir. Bu qoida O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 8-moddasida “O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”72, deb belgilab qo‘yilgan. Uchinchidan, o‘zlikni anglash, xalqning g‘urur va iftixorini yuksaltirish, qadimiy va boy tarixi, bebaho merosini chuqur o‘rganish va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish yo‘lida zahmat chekib, el-yurtga xizmat qilish yuksak vatanparvarlikni taqozo etadi. Bunday vatanparvarlikni tariximizning g‘oyat xatarli va tahlikali bir vaziyatda o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, avlodlarga ibrat bo‘ladigan jasorat namunasini ko‘rsatgan ajdodlar, mardlik va qahramonlik namunalarini namoyon qilgan jangchilar, Vatan uchun ibratli ishlarni amalga oshirgan ziyolilarning ma’naviy fazilatlarini umuminsoniy, axloqiy hodisa sifatida baholash mumkin. S.Otamurodovning fikricha, vatanparvarlik “milliy o‘zlikni anglash” tushunchasi tarkibiga kirib, unga quyidagi: 1) milliy birlikni va boshqa etnoslar mavjudligini anglash; 2) milliy qadriyatlarga: tilga, tug‘ilib o‘sgan joyga, madaniyatga (keng ma’noda) ixlosmandlik; 3) vatanparvarlik; 4) milliy mustaqillik va milliy taraqqiyotga intilish; 5) milliy manfaatlarni anglash kiradi73. Yoshlardagi pragmatik dunyoqarash ularning vatanga bo‘lgan munosabatini pessimistik ruhiyatga yo‘naltirmaydi. Shu bilan birga balandparvoz gaplardan iborat faoliyatga ham undamaydi. Shuningdek, pragmatik dunyoqarash yoshlarni turli g‘oyaviy tahdidlardan, bevatanlikni targ‘ib qiluvchi undovlardan asraydi. Milliy g‘ururi yuksalishi, madaniy merosining qayta tiklanishi hamda ma’naviy yangilanish bosqichga qadam qo‘yishi xalq qahramonlari vatanparvarligining axloqiy mohiyatini o‘rganish va ilmiy-nazariy jihatdan chuqur tahlil qilishni shart qilib belgilaydi. Bu ijtimoiy voqelikning asosini milliy qahramonlarning vatanparvarlik faoliyati bilan bog‘liq ishlar tashkil qiladi. Zamonaviy O‘zbekistonda harbiy tarix rolining ortib borishi ko‘p jihatdan jamiyatning turg‘unlashib qolgan sotsiomadaniy, siyosiy va axloqiy koordinatalarini qayta baholashni ham taqozo qiladi. Bu kabi sharoitda fuqarolar ongida tarixiy xotira va tarixiy mas’uliyatni yo‘qotgan o‘ziga xos turdagi fuqaro – «xomo xapiyens» shakllana boshlaydi. Bunday ma’naviy tanazzul davridagi qadriyatlar tizimi ko‘p jihatdan Vatanimizning o‘tmishdagi yengilmasligini ta’minlagan o‘sha vatanparvarlikka qo‘yilgan poydevoriga putur yetkazadi. Vatanparvarlik tarbiyasi jabhasidagi hukumatga doir tuzilmalar faoliyatining tarixiy tajribasini o‘rganish mamlakatimiz tarixiy fani uchun nihoyatda dolzarbdir. Xulosa qilganda, hozirgi davr sharoitida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalarini tarixiylik nuqtai-nazaridan ishlab chiqish, ishonchli arxiv manbalarini o‘rganish ishida ajdodlar tajribasini tanqidiy jihatdan qayta mushohada qilish zarur. Puxta ishlangan tadqiqot nafaqat fanni hali noma’lum bo‘lgan ilmiy ijtimoiy materiallar va hujjatlar bilan boyitishga, balki mamlakat tarixini o‘rganishga yangicha yondashuvlarda muammolar mohiyatini oydinlashtirishga, hamda kelgusida kompleks izlanishlarni belgilab olishga ham imkon beradi. Download 0.66 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling