«xorazm dostonlaridagi nomlarning antroposentrik talqini»
Afsonaviy obrazlar nomlari
Download 209.35 Kb.
|
BMI-18
2.2.1. Afsonaviy obrazlar nomlari
O’zbek nomshunosligi keyingi davrlarda ancha e’tiborga molik yutuqlarga erishib kelayotgani bilan bir qatorda, hali tadqiq etilishi lozim bo’lgan dolzarb vazifalar ham mavjudligini inkor etish mumkin emas. Ko’plab nomshunos olimlarimizning ta’kidlaganlaridek, folklor onomastikasi eng kam o’rganilgan tarmoqlardan hisoblanadi. “Dostonlar leksikasi mamlakatimiz hududi va unga qo’shni bo’lgan hududlarda yashayotgan ko’plagan urug’ va qabilalar, elatlar, geografik nomlar haqida qimmatli ma’lumotlar berishi mumkin”1,– deb yozadilar, mualliflar Do’stmurod Abdurahmonov va Habibullo Bektemirovlar. Tilning hech bir sohasi onomastikadek xalq tarixi bilan bunchalik mahkam bog’langan emas. Folklor asarlari tili badiiy asarlar tilidan xalq jonli so’zlashuv tiliga yaqinligi bilan ajralib turadi. “Dostonlardagi obrazlar dunyosida mifologik-fantastik subyektlar bilan aloqador personajlar ham anchagina”2. Xorazm dostonlari tilidagi atoqli otlar tizimiga nazar tashlar ekanmiz, ulardagi kishi nomlari va laqablari, mamlakat, shahar, cho’l, tog’, daryo va dengizlar, hayvon nomlari, diniy va ilohiyot bilan bog’liq nomlar bilan bir qatorda, afsonaviy obrazlar – devlar va parilarning nomlari ham o’ziga xos lingvistik xususiyatlarga ega ekanligi bilan ajralib turadi. Yuqorida tilga olib o’tgan dostonlarimiz tilida uchraydigan dev va parilar bilan bog’liq 30ga yaqin nomni aniqlab, tahlil qilishga harakat qildik. Jumladan: Anqos pari, Anjum pari, Bibitarlixon, Badiuljamol, Gulsavson(Savson pari), Jayhun pari, Misqol pari(Shomisqol pari), Malikai Qa’riya, Og’a Yunus pari, Oqil pari, Taxmiz, Tarlixon, Xo’pnishon pari, Shamsun pari, Mehrigul pari, Mehrishams pari va boshqa pari obrazlari nomlari; Amud, Ahriman, Balodev, Govdaroz dev, Devsafid (dev), Oq dev, Osordev, Saodat dev, Sari dev, To’xtamish ko’r, Farqis dev, Qoradev, Hashtiruh dev kabi dev nomlari mavjud. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, dostonlar leksikasidagi nomlar avvalo, uning kuylovchisi – baxshi yoki shoirning bilimi, so’z boyligi va eng muhim tomoni, uning qaysi dialekt vakili ekanligiga juda bog’liq. Folklor asarlari bo’yicha fikrlar bildirgan olimlarimizdan A.Ishaevning fikricha, “yozib olingan dostonlarning katta foizi qipchoq shevasi vakillari tiliga oiddir. Shunday bo’lsa ham, boshqa sheva vakillari tiliga oid versiyalar ham o’rganish obyekti bo’lishi zarur1”. Devlar va parilar bilan bog’liq atoqli otlar haqida gapirganda, dev nomlari tarkibida “dev” komponentining o’sha nom tarkibida ishlatilishi o’ziga xosdir. Masalan, Balodev, Govdaroz dev, Devsafid (dev), Oq dev, Osordev, Sari dev, Farqis dev, Qoradev, Hashtiruh dev kabi. Parilar nomlarining tarkibida esa “pari” komponentining ko’pincha atoqli ot tarkibiga singib ketish hodisasini ko’rish mumkin. Folklor asarlari tilida qo’llaniladigan “pari” obrazlarini diniy manbalarda uchraydigan Azroil, Isrofil, Makoil, Munkarnakir kabi farishtalardan farqlash lozimdir. Dostonlar leksikasidagi parilar ko’proq ham insonga, ham farishtaga xos xususiyatlarni o’zlarida aks ettirishlari bilan ajralib turadi. Dostonlar tilidagi dev va pari nomlarining nomlanishi ulardagi individual belgilarga asoslanadi. Shu sabab, bunday atoqli otlar nominativ maqsadlar bilan birga uslubiy (stilistik) vazifalarni ham bajaradi. Masalan: Gulrux pari, Badiuljamol, Oqil pari, Xo’pnishon pari kabi nomlar ijobiy bo’yoqdorlikni ifodalasa, Xubbilxon(Xubbilmaston), Zebish kabi nomlar salbiy bo’yoqdorlikka ham egaligi nomning o’zidan anglashilib turadi. Afsonaviy devlarga aloqador nomlarda asosiy xususiyat, ularning ranglar bilan bog’liq tarzda ifodalanganligida ko’rinadi. Masalan: Qoradev, Oqdev, Sari dev, Devsafid kabi nomlarda bu holat yana ham ravshanroq ko’zga tashlanadi. Ba’zi nomlarda esa, devlardagi mavjud boshqa belgilar ularning nomlanishiga asos bo’lganligi Govdaroz dev, Balodev, To’xtamish ko’r dev kabi nomlarda namoyon bo’ladi. Dev nomlarini nomlashda baxshi yoki shoir o’zining so’z boyligi va tasvirlash uslubidan kelib chiqib, ularning bir-biridan farqlanuvchi nomlarini keltirib chiqaradi. Masalan, Oqdev va Devsafid dev deb yuritilayotgan devlar nomi ma’no jihatidan bir xil bo’lsa ham, turli dostonlarda boshqa-boshqa devlarning nomini anglatib kelgan. Bu kabi xususiyatlarni o’rganish “poetik onomastika”1 tarmog’ining rivojlanishiga turtki bo’ladi. Dostonlar tilidagi atoqli otlarni tahlil qilishda yana shu narsa ko’zga tashlanadiki, bir obyektni nomlovchi atoqli ot, o’zgarishsiz holda yana boshqa bir obyektni ham nomlashi mumkin. Masalan, “Balo” nomidagi dev shu nomdagi tog’ nomini ham nomlash ushun bir dostonning o’zida qo’llaniladi. Bunday xususiyat faqat dev va pari nomlaridagina emas, balki boshqa obyektlarni nomlovchi atoqli otlarda ham kuzatiladi. Masalan, “Badbaxt” cho’li va tog’i; “Tarlon” qush va ot; “Xunxor” yurt va shoh nomi kabilar. Bu holatni “parallel nomlash”2 atamasi bilan izohlash mumkin. Bundan tashqari, dostonlar leksikasida ayni bir xil nomlar turli baxshilar tilidan yozib olingan har xil versiyalarda qo’llanishining (aynan bitta obyektni ifodalaganda) “qaytariq nomlar”3 atamasiga kiritilishi, nomshunoslik bo’yicha olib borilgan tadqiqotlardan ma’lum. Dostonlar leksikasidagi atoqli otlarning tarkibiy qismlariga nazar solsak, ularning, asosan, birdan ortiq komponentli ekanligi ko’zga tashlanadi. “Atoqli otlar ham oddiy so’zlar, ham til fakti bo’lgani uchun umumiy mushtarak xususiyatlarga ega”4. Shuni hisobga olsak, atoqli otlar ham tarkib jihatdan o’rganilishi, yasalish asoslari, ularning tarkibidagi aniqlagichlar (indikatorlar5) nuqtayi nazaridan ham tahlil etilishi lozim. Dev va pari nomlaridagi “dev”,“pari” qismlari deyarli ko’pchilik hollarda o’sha nom bilan birga ishlatilishini e’tirof etib o’tgan edik. Ba’zan, ortiqcha bo’lsa ham, shu qismning birga qo’llanishiga yo’l qo’yiladi. Masalan,“Devsafid dev” tarzida. Pari nomlari tarkibida kishi nomlariga xos bo’lgan gul, xon, oy, jon, bibi, sho kabi affiksoidlarning ishlatilishi, bu obrazlarda ham parilarga, ham insonlarga xos belgilarning mujassam bo’lishidan deb hisoblash mumkin. Masalan, Misqoloy, Tarlixon, Mehrigul, Yunusjon va boshqalar. Pari nomlari tarkibidagi bunday elementlar faqat suffiks tarzida (ya’ni asosdan keyin) qo’shilmasdan, prefiks tarzida (ya’ni asosdan oldin) ham qo’shilishi mumkin. Masalan, Bibitarli, Oymisqol, Shomisqol kabi. Gulchehra, Anjum pari, Shamsun pari antroponimlari ham asarda shu yo’sinda tasvirlanadi. Gulchehra – gul yuzli, chiroyli, shakkarbarin, nozanin kabi sifatlar bilan; Anjum pari (yulduz pari) zulflari chin-chin, yuzlari o’n to’rt kunlik oy kabi, tishlari dur, lablari la’l; Shamsun pari (quyosh sifat) nozanin, mo’rchamiyon, zulflari xalqa-xalqa, sohibjamol, mohitobon singari o’xshatishlar bilan beriladi. Xorazm dostonlari leksikasidagi dev va pari nomlarini o’z va o’zlashgan qatlam nuqtayi nazaridan baho berganda, devlarga qo’yilgan nomlar bo’yicha turkiy – o’z qatlam yetakchilik qilsa, parilar bilan bog’liq nomlarda fors va arab tillari bilan bog’liq o’zlashgan so’zlar qatlami yetakchilik qilishi ma’lum bo’ladi. Xulosa qilib shularni aytish mumkinki, Folklor asarlari tilidagi dev va parilar bilan bog’liq nomlarni to’plash va o’rganish nomshunoslik sohasini muhim ma’lumotlar bilan boyitadi. Dostonlar leksikasidagi dev va pari nomlarini qiyosiy o’rganish bu nomlarning etimologik jihatlari va taraqqiyotini belgilashda muhimdir. Dev va parilar bilan bog’liq atoqli otlarni to’plab, ularning sheva variantlarini yozma dostonlarda qo’llanilgan variantlari bilan solishtirish o’zbek nomshunosligiga yana-da ko’proq ilmiy ma’lumotlar berishi shubhasiz. Download 209.35 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling