|
2022-yil 18-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga Milliy tiklanish demokratik partiyasidan saylangan bir guruh deputatlar tomonidan qonun loyihasi kiritildi. Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 2031-moddasiga qo‘shimcha kiritishni nazarda tutar edi.
Qo‘shimchaga binoan O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasiga qasddan shikasd yetkazganlik uchun javobgarlik belgilandi. Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, ma’qullash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatiga yuborildi.
Yalpi majlisda so‘zga chiqqan Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zosi Y. Mansurov mazkur qonunni rad etish lozimligi, ayni bu borada qo‘mita qarori ham qabul qilinganini ta’kidlab, barcha senatorlardan qonunni rad etib ovoz berishlarini so‘radi. Rad etishga asos qilib O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga ko‘ra davlat ramzi hisoblanmasligi, shu bois milliy valyutaga qasddan shikast yetkazish davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish deb talqin qilinmasligini aytib o‘tdi.
Qonun senatorlar tomonidan rad etilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qaytarildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida mas’ul qo‘mita a’zosi tomonidan qonun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaga zid emasligi, aksincha Konstitutsiya bilan mustahkamlangan davlat ramzlaridan birontasini chiqarib tashlashni emas, balki ularni to‘ldirayotganini ta’kidlandi. Zero, har qanday suveren davlat o‘zining milliy valyutasiga ega bo‘lishi, bunda milliy valyuta ham aslida boshqa davlat ramzlari kabi davlat suverenitetining ramzi ekani aytildi. Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining uchdan ikki qismi tomonidan qonun avvalgi tahrirda qayta qabul qilindi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga imzolash uchun yuborildi.
|