Xidirova nilufarning “matematika oʻqitish metodikasi”
Harakatga doir masalalarni yechishga oʻrgatishda axborot texnologiyalardan foydalanish
Download 281.91 Kb.
|
Harakatga doir masalalarni yechishga o\'rgatishda........
2.2 Harakatga doir masalalarni yechishga oʻrgatishda axborot texnologiyalardan foydalanish.
Oʻzbekiston respublikasining “Ta’lim toʻgʻrisida”gi Qonuni, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”da ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish, oʻqituvchilarni ilgʻor pedagogik texnologiyalar bilan qurollantirish toʻgʻrisida chuqur fikrlar bildirgan. Jamiyatning taraqqiyot darajasi, davrimizning axborot asriga aylanishi, yoshlarni yetuk, vaziyatni tezda baholaydigan, har qanday holatda ham toʻgʻri va oqilona qaror qabul qila oladigan malakali mutaxassis qilib tayyorlash uchun faqat an’anaviy uslublarga tayanib dars oʻtish yetarli emas. Zero, yangi pedagogik va axborot texnologiyalari asosida dars mashgʻulotlarini tashkil etish, oʻquvchilarni aqlan va jismonan yetuk, ma’naviy dunyoqarashi keng, har qanday vaziyatda oʻzining sogʻlom fikri bilan munosabat bildira oladigan barkamol shaxslarni tarbiyalash imkoniyati keng. Ta’lim tizimini axborotlashtirish bu butun ta’lim jarayonini samarali tashkil etishdir. Bunda asosan fanning yutuqlariga tayangan holda har bir oʻquvchi va umumiy jamoaning oʻzlashtirilganlik faoliyati natijalari, ta’lim jarayoniga axborot texnologiyalarini samarali tatbiq etish darajasi bilan aniqlanadi. Darhaqiqat, har bir fanni qiziqarli, mazmunli hamda oʻquvchiga tushunarli boʻlishi uchun axborot texnologiyalari muhim oʻrinda turadi. Jumladan, matematika fanini oʻqitish uchun ham axborot texnologiyasi juda zarur. Mana shunday vaziyatda oʻqituvchiga hamda oʻquvchiga eng yaxshi koʻmakchi axborot texnologiyasi sanaladi. Axborot texnologiyalari oʻquvchilarga quyidagilarni shakllantiradi: moslashuvchanlik; boshqaruvchilik; individual guruhiy ishlash; tafakkurni har tomonlama rivojlantirish. Kuzatish va tajribalarimiz shuni koʻrsatadiki, oʻquvchilar misollarni tez va toʻgʻri bajarishadi, ammo masala yechish jarayonida ayrim juz’iy xatolarga yoʻl qoʻyiladi. Ayniqsa, tajribada harakatga doir masalalar yechishda oʻquvchi yoʻl qoʻygan xatolarni koʻp uchratish mumkin. Masala mazmuni oʻzlashtirishda, qisqa shartini tasvirlashda, masala muhokamasida, yechimini izlashda oʻquvchining yoʻl qoʻyadigan xatolari shular jumlasidandir. Matematika darsliklarida harakatga doir masalalar jumlasiga harakatni xarakterlovchi uchta miqdor - tezlik, vaqt va masofa orasidagi bogʻlanishlarga doir masalalar kiritilgan. Bu miqdorlardan ikkitasi masala shartida berilgan boʻlib, uchinchisini topish talab qilinadi. Bunday koʻrinishdagi tipik arifmetik masalalar boshlangʻich sinf matematika oʻquv dasturi hamda darsliklarida kiritilgan. Harakatga doir masalalar garchand, 4-sinf darsligida alohida mavzular sifatida kiritilgan boʻlsa hamki, bunday tip masalalariga tayyorgarlik ishi ancha aldinroq, 1-2-sinflardanoq boshlanishi maqsadga muvofiqdir. Harakatga doir masalalarni yechish jarayonida oʻquvchilar bir muncha qiyinchiliklarga duch kelishadi. Lekin bugungi kun pedagogi shunday mahoratli, boʻlishi darkorki, u oʻquvchilarning harakatga doir masalalarni yechish jarayonidagi bilim, koʻnikma va malakalarini rivojlantirish uchun axborot texnologiyalardan, slaydlardan, multimedialardan, turli koʻrgazmalardan foydalanishi kerak. Lekin yana shu narsani e’tirof etish joizki,ular oʻquvchilarning fikrlashiga toʻsqinlik qilmasligi kerak. Slaydlardan foydalanish jarayonida avval oʻquvchilarning mustaqil fikr yuritishi va tafakkur qilishiga yoʻl qoʻyib berish lozim. Soʻngra ularga yanada chuqurroq tushunarli boʻlishi uchun harakatli slaydlarni qoʻyib berish kerak. Shundagina ular shu hodisani xuddi koʻz oʻngida sodir boʻlayotgandek tasavvur qiladi. sinf Matematika darsligida ( mualliflar N.U.Bikbayeva, Y.Yangabayeva, K.Girfanova) tezlik, vaqt va masofani topishga doir 81 ta masala keltirilgan. Bulardan tezlikni topishga oid masalalar 21 ta boʻlib, jami harakatga doir masalalarning 26% ini, tezlik va masofaga qarab vaqtni topishga oid masalalar esa 19 ta boʻlib, u harakatga oid masalalarning 23% ini tashkil etadi. Darslikdagi 41 ta masala jismning tezligi va bosib oʻtgan vaqtiga koʻra masofani topishga doir boʻlib, bu harakatga oid masalalarning 51% ini tashkil etadi. Fikrimiz ifodasi sifatida ayrim masalalarni izohlab berishni joiz deb bildik. Dastlab tezlik va vaqt boʻyicha masofani aniqlashga doir masalalarni tahlil qilsak: bunday masalalarni yechishga oʻrgatish birinchi navbatda oʻquvchiga tezlik tushunchasi bilan tanishtirishdan boshlanadi. - Oʻquvchilar sizlar mashinaga minganmisiz? Poyezdgachi? (Oʻquvchilarning mashina va poyezdga minganliklari haqida javob olingach, mashina ham, poyezd ham boshqa transportlar ham harakat qilishi tushuntiriladi.) Masalan. Poyezd 1 soat vaqtda 80 kilometr masofa (yoʻlni) oʻtdi deylik. Demak, poyezd soatiga 80 kilometr tezlik bilan harakatlangan. Yoki poyezd 80 km/soat tezlik bilan harakatlangan deyish mumkin. Umuman jismning vaqt birligida bosib oʻtgan yoʻli tezlikni ifodalaydi. Darslikda “ Agar harakat tezligi va vaqt ma’lum boʻlsa, masofa qanday topiladi?” degan savolga “ Masofani topish uchun tezlikni vaqtga koʻpaytirish kerak” deyilgan. Umuman, soatiga v km yoʻl bosayotgan jismning t soatda oʻtgan yoʻlini s harfi bilan belgilansa, bu yoʻl S=v*t formulaga koʻra hisoblanadi. sinf darsligining 66-betida berilgan 306-masalani tahlil qilib koʻrsak: Piyoda 4km/soat tezlik bilan 3 soat yoʻl yurdi. Piyoda qancha masofani bosib oʻtdi? - Masalada nima haqida gap boradi? - Piyodani yoʻlga chiqqani haqida. - U haqida nima deyilgan? - Piyoda 4 km/soat tezlik bilan 3 soat yoʻl yurdi deyilgan. - Piyoda qanday tezlik bilan harakatlanganligi ma’lummi? - Ha. 4 km/soat. - Necha soat yoʻl yurganichi? - Ha ma’lum. 3 soat yoʻl yurgan. Shu vaqt slayd orqali piyoda harakati koʻrsatiladi. -Bizdan nimani topish talab qilinayapti? - Piyoda qancha masofani bosib oʻtganini topish talab qilinayapti. - Biz uni topa olamizmi? - Ha. - Qaysi amal bilan? - Koʻpaytirish amali bilan. 4 ni 3 ga koʻpaytirib: 4*3=12 (km) Javob: Piyoda 12 km masofani bosib oʻtgan. Buni qisqacha shartini jadval koʻrinishida ham berishimiz mumkin:
Ayrim harakatga oid masalalarni jadval koʻrinishida berish oʻquvchilarning tushunishlarini osonlashtiradi. Keyingi harakatga doir masalalardan biri bu masofa va vaqtga koʻra tezlikni topish. Berilgan masofani berilgan vaqtga qanday tezlik bilan oʻtilganini bilish uchun shu masofani vaqtga boʻlish kerak. Umuman s masofa, t vaqt va v tezlik boʻlsa, tezlik v=s:t formulaga koʻra hisoblanadi. Oʻtilgan masofa va unga sarflangan vaqtga koʻra tezlikni topishga doir masalalar oʻquvchilarga tanishtirilgan, ikki jismning bir vaqtda bir-biriga qarama-qarshi yoʻnalishidagi harakatiga doir masalalarni kompyuter texnikasidan foydalanib yechtirish oʻquvchilarga qiziqish baxsh etadi. 4-sinf darsligining 144-betida berilgan 679-masalani bunga yaqqol misol qilib olishimiz mumkin. Ertalab soat 10 da temiryoʻl vokzalida qarama-qarshi yoʻnalishda ikkita poyezd yoʻlga chiqdi va soat 13da ular orasidagi masofa 330 km bo’ldi.Agar poyezdlardan birining tezligi 50 km/soat boʻlsa, ikkinchi poyezdning tezligini toping. Ushbu masala oʻquvchilarga tushunarli boʻlishi uchun multimediadan foydalanilsa maqsadga muvofiq boʻladi. Bu usul uchun temir yoʻl izidan 2 ta qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanuvchi poyezdlar tasviri, harakat vaqti, birinchi poyezd tezligi tasvirlangan slayd koʻrsatiladi. Oʻquvchi koʻz oʻngida poyezdlar harakati ushbu masalani yechishda chuqur tushunib olishiga vosita boʻladi. Ushbu masala qisqa shartini quyidagicha berish mumkin:
Masalani muhokama qilib yechamiz: - oʻquvchilar, masala savoliga darhol javob bera olasizmi? - yoʻq. - nima uchun? - ikkinchi poyezd necha soat yoʻlda boʻlishi noma’lum. - uni topa olasizmi? - ha - qanday qilib, 13 dan 10 ni ayirib - birinchi va ikkinchi poyezd uch soat yoʻlda boʻlishini bilgan holda yana nimani bilish mumkin? - birinchi poyezdning necha km yoʻl yurganini - uni qanday topasiz, 50 km/soat ni 3ga koʻpaytirib - ikkinchi poyezdning necha km yoʻl yurganini topsa boʻladimi? - ha - qanday qilib? - 330 km dan birinchi poyezd bosib oʻtgan masofani ayirib - endi masala savoliga javob bersa boʻladimi? - ha - qanday qilib? - masofani vaqtga boʻlib. Shu paytda oʻqituvchi savol-javobni oʻtkazayotganida harakatlanuvchi slayd koʻrsatilib borilsa, muhokama yanada tushunarli boʻladi. Ushbu muhokama boʻyicha yechim varianti quyidagicha boʻladi: 13-10= 3 (soat) 50*3= 150 (km) 330-150= 180 (km) 180:3= 60 (km/soat) Javob: Ikkinchi poyezdning tezligi soatiga 60 km. “Bu masalani boshqa usulda yechish mumkinmi?” deb oʻquvchilarga murojaat qilinganda oʻquvchilar ichida uning boshqa yechim variantini koʻrsatuvchilar ham chiqib qoladi. Ikkinchi yechim varianti muhokamasini yana shu harakatlanuvchi slaydda koʻrsatish masala yechimini tez va toʻgʻri tushunish imkoniyatini beradi. Yechish: 13-10 = 3 (soat) (poyezdlarning yoʻlda bo’lish vaqti) 330:3 = 110 (km/soat) (ikkalasining tezligi yigʻindisi) 110-50 = 60 (km/soat) (ikkinchi poyezdning tezligi) Javob: ikkinchisining tezligi 60km/soat. Keyingi harakatga doir masalalardan biri vaqtni topishga oid boʻlib, uni berilgan masofa va harakat tezligi orqali topiladi. Bunday koʻrinishdagi masalani axborot texnologiyalaridan foydalanib yechish yaxshi samara beradi. Buni darslikdagi 105-betdagi 481-masalani tahlil qiladigan boʻlsak: Oralardagi masofa 90 km bo’lgan ikki shahardan bir vaqtda bir-biriga qarab ikki velosipedchi yoʻlga chiqdi. Bir velosipedning tezligi 8 km/soat, ikki velosipedchining tezligi 10 km/soat. Velosipedchilar necha soatdan keyin uchrashadi? Harakatlanuvchi koʻrgazmali slaydda 2 ta velosipdchilar bir-biridan 90 km uzoqligini ifodalovchi, birinchi va ikkinchi velosipedchi tezliklari koʻrsatilgan, chizma hamda ularning uchrashish vaqti “?” ni belgilovchi slaydda velosipedlar harakatlanib, uchrashuv joyiga kelib qolish holati oʻquvchilarga koʻrsatilsa, masala toʻgʻrisida yaqqol tasavvurga ega bo’lishadi. Masala shu koʻrgazma asosida muhokama qilinib yechiladi. Masalani qisqacha sharti:
Masalaning muhokamasi: Bir velosipedchining tezligi 8 km/soat, ikkinchisiniki 10 km/soat bilan yuryapti. Ular bir soatda yaqinlashish tezligini topsa boʻladi. Shaharlar orasidagi masofa 90 km. Velosipedchilarning bir soatda yaqinlashish tezliklari yigʻindisi va shaharlar orasidagi masofasini bilgan holda ularning yigʻindisi ( 8+10 ) km/soat ga boʻlish kerak. Masala yechimi: 8+10 = 18 (km/soat) 90:18 = 5 (soat) Javob: Ikki velosipedchi 5 soatdan keyin uchrashadi. Dars muqaddas tushuncha. U ertangi kun yoshlariga har tomonlama rivojlanishiga ma’naviy boy, tafakkurini keng qilishiga asosiy dasturamal boʻlib xizmat qiladi. Ta’lim jarayonini va darsni sifatli boʻlishini esa axborot texnologiyalari belgilab beradi. Lekin bugungi kun oʻqituvchisi, pedagogi shunday boʻlishi darkor-ki, har bir yangi axborot texnologiyasini oʻquvchilarning milliy ruhiyatiga, tafakkuriga ijobiy ta’sirni koʻrsata olishi darkor. Harbir darsda qoʻllanadigan axborot texnologiyasi oʻquvchilarda vatanparvarlikni, mehnatsevarlikni va turli tarbiyaviy jihatga ega boʻlishini uqtirish lozim. XULOSA Harakatga doir masalalarni bajarish orqali oʻquvchilarning amaliy xarakterga ega bo’lgan, hayotda uchraydigan jism harakat komponentlari: tezlik, masofa, vaqt orasidagi bogʻlanishlarni chuqur oʻrganib oladi. Masalalar yechish jarayonida ularni tatbiq eta oladi, qolaversa, oʻquvchining fikrlash qobiliyati oʻsadi, oʻquv topshiriqlarini bajarishda uning ijodkorligi oshadi. Boshlangʻich sinflarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga, ijodiy izlanish va mantiqiy fikrlashlarini kengaytirish bilan birga ularni darslarda o‘rganganlarini hayot bilan bogʻlash hamda darsga qiziqishlarini oshirishga yordam beradi. O‘qituvchilarning bunday zamonaviy talablar asosida yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanib, darslarni ilgʻor pedagogik hamda axborot kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etilishi ta’lim-tarbiya jarayonini sifatini kafolatlaydi. Aytish joizki, multimedia ilovalarini har bir darsda qo‘llash natijasida o‘quvchilarda mustaqil, ijodiy fikrlash yanada rivojlanadi. Xulosa sifatida aytish mumkinki, axborot kommunikativ vositalarining boshlangʻich sinf darslarida qo‘llanilishi va darsning sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Download 281.91 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling