Yangi iqtisodiy siyosat


XX asrning 20–30- yillarida Sovet davlatida “sanoatlashtirish siyosati” va uni amalga oshirishdagi ziddiyatlar


Download 37.54 Kb.
bet3/4
Sana05.02.2023
Hajmi37.54 Kb.
#1168131
1   2   3   4
Bog'liq
4 (1)

3. XX asrning 20–30- yillarida Sovet davlatida “sanoatlashtirish siyosati” va uni amalga oshirishdagi ziddiyatlar. Sovet davlati rahbarlari qoloq Rossiyani sanoatsiz qudratli zamonaviy davlatga aylantirib bo’lmasligini yaxshi tushunardilar. 1925- yil dekabrda yalpi iqtisodiyotni rivojlantirishning hal qiluvchi vositasi sifatida sanoatlashtirishga o’tish to’g’risida e’lon qilindi. Mamlakatda yangi zamonaviy sanoatni barpo etish bo’yicha ulkan ishlar boshlandi. Qisqa vaqt ichida o’nlab yangi elektr stansiyalari barpo etildi, Kerch, Krivoy Rog, Magnitogorsk, Kuznetsk va Sibirda dunyoda eng yirik metallurgiya korxonalari qurilishi boshlandi. Kimyo sanoati, mashinasozlik, traktor va avtomobilsozlik sanoatlarini rivojlantirishga katta e’tibor berildi. 1926–1927- yillarda jami 582 ta yangi korxona barpo etildi.
Mamlakatda ishlab chiqaruvchi kuchlarni oqilona joylashtirish hamda milliy respublikalarning iqtisodiy va madaniy jihatdan qoloqligiga barham berish vazifalarini hal qilishga katta e’tibor qaratildi. Bunda 1927–1930- yillarda qurib bitkazilgan Turkiston-Sibir temir yo’li (Turksib) muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Uzunligi 1500 km bo’lgan bu temir yo’l g’alla, o’rmon va ko’mirga boy Sibirni O’rta Osiyoning paxtakor respublikalari bilan bog’ladi. Qurilishda 50 mingdan ortiq ishchi mehnat qildi.
Yangi sanoat korxonalarining barpo etilishi ishchi kuchi va muhandis-texnik kadrlarga bo’lgan katta talabni paydo qildi. Yangi sanoat bazasi yangi, zamonaviy fan-texnika darajasidagi ishchilar sinfi va texnik kadrlarni dunyoga keltirdi. 1926- yilda zavod va fabrikalarda 2 mln. ishchi mehnat qildi, bir yildan so’ng ularning soni 3 mln.ga yetdi. Texnik kadrlarning yetishmasligi ko’plab yangi oliy texnika o’quv yurtlarining ochilishiga turtki bo’ldi. Talabalar soni qisqa vaqt ichida 48 mingtadan 235 mingtaga yetdi.
Mamlakatni rivojlantirishning birinchi besh yillik rejasi qabul qilinishi mamlakatni sanoatlashtirishda muhim bosqich bo’ldi. Bu rejada aqlbovar qilmas vazifalarni amalga oshirish ko’zda tutildi. Umumiy sanoat ishlab chiqarishi besh yil ichida ikki yarim baravarga o’sishi lozim edi. Asosiy e’tibor elektrlashtirish, qora va rangli metallurgiya, kimyo sanoati, ko’mir, neft, torf qazib chiqarish, mashinasozlik, elektr sanoatini rivojlantirishga qaratildi. Og’ir sanoatdagi umumiy o’sish 230%ni tashkil qilishi, elektr energiyasini ishlab chiqarish to’rt baravarga, cho’yan ishlab chiqarish uch baravarga, ko’mir qazib olish esa ikki baravarga oshishi lozim edi.
Sovet davlati xalq xo’jaligidagi asosiy kamchilik turli sohalarning nomutanosib rivojlanishi bo’ldi. Xalq xo’jaligida asosiy e’tibor sanoat mahsulotlarini oshirishga qaratilib, bu 30- yillardayoq kartochka tizimining joriy etilishi va inflyatsiyaning kuchayishiga olib keldi. Iste’mol mollarini ishlab chiqaruvchi yengil sanoatning hissasi dunyo miqyosida eng oz bo’lib qoldi. Yengil sanoatni rivojlantirishga faqat bir foiz sarmoya jalb qilindi. Mamlakatda keng ehtiyoj mollari-kiyim-kechak, mebel, uy jihozlari, poyafzalning doimiy taqchilligi kuzatildi.
Sanoatlashtirish yangi texnika bo’lgan ulkan talabni paydo qildi. Xarajatli iqtisodiyot texnika va yangi texnologiyalarning rivojlanishi, fan-texnika yutuqlarining tadbiq qilinishiga imkon bermasdi, shu sababli yangi texnikaning asosiy oqimi faqat rivojlangan G’arb davlatlaridan kelishi mumkin edi. Buning uchun davlatda pul yo’qligi, uni texnika uskunalarini rivojlangan Yevropa mamlakatlaridan oltin, o’rmon, g’alla va shu kabilarni sotish evaziga xarid qilishga majbur qildi. Ermitaj xazinasidagi Rembrandt, Rubens, Van Deyk kabi musavvirlarning bebaho asarlari sotilib, ular xususiy kolleksiyalardan o’rin oldi. Hukumat cherkov ta’siriga qarshi kurash va ateizmni joriy qilish bahonasida rus pravoslav cherkovining ulkan boyliklarini musodara qildi. Cherkovlar talandi, oltin va kumush buyumlar – oltin krestlar, ikonalar qoplamlari, shamdonlar musodara qilindi. Mamlakat hukumati aholidan ham oltin buyumlarni ola boshladi, maxsus tashkil qilingan “Торгсин” (Xorijiy davlatlar bilan savdo) do’konlari oziq-ovqat mahsulotlari va keng iste’mol mollari (kiyim-kechak, poyafzal, uy jihozlari)ni faqat oltin va tilla buyumlar evaziga sota boshladi. Bu yo’l bilan xalqdan olingan tilla buyumlarning umumiy miqdori qariyb 3 ming tonnani tashkil qildi. Ularning barchasi G’arbdan mol va uskunalar sotib olishga sarflandi.
Sanoatlashtirishni mablag’ bilan ta’minlovchi boshqa bir muhim manba – chet milliy o’lkalarni Rossiya sanoatining xom ashyo “dumi”ga aylantirish bo’ldi. Mavjud markazlashgan va rejali iqtisodiyot hamda ko’p sonli ma’muriy kanallar sanoatlashtirish uchun mablag’ning katta qismini milliy respublikalardan jalb qilish imkonini berdi.
Sovet totalitarizmi xalqni yangi sanoatlashgan davlatni qurishga safarbar qila oldi. U qoloq davlatning iqtisodiy rivojlanishida samarali vosita bo’ldi. 1929–1932- yillarda Yevropadagi barcha mamlakatlar va AQSh jahon iqtisodiy inqirozini boshdan kechirayotgan bir paytda, SSSR tashabbuskorlik va majburiy mehnatga asoslangan ulkan qurilish maydoniga aylandi.
XX asrning 30- yillarida SSSR sanoatni jadal rivojlantirish davriga qadam qo’ydi. Umumiy ishlab chiqarish 1928- yildan 1939- yilgacha bo’lgan davrda 6 baravar, elektr energiyasini ishlab chiqarish – 14, qora metallurgiya – 6, kimyo va neft-kimyo sanoati – 15, mashinasozlik – 15 baravar o’sdi. Yangi shaharlar, sanoat gigantlari, ishlab chiqarish komplekslari barpo qilindi. Biroq, bu rivojlanish hanuz bir tomonlama edi. Asosiy e’tibor og’ir sanoat – metall, po’lat, ko’mir, elektr energiyasini ishlab chiqarishga qaratildi. Iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish past darajada qoldi. Og’ir sanoatni rivojlantirish uchun mablag’ bu yillarda, ichki ehtiyojga xilof bo’lsa-da, chet mamlakatlarga g’alla sotish evaziga olindi.
SSSR xalq xo’jaligining bir maromda, barqaror rivojlanishiga 1929–1932- yillarda o’tkazilgan qishloq xo’jaligini jamoalashtirish qattiq zarba berdi. U qishloqning yangilanishi g’oyasini qo’pol ma’muriylashtirish, zo’ravonlik, xo’jasizlik va aholining qashshoqlashishi bilan bog’ladi. Mamlakat qishloq xo’jaligi tabiiy iqtisodiy qonunlar asosida emas, yuqoridan berilgan buyruq va yo’l-yo’riqlarga ko’ra rivojlana boshladi.
G’alla tayyorlash kampaniyalari 1932- yildan boshlab dehqonlarga qarshi chinakam urushlarga aylandi. Har kuzda qishloqlarga g’alla bo’yicha maxsus vakolat olgan xodimlar yopirilardi. Sabr kosasi to’lgan dehqonlar qo’lga qurol oldilar. “Quloqlar isyonlari”ni bostirishga Qizil armiya qismlari tashlandi. O’n minglab dehqonlar sudsiz otib tashlandi, yuz minglab dehqonlar badarg’a qilindi, ularning ko’pchiligi surgun qilingan yerlarda halok bo’ldilar. “Quloq” – iqtisodiy jihatdan erkin tovar ishlab chiqaruvchi iqtisodiyotning ma’muriy boshqarish tizimi doirasiga sig’mas edi. O’z xo’jaligida yollangan ishchi kuchidan foydalangani uchun u ekspluatatsiya qiluvchi, demak, sovet hukumatining dushmani deb e’lon qilindi. Xo’jaligini yo’lga sola bilgan millionlab dehqonlar sinfiy dushman deb e’lon qilinib, mamlakatning olis hududlariga surgun qilindi.
Jamoa xo’jaliklari (kolxozlar) SSSR totalitar tuzumining ajralmas bo’g’iniga aylandi. Maxsus tashkil qilingan tizim qishloqdan shahar, armiya, sanoatni ta’minlash uchun zarur bo’lgan mahsulotlarni sog’ib olish bilan shug’ullandi. O’ringa o’rin qilib qishloqqa mahsulot qaytarilmadi. Mustaqil, qonun bilan muhofaza qilingan dehqon o’rniga qishloqda ishining sifati, mehnatining natijasiga befarq yollanma ishchi yetakchi o’ringa chiqdi. Uning bu befarqligi sababi shunda ediki, yer ham, uning ne’matlari ham unga tegishli emas edi.
Bularning barchasi qishloq xo’jaligida turg’unlikning yuzaga kelishi, dehqonlarning qishloqdan shaharga qochishlari, qishloqlarning bo’shab qolishiga sabab bo’ldi. Dehqonlarni ma’muriy ravishda qishloqlarga bog’lash – ularga pasport bermaslik chorasi ham dehqonlarning qishloqlarni ommaviy ravishda tashlab ketishlarini to’xtatolmadi.
1932–1933- yillarda Volgabo’yi, Shimoliy Kavkaz, G’arbiy Sibir hududlarida ro’y bergan qurg’oqchilik natijasida SSSRda ocharchilik boshlandi. Biroq, shunga qaramay, g’alla tayyorlash rejalari oshirildi, bunga ko’ra g’allani eksport qilish ham oshdi. 1932- yil 7- avgustdagi qonunga muvofiq, “sotsialistik mulkni qo’riqlash” bo’yicha o’ta keskin choralar ko’rila boshlandi. Xalq orasida “boshoqlar to’g’risidagi qonun” nomi bilan mashhur ushbu qonunga muvofiq, kolxoz mulkini o’g’irlaganlik (dalada boshoq terganlik) uchun butun mulkini musodara qilgan holda o’lim jazosi yoki 10 yil muddatga surgun ko’zda tutildi. Ocharchilik oqibatida yuz minglab dehqonlar halok bo’ldilar, ayniqsa, Ukraina aholisi ocharchilikdan qattiq talofat ko’rdi.
Xuddi shu davrda SSSRda madaniyat va ta’lim sohasida erishgan natijalar “madaniy inqilob” deb nomlandi. 1939- yilga kelib SSSRda yoshi katta aholi o’rtasida savodsizlik deyarli tugatildi, 13 mln. dan ortiq kishi o’rta ma’lumotga ega bo’ldi. Bepul oliy ta’lim tizimining joriy qilinishi ishchi va dehqonlarning farzandlariga texnikum va oliy o’quv yurtlarida o’qish imkonini berdi. 20–30- yillarda Belorussiya, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon va O’rta Osiyo respublikalarida texnikum va oliy o’quv yurtlari ochildi. Jumladan, 1920- yilda Toshkentda respublikadagi birinchi oliy o’quv yurti – Turkiston davlat universiteti ochildi.
Madaniy qurilish sohasidagi eng birinchi vazifa – aholi o’rtasida savodsizlikni va chala savodlilikni tugatishdan iborat bo’ldi. 1920- yildagi aholi ro’yxati ma’lumotlariga qaraganda, har 1000 erkak kishiga hammasi bo’lib 409 savodli, har 1000 xotin-qizga faqat 244 savodli kishi to’g’ri kelar edi Binobarin, necha o’n millionlab kishilarga savod o’rgatish zarur edi. Bu vazifani savodli aholi keng ommasining aktiv ishtiroki bilangina hal etish mumkin edi.
1923- yilda “Bitsin savodsizlik” degan ko’ngilli jamiyat tashkil etildi. Bu jamiyatning raisi qilib M. I. Kalinin saylandi. 1932- yilda ushbu jamiyat besh milliondan ko’proq kishini birlashtirgan edi. 1939- yil 17- yanvardagi ro’yxatga binoan, mamlakatdagi har bir ming aholiga 812 savodli kishi to’g’ri kelar edi.
1939- yilga kelib jami ziyolilarning 80%ini mamlakatdagi barcha millat va elatlarga mansub mehnatkashlarning farzandlari tashkil qildi. Biroq, aholining turmush darajasi Yevropa standartlaridan ancha past bo’lib qoldi. Aholining turar joy, oziq-ovqatga ehtiyoji katta edi. Tantanali e’lon qilingan inson huquqlari moddiy jihatdan ta’minlanmadi, ularning shunchaki quruq shior ekani ko’rinib qoldi. Insonning kundalik hayoti ko’plab taqiqlar bilan chegaralangan edi: barcha uchun bir pasport tartibi va kolxozchilarda pasportlarning yo’qligi harakatlanish erkinligini qat’iy chegaralardi; mafkuradan har qanday chetga chiqish, o’zgacha fikrlash ta’qib ostiga olinardi; har narsadan shubhalanish, qo’rqish va chaqimchilik ayniqsa avj oldi, sudsiz jazolash, ma’muriy surgun qilish va sudsiz xususiy mulkdan mahrum etish tizimi keng tarqaldi.

Download 37.54 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling