Vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ijtimoiy-falsafiy omillari
Yoshlarda vatanparvarlik ruhiyatini shakllantirishda milliy qahramonlik ideallaridan foydalanishning ijtimoiy ahamiyati
Download 0.66 Mb.
|
Saidov Monografiya
2.1. Yoshlarda vatanparvarlik ruhiyatini shakllantirishda milliy qahramonlik ideallaridan foydalanishning ijtimoiy ahamiyati
«Yoshlar» yoki «yoshlik» tushunchasi har qanday jamiyatga xos bo‘lgan va ma’lum demografik davrlarni qamrab olgan o‘ziga xos tushuncha. Hozirgi davr tadqiqotchilari axborotlar jamiyati hisoblangan yangi asrda yoshlarning hamma soha va tarmoqlarda faol harakat qilayotganligini inkor etmagan holda, mavjud taraqqiyot o‘ziga xos ravishda sotsial, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy va tabiiyki, ma’naviy muammolarni ham yuzaga keltirayotganligini ko‘rsatib o‘tmoqdalar. Bugun biz yoshlar haqida, yoshlarning dunyoqarashi, ma’naviy-axloqiy olami, odam va olam, inson va jamiyat xususidagi fikrlari haqida o‘ylar ekanmiz, ularning har tomonlama barkamol bo‘lishini ta’minlashimiz zarur. Yoshlar jamiyatda alohida mavqega ega bo‘lgan o‘ziga xos ijtimoiy guruh hisoblanadi. Ularni xususiyatlovchi asosiy jihat bolalikdan yoshlikka o‘tishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu o‘z navbatida bu guruh vakillarida ijtimoiy mas’uliyatning shakllanishi bilan bog‘liq holda amalga oshadi. Ba’zi olimlar yoshlarni ijtimoiy tiklanish va rivojlanish imkoniyati berilgan ijtimoiy-demografik guruh sifatida ta’rif va tasnif etadilar. Chunki jamiyat bir tomondan yosh insonlarni turli imtiyozlar bilan ta’minlaydi. Biroq, boshqa tomondan jamiyat hayoti bilan bog‘liq bir qator sohalarda ularning faol ishtirok etishiga muayyan cheklovlar qo‘yadi. Kishilarni yoshlarga mansub deb belgilashga imkon beruvchi yosh doiralari har bir davlatning ichki siyosati va mentaliteti bilan bog‘liq holda farqlanadi. Masalan, O‘zbekistonda yoshlarning kichik yosh chegarasi 14 va 16, yuqori chegarasi 25 va 30 qilib belgilab qo‘yilgan47. Shunday qilib, yoshlik inson hayotidagi va uning dunyoqarashi shakllanishidagi eng muhim bosqich hisoblanadi. Aynan shu bosqichda ularni hissiy-shaxsiy va kognitiv faoliyati ancha rivojlangan bo‘ladi. Shu boisdan ham O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tarixiy o‘zgarishlar sodir etilgan «Kamolot» YOIH IV qurultoyida yoshlar bilan teng bo‘lib, ular qalbidagi, yuragidagi o‘y-fikrlar, maqsad-muddaolar, kerak bo‘lsa, ushalmay turgan niyatlar bilan yaqindan tanishishni o‘z faoliyati uchun muhim deb hisoblashini alohida ta’kidlab o‘tgan edi48. Yoshlar bunyodkorlik salohiyatiga ega bebaho resursdir. “Ammo mazkur salmoqli qatlam yurt taqdiri va kelajagini hal qiluvchi katta kuchga aylanishi uchun davlat, dastavval, ularni ijtimoiy, ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashi, o‘z huquq hamda majburiyatlarini erkin ro‘yobga chiqarishi, jamiyatda munosib o‘rnini topishiga qulay sharoit va imkoniyat yaratishi kerak. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohatlar aslida kelajak uchun olib borilayotgan siyosatdir. O‘z kelajagini ta’minlashga intilgan har qanday davlat va millat eng avvalo, yoshlarga nisbatan to‘g‘ri siyosat olib borish lozim. O‘zbekistonda xuddi shunday bo‘lmoqda. Yosh avlod kamoloti uning ma’naviyati bilan bevosita bog‘liqdir”49. Bu esa yigit-qizlarni o‘zini-o‘zi yuksaltirishga rag‘bat beradi. Bugungi kunda yoshlarimizda tashabbus, uyushqoqlik, yaratishga bo‘lgan moyillik kuchaymoqda. Insonlar hayotini turli yosh davrlariga bo‘lib o‘rganish, dastlab, qadimgi Yunonistonda amalga oshirilgan. Yunon olimi Gippokrat inson hayotini yetti qismga bo‘lib o‘rganishni taklif etadi: go‘daklik davri (paidion), bolalik davri (pais), o‘spirinlik davri (ephebos), yosh yigitlik davri (neanískos), erlik davri (aner), yoshi katta odam (presbytes), keksa odam (geros). O‘rta asrlarda Yevropada inson hayoti olti bosqichga bo‘lib o‘rganilgan: bola (7 yoshgacha), o‘spirin (14 yoshgacha), o‘spirinlik va boshqalar (adolescentia 15–28 yosh), yosh yigit (iuventus, 28-49 yosh), qariya (senectus, 50–77 yosh), keksa odam (senium, 78 yoshdan o‘limgacha bo‘lgan vaqt). Bugungi kunda esa yoshlik davri 15 dan 39 yoshgacha bo‘lgan bosqichni o‘z ichiga olmoqda. Muallif fikricha, yoshlik – bu ma’lum bir chegaralar asosida insonga xos ma’naviy kamolot bosqichi bo‘lib, unda jamiyat tomonidan qo‘yiladigan talablar ustuvor ahamiyat kasb etadi50. Yoshlik – bu muayyan kasbni egallash va ma’naviy-moddiy hayotni yuksaltirish bosqichidir. Bu davrda yoshlar milliy identifikasiya talablariga rioya qilishiga qarab, faol yoki nofaol, uyushgan yoki uyushmagan kabi toifalarga ajratiladi. Mamlakatimiz qonunchiligida yoshlar (yosh fuqarolar) deganda, o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan shaxslar tushunilishi alohida qayd etib qo‘yilgan. Demak, tadqiqot ishimizning ob’yektini 14yoshdan katta va 30 yoshdan oshmagan insonlar tashkil etadi. Ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning usul va vositalarini falsafiy jihatdan tahlil qilishda bunday chegarani aniqlashtirib olish muhim hisoblanadi. Bugungi kunda yoshlarni tarbiyalashda milliy qahramonlik ideallaridan foydalanish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Insonning ma’naviy shakllanishi haqidagi bilimlar, idealni yaratishi va unga intilishi, tabiat va jamiyat qonuniyatlarini o‘rganish natijasida to‘plangan tajriba avloddan-avlodga o‘tadi. Milliy-ma’naviy meros millatning bevosita o‘zi bilan bog‘liq bo‘lgan boylik hisoblanib, u millatning taraqqiy qilishida tajriba manbai bo‘lib xizmat qiladi. Jamiyatimizning yangi taraqqiyot bosqichida milliy qahramonlik ideallarini yaratish va shu asosida yoshlarni tarbiyalash masalalari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, o‘zlikni anglash uchun dadil qadamlar tashlandi. Bu jarayon fuqarolarda avvalo, Vatan haqidagi tasavvurni kengayishiga, ajdodlari haqidagi xolis ma’lumotlardan xabardor bo‘lishga, “ikkinchi darajali odamlar”dan “yuksak ma’naviyatli xalq” darajasiga ko‘tarilish imkonini berdi. Bu kamsitish, xo‘rlik, kuchli moddiy va ma’naviy tazyiqdan xalos bo‘lgan xalq uchun besh-olti yilda shakllanadigan daraja emasligini nazariy konsepsiyalardan kelib chiqqan holda o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqotlar natijalari ham isbotlaydi. Ijtimoiy ongda vatanparvarlik fenomeni ma’naviy-axloqiy merosdagi in’ikosi ijtimoiy-tarixiy hayotda tub burilish yasagan va xalqning erki, ozodligi hamda kelajagini ta’minlash yo‘lidagi kurashning yo‘lboshchisi va bu faoliyatning axloqiy namunasi sifatida namoyon bo‘lgan shaxslar siymosi bilan belgilanadi. Yovuz bosqinchilarga va istilochilarga qarshi ozodlik bayrog‘ini ko‘targan Shiroq, To‘maris, Spitamen, Mahmud Torobiy, Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi ajdodlarimiz jasorati avlodlar uchun vatanparvarlik va shijoat timsoli hisoblanadi. Insoniyat tarixining turli davrlarida ham bu kabi qahramonlar bo‘lgan va xalqlarning olqishlariga sazovor bo‘lib kelishgan. Ko‘plab tadqiqotchilar o‘tgan asrda mustaqillik, tinchlik, barqarorlik g‘oyasi va amaliyotiga ulkan hissasini qo‘shgan Maxatma Gandi, Anvar Sadat, Indira Gandi va Radjiv Gandi, Isxak Rabin singari jasorat sohiblari va qahramonlarni tilga oladi va ularning siyosiylashgan aqidaparastlik qurboni bo‘lishganini ta’kidlaydilar51. Bizningcha, bu kabi qahramonlar va jasorat sohiblari nafaqat o‘z xalqi qahramoni, baki dunyo xalqlarida tarixida qahramon sifatida e’tirof etiladi. Umuman olganda, vatanparvarlik ham tarixan shakllanadigan va avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan axloqiy qadriyatlar sirasiga kiradi: uni ham fazilat, ham meros, ham qadriyat sifatida talqin va tadqiq etish zarur. Bizningcha, vatanparvarlikni ma’naviy-axloqiy merosdagi in’ikosi avvalo, axloqiy idealga aylangan va o‘zida yuksak fazilatlarni mujassam etuvchi xalq dostonlaridagi qahramonlar timsolida namoyon bo‘ladi. Bularga xalq og‘zaki ijodi – folklor bilan bog‘liq ilmiy-badiiy manbalar kiradi. “Xalqimiz azaldan o‘z o‘g‘lonlarini mardlik va halollik, jasurlik ruhida, el-yurt uchun jonini ham ayamaydigan asl pahlavonlar etib tarbiyalab keldi. Bu tajriba bizlarga milliy-ma’naviy merosimizning xalq og‘zaki ijodi durdonalari orqali ham yetib kelgan”52. Ayniqsa, o‘zbek xalqining ori, g‘ururi, yurtga muhabbati va ulug‘ dardini o‘zida aks ettirgan, ajdodlarimiz badiiy dahosining bebaho yodgorligi bo‘lgan “Alpomish” dostonida harbiy vatanparvarlikning yorqin namunasini ko‘rish mumkin53. Dostonda vatanparvarlik fazilatlar in’ikosi bilan bog‘liq epizodlar ko‘plab uchraydi. Shu ma’noda, Alpomish o‘zbekning o‘zligini namoyon etadigan, mard va tanti xalqimizning yurak-yuragidan chiqqan, ota-bobolarimizning avlodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan qahramonlik namunasi hamdir. O‘zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasi o‘zbek xalqining buyuk kelajagiga qaratilgan, avlodni har tomonlama yetuk, komil insonlar qilib tarbiyalashga mo‘ljallangan ezgu maqsaddir. Shu ma’noda, “Alpomish” dostoni qon-qardosh turkiy xalqlar, jumladan, uning katta bir bo‘lagi – o‘zbeklar orasida qadim-qadim zamonlarda xalq jasorati, mardligi va qahramonligining namunasi sifatida yaratilgan. Ushbu doston asrlar davomida avlod-ajdodlar, avvalo, yoshlarning ma’naviyati, madaniyati, axloq-odobi, Vatanga muhabbat, oriyat, mardlik, bahodirlik, pahlavonlik, qat’iyatlilik xislat-fazilatlarini shakllantirish va kamolga yetkazishda muhim tarbiya vositasi bo‘lib kelgan. Ta’kidlash zarurki, milliy qahramonlik fenomenida vatanparvarlik axloqiy ideal vositasida ijtimoiy-ma’naviy hodisaga aylanadi. Odatda, axloqiy ideal insonlarning o‘zaro munosabatlarida, ijtimoiy tajriba, tabiiy muhit, diniy tasavvurlar, urf-odatlar, an’analar, inson hayoti va faoliyati bilan bog‘liq g‘oyalar negizida shakllanadigan yetuklik va komillik sari chorlovchi timsol hisoblanadi. Axloqiy ideal haqidagi zamonaviy yondashuvlarda faylasuf Anvar Qodirovning qarashlari o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Faylasuf axloqiy ideal tushunchasini burch, ezgulik va or-nomus singari axloqiy kategoriyalar ijtimoiy ongning boshqa jabhalarisiz (siyosat, huquq, san’at, fan va boshqalar) shakllanmaydi, har bir ijtimoiy ong shakllari o‘z ta’sir va imkoniyat doirasida o‘zaro dialektik aloqador bo‘lgan kompleks muammo sifatida tadqiq etadi54. Bu borada O.P.Syelikova, L.I.Ruvinskiy, V.V.Borzыxning axloqiy ideal shakllanishida yo siyosiy omillar, yoki his-tuyg‘ular asosiy o‘rin tutadi, degan qarashlarini tanqidiy o‘rganib, quyidagi fikrni ilgari suradi: “Turli hodisalarning inson ongidagi idealga ta’siri haqida gap ketganda axloqiy faoliyat tafakkur va tuyg‘ular birligini taqozo etishini unutmaslik kerak. Gnoseologik nuqtai nazardan inson axloqiy ideallarga his-tuyg‘u va tafakkur yordamida ijtimoiy voqelikka ma’naviy tajriba orqali muayyan nazariy andaza sifatida munosabatda bo‘ladi. Shuning uchun faqat siyosiy yoki emotsional jarayonlarga ularni bir-biridan ajratgan holda urg‘u bermaslik kerak. Axloqiy tajriba shundan dalolat beradiki, ba’zi odamlar umume’tirof etilgan normalarga teskari ish tutishadi, ular uchun axloqiy me’yorlar ularning individual faoliyatlariga nisbatan shunchaki og‘zaki va beta’sir “jamiyat sadosi” bo‘lib qolaveradi55. Mazkur fikrdan ikkita xulosa kelib chiqadi. Birinchisi – sub’yekt ma’naviyatida shakllanadigan axloqiy ideal uning jamiyatda o‘zini tutish uchun mashq qilingan ko‘r-ko‘rona axloq-odob emas, balki shaxs xatti-harakati va faoliyat salohiyatining e’tiqod darajasida tafakkur mulkiga aylanishidir. Shuningdek, ideal insonning axloqiy xulq-atvor me’yorini faqat uzoq kelajakda amalga oshirilishi uchungina emas, bu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishda vorislik vazifasini ta’minlash uchun ham yaratiladi. Bu imkoniyatlar odamlarning ijtimoiy-tarixiy tajribasi orqali faoliyat normalari tarzidagi ideallarda qaror topadi. Shuning uchun bugungi real voqelik ayrim tarixiy shaxslar orzu qilgan yuksak axloqiy ideal sifatida ko‘zga tashlanishi mumkin. Ikkinchisi – umuman ideal, xususan axloqiy ideal ijtimoiy ong shakllari bilan dialektik aloqadorlikda bo‘ladi, deyish shaxs, millat va jamiyat axloqiy ideallari faqat ijtimoiy turmushning in’ikosi tarzida yuzaga kelishini bildirmaydi. Markscha mafkura namoyandalarining xatolaridan biri shunda ediki, “ijtimoiy ong shakllari ijtimoiy turmushning in’ikosi tarzi”56da targ‘ib qilindi, shaxs, millat va bashariyat ongining ijodiy imkoniyat darajasi, mustaqil yaratuvchilik salohiyati inobatga olinmadi. Ana shuning natijasida o‘zbek xalqi o‘zining milliy qahramonlik fenomenidagi xarakter, faoliyat, tajriba va ideallik mohiyatini to‘liq tasavvur eta olmadi. O‘zbek xalqining eng qadimgi yozma manbalarida ayollarning ijtimoiy ma’naviy qiyofasi turli obrazlarda tasvirlanadi. Chunki, ayollar ham farzandni, oilani, Vatanni himoya qilishda va dushmanga qarshi kurashishda erkak kabi mardlik va jasoratni namoyon qilgan. Antik davr mualliflarining ta’kidiga ko‘ra, agar sak qabilasidagi erkak qizga uylanmoqchi bo‘lsa, u bilan maydonda yakkama-yakka kurashishi shart bo‘lgan. Agar qiz yengib chiqsa, yengilgan kishi uning asiriga aylangan va batamom uning ixtiyorida bo‘lgan. Qiz uni maydonda yenggan kishigagina turmushga chiqqan57. Ushbu fikrlarning hayotdagi aksi qadimgi dostonlarda o‘z ifodasini topgan. Zarina, Sparetra, To‘maris kabi xalq qahramoniga aylangan ayollar siymosi jasorat timsoliga aylandi. Ana shunday rivoyatlardan eng qadimgisi sak malikasi Zarina va Midiya sarkardasi Stringey haqidagi rivoyat hisoblanadi. Unda O‘rta Osiyoda yashagan qabilalarning Midiya davlati istilosiga qarshi kurashi hikoya qilinadi. O‘zbek xalqi tarixidagi qahramonlik va jasorat namunasi deya e’tirof etiladigan oddiy cho‘pon Shiroqning ustamonligi va qahramonligi yana bir fors shohi va lashkarboshisi Doro I ni sarosimaga solib qo‘ygani haqidagi tarixiy voqeani har bir vatandoshimiz biladi va faxrlanadi. Antik davr tarixchisi “Harbiy hiylalar” asarining muallifi Polien keltirgan ma’lumotga ko‘ra Doro I Shiroqqa murojaat qilib, nima sababdan yolg‘on gapirib, bizni adashtirding, deganda: «Men g‘alabani qo‘lga kiritdim, chunki vatandoshlarim bo‘lgan saklar boshidagi falokatni bartaraf etdim, dushmanlarimizni suvsizlik va ochlikdan o‘ldirdim, endi nima qilsalaring ixtiyor o‘zlaringda», – deb javob berganligini yozib qoldirgan58. Muhimi, Shiroqning sodda va ayni paytda tabiiy harbiy hiylasi natijasida Doro I o‘zining saralangan qo‘shinining yarmini jang qilmasdanoq yo‘qotadi, oziq-ovqat, qurol-yarog‘dan ajraladi, mukammal va yengilmas deb hisoblangan qo‘shinlarning ruhi sinadiki, buning natijasi o‘laroq Doro I O‘rta Osiyoga qayta urush qilish niyatidan voz kechadi va Gʻarbga – Yunoniston viloyatlarini o‘ziga to‘la bo‘ysundirish uchun keng ko‘lamli urushni boshlaydi. Shiroq qahramonligi fenomenining falsafiy mohiyati shundaki, vatanparvarlik faqatgina jangda mardona turib halok bo‘lish emas, balki dushmanni yo‘q qilib undan o‘ch olish barobarida, avlodlarga erkin, ozod, hur Vatanni meros qilib qoldirish bilan ham belgilanadi. Yoshlarda vatanparvarlikni shakllantirishda milliy qahramonlik ideallari haqida gap ketar ekan, yana axloqiy idealning mohiyati, mazmuni va ma’naviy ahamiyatiga murojaat qilish o‘rinlidir. Bu borada tadqiqotchi Aktam Samadovning axloqiy ideal haqidagi fikrlari bir qadar ahamiyatli. Tadqiqotchi axloqiy ideal shaxsiy, milliy va umumbashariy bo‘lishidan qat’iy nazar, ikki xil xususiyatga ega ekanligini ta’kidlaydi: birinchisi - axloqiy idealning mohiyatini tashkil etuvchi yaxshilik, baxt, adolat, muhabbat, pokdomonlik haqidagi tushuncha, tasavvur va namunalar milliy xususiyatlar bilan individual holat qorishgan holda muayyan barqarorlikka da’vo sifatida mavjud bo‘lsa, ikkinchidan, voqelikning sub’yekt ongidagi ideallashtirilgan obrazlarini shaxsiy va milliy ehtiyojlarni ifodalovchi voqelik sifatida ham o‘zida aks ettiradi. Bu narsa axloqiy idealning ijtimoiy-tarixiy sharoit va jamiyat iqtisodiy-mafkuraviy ta’sirida bo‘lishini ko‘rsatadi. Bu dialektik jarayonda faqat muayyan ijtimoiy munosabatlar axloqiy ideal mazmunini belgilaydi, deyish axloqiy idealning umumbashariy qadriyat ekanligiga putur yetkazadi va pirovardida uni turli ijtimoiy guruhlar, kuchlar, sinflar kurashlariga monand o‘zgarib turadigan hodisaga aylantirib qo‘yadi59. Darhaqiqat, inson o‘z hayoti davomida turli ijtimoiy shart-sharoitlarni boshidan kechiradi, ideal sifatida qabul qilsa bo‘ladigan shaxslar, fazilatlar bilan to‘qnashadi. Real timsollar doimo insonga bevosita his-hayajonli ta’sir etadi. Bu timsollar har xil: biror shaxs, badiiy asar qahramoni, go‘zallik siymosi, o‘tmish ajdodlarning buyuk timsollari, ularga taqlid va ergashish hollari axloqiy idealning mavhum umumlashma tasavvurdan moddiylashuv, «yashash» tarzini belgilaydi. Mana shunday taqlid va ergashish tufayli insonda axloqiy idealga yaqinlashish, tanlash, intilish, unga erishish singari baholash jarayoni shakllana boshlaydi. Shaxs hayot yo‘lidagi ibrat, timsol va namunalar oddiy taqlid va ergashish holatidan ko‘tarilib uning haqiqiy axloqiy idealiga aylanishi uchun tuyg‘ular, ibrat, tafakkur tanlagan timsollar o‘zaro birlashib, shaxs dunyoqarashining asosiga aylanishi zarur. Ana shundagina shaxsning axloqiy ideali aniq va to‘liq namoyon bo‘lib, uning hayot yo‘li va maqsadini, shaxs sifatidagi mavqeyini ifodalaydi. Shuning uchun bir davr, bir zamon, bir guruh shaxslarning yashash va faoliyat jarayonida kimningdir ajralib chiqishi va o‘z muhitiga sig‘may qolishi axloqiy idealdagi ajralish oqibatidir. Binobarin, axloqiy idealni zo‘rlab, targ‘ibot bilan shakllantirib bo‘lmaydi. U ijtimoiy muhit, milliy va individual hayot tarzi, qobiliyat va aql-idrok, tarbiya va axloqiy-diniy tuyg‘ular, tushunchalar birligidan tashkil topadigan shaxsiy, milliy va umumbashariy ma’naviy qadriyatdir. O‘zbek xalqi qahramonlik fenomenida Alp Er To‘nganing alohida o‘rni bor. “Alp” tushunchasi o‘zbek dostonlarida Vatan, xalq manfaati yo‘lida bunyodkorligi, ma’naviy jasoratlari bilan ajralib turadigan kishiga berilgan sifat, unvon hisoblanadi. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “alp” tushunchasining izohi quyidagicha talqin etiladi: “1. Qadimgi turkiy xalqlarda ikki qo‘shin o‘rtasidagi jang boshlanishidan oldin yakkama-yakka olishuvda ishtirok etuvchi jangchi. 2 folk. O‘zbek xalq dostonlarida g‘ayritabiiy kuch-quvvati, mardligi, jasorati va sh.k. bilan ajralib turadigan qahramon sifati”60. Masalan, “Alpomish” dostonida - Hakimbekka, “Go‘ro‘g‘li” dostonida – Go‘ro‘g‘liga mazkur sifatlar berilgan. Xalqimizning tarixi yoritilgan manbalarda O‘g‘uzxon, Afrosiyob, Alp Er To‘nga kabi nomlar ko‘plab uchraydi. Ayrim hollarda esa ular afsonaviy qahramonlar sifatida tasvirlanadi. Firdavsiy, Narshaxiy, Mahmud Koshg‘ariy, Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy asarlarida bu nomlar tarixiy shaxs sifatida tilga olinadi. Nomlar turlicha ifodalansa-da, ularning asli bitta shaxs – Turon zamin hukmdori, uni turli bosqinchilardan himoya qilgan Alp Er To‘nga hisoblanadi. Butun umrini imon va e’tiqod, vatanparvarlik va insonparvarlik, poklik va halollik, ilm va ma’rifat, adolat va diyonat yo‘lida fido etgan zotlarning moʻtabar xoklari makon topgan zamingina muqaddasdir. Agar shunday insonlar bo‘lmasa, ular dahosining nafasi sezilib turmasa, har qanday zamin oddiy tuproq bo‘lib qolaveradi. Globallashuv davrida jahon miqyosida vaziyat tez o‘zgarib, dunyoning ayrim mintaqalarida ahvol tobora keskin tus olmoqda, turli qarama-qarshiliklar, mojaro va qon to‘kishlar kuchayib, xalqaro terrorizm va ekstremizm xavfi ortib bormoqda. Bunday holat dunyoni chuqur tashvish va xavotirga solmoqda. Shu bilan ayrim tadqiqotchilar mazkur tahdidlarni hal etish asosan O‘zbekiston zimmasiga tushayotganini, aynan O‘zbekiston mintaqasidagi yirik kuch sifatida xalqaro terrorizm, narkobiznes va turli hujumlar manbai bo‘lib qolayotganini ta’kidlashadi61. Yuzaga kelayotgan ana shunday murakkab va oqibatini oldindan aytib bo‘lmaydigan vaziyat odamlardan yuqori darajadagi ogohlikni saqlash va doimiy tayyorgarlik holatida bo‘lish bilan birga yuksak vatanparvarlikni taqozo etadi. Bu, avvalo, tarixni chuqur bilish, madaniy qadriyatlarini anglash, ma’naviy merosni tushunish orqali amalga oshadi. Chunki, o‘z tarixini, madaniyatini, ma’naviyatini bilgan, tushungan va to‘g‘ri anglagan, undan ruhiy quvvat oladigan xalqni hech qanday kuch yenga olmasligi bugungi kunda yanada oydinlashmoqda. O‘zbek xalqining haqqoniy tarixini barpo etish ishini ko‘p ming yillik boy o‘tmishimizni tadqiq etishning yaxlit konsepsiyasini aniqlab olishdan boshlanganligi va bu kelajakda ham uzluksiz davom etadigan mas’uliyatli ishga aylanganligi bir tomondan, harbiy vatanparvarlik g‘oyalarini talqin etishning tarixiy metodologik asosini mustahkamlasa, ikkinchi tomondan yoshlarda harbiy vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishning milliy mentalitetimizga asoslangan tizimning mustahkamlanishini ta’minlaydi. Har bir odam, yaxlit olganda butun xalq, o‘z Vatanini chuqur bilsa, teran tomirlari qayerlarga borib yetishi va tutashganini yaxshi anglasa, bugunini teranroq his etadi va qadriga yetadi, kelajagini yorqin ko‘ra biladi. Tarix misoli daraxtning o‘qildizi. Poydevorsiz imorat bo‘lmaganidek, o‘qildizsiz daraxt yuksaklikka bo‘y cho‘za olmaydi, bo‘ronlarga dosh berolmaydi. Hamma ham Vatan nima ekanini his eta oladimi? Birov uchun Vatan bu uy-joy, bola-chaqa, boshqalarga esa to‘kin-sochin yashash uchun qulay joy, undaylar uchun qayerda yashash oson bo‘lsa, o‘sha yer Vatan. Butun yer yuzini Vatanim deb biluvchi kimsalar ham bor, albatta. Ularni odatda kosmopolitlar deb ataydilar. Oddiy xalq iborasi bilan aytsak, ularni bevatanlar ham deyish mumkin. Tarixiy Vatanini, ajdodlari xotirasini unutib yuborgan kimsalar, o‘zlari hozirda yashab turgan mamlakatlariga ham sadoqatli fuqarolar bo‘lolmaydilar. Chunki haqiqiy fuqaro bo‘lish uchun, eng avvalo, chin inson bo‘la olish shart. O‘tmishini unutganning kelajagi ham bo‘lmaydi. Odam xotirasi bilan odam, xotira mavjudotlar orasida faqat odamga xos fazilat. Tarixiy Vatanini eslash, qo‘msash insonning ma’naviyatini belgilovchi asosiy omillardan. Tarixiy Vatanini yodidan chiqargan odam yashab turgan joyining ham qadriga yetmaydi. Bu Yurt boshiga biror noxushlik tushsa, darhol u yerni tark etib, boshqa qulayroq yerga keta qoladi, tirikchilik uchun qulayroq joyni tanlaydi. Bunday kimsalarni o‘tloqda yemish tugagach, sero‘t yaylovni izlab ketadigan podaga qiyos qilish mumkin. Rasul Hamzatov aytganidek, “Har bir odam bolaligidan o‘z xalqining vakili bo‘lish uchun dunyoga kelganini bilishi va shu vazifani zimmasiga olishga o‘zini tayyorlashi kerak”62. Demak, ajdodlar tomonidan asrlar davomida saqlanib kelayotgan milliy an’analap, qadriyatlar, urf-odatlap va milliy o‘zlikni anglash g‘oyasining vujudga kelishiga mustaqillik milliy taraqqiyot uchun asos bo‘ldi. Xulosa qilganda, tarixiy manbalar tahlili va uning negizida shakllangan ilmiy-nazariy holat, umumlashmalar, xulosalar va saboqlar harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tamoyiliga yanada xolisroq nazar tashlashni, hamda vatanparvarlik paradigmasini amalga tatbiq etishda hukumat tuzilmalari faoliyatini shakllantirishga imkon beradi. Tariximizdagi vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning konseptual asoslari tadqiqotini XXI asr o‘zbek-vatanparvar shaxsini shakllantirishga sezilarli darajada imkon beruvchi zamonaviy vatanparvarlik paradigmalarini ishlab chiqishda qo‘llash mumkin. Download 0.66 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling