Zafar Diyor ana shu davr bolalar adabiyotining oʻziga xos sahifalarini yaratgan ijodkor edi
Download 19.69 Kb.
|
Umumadabiyotning ajralmas qismi boʻlgan bolalar adabiyoti onalarning bolalariga aytgan allalaridan
- Bu sahifa navigatsiya:
- Rahmatulla BARAKAYEV
Umumadabiyotning ajralmas qismi boʻlgan bolalar adabiyoti onalarning bolalariga aytgan allalaridan, bolalarning aql-zakovatini shakllantirishga xizmat qiladigan tez aytishlaru topishmoqlardan boshlab, ogʻzaki ijod namunalaridan oʻziga xos yozma adabiyot sifatida shoyonlik topdi. Oʻtgan asrning oʻttizinchi yillari esa bolalar adabiyotimizning tom maʼnodagi shakllanish davri boʻldi. Zafar Diyor ana shu davr bolalar adabiyotining oʻziga xos sahifalarini yaratgan ijodkor edi. U bor-yoʻgʻi oʻttiz toʻrt yil umr koʻrgan, yigirma yilga yetar-yetmas ijod qilgan boʻlsa-da, shu qisqa davr mobaynida isteʼdodli shoir, nosir, dramaturg sifatida bolalar adabiyotimizda oʻz oʻrniga ega boʻldi. Zafar Diyorning ijodiy yoʻli oʻtgan asrning oʻttizinchi-qirqinchi yillariga toʻgʻri keladi. Bu davr adabiyoti haqida fikr yuritganda, avvalo, badiiy adabiyot toʻlaligicha shoʻro siyosati manfaatlariga boʻysundirilganini qayd etish joiz. Ijodkorlar xohish-istaklaridan qatʼiy nazar, xalq xoʻjaligining barcha sohalaridagi yutuqlar, ilm-fan, madaniyat va maʼrifat sohalaridagi ijobiy natijalarni shoʻrolar tuzumining afzalliklari sifatida madh etishga majbur edilar. Zafar Diyor ijodi ham bundan mustasno emas. Biroq, har bir ijodkor asarlari orasida tom maʼnodagi badiiyati, samimiyati, badiiy adabiyotning estetik-maʼrifiy mohiyati birinchi oʻringa qoʻyilganligi bilan ajralib turadigan asarlar boʻladiki, ular davrlar boʻhronidan oʻtib, kitobxonlarni insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashga, umrboqiy qadriyatlarni kuylashga xizmat qilaveradi. Zafar Diyor ijodida ham shunday asarlar oz emas. Ularda ota-bobolarimizning yaratuvchilik mehnatini madh etish, yosh avlodni otalar ishiga sadoqat ruhida tarbiyalash manfaatlari yetakchi mavqe kasb etadi. Jumladan, “Poʻlat qanotlar”, “Lola”, “Parvoznoma”, “Qahramonning oʻlimi” sheʼrlari qahramonlik haqidagi eng yaxshi, gʻoyaviy-badiiy puxta sheʼrlardan hisoblansa, “Kitob, mening doʻstimsan!”, “Birinchi qadam”, “Lager qoʻshigʻi”, “Bogʻchamiz”, “Sentyabr qoʻshigʻi” sheʼrlari yosh avlodni ilm-maʼrifat nuridan bahramand boʻlish sari yetaklashga xizmat qiladi. “Bogʻchamiz”, “Birinchi sentyabr”, “Sentyabr qoʻshigʻi”, “Birinchi qadam” sheʼrlari bogʻchadan ilk bora maktab sari yoʻl olayotgan bolalar tilidan yozilgan. Ularda maktab va oʻquv qurollariga muhabbat, savod oʻrganish quvonchi va bir yosh ulgʻayish masʼuliyati oʻz aksini topgan. “Lager qoʻshigʻi” va “Kanikul kunlari” sheʼrlarida esa yozgi taʼtilda oromgohlar quchogʻida oʻynab-kulib dam olgan, yangi kuch-gʻayratga toʻlib, qadrdon maktabi sari oshiqayotgan oʻquvchilarning quvonchlari aks etgan. Oʻsha sheʼrlardan biriga siz ham nazar soling: Yashna, Vatan, Jon Vatan, Senga sharaf-shon Vatan! Sensan – Bizning onamiz, Hadya senga jon va tan! Shoirning “Vatan” deb nomlangan ushbu sheʼri Ikkinchi jahon urushi yillarida yozilgan. Maʼlumki, har bir davrning oʻz yetakchi mavzulari boʻladi. Bu mavzularda yaratilgan asarlar qimmati esa, avvalo, konkret davr voqeligini qay darajada jonlantira olganligi bilan oʻlchanadi. Shu maʼnoda, Ikkinchi jahon urushi davrining asosiy mavzusi Vatan madhidir. Inchunin, shu davrda yaratilgan Vatan mavzuidagi yozuvlarda voyaga yetayotgan yosh avlodni tugʻilib-oʻsgan, kindik qoni toʻkilgan ona tuproqqa sadoqat ruhida tarbiyalash, uning har bir qarichini qadrlashga oʻrgatish ruhi ustuvorlik qiladi. Biroq, Vatan mavzusi Zafar Diyor ijodiga urush munosabati bilangina kirib kelgan tasodifiy mavzu emas. Uning “Serquyosh oʻlka”, “Oʻzbekiston” singari sheʼrlari ham yurtimizning umumlashma poetik timsolini yaratishga bagʻishlangan. Bundan tashqari, shoirning oʻttizinchi yillarda bitilgan bir qator sheʼrlarida diyorimiz goʻzalliklarini butun olamga koʻz-koʻz qilgan, yosh avlodni Vatanni yanada yashnatish uchun yaratuvchilik mehnati sari chorlagan yil fasllari Vatan goʻzalligi bilan hamohang tasvirlanadi. Tabiat va hayvonot dunyosi tasvirida ham oʻzgacha bir mehr barq urib turadi. “Yanvarda”, “Archa qoʻshigʻi”, “Bahor keldi, oʻrtoqlar”, “Gunafsha”, “Qushlar qoʻshigʻi”, “Qanotli doʻstlar” singari sheʼr va qoʻshiqlar shular jumlasidandir. Shoirning “Archa qoʻshigʻi” sheʼrida yangi yil archasi atrofida quvnab oʻynayotgan bolalar shodligi, xursandchiligi tarannum etiladi. Shuni ham aytish joizki, mazkur sheʼr oʻzbek adabiyotidagi archa bayrami, yangi yil archasi tasviriga bagʻishlangan ilk asarlardandir. Sheʼr bolalar tilidan yozilgan boʻlib, ularning baxt, quvonch qoʻshigʻi kabi yangraydi: Chaman-chaman bogʻlarning, Bizlar jambil, rayhoni. Bizning quvnoq qoʻshiqlar, Jaranglatar har yonni. Darhaqiqat, farzandlarimiz “chaman bogʻ”ning obod Vatanimizning eng goʻzal va soʻlmas gullari “jambil, rayhon”laridirlar. Faqat ulargina “quvnoq qoʻshiqlar” aytib, “har yonni jaranglatib”, baxtli yoshlikni madh etishlari mumkin. Ushbu faxriyaning bolalar tilidan aytilishi va “jambil, rayhon” singari takrorlanmas oʻxshatishlar esa sheʼrning samimiyati va gʻoyaviy-estetik ahamiyatini yanada oshirgan, yosh kitobxonga toʻla yetib borishini taʼminlagan. Bu fikr “Bahor” sheʼrida yanada yorqinlashtirilgan. Gul Vatan, gulzor Vatan bahorda yanada koʻrk ochishi, uning farzandlari gulu bulbullari erkinlikni, baxt-saodatni kuylashi sheʼrning boshidan oxirigacha qizil ip boʻlib oʻtadi: Yana gulga Toʻlgay Vatan, Biz qoʻynida yayraymiz; Gul novdaga Qoʻnib turgan Bulbul kabi sayraymiz… Biz shu koʻrkam Gulbahorning Goʻzal asl gullari! Shu ruh tabiat goʻzalliklarini Vatan goʻzalligi bilan bogʻlab tasvirlash shoirning ushbu mavzudagi deyarli barcha sheʼrlariga xos boʻlgan xususiyatlardir. Mazkur sheʼrda ham yosh bolaning oʻsib-unib kelayotgan begʻubor gulga, Vatanning ushbu gullar bilan yanada chiroy ochgan gulzorga, farzandlarimizning Vatan goʻzalliklarini kuylashdan charchamaydigan bulbulga oʻxshatilishi toʻla maʼnoda oʻzini oqlagan, sheʼr badiiyatini oshirishga xizmat qilgan. Shuningdek, Zafar Diyorning hayvon va parrandalarga bagʻishlangan sheʼrlarida ham shunga oʻxshash ikki maqsad koʻzga tashlanadi. Ularning birinchisi, bolalarga hayvon yoxud parrandalarning oʻziga xosliklari haqida maʼlumot berish boʻlsa; ikkinchisi, bolalarni tabiat va hayvonot dunyosiga mehribonlikka, ularni avaylab-asrash va koʻpaytirish hamda qadrdonlashishga undashdir. Har ikkala maqsad ham aslida tarbiyaga borib taqaladi. Tarbiyaning quruqdan-quruq pand-nasihat tarzida emas, balki goʻzal badiiy shaklga solingan sheʼr tarzida berilishi maqsadga tezroq yetkazishini va yosh kitobxonning badiiy didini ham charxlashini isteʼdodli sanʼatkor toʻgʻri anglagan va asarlarida buni aks ettirgan. Bolalar adabiyoti bir vaqtning oʻzida ham estetik, ham maʼrifiy ahamiyat kasb etar ekan, u yosh avlodni ilm-fan nuridan bahramand qilish orqali maʼnaviy kamolotga yetkazish siralariga ham masʼuldir. Bolalar sheʼriyatimizda ushbu mavzudagi asarlar yetakchilik qilishi ham shu boisdandir. Bu asarlarda ilm-maʼrifat taʼriflanadi, unga ehtiromlar bildiriladi. Ular orasida Zafar Diyorning “Kitob, mening doʻstimsan!” nomli sheʼri alohida oʻrin tutadi. Sheʼr bola tilidan hikoya qilinishi, chuqur samimiyati va oʻynoqiligi, ravonligi va musiqiyligi bilan ajralib turadi. Zero: Gulshan aro men ila Suhbatlaring chiroylik, Katta-kichik el aro Ulfatlaring chiroylik, – deyish, faqat kitobga oʻrtoq boʻla olgan bolagagina xosdir. Har bir toʻrtlikdan soʻng takrorlanuvchi: Shuning uchun deymanki, Kitob, mening doʻstimsan! – naqaroti esa sheʼr ohanggini yanada musiqiylashtirgan, kitob yaxshi sifatlar jamuljami ekanligi taʼkidini mantiqiy asoslagan. Ushbu sheʼrdagi jonlantirish sanʼati (kitob bilan suhbat) sheʼr badiiyatiga koʻrk boʻlib tushganki, bu badiiyat unsurlari birlashib, shoir ijodiyotini goʻzal gullardan saralangan sarxil guldastaga oʻxshatishga asos boʻladi. Zafar Diyorning oʻttizinchi yillar ijodiyotida hajviy va allegorik tarzdagi didaktik asarlar ham alohida oʻrin tutadi. Bunda, avvalo, yumor va majoziylikda bolalar adabiyotining baʼzi oʻziga xosliklari namoyon boʻlishining taʼsiri koʻrinadi. Shuningdek, hajvning tarbiyada katta oʻrin tutishi ham ijodkorlarni ulardan unumli foydalanishga undagan boʻlishi tabiiy bir holdir. Shoirning “Zarar emasmi?” sheʼri bu mavzudagi yozuvlar orasida ajralib turadi. Unda bolalar quvnoq kulgi bilan toza-ozoda yurishga, shaxsiy gigiyenaga amal qilishga oʻrgatiladi va oʻz kamchiliklarini tuzatishga undaladi. Ikkinchi jahon urushi davrida sheʼriyat bolalar adabiyotining yetakchi janri sifatida bolalar ruhiy dunyosini chuqur ifodalay oldi. Zafar Diyor bu yillarda “Bizning qurolimiz” (1941), “Bizning oila” (1942), “Sovgʻa” (1944) singari sheʼriy toʻplamlarni yaratdi. Bu toʻplamlardagi kelajakka ishonch ruhi bilan sugʻorilgan qator sheʼrlarda tasvirdagi lirizm kuchayib, bola qalbining katta voqealarga munosabatini aniq aks ettira olish darajasiga koʻtarildi. Bu davr shoir ijodining yulduzli, eng sermahsul va kamolotga erishgan davri boʻldi. Zafar Diyor qisqa umr koʻrgan boʻlsa-da, uning yosh avlod shaxsiyatini shakllantirishga xizmat qiladigan aksariyat yozuvlari bugungi kunda ham oʻzbek bolalar adabiyotining eng goʻzal sahifalarini tashkil qiladi. Istiqlol sharofati bilan milliy, madaniy, adabiy qadriyatlarimiz tiklanayotgan, yosh avlodni ota-bobolarimizning eng yaxshi fazilatlari ruhida tarbiyalash imkoniyatlariga keng yoʻl ochilgan bugungi kunda, oʻzining samimiy va begʻubor sheʼru dostonlari bilan xalqimiz qalbidan joy olgan shoir – Zafar Diyorning ijod yoʻliga yana bir karra nazar tashlash “yaxshi qoʻshnidan soʻragandan koʻra, yomon uyimizdan axtarish”ning oʻziga xos mohiyat kasb etishini tasdiqlaydi. Shu maʼnoda, Zafar Diyor asarlari bugungi kunda ham, ertaga ham farzandlarimizni, shoirning oʻzi bir sheʼrida taʼkidlaganiday: “oʻzbek oʻgʻli – er oʻgʻli, asl botir – sher oʻgʻli”, boʻlish ruhida tarbiyalashga astoydil xizmat qilaveradi. Rahmatulla BARAKAYEV Download 19.69 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling