Xorazmshohlar davlatida madaniy hayot
Xorazmshohlar davlatida, xususan sulton Takash va Alouddin Muhammad hukmronlik yillarida adabiy hayot ravnaq topdi. Ayniqsa, podshoh saroyida qasidago’y va
dostonchi shoirlarning ijodi gullab-yashnagan. Xorazm she’riyat maktabining deyarli barcha vakillari saroy shoirlari edilar.
O’sha davrning ko’zga ko’ringan shoir va olimlaridan biri Rashiduddin Muhammad al-Umariy (115-1182) bo’lib, u past bo’yli, kalbosh, ko’rimsiz bo’lgani uchun Vatvot – “jajji qush” laqabini olgan edi. U Balxda tug’ilib, Xorazm madrasalarida ta’lim-tarbiya olgan. Arabiy va forsiyda maktublar yozishda yuksak mahoratga ega bo’lganligi uchun yuqori martabalarga erishib, uch hukmdor – Otsiz, El-Arslon va Takash saroyida kotib-ul-insho vazifasini bajargan.
Rashiduddin Vatvot maktublarini turli badiiy vositalar, tashbehlar, go’zal o’xshatishlar bilan bezab, qofiyali nasr-saj’ usulida yozardi. U iste’dodli shoirlarga homiylik qilardi. Vatvot she’riyat nafosati haqidagi “Hadoyiq us-sehr fi daqoyiq ash-she’r” (“She’r san’atining sehrli bog’lari”) kitobini xorazmshoh Otsizga bag’ishladi. Vatvot ko’p qasidalarini Tabariston ispahbodi (chegara viloyat hokimi) Nusrataddin Abul Fath Rustamga bag’ishlar edi. Ispaqbod esa shoirga har yili 500 dinor oltin puli, ipak dastor, jubba va yasatig’li ot hadya etar edi.
Vatvotning “Rasoil” (“Nomalar”) to’plami juda qimmatlidir. “Nomalar” ikki qismdan iborat: 1) xalifalar, hukmdorlar, vazirlar, amirlar, qozilar va muftiylarga bitilgan nomalar; 2) ulamolar, shayxlar, mashhur kishilar, shoirlar, do’stlar va boshqalarga yozilgan maktublar. “Rasoil” o’sha davrning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotini o’rganishda muhim tarixiy manba hisoblanadi.
Jamoliddin Muhammad Isfahoniy va uning o’g’li Kamoliddin Ismoil Isfahoniylar o’z davrining atoqli shoirlari edilar. Jamoliddin Muhammad kambag’al oiladan chiqqan bo’lib, o’z mehnatsevarligi bilan zargar, naqqosh va minatyurachi rassom bo’lib yetishdi. Jamoliddin qasida va g’azallar yozardi, ammo saroy xizmatiga kirmagan edi. Uning ayniqsa, isfahonlik Sa’d va Xo’jandiy xonadonlariga bag’ishlangan g’azallari mashhur bo’lgan. Jamoliddin Muhammad ijodi g’azalchilik ravnaqida muhim o’rin tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |