Xankeldiyeva G. Sh., Muminova E. A., Mirzayev A. T., Asraqulov A. S global iqtisodiy rivojlanish (darslik)


Jahon iqtisodiyoti globallashuvidagi qarama-qarshiliklar


Download 1.08 Mb.
bet53/176
Sana27.10.2023
Hajmi1.08 Mb.
#1728474
1   ...   49   50   51   52   53   54   55   56   ...   176
Bog'liq
Global iqtisodiy rivojlanish-hozir.org (1)

4.5. Jahon iqtisodiyoti globallashuvidagi qarama-qarshiliklar
O‘z tabiatiga ko‘ra, globallashuv jarayoni ziddiyatli bo‘lmasligi mumkin emas. Globallashuv jarayonida yuzaga keladigan ziddiyatlarning asosiy manbalaridan biri – alohida ishtirokchilar salohiyatidagi katta farqlardir. Rollar taqsimotini belgilovchi boshlang‘ich imkoniyatlar tengsizligi globallashuvning g‘oliblari va yo‘qotuvchilari o‘rtasida yuzaga keladigan ziddiyatlarga asos bo‘ladi. Zamonaviy globallashuvning qutblovchi ta’siri ko‘p jihatdan G‘arb dunyosining neoliberal siyosatiga bog‘liq. Kapitalning erkin harakatiga baho berib, neoliberalizm dunyo mintaqalari o‘rtasidagi tengsizlikni mustahkamlaydi.

Ziddiyatlarning yana bir manbai dunyoning turli tomonlarida yashovchi aholi turmush tarzidagi fundamental farq hisoblanadi. Bugungi globallashuv G‘arb mamlakatlarining g‘oyasi hisoblanadi. G‘arb sivilizatsiyasi dunyo aholisining kichik qismini tashkil etganligi sababli, globallashuv jarayonlarining rivojlanishi dunyoning qolgan qismida haqli norozilik va shikoyatlarga sabab bo‘ladi.


Ko‘plab mahalliy va xorijiy olimlar globallashuv ta’sirida jahon jamiyatida chuqur salbiy holatlarni keltirib chiqaradigan o‘ta ziddiyatli hodisa - ijtimoiy-iqtisodiy ziddiyatlaridir deb hisoblashadi.
V.L.Inozemsevning fikricha, globallashuvning jahon tengsizligi muammolariga ta’siri masalasi, mavjud dunyo tartibining barqarorligiga asosiy tahdid soluvchi asosiy omildir.
Albatta, dunyoda ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlik va mintaqalarning notekis rivojlanishiga faqat globallashuv sabab bo‘lmaydi, ular doimo mavjud bo‘lgan va doimiy xarakterga ega. Ammo globallashuvning hozirgi neoliberal modeli jahon iqtisodiyotidagi salbiy tendensiyalarning saqlanib qolishiga va yanada mustahkamlanishiga yordam beradi.
Umumlashtirib aytganda, neoliberal globallashuvning asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat:
- jahon iqtisodiyotining bir qismi bo‘lgan mamlakatlarni iqtisodiy tartibga solish mexanizmlarini qat’iy monetarist asosda majburiy gomogenlashtirish;
- bozor mexanizmi taraqqiyotni tartibga soluvchi asosiy mexanizm sifatida tan olinishi;
- milliy iqtisodiyot, mustaqillik va, hatto, davlatning tugab boruvchi kategoriya sifatida ko‘rsatilishi va ularni tezroq bartaraf etish muvaffaqiyat garovi sifatida qaralishi;
- asosiy sa’y-harakatlarni davlatning iqtisodiy rolini susaytirish, savdoni erkinlashtirish va boshqaruvni izdan chiqarishga yo‘naltirish.
Neoliberalizmning asosiy xavfi shundaki, periferik mamlakatlar davlat tomonidan bozor elementining halokatli kuchlaridan, kuchli raqobatchilarning ekspansionistik tajovuzlaridan, halokatli moliyaviy va iqtisodiy inqirozlardan umuman himoya qilinmagan. Bunday model qoloq mamlakatlarning barqaror va oqilona rivojlanishini ta’minlay olmaydi. Neoliberal model yuzaga keladigan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy muhitni hech qachon hisobga olmaydi.
Globallashuvni harakatlantiruvchi kuchlarning har biri o‘z-holicha ziddiyatliligi va to‘la ma’nodagiumumjahon birlashuviga olib kela olmasligi globallashuv jarayonining birinchi va eng muhim ichki ziddiyatidir.
Shu o‘rinda ikkinchi ziddiyatni global va milliy ziddiyat deb aytish mumkin. Ya’ni globallashuv mamlakatlarning o‘ziga xos milliy iqtisodiy xususiyatlarining yo‘qolishiga olib keladi. Buning sababi iqtisodiyotga kirib kelayotgan umumjahon unsurlarning nisbatan samarali faoliyat ko‘rsatishi bilan bog‘liq. TMKlar har qanday milliy kompaniyadan ko‘ra raqobatbardoshdir, chunki u kuchli asosiy kompaniya tomonidan moliyalashtiriladi, zamonaviy ishlab chiqarish va boshqaruv texnologiyalariga, shu bilan birga, yuqori mehnat unumdorligiga ega. Iqtisodiy globallashuvning madaniy, ijtimoiy-siyosiy va boshqalar bilan to‘ldirilishi muhim omildir. Shu tufayli, ular ishlab chiqarish shaklidan kat’i nazar, xoh ular uy-ro‘zg‘or buyumlari, xoh oziq-ovqat va hokazolarda aks etuvchi demokratik ideallar yoki iste’mol qulayliklari bo‘lsin, jamoatchilik ongida umumbashariy ezgulik va umuminsoniy qadriyatlar timsoli sifatida shakllanadi.
Globallashuvning yana bir ziddiyati shundaki, u turli mamlakatlar guruhlarining iqtisodiy rivojlanishida kengaygan bo‘shliqqa olib keladi. Rivojlangan mamlakatlar globalizatsiyaga yanada tayyor bo‘lib, o‘z milliy boyliklarini oshirmoqda.
So‘nggi yillarda turli davlatlarning iqtisodiy globallashuvga moslashuvida turli muammolar vujudga kelmoqda. Bu muammo rivojlanayotgan mamlakatlarning, shu jumladan, o‘tish iqtisodiyotli mamlakatlarning jahon xo‘jaligi tizimiga to‘liq integratsiyasida namoyon bo‘lmoqda. Ammo rivojlanayotgan hamda kam rivojlangan davlatlarda bu katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Globallashuv borgan sari o‘z faoliyatini kengaytirayotgan va mustaqil xarakterga ega bo‘layotgan moliyaviy bozorlarning rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lib bormoqda. Globallashuv farovonlik keltirishi bilan birgalikda ko‘p imkoniyatlardan mahrum etishi ham mumkin.
Jahon iqtisodiyoti globallashuvining asosiy qarama-qarshiliklarini umumlashgan holda quyidagi yo‘nalishlarda tahlil qilish ushbu ziddiyatlarning mohiyatini real baholash imkonini beradi (4.4-rasm):
- mamlakatlar va mamlakatlar guruhlari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar;
- mamlakatlar va global moliyaviy institutlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar;
- ayrim mamlakatlar bilan TMK va jahon moliya markazlari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar;
- yirik TMK, TMB (transmilliy bank)lar va xalqaro moliya markazlari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar.


Download 1.08 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   49   50   51   52   53   54   55   56   ...   176




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling