Xulosa foydalanilgan adabiyotlar kirish mavzuning dolzarblig


II.BOB.TURSUN ALI IJODIDA OKSYUMORONNING QO‘LLANISHI


Download 101.9 Kb.
bet6/19
Sana18.06.2023
Hajmi101.9 Kb.
#1581319
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19
Bog'liq
BMI Iroda 28.05.2023

II.BOB.TURSUN ALI IJODIDA OKSYUMORONNING QO‘LLANISHI
2.2.Oksyumoron va uning struktur tavsifi
Bobning birinchi fasli “Oksyumoronlarning struktur tahlili” deb nomlangan bo‘lib, unda sintaktik-stilistik vositaning tuzilishi va sintaktik qoliplanishiga ko‘ra turlari ajratilgan hamda lisoniy dalillar yordamida isbotlangan.
Jamiyatdagi har bir sohaning, har bir faoliyatning yuzaga chiqishi va rivojlanishining o‘z qoidalari hamda uzviyligi mavjuddir. Barcha fanlardagi kabi tilshunoslikning ham o‘ziga xos qoidalari bor. Tilning asosiy vazifasi insonlarning bir-birlari bilan o‘zaro muloqot qilish, ma’lumotlarni kelajak avlodga yetkazishdir. Bu maqsadni amalga oshirish uchun so‘zlovchi va tinglovchi o‘rtasida intonatsiyadan boshlab tovushlar zanjiri, so‘zlarning birikishi, gaplarning ketma-ketligi, fikrning mantiqiyligi kabi qoidalariga amal qilinadi. Eng avvalo, nutqiy muloqot uchun bir-birini mazmunan to‘ldiruvchi so‘zlarni biriktirish lozim. Chunki so‘zlarning bir-biri bilan mantiqan bog‘lanib, ma’lum bir maqsadni ro‘yobga chiqarishining o‘ziga xos qonun-qoidalari bor. Bunday qonun-qoidalar, so‘zlarning bir-biri bilan ma’lum bir niyat va maqsadda bog‘lanishi tilshunoslikning grammatika qismida o‘rganiladi.
Grammatika morfologiya va sintaksisni o‘z ichiga oladi. Morfologiya so‘zning strukturasini: so‘z formalarini, ularning hosil bo‘lish yo‘llarini, so‘zning nutqda o‘zgarish qoidalarini belgilaydi, so‘z turkumlarini o‘rgatadi. Sintaksis esa so‘z birikmasida va gapda so‘zlarning birikish yo‘llari, gapning strukturasi, turlari, gap bo‘laklari bo‘yicha bahs yuritadi.
Demak, bundan ko‘rinib turibdiki, morfologiya va sintaksis bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Chunki so‘zlarning morfologik belgisi o‘zgarishi bilan, ularning sintaktik vazifasi ham o‘zgarib boradi. So‘zlar bog‘lanishi uchun ularning ichki tomonlari ham o‘zaro mos kelishi ta’lab qilinadi. Bu ichki moslik so‘zlarning grammatik munosabatga kirishishi – o‘sha tashqi moslik orqali ifodalangan shakliy munosabatlar bilan aloqador ekanligini ko‘rsatadi.
Yuqoridagi fikrlardan ko‘rinib turibdiki, so‘zlardan turli odatiy so‘z birikmalarini, odatiy kostruksiyalarni hosil qilish uchun komponentlarning ichki va tashqi mosligi katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Masalan: kitob o‘qimoq, chiroyli gul, baland bino kabi. Bu yerda kitob o‘qimoq so‘z birikmasidagi qismlarning birikishi leksemalarning biri anglatgan semantik-grammatik talab asosida amalga oshadi. Chunki o‘qimoq so‘zi o‘ziga gazeta, kitob, jurnal, xat kabi; bino so‘zi esa baland, past, katta, kichik, chiroyli kabi belgini bildiruvchi so‘zlar bilan bog‘lanib, semantik-sintaktik valentlikni yuzaga chiqaradi.
Shunga qaramay, insonlar o‘z fikr va mulohazalarining tinglovchiga boricha yetkazib berishi uchun doim ham til qonun-qoidalariga rioya qilavermaydi. Ba’zan ko‘zlangan maqsadga erishish uchun til qoidalaridan chetga chiqib, semantik jihatdan bog‘lanishi mumkin bo‘lmagan, so‘zlarni biriktirish orqali ham o‘z niyat-maqsadini ifodalashiga to‘g‘ri kelib qoladi. Nutqdagi bunday bog‘lanishli birikmalar shartli ravishda g‘ayriodatiy29 birikmalar, deb ataladi. Bu niyat ko‘proq, ayniqsa, badiiy matnlarda o‘z aksini topadi. Chunki badiiy matnda so‘zlarni aniq lug‘aviy ma’nolarida qo‘llashning o‘zi fikrning to‘liq hamda turli ma’no qirralarini ochib berish uchun yetarli emas. Shuning uchun, ko‘pincha, so‘zlovchilarning bir-birlari bilan nutqiy aloqaga kirishishida tildagi fonetik, leksik, grammatik birliklardan foydalanish nutq vaziyatidan kelib chiqib, bir-biriga mosini tanlashda va so‘zlovchining ichki kechinmalarini to‘laligicha ifoda etish uchun nutqda har doim ham til qonun-qoidalariga to‘liq rioya qilinavermasligini ham nazarda tutish lozim. Ba’zan so‘zlovchi tomonidan tasvirlanayotgan voqeaning ta’sirchanligini oshirish maqsadida ma’lum grammatik qoidalarning buzilishiga to‘g‘ri keladi. Bu kabi nutqni mantiqsiz deb bo‘lmaydi, chunki biror voqea-hodisani ifodalashda yoki biror narsaning xarakter-xususiyatini o‘quvchi yoki tinglovchiga yetkazib berish va tushuntirish, tasvirlash uchun bir necha gaplardan foydalanish zaruratini tug‘diradi. Bunday paytda so‘zlovchi yoki ijodkor mana shu g‘oyani, fikrni yanada yorqinroq ochib berishi mumkin bo‘lgan lisoniy vositalardan foydalanadi. Chunki lisoniy vositalar orqali fikr ifodalash nolisoniy ifodalashga nisbatan yorqin, yanada tushunarli, ijodkor ichki kechinmalarining nozik qirralarini ham ochib berishga yordam beradi.
“Badiiy adabiyot originallikni va rang-baranglikni sevadi. Maxsus badiiy tasvir vositalarining qo‘llanilishi adabiy asar tilini shirali, bo‘yoqdor, jozibali qiladi”30. Chunki ijodkor o‘z asarida yashirin mantiqiy-falsafiy fikr va g‘oyani tilning maxsus tasviriy vositalaridan mohirona foydalanib, obrazli manzaralar chizish bilan tinglovchiga qisqa, lo‘nda, tushunarli, o‘quvchining o‘ziga tortadigan qilib, hissiy-emotsionalligini o‘rniga qo‘ygan shaklda yetkazib berishiga harakat qiladi. Bu esa asarga o‘quvchining qiziqishini oshiradi. Tilning uslubiy vositalaridan o‘z o‘rnida foydalanish muallifning g‘oyaviy-badiiy maqsadiga to‘la erishish uchun xizmat qiladi.
Maxsus badiiy tasvir vositalari asarning poetik bezagigina bo‘lib qolmasdan, asar g‘oyasini konkretlashtirishning realistik vositasi hamdir. Asarda hayotning haqqoniy aks ettirilishi, qahramon xarakter-xususiyatlarining o‘ziga xosligi, san’atkor talqin etgan estetik g‘oyaning muhimligi, asar mazmunining xalqchilligi, yozuvchining shakl va mazmun birligiga erishishdagi mahorati, asarning ma’rifiy va ma’naviy ta’sirining kuchli bo‘lishi – badiiy tasvir vositalarini mohirona ishlata bilish san’atiga ham bog‘liq31.
Tilshunoslik va adabiyotshunoslikka oid ilmiy asarlarda uslubiy vositalar: troplar, sintaktik figuralar, ritorik sintaksis, uslubiy figuralar, poetik sintaksis, uslubiy vositalar, poetik ko‘chimlar, tasviriy ifodalar kabi atamalar ostida o‘rganiladi32.
Bunday sintaktik vositalar ritmik va takrorlanuvchi ohangdor iboralar singari badiiy nutqni ohangdor, emotsional-ekspressiv, ijobiy yoki salbiy bo‘yoqdor va jozibador qilishi va ushbu vositalar yordami bilan uning o‘quvchini o‘ziga tortishi, tinglovchi tomonidan qiyinchiliksiz qabul qilinishida muhim uslubiy vosita hisoblanadi. Badiiy matnlarda til o‘zining maksimal darajadagi hissiy-ta’siriy ifoda imkoniyatlarini namoyon etadi. Bunda tilning uslubiy vositalari muhim ahamiyatga ega33. Jahon tilshunosligi va adabiyotshunosligi badiiy matnning jozibadorligini, emotsional-ekspressivligini oshiruvchi vositalardan biri oksyumoron haqida ko‘plab fikrlar aytilganligiga qaramay, o‘zbek tilshunosligida bu masala hali yetarlicha o‘rganilmaganligi haqida yuqorida ta’kidladik. Shuningdek, oksyumoronning quyidagi jihatlariga: tuzilishi, qismlarning bog‘lanishi, uning komponentlari orasidagi funksional-semantik munosabatlarga ham e’tibor qaratilmagan. Tilshunoslikda bir-biri bilan grammatik va semantik jihatdan aloqaga kirib, bir butunlikni tashkil etgan ikki (yo undan ortiq) mustaqil so‘zlarning hokim-tobe bog‘lanishi natijasida hosil bo‘lgan sintaktik qurilma so‘z birikmasi hisoblanadi. Oksyumoron ham so‘z birikmasi kabi shakllansa-da, so‘z birikmasidan qismlarining semantik bog‘lanishidagi uyg‘unlik, moslik bilan farqlanadi. Shuning uchun ham oksyumoron g‘ayriodatiy so‘z birikmasi sifatida baholanadi.
Oksyumoron komponentlari so‘zlarning odatiy bog‘lanishidan farqli ravishda bir-biri bilan semantik jihatdan g‘ayriodatiy tarzda bog‘lanadi. Bunday bog‘lanish faqat kontekst ichida voqelanadi hamda badiiy matnda yoki nutqda o‘ziga xos ekspressiv-estetik mazmun ifodalaydi. Bunday g‘ayriodatiy bog‘lanishli birikmalarni (oksyumoronlar) to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushunish qiyin bo‘lgani uchun ham, ularning oldidan yoki keyin ularning g‘oyaviy izohi, fikriy-mazmuniy jihatdan bog‘liq bir necha ketma-ket qo‘llaniladigan gaplar orqali o‘quvchiga yetkaziladi. Bu gaplar oksyumoron ifoda etgan mazmuniy yadro atrofiga birlashadi va uning mazmun-mohiyatini ochib beradi. Natijada ijodkor oksyumoron orqali butun asarning favqulodda ifodalamoqchi bo‘lgan asosiy g‘oyasini gavdalantirish imkoniyati mavjudligiga ishora qilmoqchi bo‘ladi. Oksyumoronlar nafaqat badiiy nutqda, balki ijtimoiy hayotning barcha tarmoqlarida ham mantiqan bir-biriga zid, qarama-qarshi bo‘lgan shakl, tushuncha, hodisa va jarayonlarni bir nuqtada birlashishi natijasida reallashadi. Ular yordamida muallif nazarda tutgan niyat amalga oshiriladi. Oksyumoronlarni tuzilishi jihatidan ikki turga bo‘lib o‘rganish mumkin:

  1. Sodda oksyumoronlar;

  2. Murakkab oksyumoronlar.

O‘zbek tilida oksyumoronlar ham odatdagi so‘z birikmalari singari tobe-hokim bo‘laklarning grammatik-semantik munosabatida shakllanadi, ya’ni oksyumoronlarning shakllanishi, odatiy birikmalar va gaplar qolipi singari bo‘ladi, lekin ifoda g‘ayriodatiyligicha qoladi, ya’ni “predmet va uning belgisi” semantik munosabati kutilmagan, turli hissiy-ta’siriy ma’no qirralarini ifodalaydi. Oksyumoronlar tabiatan, asosan, ikki mustaqil ma’noga ega bo‘lgan qismlardan tashkil topadi, bu konstruksiya sintaktik bog‘lanish jihatidan atributiv, obyektiv, relyativ, predikativ munosabatdagi so‘z birikmalaridan iborat bo‘lib, bunda birinchi komponent ma’nosi mantiqiy jihatdan ikkinchi komponent ma’nosini yoki, aksincha, ikkinchi komponent ma’nosi birinchi komponent ma’nosini inkor qilishi mumkin: masalan, sassiz nola, tobutdan tovush, soqov ko‘p gapirdi, cho‘loq ko‘p yugurdi, siniq jilmaydi.
Sodda oksyumoronlar bitishuv, boshqaruv hamda moslashuv yo‘li bilan shakllanadi:
bitishuvli bog‘lanish: quruq suv, jonli jasad;
boshqaruvli bog‘lanish: sening-la tanhomiz;
moslashuv: soqovning baqirig‘i, jamoat siri.
Ba’zan oksyumoronlar bir necha mustaqil ma’noga ega so‘z bilan ham kengayishi mumkin. Masalan, baland martabali dastyor, Shivirlab aytilgan gapning jarangi (Tohir Malik). Bunday birikmalar murakkab oksyumoronlar, deb yuritiladi.
Tadqiqotchi Sh.Abdurahmonov: “Gaplarning propozitsiyalari o‘rtasidagi inkor munosabati va ularning bog‘lanishlari oksyumoron hosil qiladi”34, deya ta’kidlaydi. Tilshunos o‘z fikrini quydagi lisoniy dallilni keltirish bilan isbotlaydi: “Biz xotindan qo‘rqmaymiz. Biz uni hurmat qilamiz. Shuning uchun dunyodagi jamiki mag‘rur erkaklar singari biz ham xotinning aytgan gapidan, chizgan chizig‘idan chiqmaymiz. (S.Siyoyev.) Matndagi birinchi va uchinchi gap propozitsiyalari zidlangan”35. Demak, murakkab oksyumoronlar gaplar o‘rtasidagi mazmuniy zidlanish orqali ham yuzaga chiqadi.
“Oksyumoronli birikmalar matn tarkibida, asosan, ikki komponentdan iborat bo‘ladi hamda o‘zaro atributiv munosabatga kirishadi hamda sifat + ot, sifatdosh + ot, ot + ot, son + ot singari grammatik modellari asosida tuziladi, ya’ni noodatiy birikmalarning asosiy qismi otli birikmalardir36. To‘g‘ri, oksyumoronlar, asosan, otli birikmalardan tashkil topadi, lekin nutqda fe’lli birikmalar ham uchrab turadi. Masalan: Hakimjon yana ham bo‘g‘ildi, lekin non yopayotgan Muhayyo eshitmasin uchun qattiq shivirladi. (Abdulla Qahhor). Bu savolni eshitib, adib siniq jilmaydi. (Tohir Malik).
Oksyumoronlarni sintaktik qolipiga ko‘ra, to‘rt turga ajratishimiz mumkin:

  1. Gap bo‘lagi qolipidagi oksyumoronlar.

  2. So‘z birikmasi qolipidagi oksyumoronlar.

  3. Sodda gap qolipidagi oksyumoronlar.

  4. Qo‘shma gap qolipidagi oksyumoronlar.

1.Gap bo‘lagi qolipidagi oksyumoronlar. Oksyumoronlar haqida fikr bildirilganida, asosan, shirin og‘u, muzlagan olov ko‘rinishidagi bir-biriga qarama-qarshi ikki mustaqil leksemalarning birikishidan hosil bo‘lgan so‘z birikmalari ko‘z oldimizga keladi.



Download 101.9 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling