Rim oilasi nihoyatda o’ziga xos bo’lgan. Shuning uchun Gay uni “favqulodda oila” deb atagan. Ota unda mutlaq hokim bo’lgan. Bolalari, nabira va abiralari uchun ham uning hukmi qat’iy bo’lgan. Xotin esa qizlar bilan teng huquqqa ega bo’lgan, xolos. Barcha oila a’zolari sui, ya’ni “o’zimizniki” deb yuritilsalar, ota – sui iuris, ya’ni “o’ziga o’zi xo’jayin” deb yuritilgan.
Rim oilasining ikkinchi xususiyati shundan iborat bo’lganki, unda qon-qarindoshlikka emas, yuridik vaziyatga, huquqiy aloqadorlikka qaralgan va bu “agnatik” holat deb atalgan. Ya’ni qon-qarindosh bo’lgan o’g’il-qizlar ham, qarindosh bo’lmagan xotin va asrab olingan farzandlar ham bir xil huquqqa ega bo’lganlar; oilada ularning mavqei bir xil bo’lgan.
Rim oilasining uchinchi xususiyati shundaki, oilaga, faqat agnatlar, ya’ni biz tushungan ma’nodagi oila a’zolarigina emas, balki qullar, uy hayvonlari, hatto jonsiz narsalar ham kirgan.
Oila a’zolarining yuridik holati otaning olamdan o’tishi yoki uning xohishi (biror o’g’lini o’z hukmidan ozod qilishi, qulni qo’yib yuborishi, qizini erga berishi kabilar) bilan o’zgarishi mumkin bo’lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |