Voqeaband sujet va voqeaband bo'lmagan sujet
Tayanch so`z va tushunchalar
Download 125.32 Kb.
|
Adabiyot nazariyasi Word
- Bu sahifa navigatsiya:
- “badaa”
Tayanch so`z va tushunchalar: badiiylik, iste`dod, xosiyat, an`ana, yangilik, mahorat, ta`sirchanlik, badiiy so`z jozibasi, mavzu, voqelik, abadiy mavzular, davriy mavzular, tarixiy voqelik, zamonaviy hayot.
Badiiylik “badaa” degan arabcha fe`l (masdar) dan olingan bo`lib,“yangilik yaratish” degan ma`noni bildiradi. Haqiqatan, badiiy asar milliy adabiyotdagina emas, balki jahon adabiyotida ham ohorli (original), yangi hodisa bo`lishi shart. “Badiiylik san`at sohasiga doir ijodiy mehnat mahsuliga mansub bo`lgan ichki (tuzilish) xususiyatlarini aniqlovchi murakkab, uyg`un birlik (kompleks)dir”. Tekshirishda shu narsa ayon bo`ldiki, badiiylik mezonlari beshta. Ular: iste`dod, xosiyat, an`ana va yangilik, mahorat va ta`sirchanlikdir. Iste`dod – mezonlarning birinchisi va asosiysi. Iste`dod va boshqa mezonlarni ham Oybekning “Navoiy” romani misolida estetik tahlil qilib ko`ramiz (roman 1942 yili yozib tugallangan, 1944 yilda bosilib chiqqan). Homil Yoqubov, Matyoqub Qo`shjonovlarning yozishiga qaraganda, Oybek iste`dodli yozuvchilardan biridir, badiiy asar yaratilishining bosh sabablaridan biri muallifning iste`dodli ekanligidir, iste`dodsiz yozuvchi yaxshi badiiy asar yoza olmaydi. Har qanday talant asosida layoqat, qobillik, qodirlik turadi, layoqat o`ta sezgirlik va faoliyat (praktika) bilan bog`liq. Talant, umuman, hammada bor, masala uni erta sezib, yuzaga chiqarishdadir. Talant tug`ma bo`lmaydi, uning nishonalari tug`ma bo`ladi. Kuzatuvchanlik, mustaqillik, xotira o`tkirligi, xayolchanlik, individuallik ravnaqi talantning paydo bo`lishiga olib keladi, ammo u doimo tashqi ta`sirga muhtoj, qiziqishga qaraydi. Talant taraqqiyot uchun zarur, u jamiyatni tez o`stiradi. Talant grekcha “mezon” deganidir va u darajalarga ega. Talant ishini yaxshi, tez va sifatli bajaradi, ammo inson o`zida nimaga talant borligini bilishi lozim va u bilan maxsus shug`ullanishi kerak. Talant shu sababdan shaxsiyat, bilimdonlik (bilim, dunyoqarash, malaka), yetarli mehnat qilish, sharoit mavjudligi kabi masalalarga bog`liq. Qatag`onlik davrida ijod uchun yetarli sharoit yo`q edi. Talantli bo`lishning bu shartlari Oybekda mujassamdir. Yozuvchilik darajalari havaskorlik, yosh yozuvchilik, talantli yozuvchi deb tanilish, san`atkorlik, buyuklik, geniallik (daholik) va titan (gigant)likdir. Oybekni genial yozuvchi deb bemalol aytish mumkin. Genial inson buyuk shaxsgina emas, balki xalq va millatning tug`ilishi va taraqqiyotiga oid jamiyatdagi yetilgan muammolarni o`z vaqtida dadil ko`taradi va ularni oson hal qilib beradi. “Geniallik jamiyat hayoti uchun tarixiy ahamiyatga ega bo`lgan, ijodda ifodalangan oliy darajadagi layoqatdir”. U mislsiz va betakrordir, o`tmishning boy madaniy merosini to`la, tez va chuqur, ijodiy va tanqidiy o`zlashtirib oladi. Genial inson favqulodda tez ijod qiladi va sermahsuldir. U eski, yaroqsiz norma, ko`rsatma va an`analarni, kerak bo`lganda, dadil rad etadi va buzadi. Genial odam ko`p qirrali bo`ladi, ko`p tilni biladi, bir necha tilda ijod etadi. Ijodi olamshumul va umuminsoniy ahamiyatga ega bo`ladi. “Navoiy” romanining jahonda yigirmadan ortiq tillarga tarjima qilinishida buni yaqqol ko`rish mumkin. Bu roman o`zbek adabiyotini XX asrda jahon miqyosiga olib chiqqan asarlardan biridir. Badiiylikning ikkinchi mezoni xosiyat (adabiyotning spetsifikasi)dir. Adabiyotning xosiyati obrazlilik, uning til orqali ifodalanishidir. Adabiyotda narsa, hayvon, parranda obrazlari ham bor, ammo inson hayoti ular orqali, ko`chma ma`noda ko`rsatilgan bo`ladi, biroq inson obrazini bevosita yaratish adabiyot markazida turadi, bu sohaning biron masalasini uningsiz hal etib bo`lmaydi. Bundan tashqari, adabiyot adabiy turlarga, adabiy turlar adabiy janrlarga bo`linadi, har bir adabiy tur va har bir adabiy janr o`ziga xos xususiyat va tuzilishga molik. Buni “adabiy texnika”, deyiladi. U adabiyot xosiyatining muhim tomonidir. Umuman, obraz yaratish omillari ko`p. Ular konflikt, sujet, kompozitsiya, ijodiy metod, tipiklashtirish, individuallashtirish, badiiy to`qima va uslubdan tashkil topadi. “Konflikt” lotincha to`qnashuv, xarakterlar, g`oyalar, ruhiy holatlarning qarshilik ko`rsatishidir. “Navoiy” romanida konflikt adolat va adolatsizlikning o`zaro kurashi asosiga qurilgan. Kuchlar – kishilar uchga bo`lingan, adolat tarafdorlari Navoiy boshchiligidagi Sultonmurod, Jomiy, Xo`ja Afzal, Arslonqul, Zayniddin, Dildor, Darveshali va boshqa ko`pgina ilm ahli, san`at namoyandalari hayoti negizida oldin xalq manfaati va adolat masalasi turadi, hamma narsani shu jihatdan hal qilish lozim, deydilar. Lekin bosh vazir Majdiddin, Amir Mo`g`ul, To`g`onbek, Yodgor Mirzo va boshqa salbiy yo`nalishdan iborat ikkinchi guruh birinchi guruhga nisbatan teskari ish tutadi. Ularning ijtimoiy-siyosiy faoliyati asosida, eng avvalo, shaxsiy manfaat, xalq va davlat mulkini talon-taroj qilish turadi. Uchinchi yo`nalish – munofiqlik va ikkiyuzlamachilik, shoh Husayn Boyqaro uning yagona yetakchisidir. U vaziyatga qarab, goh Navoiy tomoniga, goh Majdiddin tomoniga o`tadi. Oxiri uning nabirasi Mo`min Mirzo ana shu riyokorlikning qurboni bo`ladi. Konflikt romanda xalq dostonlari an`analariga o`xshagan holda, ijobiy hal qilinadi. Ya`ni Navoiy boshliq bo`lgan adolat guruhining maqsadi yengadi, adolatsizlar guruhi yengiladi, Majdiddin zindondan butun mol-u dunyosini davlatga berish yo`li bilan qutiladi, Nizomulmulkning terisiga somon tiqiladi. Sujet qahramonlar xarakteri tarixi sifatida konfliktga suyanadi va u beshta elementdan iborat. Ular ekspozitsiya, tugun, voqealar rivoji, kulminatsiya, yechimdir. O`tmish adabiyoti yutuqlarining kelgusi adabiyot tomonidan tanqidiy va ijodiy o`zlashtirilishi, bu muvaffaqiyatlarning mustahkamlanishi, anglanishi; shu orqali g`oyaviy-badiiy jihatdan, yangi yetuk obrazlar orqali badiiy idrok etilishi an`anadir. Novatorlik adabiyotning mazmunan va shaklan yangi qahramon, yangi ijodiy metod, yangi uslub, yangi badiiy aslaha bilan yangilanishi va boyishidir. “Navoiy”romani adabiyotning ana shu qonuniga bo`ysunib yozilgan. Unda ilg`or adabiy an`analar qayta ishlanadi va yangilanadi, zamon talabi, taqazosi, didi orqali rivojlantiriladi. Roman janrida ilk marta Navoiy xarakterini ijod qilish yangilikdir. Buyuk shoir ko`p tomonlama ko`rsatilgan. U adolat uchun kurashadi va uning g`alabasi tantanasiga erishadi. Sultonmurod Dildorni sevadi, ammo buni Arslonqulga bildirmaydi. Chunki Arslonqul ham Dildorni sevadi. Bunda sevgiga yangicha munosabat aks etgan. Yaqinlik, g`oyadoshlik shuni taqozo qiladi. Romanda ot, parranda obrazlari ham uchraydi va ular turli vaziyatlarda ko`rsatiladi. Shoir qushga katta mehr ko`zi bilan qaraydi. Bunga tabiatga buyuk ehtirom ko`rinadi. Tarixiy shaxslarga tarixiy haqiqat nuqtai nazaridan yondashilgan. Xadicha begimning ayyorligi, yovuzligi, Husayn Boyqaroning beqarorligi, ichkilikka rujiu qo`yishi, axloqiy aynishi, Majdiddinning o`ta ochko`zligi shular jumlasidandir. O`tmish folklori va adabiyoti boy merosga ega edi. O`zbek xalq qahramonlik, romantik hamda mumtoz yozma eposi, jahon va musulmon Sharqi xalq og`zaki ijodi va yozma eposiga ega. Firdavsiyning “Shohnoma”, Navoiyning “Xamsa” asarlari alohida ajralib turadi. Yaqin o`tmishda Abdulla Qodiriyning “O`tkan kunlar”, Cho`lponning “Kecha va Kunduz”, S.Ayniyning “Qullar” romanlari mashhur edi. Oybek “Navoiy” romanida bu ulkan ichki va tashqi an`analarni o`rgandi va o`ziga tegishli xulosa chiqardi. “Navoiy” romani birinchi tarixiy-biografik asardir. Unda Navoiy hayoti ilk marta o`z davri ilg`or g`oyalari fonida, psixologizm rejasi usulida, yuksak badiiy idrok etildi. Navoiy obrazi yetuk va barkamol nasriy, epik xarakter darajasiga ko`tarildi. Navoiy o`z muhiti kishilari doirasida, sababli, shartlangan voqealar ichida real gavdalantirildi va qayta yaratildi. “Navoiy” romani XX asr o`zbek adabiyotidagina emas, balki butun o`zbek adabiyotida ham badiiy kashfiyot va yangilik bo`lib qoldi. “Navoiy” romani Oybekni genial yozuvchi darajasiga ko`tardi. Bu roman Oybekning jahon adabiyoti rivojiga qo`shgan munosib ulushidir. Davr va yozuvchining o`ziga xos uslublari ijodiy metodlar, ya`ni romantizm, realizm jihatdan farq qiladi. “Navoiy” romanidagi uslub realistik, Oybekning bu romanidagi uslubi boshqa yozuvchilarning realizmda yozilgan asarlari uslubi o`rtasida umumiylik bor. Ayni holda, bu asarlarning o`ziga xos uslubi ham mavjud. Oybekning “Navoiy”romanidagi uslub ham shu asarning g`oyaviy-badiiy xususiyatlari va bayon tarzida namoyon bo`ladi. Oybek asar tilini XV asr “chig`atoy tili”ga yaqinlashtirishga urinadi, ammo bunda romanning hozirgi zamon kishisiga tushunarli bo`lishi nazarda tutiladi. Biz yuqorida adabiyotning xosiyatga kiruvchi obraz yaratish omillari va Navoiy obrazi masalasini tahlil etdik, bu omillardan samarali naf olish Navoiy xarakterining to`laqonli va yetuk bo`lishiga olib keladi. Mahorat mazmun va shakl sohasida bo`lishi mumkin. Chunki bu masala har qanday badiiy asarning butun borlig`ini qamrab oladi. Mazmun doirasiga asarning mavzusi, g`oyasi, qahramoni va sujeti kiradi. Biz yuqorida “Navoiy” romanining mavzusi shoir hayotini aks ettirish ekanligini, g`oyasi adolatparvarlikdan iboratligini, qahramonlarini asosan Navoiy, Boyqaro va Majdiddin boshqarganligini, sujetini Navoiy va Majdiddinning o`zaro kurashi tashkil qilishini qisqacha aytib o`tgan edik. Navoiy romandagi barcha qahramonlardan ham aqlli, dono va tadbirkorroq qilib ko`rsatilgan. Adabiy asar ta`sirchanligini ta`minlashda estetik ideal, hayot haqiqatining asarda badiiy haqiqatga aylanishi, milliylik, psixologizm va pafos muhim ahamiyatga ega. “Estetik ideal – san`at asarlarida, tashqi qiyofada, shaklda va narsalarni moddiy ishlab chiqarish tuzilishlarida o`z ifodasini topgan voqelikka insoniy-hissiy munosabat namunasidir”. Ibn Sino “She`r san`ati” kitobida deydiki, “asardan maqsad (faraz) bo`ladi. Asar yozishdan maqsad: 1) “kishi ruhiga ta`sir etish”; 2)“odamlarni taajjubga solish”. Odamlar fe`l-atvoriga ta`sir etishni maqsad qilib olganlar”. Har qanday estetik idealda diniy-mifologik, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy tomonlar bo`ladi. Shu sababli, estetik ideal tarixiy hodisa, u davr taqozosi bilan o`zgarib turadi. Oybekning “Navoiy” romanini yozishdan maqsadi faqat Navoiy hayoti va davrini tasvirlashdan iboratgina emas, balki odamlarda adolatga hurmat hissini tarbiyalash hamdir. Roman yozilgan davrdagi bizga qarshi ochilgan fashizm urushu ular uchun adolatsiz edi. Chunki ular qo`qqisdan bostirib kelgan edi. Ta`sirchanlikning boshqa elementi hayot haqiqati yoki tarixiylik va badiiy haqiqatdir. Adabiyotda tarixiylik u yoki bu davrning aniq tarixiy mazmunini va shuningdek, uning qiyofa va koloriti (o`ziga xos belgilari)ni badiiy o`zlashtirishdir. Tarixiylik inson, tarix, davrga xos muhim xususiyatni topib tasvirlashdir. Oybek “Navoiy” romanida temuriyzodalarning taxt talashishini, maishiy aynishi va ichkilikbozligi, axloqiy buzilishini markazlashgan davlat parchalanishining asosiy sabablari sifatida ajratib ko`rsatgan. O`tmishdan yozilgan bu asarda tarix ruhini ko`rsatish bo`rtib turadi. Balzakning aytishicha, roman davr falsafasidir. Oybek Navoiyning adolatli podsho idealidan kelib chiqib, mamlakatda adolat hukmronlik qilishining badiiy falsafasini vujudga keltirdi. Tarixiy faktning o`zini keltirib qo`yish kishini ishontirmasligi mumkin. Shuning uchun tarixiy voqea kishi ishonadigan qilib ko`rsatiladi. Buning uchun voqea yo faktning kam-ko`sti qo`shiladi va to`ldiriladi. Bu haqda Ibn Sino shunday deydi: “Mabodo to`gri so`z sal o`zgartirilsa-yu, odatdagiday aytilmaydigan bo`lsa va buning ustiga uncha-muncha narsalar qo`shilgan bo`lsa, u holda bu narsa inson ruhiga xush kechadi”. Tarixiy haqiqatni badiiy haqiqatga aylantirish shunday bo`ladi. Oybek Navoiyning tarjimai holini bir necha sahifada yozib chiqishi mumkin edi. Ammo u mantiqiy fikrlashga suyangan biografiyagina bo`lishi mumkin. Uni roman qilish uchun yozuvchi o`zidan ko`pgina narsalarni qo`shgan.
Download 125.32 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling