Nagelli birikmalar. Jipslashtirilayotgan elementlarning o‘zaro siljishiga qarshilik ko‘rsatish uchun qo‘yilgan doiraviy kesimli yoki yapasqi ponalar nagel deb ataladi. Metall konstruktsiyalardagi bolt va parchinlardan farqli holda, nagellar kirqilish va ezilishga ishlamaydi. Chunki jipslashtiriluvchi materialning qattiqligi nagel materialidan bir necha barobar kam. Shuning uchun bunday birikmalarda nagel egilishga, materiallar esa nagel tutashgan sirtlarda ezilishga ishlaydi. Nagellar qattiq jinsli yog‘ochlar (chinor, akatsiya, eman), shishaplastiklardan, yog‘och qatlam plastiklardan, po‘lat yoki alyuminiydan tayyorlanadi.Boltlar, mixlar, burama va parchin mixlar doiraviy nagellar guruhiga, po‘lat (qo‘yiladigan va qoqiladigan) va yassi yog‘och ponalar esa yapasqi nagellar guruhiga kiradi. Egilish shakliga qarab nagellar simmetrik va nosimmetrik birikmalarga ajratiladi. Jipslashtiriluvchi elementlarning surilish tekisligi soniga qarab bir qirqimli, ikki qirqimli va ko‘p qirqimli («qirqim» – so‘zi shartlidir) birikmalarga bo‘linadilar. Birikmaning ko‘chuvchanligini ta’minlash maqsadida ingichka egiluvchan nagel ishlatilsa, yog‘ochning yorilish xavfi birikmaning mo‘rt buzilishiga olib keladi.Doiraviy kesimli po‘lat nagellar 2 mm oraliq qadam bilan 12-24 mm yo‘g‘onlikda tayyorlanadi, qattiq yog‘ochdan esa 4 mm qadam bilan yo‘g‘onligi 12-30 mm bo‘lgan nagellar qo‘llaniladi.Mixlarning yo‘g‘onligi 6 mm gacha bo‘lganda yaxlit yog‘ochlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qoqilaveradi, 6 mm dan ortiq bo‘lganda esa o‘zidan kichik teshik hosil qilib qoqiladi.Nagellar oldindan tayyorlangan, kengligi o‘z yo‘g‘onligiga teng teshikka qoqiladi. Kimyoviy jihatdan salbiy muhitda metall nagellar o‘rniga AG-4S va DVP-B plastmassalardan bosim ostida tayyorlangan nagellar, boltlar, gaykalar va shaybalar ishlatiladi. Yo‘g‘on burama mixlar (№10 mm) joyiga burab qo‘yilishdan oldin o‘zidan kichikroq teshik ochib burab qo‘yiladi. Nagel biriktiriluvchi material ichida jips joylashganligi sababli uning kuchlanganlik holati va egilishi yog‘ochning holatiga bog‘liq bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |