Vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ijtimoiy-falsafiy omillari


III BOB. YANGI O‘ZBEKISTONDA YOSHLARNI


Download 0.66 Mb.
bet10/19
Sana08.05.2023
Hajmi0.66 Mb.
#1443637
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   19
Bog'liq
Saidov Monografiya

III BOB. YANGI O‘ZBEKISTONDA YOSHLARNI
VATANPARVARLIK RUHIDA TARBIYALASHNING MILLIY STRATEGIYASI VA ISTIQBOLLI VAZIFALAR TAHLILI
Bugungi kunda yangi O‘zbekistonda yoshlarda vatanparvarlikni shakllantirishning istiqboldagi vazifalari, bu boradagi davlat siyosatining ustuvor vazifalari tahlil qilingan. “Bu jamiyatimizning rivojlantirish strategiyasi asosida vatanga sadoqat va fidoyi bo‘lish fazilatlarini shakllantirishga qaratilgan ijtimoiy islohotlarda, isloh qilingan ta’lim tizimida va kadrlar tayyorlash milliy tizimida namoyon bo‘lishi maqsadga muvofiq”91.
Ushbu vazifalarni amalga oshirishda yangi O‘zbekistonning istiqboldagi strategiyasida yoshlarning vatanparvarlik tarbiyasi bilan bog‘liq masalalarga asosiy e’tibor qaratish kerak. Vatanparvarlik tarbiyasi mamlakat taraqqiyoti uchun eng muhim va ustuvor vazifa ekanligi mamlakatimizda qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar ma’naviyatiga qaratayotgan e’tibori, O‘zbekiston yoshlarining xalqaro maydonlarda erishayotgan yutuqlari o‘sib kelayotgan yosh-avlod ongida vatanparvarlik hissini shakllanishida muhim ahamiyat kasb etishi ilmiy tahlillar orqali isbotlangan.
Mazkur bobda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ijtimoiy-falsafiy jihatlari, davlat darajasidagi ijtimoiy masalalar, ta’lim-tarbiya tizimida vatanparvarlikni shakllantirishning muhim yo‘nalishlari, e’tibor qaratish zarur bo‘lgan jihatlar tadqiq etilgan.
3.1.§. Global ta’lim muhitida yoshlar dunyoqarashida milliy manfaatlarga sadoqatni mustahkamlashning ijtimoiy-falsafiy mexanizmlari
Globallashuv sharoiti mamlakat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalariga ijobiy ta’siri bilan bir qatorda salbiy oqibatlarini ham namoyon qilmoqda. Bunday vaziyatda yoshlarga hozirgi zamon talablari darajasida bilim va tarbiya berish, milliy manfaatlarni singdirish, ongi har qanday salbiy ta’sirlarga nisbatan bardoshli qilib voyaga yetkazish-bugungi kun ta’lim muassasalarining asosiy vazifasidir, chunki faqat ana shunday insonlargina kelajakda odil jamiyat poydevorini yarata oladilar.
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning markazida yoshlar masalasi alohida belgilab olingan. Mamlakat kelajagi bo‘lmish yoshlarga qancha keng imkoniyatlar yaratilsa, yurtning ertangi kelajagiga ishonch shuncha kuchli bo‘ladi. Jamiyatning yangi rivojlanish bosqichida yoshlarga qaratilgan davlat siyosati dinamik o‘sib borganini kuzatish mumkin. Bunga javoban yoshlarimizning xalqaro maydonlarda sport, san’at, ilm-fan, axborot texnologiyalari, tadbirkorlik sohalarida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritib, yurtimiz sha’nini, dovrug‘ini, mavqeyini oshishida o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqda. Albatta, bunday yutuqlar mamlakatda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati bilan chambarchas bog‘liqdir.
O‘zbekistonda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan demokratik yangilanishlarni amalga oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, ijtimoiy birdamlikni ta’minlash, millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stlikni kuchaytirishda milliy manfaatlarni har tomonlama hisobga olish, ularga alohida e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham, yoshlarda milliy manfaatlarga sodiqlikni shakllantirish orqali ularda vatanparvarlik ruhiyatini mustahkamlash mumkin bo‘ladi.
Mazkur paragrafda yoshlarda vatan manfaatlarini qadrlash, milliy manfaatlar ustuvorligi asosidagi vatanparvarlikni shakllantirish, bu boradagi tashkiliy-huquqiy ishlarning samaradorligi tahlil qilingan. Buning uchun, avvalo milliy manfaatlar tushunchasining mazmun mohiyatini ko‘rib chiqish, uni yoshlarda vatanparvarlikni shakllantirishdagi o‘rnini yoritish maqsadga muvofiq ish bo‘ladi.
Milliy manfaatlar deganda millatga, milliy davlatchilikka moddiy, ma’naviy, ruhiy va jismoniy foyda, naf keltiruvchi omillar nazarda tutiladi. Demak, yoshlarda o‘z mamlakatiga foyda keltiradigan turli faoliyat bilan band bo‘lishi, qarashlarga ega bo‘lishi ham uning sadoqatini namoyon qiladi.
Manfaatlarning turli – tumanligi sabab, bu tushunchani mohiyatini oydinlashtirish lozim. Jumladan, falsafa qisqacha izohli lug‘atida: “Manfaat – individ va ijtimoiy guruhlar faoliyatining asosiy sababi. Manfaat faoliyatni keltirib chiqarib qolmay, uning yo‘nalishi, vosita va shakllari, maqsadini ham belgilab beradi”92. Tadqiqotchi olimlar A.J.Xolbekov va T.B.Matiboyevlarning asarlarida manfaatlarni moddiy va ma’naviy, umumiy va xususiy manfaatlarga ajratiladi93. Boshqa bir olim B.K.Iminov fikricha: “Manfaat bu sub’yekt faoliyati orqali ro‘yobga chiqadigan qiziqishlar mundarijasidir. Ayni paytda u insoniyat sub’yektining tub mazmunini tashkil qiladi va shu faoliyat tufayli sub’yektivlik ob’yektivlikka o‘sib boradi”94. Demak, milliy manfaatlar bu muayyan millat vakillarining ko‘pchiligi qo‘llab-quvvatlayotgan talab va ehtiyojlar yig‘indisidir. Milliy manfaatlar mamlakatimizda istiqomat qilayotgan boshqa millat, xalqlarining, butun mamlakat manfaatlariga zid bo‘lmasligi kerak.
Shuningdek, yoshlarda ijtimoiy manfaatlarga doir qarashlarini ham oydinlashtirishga ko‘maklashish, bu orqali jamiyatning umum manfaatlarini qadrlash, unga vatanparvarlik bilan munosabatda bo‘lish ham muhim vazifalardan biridir. Chunki jamiyat uchun xizmat qiladigan ijtimoiy manfaatlar milliy manfaatlardan farqli bo‘lib, alohida bitta millat yoki xalq manfaatini emas, balki o‘sha mamlakatda istiqomat qilayotgan barcha millat, el, elat, ulus, qabila, urug‘ vakillari maqsad va intilishlarining yaxlitligi, umumiyligini ifodalaydi.
O‘zbekistoning tarixiy taraqqiyot tajribasi shuni ko‘rsatadiki, umummilliy manfaatlar hamisha milliy manfaatlar bilan uyg‘un bo‘lgan. Bunda bir qancha tamoyillarini ajratib ko‘rsatish mumkin. Masalan, umummilliy manfaatlarni milliy manfaatlardan ustun qo‘yish tamoyili. Umummilliy manfaatlarini yuqori qo‘yish milliy manfaatlarni cheklash, kamsitishni bildirmaydi, balki bu umumiyatning manfaatiga asoslanish, ozchilikning manfaatini ko‘pchilik manfaatidan ustun qo‘ymaslik demakdir.
Bugungi yoshlar voqelikni shunchaki his qilibgina qolmaydi, balki o‘z manfaatlari yo‘lida unga faol ta’sir ko‘rsatadi, o‘zlashtiradi va o‘zgartiradi. Millatlar va milliy manfaatlar, milliy his-tuyg‘ular mavjud ekan, milliy munosabatlar ham kun sayin e’tiborga molik masalalar, umumiylik munosabatlarni hisobga olgan holda o‘z vaqtida va ijobiy hal etilishini talab etadi. Millatlarning manfaatlariga birdan-bir to‘g‘ri munosabatda bo‘lish, ularni eng yuqori darajada qanoatlantirish va ana shu asosda ixtiloflar chiqaradigan har qanday sabablarini oldini olish demakdir. Shunday ekan, milliy manfaat teran ijtimoiy, psixologik hodisa bo‘lib, millatlarning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotini har tomonlama qamrab oladi. Milliy manfaatlar – millatga, milliy davlatga moddiy, ma’naviy, ruhiy va jismoniy foyda, naf keltiruvchi omillar sifatida bo‘lsagina, davlat yaxlitligi, suverenitetiga xavf tug‘dirmaydi.
Mamlakatimizda olib boriladigan barcha islohotlar uchun umuminsoniy qadriyatlar va umummilliy manfaatlar ustuvorligi tamoyili asos qilib olinishi maqsadga muvofiqdir. Yoshlarning uyushqoqlik bilan jipslashishiga ularning qaysi urug‘ga, hudud yoki etnik birlikka mansubligi emas, balki umumdavlat darajasidagi umumiy manfaatlarining mushtarakligi asos bo‘lishi lozim. Barcha mintaqalar, etnik va ijtimoiy guruhlarning manfaatlari o‘rtasida muvozanat saqlanishini hamisha hisobga olish zarur. Shuningdek, manfaatlarni ifodalash va ro‘yobga chiqarishning huquqiy mexanizmni yaratish yo‘li bilan millatlararo munosabatlar sohasida paydo bo‘ladigan salbiy holatlarni oldini olish mumkin bo‘ladi.
Ba’zi hollarda milliy manfaatlar g‘oyaviy-siyosiy mazmuniga ko‘ra bir-biridan farq qilishi mumkin. Shuning uchun ham, ko‘p millatli davlatimiz millatlarning sog‘lom milliy manfaatlarini umummilliy darajada uyg‘unlashtirishi va ularni qondirish yo‘llarini izlamog‘i lozim. Demak, yoshlarda umummilliy manfaatlar uyg‘unligida rivojlanish strategiyasini singdirish, turli millat va elatlarning yagona vatan tuyg‘usida erkin yashashiga imkon berish ham aslida ichki birdamlikning bir belgisi hisoblanadi.
Ayrim kuchlarga “bir yoqlamalik” xarakterdagi, mamlakat birligiga tahdid soladigan, o‘ta “shaxsiy” tor manfaatlarni milliy manfaat niqobi ostida “bayroq” qilib ko‘tarishlariga imkoniyat berilmasligi lozim. Shaxsiy ko‘rinishdagi manfaatlarni fuqaro sifatida qonun doirasida qondirish immunitetini yoshlikdan boshlab o‘rgatib borish maqsadga muvofiqdir. Demak, yoshlarda shaxsiy manfaatlari ustuvorligini shakllantirish kerak, biroq ularda bir insonning manfaatlari boshqalarnikini qadrsizlamasligi, manfaatlarini poymol qilmasligi, ijtimoiy beqarorlikka sabab bo‘lmasligi kerak.
Umuman olganda jamiyatda umummilliy manfaatlar birligi asosidagi birdamlik g‘oyasi kerak. Jamiyat demokratlashuvi sharoitida bir millatning manfaatlari boshqa millat va elatlarning manfaatlaridan, talab va ehtiyojlaridan ajratilmagan holda o‘rganilishi hamda milliy birdamlikka yoshlarni baynalmilallik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali erishish mumkin.
Bugungi jamiyatimizda ijtimoiy-etnik guruhlar o‘rtasida hamjihatlik, “an’anaviy uyg‘unlik, hamkorlikning mavjudligi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot jadallashuviga mustahkam zamin bo‘lmoqda. Shu bilan birga yoshlarda shaxsiy va ijtimoiy manfaatlar ustuvorligi asosida yashashga o‘rgatish, ularni jamiyat manfaatlarini qadrlashga yo‘naltirish ulardagi vatanparvarlikning axloqiy asos”95i bo‘lib xizmat qiladi.
Jamiyat demokratlashuvida millatlarning va madaniyatlarning bir-biriga ta’sir ko‘rsatishi xalqning ma’naviy-aqliy jihatdan boyishi uchun yaxshi manba bo‘lib xizmat qiladi. Aks holatda ijtimoiy taraqqiyotning rivojlanishiga katta putur yetkazilishi tabiiydir. Shuning uchun ham, ko‘p millatli davlatlarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy-etnik birliklar o‘rtasidagi munosabatlarga juda ehtiyotkorlik va ziyraklik bilan yondashish muhim ahamiyat kasb etadi. Turli etnik guruhlarga mansub kishilarning madaniy, siyosiy, ijtimoiy saviyasini shakllantirish negizida yagona vatan g‘oyasi atrofida hamjihat qilib, ularga bir xil huquq va erkinliklar yaratib berish orqali milliy manfaatlar uyg‘unligiga erishish maqsadi yotadi.
Shunday ekan, millatlararo munosabatlarda, turli qarash, e’tiqod va madaniyat vakillari o‘rtasida do‘stona munosabatni o‘rnatish, yoshlarda tolerant tafakkurni shakllantirish ulardagi vatanparvarlikning namunasi sifatida namoyon bo‘ladi. “Jamiyatimizda hukm sгrayotgan o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikni yanada rivojlantirish, qaysi millat, din va e’tiqodga mansubligidan qat’i nazar, barcha fuqarolar uchun teng huquqlarni ta’minlash e’tiborimiz markazida bo‘ladi, – deb ta’kidlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev, – ularning o‘rtasiga nifoq soladigan ekstremistik va radikal g‘oyalarni tarqatishga O‘zbekistonda mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi”96. O‘zbekistondagi turli millatlarning teng huquqligi ular o‘rtasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ziddiyatlarni oldini olishiga imkon beradi. Bu esa, millatlar hamjihatligiga nifoq solmoqchi bo‘lgan kuchlarni o‘z maqsadlariga erishishiga to‘siq bo‘ladi.
Ijtimoiy taraqqiyot jarayonida milliy o‘zlikni anglashning o‘sishi tufayli, muayyan davlatda yashayotgan, o‘z davlatchiligiga ega bo‘lmagan etnik guruhlar tomonidan separatizm harakatlarini keltirib chiqarishi tabiiy holdir. Bunday harakatlarining asosiy maqsadi – mustaqil milliy davlat tuzishga qaratilgan ehtiyojdir. Ammo, bu ehtiyoj davlatning hududiy yaxlitligi, suverenitetiga xavf tug‘dirishi mumkin. Bunday salbiy holatlarni oldini olish uchun muayyan davlat o‘z hududidagi etnik guruhlar ehtiyojlarini o‘z vaqtida aniqlash va ularni qondirishni maqbul yo‘llarini ishlab chiqishi lozim. Shu bois, yoshlarda turli ayirmachilik kayfiyatiga, separatizm g‘oyasiga qarshi munosabatni shakllantirish, turli qarashlar asosidagi milliy birdamlik g‘oyasini singdirish dolzarb vazifalardan biridir.
Dunyoda migrasiya jarayonlarining kuchayishi davlatlar ijtimoiy-etnik tarkibining xilma-xil bo‘lishiga olib kelmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, bir qator milliy, diniy negizdagi ziddiyatlar, ijtimoiy, iqtisodiy, maishiy shakldagi muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bunday salbiy holatlarni oldini olish, migrasiya jarayonlarini tartibga solish, xorijda ishlayotgan yurtdoshlarimiz himoya qilish hamda manfaatlarini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migrasiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3839-son qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, yoshlarda vatanparvarlik ruhiyatini rivojlantirishda ulardagi milliy o‘zlikni anglash tafakkurini ham shakllantirish talab etiladi. Milliy o‘z-o‘zini anglash etnik guruh, elat va millatning o‘zligini ma’naviy, iqtisodiy ham siyosiy jihatdan ta’minlash va tanitishga intilish bilan bir qator etnik manfaatlarni muayyan davlat darajasida umummilliy manfaatlar ko‘rinishida umumlashuviga xizmat qiladi. Milliy va etnik manfaatlar muayyan etnik guruhga xos bo‘lib, ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot jarayonida shakllangan milliy urf-odat, an’ana, madaniyat va ma’naviyatning, shu bilan bir qatorda iqtisodiy-siyosiy jihatlarning muhim qirralarini ham o‘zida mujassamlashtiradi97. Demak, milliy o‘zlik tuyg‘usi shakllangan yoshda ijtimoiy manfaatlarni qadrlash, milliy o‘zlik qadriyatlari asosida yashash dunyoqarashi shakllangan bo‘ladi. Bu ulardagi vatanparvarlik fazilatining asosi bo‘ladi.
“Milliy manfaatlar serqirra ko‘rinishlarda namoyon bo‘lib, u millatning o‘tmishi va kelajak istiqboli uchun quyidagilarda o‘z ifodasini topadi: har bir millat mustaqil ijtimoiy birlik sifatida o‘z maqomini saqlab qolish va mustahkamlashda; o‘z milliy tilini asrash va rivojlantirish; urf-odat, an’ana va qadriyatlarini asrash va kelgusi avlodlariga yetkazish; milliy-ma’naviy merosini asrab-avaylash hamda targ‘ib etish; milliy intellektual salohiyatini rivojlantirish; iqtisodiy farovonligini ta’minlash; milliy rivojlanish va barqarorlikni ta’minlash; davlat va jamiyat boshqaruvida ishtirok etish; millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash; boshqa millatlar bilan o‘zaro hurmat va do‘stlik munosabatlarini qaror toptirish va h.k.”98.
Yoshlarda milliy manfaatlarni qadrlash dunyoqarashini shaklantirishga intilmaslik, o‘z navbatida ko‘plab salbiy oqibatlarga olib kelishi muqarrar. Jamiyat demokratlashuvi sharoitida milliy manfaatlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilish jarayonida barcha etnik guruhlarning manfaatiga javob beradigan, muammolarning oqilona yechimini topish nafaqat davlat, balki fuqarolik jamiyati institutlarining ham vazifasiga aylanib bormoqda. “Milliy manfaatlarga beparvolik muayyan respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-ma’naviy ravnaqiga hissa qo‘shmaydi, aksincha salbiy ta’sir etadi, milliy tuyg‘ularning kuchayishiga olib keladi. Milliy va umuminsoniy manfaatlarning mohiyatini belgilash, himoya qilish chog‘ida yo‘l qo‘yilgan shoshma-shosharlik, puxta o‘ylamasdan qabul qilingan qarorlar”99 og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yoddan chiqarmaslik kerak.
Yuqorida keltirilgan fikr mulohazalar, milliy va umummilliy manfaatlar vobastaligini ta’minlash borasida quyidagi nazariy xulosalarga kelindi:
Milliy manfaatlar ijtimoiy hayotda namoyon bo‘lishi muayyan etnik guruhga mansub insonlar bilan jamiyatda boshqa tuzilmalar va ijtimoiy birliklar o‘rtasidagi munosabatlarning aks etish holatidir;
Milliy manfaatlar strukturasi davlat va jamiyat hayotida kechayotgan ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy islohotlar jarayonlarining mazmuniga mos ravishda o‘zgarib turadi. Bunda manfaatlarning ayrim qirralari yo‘qoladi, yangilari yuzaga chiqishi mumkin;
Milliy manfaatlarning namoyon bo‘lishi, ziddiyatlar ko‘rinishida to‘qnashuvi va milliy va umummilliy manfaatlarning o‘zaro munosabati jamiyat taraqqiyoti va yo‘nalishini belgilaydi. Ziddiyatlar har bir millatning ehtiyoj va talablarini to‘la ta’minlashning imkoniyati mavjud emasligi bilan bog‘liqdir. Manfaatlarning to‘la ta’minlash imkoniyati yo‘qligidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, ularni muvozanatga keltirish har doim zaruriyat sifatida milliy taraqqiyotning ob’yektiv qonuniyati sifatida amal qiladi.
Mafkuraviy kurashlar va nizolar kuchayib borgani sayin uning yangidan yangi turlari ommalashib bormoqda. Yoshlarning ongida mustaqillik qanday mashaqqatlar, qurbonlar evaziga qo‘lga kiritilganini, qanchadan-qancha fidoyi hamyurtlarimiz kun-u tun shu ulug‘ maqsaddan ilhomlanib yashagani, unga o‘z hayotini baxshida qilganini to‘g‘risidagi tasavvuplar kelmaydi, bunga urinmaydilar ham. Yon-atrofdagi ma’naviy tahdidlar, missionerlik, narkobiznes, korrupsiya, xalq mehnatidan boyishga intilayotgan badniyat shaxslar, nafsining quli bo‘lgan amaldorlar, o‘z manfaatlari yo‘lida ijtimoiy adolat qonunlarini oyoqosti qilib, odamlarni aldashga, xo‘rlashga tayyor bo‘lgan manfur kimsalar hali istagancha topilishini, bu muammolarga qarshi kurash uchun davlat, jamiyat bilan jipslashish zarurligini xayoliga ham keltirmaydi. Chunki, ularda hayot tajribasi ham, siyosiy ong ham, ajdodlapimizning tarixiy-madaniy merosi uchun mas’ullik hissi ham yetarlicha shakllanmagan.
Bunday vaziyatlardan chiqib keta olish, avvalambor uning oldini olish uchun intilishdan boshlanadi. Bu borada milliy ma’naviyatning shakllanishi va rivoji odatda uch tarkibiy bo‘g‘inda namoyon bo‘ladi. Mafkura ko‘rinishidagi birinchi bosqich ma’lumot, axborot to‘plash, asosan so‘z, mulohaza, ibrat, g‘oya va nazariyalar darajasida ifodalanadi. Inson ma’naviy meros, qadriyatlar bilan tanishadi va ularni o‘zlashtiradi, yangilikni dunyoqarashiga singdiradi. Bu – ishonch bo‘g‘inidir. Taassufki, yoshlarimizda ma’naviy merosimiz haqidagi bilimlar hamon sayozligicha qolib ketmoqda.
Ikkinchi bosqich – insonga yoshligidan singdirilgan madaniy-ma’naviy qarashlar, axloqiy qadriyatlar, an’analar, diniy-ruhiy tuyg‘ulardan iborat. Bu bo‘g‘inda u oilasi, qarindosh-urug‘lari, mahallasi, millati, yurti bilan birligini, uning tarkibiy qismi ekanligini his etadi. Natijada, uning ongi va qalbida milliy g‘urur, vatanparvarlik singari haqiqiy fuqarolik tuyg‘usi shakllanadi.
Uchinchi bosqich bilim, ijodiy izlanish, fahm-farosat bilan belgilanadi. U odamlarning tafakkurida ma’rifat, dunyoviy ma’naviyat timsolida namoyon bo‘ladi. Buyuk allomalarimizning qudrati ana shu dunyoviy ma’naviyatni diniy bilimlar, ma’naviyat bilan uzviylikda kamolga yetkazganlar.
Xulosa qilganda, yoshlarda vatanparvarlik ruhiyatini mustahkamlashda ularda shaxsiy manfaatlar ustuvorligi va undan keyin ijtimoiy manfaatlar qadriyat ekanligi g‘oyasini singdirish, ularda manfaatlar aksiologiyasi vatanga sadoqatni belgilab berishi to‘g‘risidagi qarashni o‘rgatish, shu bilan birga jamiyatdagi milliy va umummilliy manfaatlar uyg‘unligi asosida yashashga moslashtirish talab etiladi. Ya’ni vatanparvarlik insonparvar manfaat va ehtiyojlar birligi asosidagi murosa ekanligi tushuntirilishi kerak bo‘ladi.

Download 0.66 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   19




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling