5. Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazish.
Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni hokimiyat organlariga topshirish maqsadida ushlash vaqtida unga zarar yetkazish, agar uni ushlash uchun zarur bо‘lgan choralarning chegarasidan chetga chiqilmagan bо‘lsa, jinoyat deb topilmaydi.
Ushlash vositalari va usullariga, qilmishning hamda uni sodir etgan shaxsning xavflilik darajasiga, shuningdek ushlash sharoitiga butunlay mos kelmaydigan, ushlash zarurati taqozo etmagan holda ushlanayotgan shaxsga qasddan zarar yetkazish ushlash choralari chegarasidan chetga chiqish deb topiladi.
Ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida unga yetkazilgan zararning qonuniyligini baholashda, qilmishni sodir etgan shaxsning ushlanishdan qochish maqsadida qilgan harakatlari, ushlovchining kuchi va imkoniyatlari, ruhiy holati va ushlash bilan bog‘liq bо‘lgan boshqa holatlar hisobga olinadi.
Maxsus vakolatli shaxslar bilan bir qatorda jabrlanuvchi va boshqa fuqarolar ham ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlash huquqiga egadirlar (JK 39-m.).
Ijtimoiy qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazishning qonuniyligi shaxsning hokimiyat organlariga bо‘ysunishni istamayotganidan dalolat beruvchi xulq-atvori, ushlanayotgan shaxsning kuch va imkoniyati, ruhiy holati va ushlash fakti bilan bog‘liq boshqa holatlarga kо‘ra baholanadi.
Voyaga yetmaganlar, aqli norasolar va ayollarga nisbatan qurol ishlatish zaruriy chegaradan chetga chiqishning yaqqol namunasidir. Biroq ularning tajovuzi atrofdagilarga xavf tug‘dirsa, agar ularni zarar yetkazmasdan ushlashning о‘zga iloji bо‘lmasa, u holda ularga nisbatan qurol ishlatish kerak bо‘ladi.
Oxirgi holatda ushlash ushlanayotgan shaxsga zarar yetkazishning zarurati yо‘qligini yaqqol kо‘rsatadi. Vaziyat ushlash uchun qulay bо‘lishi mumkin va bunday holatda zarar yetkazishning keragi yо‘q (masalan, shaxsni binoning ichida, u faqat qо‘riqlanadigan eshikdan chiqishi mumkin. Bu yerda ushlanadigan shaxsga zarar yetkazishning zarurati yо‘q, faqat odamlarni yordamga chaqirish kerak).
Do'stlaringiz bilan baham: |