«xorazm dostonlaridagi nomlarning antroposentrik talqini»
Mifozoonim va diniy-situativ nomlar
Download 209.35 Kb.
|
BMI-18
- Bu sahifa navigatsiya:
- Aspi Jahongir
- Hazrati Muso
- Ibrohim
- Farhod
2.2.2. Mifozoonim va diniy-situativ nomlar
Dostonlarida tilga olinadigan aksariyat voqealarda zoonimlar ichida ot nomlari faol ishtirok etadi. Xorazm xalq dostonlarida quyidagi ot nomlari uchraydi: Aspi Jahongir, Botipon, Bo’zdumon, Buroq, Ko’ktemir, Morgir, Majnunko’k (ba’zan Majdumko’k), Olmako’z, Palang (ba’zan Palangot), Sandal ot, Qoratulpor, Havoli qir, G’irot, G’irtoy, G’irko’k kabi. Quyida ularning ayrimlarining qo’llanilgan o’rinlariga misollar keltiramiz: Go’ro’g’li mindi G’irtoya, O’qini ildirdi yoya, Taqdirini bir xudoya, Solg’on galsin bu maydona... (Go’ro’g’li. Xorazm nashriyoti. Kampir dostoni, 244-b); yoki: “Alqissa, Aspi Jahongir aydi, mani jahonda Sulaymon payg’ambardin o’zga kishi mingani yo’q erdi. Mani otimni aspi Jahongir derlar, hech kim bu joylara kela bilmas erdi...” (Oshiqnoma 2-kitob. Xiromon pari dostoni, 401-b) Dostonlarda otlardan tashqari Semurg’, Tarlon, Anqo kabi qush nomlari, Quraysh, Musna singari ilon nomlari ham qo’llanilgan. Masalan: “Do’zax ichinda Quraysh otlig’ ilondin qo’rqmasmusen” (Oshiqnoma. 1-kitob. Malikai Zavriyo dostoni, 267-b); “...Xizr alayhissalom Musna otlig’ bir ilon bo’lib, Qaytus kofirning dargohina kirib, Zavriyoning qo’lini kesdirur joyina hozir bo’ldi...” (Oshiqnoma. 1-kitob. Malikai Zavriyo dostoni, 269-b). Dostonlardagi atoqli otlar tizimida diniy-situativ nomlar alohida bir guruhni tashkil etadi. Bular: Shahriyor, Anjum, Dorobshoh, Gulchehra, Zavriyo, Qaytus, Fotima, Zuhra, Said, Hasanxon, Bahovuddin, Zarnigor, Mehribon, Olimxon, Sulton Vais, Alisher, Zulfiqor, Ilyos, Hazrati Polvon, Rustam, Jabbor, Murtazo kabilardir. Bular orasida payg’ambarlar, shuningdek, avliyolar, ba’zan tarixiy shaxslar nomlariga duch kelinadi. Ularning ba’zilarini shartli ravishda ekzotik antroponimlar deb atash mumkin. Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, asarlarda qatnashgan barcha personajlar o’z nomlariga monand sifatlarga egadir: ...Yot gunda har biri Rustam sifatli, O’zi muruvvatli sherlarim galsin...,(Oshiqnoma. 1-kitob, 290-b); yoki: “Shamsun pari aydi, ey Shahriyor na bo’lur bizning bog’larimizni ta’rif etib bir nimarsa aytsang” (Oshiqnoma. 2-kitob, 380-b); ...Man borurman Qaytus kofir qasdina, Borib shahrin zindon etmasam bo’lmas... (Oshiqnoma. 1-kitob, 291-b) kabi. “Shahriyor” dostonida bosh qahramon Shahriyorning tug’ilishi va unga ot qo’yilishi shunday hikoya qilinadi: “...o’g’lon vujudi olamg’a keldi...ul o’g’long’a ot qo’ydilar. Otasining odi Shahsuvori olam, o’g’lining odini Shahriyori olam bo’lsin deb duo qildilar...”1 Shohsuvor ismi ham Shahriyor kabi bahodir, pahlavon, mohir chavandoz degan ma’nolarni bildiradi. Dostonlardagi antroponimlar bosh qahramonlarning jasoratlarini, mardliklarini ifodalashgaham xizmat qilgan: ...Shahriyorning piri hazrat Alidur, Haqning dargohinda sevgili quldir2... yoki: ...Og’ang bo’ldi bizdan judo, Xizri Ilyos anga hamroh... Mazkur baytda tilga olingan Xizri Ilyoc diniy-situativ nom bo’lib, “mangu tirik” ma’nosini anglatadi. Dostonlarda diniy martabaga ega bo’lgan shaxslardan madad so’rab, qo’llab-quvvatlashlarini istab murojaat qilingan o’rinlarni ko’plab uchratish mumkin: ...Tangrining bir do’sti hazrati Muso, Bir rasuli oning hazrati Iso, Oshiqlar sarvari Yusuf, Zulayho, Rahm eta ko’r holi-zorima maning3... Mazkur misralarda Hazrati Muso (Olloh bilan so’zlashgan), Hazrati Iso (tiriltiruvchi), Yusuf (tush ta’birini biluvchi, go’zal) kabi shaxsiyatlarga murojaat qilingan. Shuningdek, Nabiullo (Nuhi Nabi), Jalil (qudratli), Jabbor (kuchli, ko’ngillari tuzatuvchi), yahudiycha Ayyub (chidamli, bardoshli payg’ambar), Dovud (yagona), Ibrohim (barham beruvchi), Ismoil (sevikli), Is’hoq (kulgi, kulish, kulmoq), Yoqub (tanlangan), Sulaymon (qobiliyatli, sog’lik-salomatlik so’zlaridan yasalgan) kabi diniy-situativ nomlar bilan birgalikda, forsiy qatlamga mansub bo’lgan Farhod (kuchli), Zahhok (ajdar ilon, Jayhun parining otasi), Omin shoh (saqlovchi, Shamsun parining otasi) singari antroponimlarga duch kelinadi. Bunday antroponimlarni o’rganish til tarixi va shevashunoslik bo’yicha mavjud ko’pgina muammolarni oydinlashtirishga yordam beradi. Bundan tashqari, xalq og’zaki ijodining ko’lamdor va til jihatdan mukammal ishlangan janri hisoblangan dostonlar tilining asrlar osha boyib, yozma adabiyot bilan omuxtalashib, o’zaro bir-birini izchil boyitib kelayotganini ko’rsatadi. Dostonlarda diniy tushunchalar bilan bog’liq bo’lgan payg’ambarlar, farishtalar, xudoning sifatlari, payg’ambarlarning sifatlari bilan aloqador bo’lgan eng faol nomlar sifatida quyidagilarni keltirish mumkin: Muhammad (s.a.v), Iso Masih, Muso, Sulaymon, Azroil, Mikoil, Yusuf, Ahmad, Xizir, Ahriman, Ayub, Dovud, Yoqub, Jabbor, Jabroil, Zikriyo (Zakariyo), Ibrohim, Ishoq, Ismoil, Lut, Muhammad Mustafo, Nuh, Odam, Rasul, Rahmon, Subhon, Shohimardon va boshqalar. Dostonlar onomastikasi tarkibining yana bir turi borki, bunga ham alohida e’tibor qilish kerak deb o’ylaymiz. Dostonning mazmunini yanada boyitish, qahramonlar sarguzashtlarini qiziqarli va ishonarli qilish maqsadida vaziyat taqozosi bilan yangi obrazlarning nomlari paydo bo’ladi. Dostonni ijro qilish jarayonida baxshining o’zi nomlar to’qiydi va uni doston sujeti bilan bog’laydi. “Go’ro’g’li” turkumidagi “Ahmad Sardorning o’limga buyurilishi” dostonida ana shunday to’qima nomlar ishtirok etgan parchani uchratish mumkin: “...Qirq yigitlarning Marim, Mavron, G’avron, Davron, Simursa, Qumursa, Eshtemir, Qo’shtemir, Toshtemir degan yel o’pka, tentak olishtoblari bor edi...”. Bu nomlar aslida baxshi tomonidan to’qilgan nomlardir. Bizningcha, ular vaziyat talabi bilan paydo bo’lgan. Shuning uchun bunday nomlarni situativ nomlar deb atash maqsadga muvofiqdir. Xulosa qilib aytganda, dostonlardagi atoqli otlar o’z lug’aviy-ma’noviy xususiyatlarga ko’ra turli xil bo’lib, ularning ko’pchiligi real ob’ekt bilan bog’lansa, ayrimlari badiiy to’qima mahsulidir. Shuning uchun onomastik birliklarning ko’pchiligi ma’lum shaxs, hudud yoki obyekt to’g’risida muhim axborotni o’zida mujassam etgan bo’lsa, ba’zilari uslubiy vazifa bajaruvchi badiiy nom yoki detal sifatida namoyon bo’ladi. Download 209.35 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling