YERLARDAN FOYDALANISH VA MUHOFAZA QILISHNING IQTISODIY MEXANIZMINI HUQUQIY TA’MINLASH
Yerlardan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini huquqiy ta’minlash tushunchasi va xususiyatlari. Yerlardan foydalanish va muhofaza qilish iqtisodiy-huquqiy chora-tadbirlarining asosiy maqsadi va yo‘nalishlari. Yer uchun haq to‘lash. Yerlardan foydalanish va muhofaza qilishni iqtisodiy rag‘batlantirish.
Yerlardan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini huquqiy ta’minlash tushunchasi va xususiyatlari
Yer umummilliy boylikdir, O‘zbekiston Respublikasi xalqi hayoti, faoliyati va farovonligining asosi sifatida undan oqilona foydalanish zarur va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
“Yerning cheklanganligi va uning sifat tarkibi pastligi bilan bog‘liq xavf to‘xtovsiz ortib bormoqda. Yer tom ma’noda odamlarni boqadi, kiyintiradi. Bevosita dehqonchilik bilan bog‘langan oilalarnigina emas, balki ma’lum bir tarzda qishloq xo‘jaligi bilan aloqador barcha tarmoqlar va uning ne’matlaridan bahramand bo‘layotgan respublikaning barcha aholisini faravon turmush kechirishi uchun moddiy negiz aratadi. Ayni vaqtda yer ulkan boylik bo‘libgina qolmay, mamlakatning kelajagini belgilab beradigan omil hamdir. Bu hol O‘zbekistonda ayniqsa yaqqol namoyon bo‘lmoqda, chunki yerning iqtisodiy va demografik vazifasi yildan-yilga kuchayib bormoqda”1.
Yerlardan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmining mohiyati va ahamiyati yerlarning holatiga ta’sir qiluvchi yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va yer uchastkasi mulkdorlariga ijtimoiy-iqtisodiy usullarni qo‘llashda namoyon bo‘ladi.
Ma’muriy usullardan farqli o‘laroq, iqtisodiy usullar yer egasi, yerdan foydalanuvchi, ijarachi va yer uchastkasi mulkdorining mulkiy va iqtisodiy manfaatlariga ta’sir ko‘rsatib, ularning moddiy manfaatdorligiga tayanadi.
Iqtisodiy vositalar o‘z mohiyatiga ko‘ra, mo‘tadil, o‘z funksiyalarini me’yorida bajara oladigan bozor iqtisodiyoti sharoitidagina samarali harakat qilishi mumkin. Mazkur holat esa, mamlakatimizda ham yerga oid ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning iqtisodiy mexanizmini huquqiy ta’minlash zaruriyatini taqozo etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |